4-O‘quv savoli Diniy ekstremizm.
Diniy ekstremizm – «ekstremizm» terminining diniy mazmun kasb etgan keng ma’noli hosilasi, ma’naviy tahdid turlaridan biri bo‘lib, tegishli din vakillarini qat’iy hatti-harakatlarga da’vat etish, muayyan davlatda hukm surayotgan barqarorlikni izdan chiqarib, uning konstitutsion tuzumini qo‘porishga qaratilgan siyosiy faoliyatdir.
Aslida, islom niqobi ostidagi ekstremistik harakatlar tarixiga e’tibor beradigan bo‘lsak, ularning ildizlari Hazrati Ali (r.a.) davrida paydo bo‘lgan «xorijiylar» (arabcha - ajralib chiqqanlar, isyonchilar) diniy-siyosiy oqimi faoliyatiga borib taqalishini ko‘rish mumkin. Xorijiylar o‘zlarini haqiqiy musulmon, saflariga qo‘shilmaganlarni «dindan qaytgan» deb e’lon qilgan holda ularga qarshi murosasiz kurash olib borganlar.
Ekstremizm – lotin tilidan olingan so‘z bo‘lib, «qat’iy g‘oyalarni ilgari surib, keskin choralar ko‘rishga tarafdorlik» ma’nosini anglatadi.
Mazkur termin zamiridagi asl mohiyat ekstremistik tashkilot rahbarlari tomonidan u yoki bu siyosiy masala yuzasidan qat’iy qaror qabul qilinib, keskin choralar ko‘rilishi, boshqacha aytganda, kuch va zo‘ravonlik ishlatilishi, oxir-oqibat muayyan davlat hokimiyatni ag‘darishdan iborat bo‘lgani bois, soha mutaxassislari tomonidan siyosiy terminlar jumlasiga kiritilgan.
Diniy ekstremistik tashkilot bu:
jiddiy ierarxiya, ya’ni pog‘onama-pog‘ona bo‘ysunish tizimiga ega, tashkiliy jihatdan uddaburon tuzilgan;
faoliyatida maxfiylik (konspiratsiya) elementlari, ya’ni xatti-harakatlari yashirin kechishi kuzatiladigan;
a’zolarining ongiga o‘taketgan diniy mutaassiblik g‘oyalari singdirib boriladigan, og‘ir ruhiy va jismoniy mashq usullari qo‘llanilishi oqibatida barkamol rivojlanishlari to‘xtab qolib, ruhiy va jismoniy holatlariga (sifatlariga) putur etishida namoyon bo‘ladigan;
guruh tarkibining taraqqiyot sari yetaklaydigan har qanday urf-odat, axloq me’yorlari, mavjud ijtimoiy tuzim, madaniyat, tartib, dinlararo va millatlararo bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nihoyatda salbiy, murosasiz munosabatda bo‘lish sifatlari tarbiyalanadigan;
guruh a’zolarining ongi, xulqi (yurish-turishi) va shaxsiy hayoti ustidan zimdan nazorat olib borilib, ularga eng ichida ruhiy zulm o‘tkazish maqsadida rahnamo yoki rahbariyat tomonidan ichki josuslarni tayinlash amaliyotidan foydalaniladigan;
rahnamoga (rahbariyat tarkibiga) ko‘r-ko‘rona itoat qilinadigan;
jamiyat «o‘zimiznikilar» va «begonalar»ga ajratilgan tarzda e’tirof etiladigan;
guruh a’zolari o‘zlari olib borayotgan faoliyat yagona haq yo‘l ekanligiga qat’iy ishonch hosil qilinadigan, go‘yo din, millat va umuman insoniyatni «qutqazish, uni g‘ayridinlardan xalos etish»dek yuksak vazifa bajarayotgan kabi guruhiy sajda ongi shakllantiriladigan;
so‘nggi chora (shahid bo‘lish) va ekstremistik zo‘ravonlik usullarini qo‘llash tarafdori bo‘lgan har qanday diniy yo‘nalishdagi tashkilotdir.
Yuqorida keltirilgan ta’rif har qanday dinga e’tiqod qiladigan ekstremistik guruhlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, an’anaviy Islom g‘oyalariga mos keltirilib, dinga siyosiy tus berish hamda amaldagi davlat hokimiyatiga diniy ta’sir o‘tkazishga qaratilgan urinishlarni ham qo‘shimcha tavsif sifatida keltirish mumkin.
Xalqaro terrorizm XXI asrda insoniyatga qarshi yo‘nalgan yangi va eng halokatli xavf jumlasiga kiradi. Xalqaro huquqda xalqaro terrorizmga qarshi kurashning yuridik jihatlari etarlicha aks ettirilmagan. Zamonaviy terrorizm tahdidining keskinligi, oldindan bashorat etib bo‘lmasligi mavjud huquqiy me’yorlarni juda uddaburonlik bilan qo‘llashga majbur qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |