20-rasm. Ramka tayyorlash jarayoni.
Duradgorlik go’niyasi. Duradgorlik go’niyasi quyidagi tartibda tayyorlanadi:
1. Kunda va lineykaga mos yog’och tanlanadi va zagotovka tayyorlanadi.
2. Kunda va lineyka tayyorlanadi.
3. Lineykani kundaga go’niya asosida yelimlab o’rnatiladi (birikma hosil qilinadi).
4. Go’niya rostlanadi, go’niyaliligi tekshiriladi va pardozlanadi.
Duradgorlik go’niyasi chinor, yong’oq, akatsiya, shumtol, eman kabi qattiq yog’ochlardan tayyorlanadi.
Go’niyaning kundasi qisqa bo’lganligi uchun berilgan o’lchamda bitta kunda tayyorlash qiyin. Shuning uchun o’quvchilar randalashda qiynalmasliklari uchun bir yo’la ikkita yoki uchta kundaga moye uzun o’lchamdagi yog’och olib randalanadi. Chunki uzun yog’ochni randalash oson. Bu holda lineyka ham ikkita yoki uchta tayyorlanadi.
Ishni shu yo’sinda tashkil etganda o’quvchilar bir xil ko’rinishdagi bir nechta buyum tayyorlab, ishni puxta o’rganadilar, tayyorlangan buyumlarining sifatini bir-biridan farq qila oladilar. Bu esa o’z navbatida o’quvchilar mehnat madaniyatining shakllanishiga va o’sishiga yordam beradi.
Kunda va lineyka uchun olingan yog’ochlar randalangandan keyin berilgan o’lchamlar asosida arralanadi So’ng kundadan lineyka o’rni rejalanib, quloq ochiladi. Lineyka o’rnini (quloqni) rejalashda uning kengligi lineyka qalinligiga moslanib, uzunligini lineyka enidan 5-8 mm qisqa ochiladi. O’yish tirnoqli birikmalardagi quloq ochish singari ikki tomonlama olib boriladi.
Lineykani kundaga go’niya asosida yelimlab o’rnatishda go’niyaning ichki tomonini kontrol go’niyaga moslanadi. Aks holda tashqi tomoni go’niyaga moslansa, qurigandan so’ng ichki tomonni randalab go’niyaliligini rostlash qiyin bo’ladi.
Go’niyaning tashqi tomoni yelim qurigandan so’ng rostlanadi. Buning uchun yangi go’niyaning tashqi tomonlarini kontrol go’niya yordamida tekshiriladi. Talab etilishiga qarab rostlash lineykaning tashqi tomonidan randalash yo’li bilan bajariadi.
Tayyorlangan go’niyaning to’g’riligini tekshirish uchun u bilan kontrol brusokni rejalab ko’riladi. Bitta qirra bo’yicha go’niyani ag’darib tutish bilan chizilgan ikkita reja chizig’i o’zaro parallel yoki ustma-ust tushsa, go’niya aniq 90° burchak hosil qilib tayyorlangan bo’ladi (reja chiziqlari lineykaning ichki va tashqi qirralari bo’yicha alohida-alohida chizib tekshiriladi).
Pardozlash mayin jilvir qog’oz yordamida jilvirlab silliqlash bilan tugallanadi. Qirralar jilvirlanmaydi. Aks holda go’niyaliligi buziladi.
Talab etilishiga qarab go’niya aliflanadi yoki loklanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |