Ma’ruza mashg’ulotdan ko’zlangan maqsadlar: Texnologiya fanidan kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan davlat ta’lim standartida keltirilgan tayanch va fanga oid kompetensiyalarni shakllantirishda innovasion pedagogik texnologiyalardan foydalanishni o’rgatish.
Ma’ruza mashg’ulotga doir nazariy materiallar Mamlakatimiz yoshlarining ma’naviyatini shakllantirish va qaror toptirishda, ularni kasbga yo’naltirishda xalq ta’limi tizimining ahamiyati salmoqlidir. Shuning uchun umumta’lim fanlari mazmuni milliy mafkura, umuminsoniy qadriyatlarga va boy o’tmish merosimizga asoslangan bo’lishi, shuningdek, mustaqil va bozor iqtisodiyoti sharoitida yuzaga chiqqan davlat va milliy ehtiyojlarni qondirishga qaratilmog’i lozim. Umumiy o’rta ta’lim maktablarida texnologiya fanining mazmuni va uni o’qitishning umumiy maqsad va vazifalari O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ga mos davlat ta’lim standartlari talablaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Mamlakatimizning dunyo hamjamiyatiga integrasiyalashuvi, fan-texnika va texnologiyalarning rivojlanishi yosh avlodning o’zgaruvchan dunyoda raqobatbardosh bo’lishi yoshlarimizdan fanlarni mukammal egallashni taqozo etadi. Bu esa mamlakatimiz ta’lim tizimiga texnologiya fanini o’qitishning xalqaro standartlarni joriy etish orqali ta’minlanadi.
Zamonaviy fan va texnika taraqqiyoti umumta’lim maktablarida texnologiya fanini o’qitishga yangicha yondashuvni, o’quvchilarning bu fandan o’zlashtirishi lozim bo’lgan bilim va ko’nikmalarining mazmuni va darajasiga yuqori talablarni qo’ymoqda. Bugungi kunga kelib, o’quv axborotlari hajmining haddan tashqari ko’payib ketganligi o’quvchilarga nafaqat bilim berish, balki ularni “o’qish va o’rganishga o’rgatish”ni talab qilmoqda. Jadallik bilan o’zgarib va rivojlanib borayotgan axborotlashgan jamiyatda faoliyat ko’rsatish va yashash o’quvchilardan nafaqat shunchaki tayyor bilimlarni o’zlashtirishni, balki turfa ko’rinishdagi ma’lumotlarni mustaqil izlab topish va qayta ishlashni hamda ulardan turli hayotiy vaziyatlarda samarali foydalanishni taqozo etmoqda. Shuningdek, oxirgi paytlarda maktabda texnologiya fani bo’yicha o’quvchilar o’zlashtirishi nisbatan past bo’lib kelmoqda. Bu qaysidir ma’noda texnologiya fani mazmunining bir muncha nazariy, ilmiy, mantiqiy va amaliy tuzilishga ega ekanligi, texnologiya fani mazmunining hayotiy masalalarga kamroq bog’langan holda o’qitilishi hamda texnologiya fanini o’qitish metodikasining takomillashmagani bilan ham izohlash mumkin. Shulardan kelib chiqib, texnologiya fanini o’qitishga ham zamonaviy talablar qo’yilmoqda va uni kompetensiyaviy yondashuv asosida qayta ko’rib chiqishni taqozo etmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 187-sonli “Umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to’g’risida”gi Qarori “Ta’lim to’g’risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, umumta’lim fanlarini o’qitishning uzluksizligi va izchilligini ta’minlash, zamonaviy metodologiyasini yaratish, umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat ta’lim standartlarini kompetensiyaviy yondashuv asosida takomillashtirish, o’quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishni tashkil etish maqsadida qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida tasdiqlangan kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan davlat ta’lim standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan umumta’lim fanlari bo’yicha o’quv dasturlari O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2017 yil 3 iyundagi 190-sonli “Umumiy o’rta ta’limning davlat ta’lim standarlari talablari asosida takomillashtirilgan o’quv dasturlarini tasdiqlash va amaliyotga joriy etish to’g’risida”gi buyrug’iga asosan tasdiqlandi hamda 2017-2018 o’quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilishi rejalashtirildi. Jumladan, ushbu buyruqqa ko’ra, umumiy o’rta ta’limning Davlat ta’lim standartlari va o’quv dasturlari 2017-2018 o’quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish quyidagi tartibda amalga oshiriladi: