Tema 2. XX ásir aqırı XXI ásir basindagi lokal urislar tájiriybesi hám olardan kelip shiģatugin nátiyjeler
Terrorizmga qarshi kurashda armiyani jamlash. Terroristlarga qarshi operatsiyalarni o‘tkazish.
1. Terrorizm – ko‘zlangan maqsadga erishish yo‘lida hech narsadan tap tortmaslik, ayniqsa, jismoniy zo‘ravonlik va qurolli kurashning har qanday vositalarini cheklanmagan tarzda qo‘llash va shu yo‘l bilan muayyan ustuvorlikni (hukmronlik yoki hokimiyatni) qo‘lga kiritish asosiy muddao sanaladigan siyosiy kurashdir.
Ildizi ibtidoiy tarixga borib taqaladigan terrorizm bugungi kunga qadar odamlarni dahshatga solishga uringancha, sodir etib kelinayotgan o‘ta og‘ir jinoyat turidir. «Terror» termini ilk bor Aristotel tomonidan qo‘llanilgan bo‘lib, tarjimasi «dahshat», «qo‘rquv» degan ma’nolarni anglatadigan yunoncha «terror» so‘zidan olingan.
Terrorchilar o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida jismoniy zo‘ravonlik va qurolli kurashning turli vositalaridan keng foydalanar ekan, terrorizm siyosiy ekstremizmning beshafqat shakllaridan biri, deb e’tirof etiladi.
Terrorizm aksariyat hollarda salbiy siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar natijasida yuzaga kelib, davlatlararo va xalqaro terrorizmga farq qiladi. Uning namoyon bo‘lishiga olib keladigan sabablar jumlasiga, odatda:
davlatlararo ziddiyatlar;
etnik va diniy ziddiyatlar;
ishsizlik, qahatchilik, qimmatchilik va qashshoqlik;
odamlar ongida hosil bo‘lgan mafkuraviy bo‘shliq va shu kabi, boshqa salbiy omillar kiradi.
Davlatlararo terrorizm – agressor davlat tomonidan terroristik vositalar qo‘llanilib, dushman davlatga ta’sir o‘tkazish va dahshatga solish usuli.
Davlatlararo terrorizmning maqsadi dushman davlatning siyosiy rahbarlari va harbiy qo‘mondonlik vakillarini jismonan yo‘q qilish yoki aholiga qarshi terroristik harakatlarni uyushtirish orqali dushman hududida ommaviy vahima va tartibsizlikni yuzaga keltirishdan iboratdir.
Davlatlararo terrorizmning eng xavfli ko‘rinishi butun boshli xalqni yo‘q qilishni (genotsidni) o‘z maqsadi, deb bilgan natsizm sanaladi.
Xalqaro terrorizm – millatchilik ruhidagi xalqaro ekstremistik harakatlar yoki diniy mutaassiblar uyushmalari (to‘dalari), diniy ekstremistik tashkilotlar tomonidan davlat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilot xodimlari va tinch aholiga qarshi qaratilgan terroristik harakatlarni amalga oshirish orqali davlatlarga (xalqlar, elatlar yoki milliy guruhlarga) dahshat solish usuli.
Xalqaro terrorizmning (aniqroq aytiladigan bo‘lsa, jinoiy baynalmilallikning) moddiy (moliyaviy) negizi sifatida, odatda, g‘ayriqonuniy korchalonlik, jumladan, odam savdosi, narkotik moddalar bozori, yashirin migratsiya, moliya sohasidagi turli-tuman jinoyatlar va shu kabi jinoiy harakatlar xizmat qiladi.
Odatda, xalqaro terrorizm qat’iy intizom, sir saqlash qoidalari, homiylar (shu jumladan, agressor davlatlar), da’vat etuvchi-tashkilotchilar va ijrochi-janggarilar bo‘lishi ko‘zda tutiladigan hokimiyat ierarxiyasi va aniq ichki tuzilish qoidasiga so‘zsiz amal qilishga asoslanadi.
Aksariyat hollarda xalqaro terrorizm bir qator ko‘rinishlarda, xususan:
haddan tashqari milliy va diniy murosasizlik;
siyosiy rejimi beqaror davlatlarda ichki ijtimoiy-iqtisodiy, milliy va xurofiy qarama-qarshiliklarga jiddiy tus berish;
xalqaro jamiyat tomonidan murakkab davlatlararo, diniy va etnik mojarolarning hal etilishiga nisbatan umidsizlik kayfiyatini qaror toptirib, ommalashtirish;
«Sovuq urush» oqibati, ya’ni bunday urush davomida uning ishtirokchilari o‘z dushmanlariga qarshi buzg‘unchilik va qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirganligining oqibati, qolaversa, ushbu urushda ishtirok etgan davlatlar tomonidan terroristik va hattoki harbiy harakatlarni tashkillashtirish uchun millatchilik ruhidagi turli-tuman xalqaro ekstremistik yoki diniy tuzilmalar, diniy ekstremistik tashkilotlar xizmatidan foydalanganlikning (ba’zan esa bunday ekstremistlarni tayyorlash va qurollantirish bilan shug‘ullanganlikning) hosilasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |