O‘zbekistonda pedagogik texnologiyaga oid ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar. So‘nggi yillarda Respublikamizning taniqli pedagog-olimlari va tajribali amaliyotchi o’qituvchilar tomonidan o‘quv jarayoniga pedagogik texnologiyani joriy etish bo‘yicha samarali izlanishlar olib borilayotganligi bizga ma’lum. Pedagogik texnologiya tushunchasi ilmiy maqolalarda, anjuman ma’ruzalarida, hisobotlar va davriy nashrlarda ham o‘z aksini topmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, Respublikamizning taniqli olimlari R.X.Jo‘rayev, U.N. Nishonaliyev, N. S. Sayidahmedov, B.L. Farberman, Rossiya pedagog-olimlari; V.P. Bespalko, V.S. Bezrukova, M.V. Klarin va boshqalar hamda qozog‘istonlik olimlar M.J. Aristanov va J.S. Haydarov o‘z ilmiy tadqiqotlarida “pedagogik texnologiya” tushunchasining mohiyatini va ahamiyatini ochib berishga munosib hissa qo‘shganlar.
Qator yillardan beri, PTga o‘quv jarayonini texnik vositalar yordamida amalga oshirish deb qarab kelindi. Faqat 70-yillardan boshlab pedagogik adabiyotlarda bu tushuncha yangicha talqin etila boshlandi. Texnologiya deganda, subyekt tomonidan ob’yektga ko‘rsatilgan ta’sir natijasida subyektda sifat o‘zgarishiga olib keluvchi jarayon tushuniladi. Texnologiya har doim zaruriy vositalar va sharoitlardan foydalanib, ob’yektga yo’naltirilgan maqsadli amallarni muayyan ketma-ketlikda bajarishni ko‘zda tutadi.
Ushbu tushunchalarni o‘quv jarayoniga ko‘chiradigan bo‘lsak, o‘qituvchi (pedagog)ning o‘qitish vositalari yordamida o‘quvchi-talabalarga muayyan sharoitlarda ko‘rsatgan tizimli ta’siri natijasida ularda jamiyat uchun zarur bo‘lgan va oldindan belgilangan ijtimoiy sifatlarni intensiv tarzda shakllantiruvchi ijtimoiy hodisa, deb ta’riflash mumkin. Ta’riflar nazariyasi bo’yicha bunday ijtimoiy hoidisani pedagogik texnologiya desa bo‘ladi.
Rossiya psixologi N.F.Talizina ta’kidlaganidek, ta’lim tizimida pedagogik texnologiya iborasini paydo bo‘lishiga quyidagilar sabab bo’lgan:
didaktika qoidalarini barcha mamlakatlarda, xususan AQSHDA keng tarzda ommalashmagani;
uning qoidalari o’ta konstruktiv xarakterga ega bo‘lmay, zamon talabidan orqada qolib ketganligi;
asrimizning 60-yillarida ta’lim tizimiga texnikani-o‘rgatuvchi mashinalarni kirib kelganligidir .
Tegishli adabiyotlarni tahlil qilish «pedagogik texnologiya» tushunchasi o‘zining rivojlanish tarixiga ega ekanligini ko’rsatdi. Xorijiy mutaxassislar bu tushunchaning rivojlanishini uch bosqichga bo‘lib o‘rganish lozim deb hisoblaydilar. Birinchi bosqichda, o‘qitish jarayonini faqat o‘qituvchining o‘zi olib borar edi. N.F.Talizina ta’kidlaganidek, “Inson tajribasi o‘qitish texnologiyasi funksiyasini bajargan” . Ikkinchi bosqichda esa, darslik va qo‘llanmalar chop etila boshlagandan so‘ng - o‘qitish texnologiyasi mazmunida tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. O‘qituvchiga yordam beruvchi turli didaktik materiallar vujudga kela boshladi. Uchinchi bosqichda esa, o‘qitish texnologiyasi mazmun jihatdan yanada boyidi; o‘qituvchi va talabalar uchun yuqoridagilar qatoriga texnik vositalar, ya’ni o‘rgatuvchi mashinalar ham qo‘shildi.
O‘rgatuvchi mashinalarni o‘quv jarayonida qo‘llanishi natijasida dasturlangan ta’lim tushunchasi vujudga keldi. U pedagogik texnologiyaning dastlabki o’xshatmasi edi. Lekin, dasturlangan o‘qitish tarafdorlarining «o‘qitishini og‘zaki bayon qilish uslubidan voz kechish vaqti keldi, mashina o‘qituvchi shaxsini bemalol almashtirishi mumkin», deb ehtiyotsizlik bilan aytgan fikrlari amaliyotchi pedagoglarni o‘ta hayratga soldi, nazariyotchi pedagoglar esa uni qat’iy e’tiroz bilan qabul qildilar. Bu o‘rinda, dasturlangan ta’lim haqida amerikalik pedagog U. Shrammning quyidagi fikrini misol tariqasida keltirish mumkin: - Dasturlangan o‘qitish - bu avtomatik repetitor bo‘lib, u talabani:
mantiqiy o‘zaro bog‘liq, qisqa qadamlar orqali;
deyarli xato qildirmasdan;
to‘g‘ri javob berishga yo‘llaydi va u;
o‘z o‘rnida baholanib mustahkamlanishi natijasida;
o‘qitish maqsadlarini belgilovchi aniq javoblarga ketma-ket ravishda yaqinlashtirib boradi.
Demak, bundan ta’lim jarayonida o‘qituvchi shaxsini batamom inkor etiladi, degan xulosaga kelish mumkin. Shuning uchun ham, dasturlangan ta’lim o‘sha davrda o‘qitishni aniq maqsadlarini belgilashning zamonaviy shakli bo‘lishiga qaramay, fanda va pedagogik amaliyotda o‘z rivojini topmadi.
Lekin, o‘sha yillar jahon pedagogikasida texnik vositalarni rivojlantirish va ularning xonadagi barcha talabalarni qamrab olishi, axborot sig‘imi va axborot o‘tkazish qobiliyatlarini oshirish, o‘quv axboroti uzatish kanalini individuallashtirish kabi ta’lim berish imkoniyatlaridan unumli foydalanishni takomillashtirishga oid muammolarga alohida e’tibor berila boshlandi. Ko‘pchilik mutaxassis olimlar o‘quv jarayonida keng qo‘llanilayotgan odatdagi ommaviy axborot vositalari (televideniye, radio) o‘rniga EHM, axborot saqlashning kompyuterlash-tirilgan tizimi, lazerli aloqa kanali, mikroelektron qurilmalar va boshqa yangi axborot vositalaridan foydalanishga o’tish zarurligini ta’kidladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |