Terroristik tashkilotlar daromadlar miqdorini baholash.
Bugungi kunga kelib jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg’in qurollarini tarqatish global muammoga aylanib bormoqda. Bu esa o’z navbatida har bir mamlakat uchun ushbu omillarga qarshi kurashishning mukammal tizimini yaratishni taqozo qilmoqda.
Pul yuvish — jinoyat natijasida qoʻlga kiritilgan pul yoki boshqa mulkka qonuniy tus berish, yaʼni noqonuniy yoʻllar bilan topilgan mulkni ochiqchasiga foydalana olish uchun norasmiy iqtisoddan rasmiy iqtisodga olib oʻtish.
Pul yuvish bilan samarali kurashish uchun quyidagi idoralar hamkorlikda ish tutishi zarur:
qonun chiqaruvchi idoralar;
ijro etuvchi idoralar yoki ministrliklar;
sud idoralari;
qonunni himoya qilish idoralari;
moliyaviy qidiruv boʻlinmalari;
Markaziy bank, turli tekshiruvchi idoralar va boshqa moliyaviy va moliyaviy boʻlmagan mahkamalar.
Bundan tashqari, pul yuvish bilan kurashish uchun bank kabi xususiy mahkamalar ham hamkorlikda ish yuritishi kerak. Pul yuvish uchun boʻlgan kurashni jahon miqyosida muvofiqlashtirish uchun 1989-yil G7 ning Parijdagi sammitida Pul yuvish bilan kurashishning moliyaviy choralarini ishlab chiqish guruhi (Inglizcha: Financial Action Task Force on Money Laundering, FATF) tuzilgan.
Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari sifatida xalqaro, mintaqaviy va milliy doirada bu yo‘nalishdagi xatti-harakatlarni amalga oshirishda birinchi navbatda, davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi ikki tomonlama yoki muayyan tashkilotlar doirasidagi hamkorligini ko‘rsatish mumkin. Buning asosiy sababi, bugungi kunda terrorizm transmilliy jinoyat sifatida chegara bilmasligi va xalqaro terrorizmga aylanganligidir.
Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, terroristik tuzilmalar sharoitlar o‘zgarishiga tez moslashib, o‘z faoliyatini moliyalashtirishning yangi yo‘llarini topmoqda. Bu esa jahon hamjamiyatidan o‘z vaqtida samarali choralarni ko‘rish, ularning yo‘liga to‘siq qo‘yish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishni talab etmoqda.
Shu maqsadda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda moliyaviy choralarni ishlab chiquvchi xalqaro hukumatlararo guruh faoliyat ko‘rsatmoqda. Sakkizta mintaqaviy guruhni o‘z tarkibida birlashtirgan ushbu yagona xalqaro tarmoq jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida global standartlarni ishlab chiqadi, milliy tizimlarning mazkur standartlarga muvofiqligini ta’minlaydi. 2004-yilda Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi tashkil etilgan edi. Unga mintaqaning 9 davlati, jumladan, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan. Yana 14 mamlakat, 18 xalqaro va mintaqaviy tashkilotga guruhda kuzatuvchi maqomi berilgan.
Ta’kidlash joizki, yetakchi xalqaro tashkilotlar mamlakatimizning jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha tizimi samaradorligini e’tirof etmoqda. Bazel boshqaruv institutidek nufuzli tashkilot O‘zbekistonni Italiya, Ispaniya, Kanada, Janubiy Koreya va AQSh kabi mamlakatlar qatorida noqonuniy pul o‘zlashtirish xavfi eng kam davlatlar guruhiga kiritgan.
Terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning operatsiyalarini to‘xtatib turish, pul mablag‘larini yoki boshqa molmulkini ishga solmay to‘xtatib qo‘yish, ishga solmay to‘xtatib qo‘yilgan molmulkidan foydalanishga ruxsat berish va operatsiyalarini tiklash tartibi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Bu mavzuda gapirar ekanmiz xalqaro “Egmont” guruhi haqida eslab o’tish joiz. “Egmont” guruhi — moliyaviy razvedka bo‘linmalari xalqaro tashkiloti bo‘lib, dunyoning 160 dan ortiq moliyaviy razvedkalarini birlashtiradi. Davlatlarning jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish yoʻlidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va birlashtirish asosiy vazifa hisoblanadi.
Tashkilotga 1995 yilda asos solingan boʻlib, uning nomi birinchi forum oʻtkazilgan joy - Egmont-Arenberg (Bryussel)dan olingan. Oʻzbekiston «Egmont» guruhiga 2011 yil 1 iyulda (rasmiy sana) kirgan.
Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmga qarshi kurashish sohasida AQSh tajribasini oladigan bo’lsak, Qo’shma Shtatlar Moliya vazirligida “Terrorizm va moliyaviy razvedka boshqarmasi” bo’limi mavjud bo’lib, ularning vazifasi axborot to’plash va iqtisodiy, pul va moliyaviy masalalar yuzasidan ekspert baholar tayyorlash, xorijiy davlatlar iqtisodiy ahvolini o’rganish, AQSh xavfsizlik manfaatlariga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan moliyaviy voqealar va tendensiyalar haqida ogohlantirishdir.
AQSh G'aznachilik Departamenti tarkibida 1961-yilda razvedka bo'limi paydo bo'ldi va keyinchalik “Milliy xavfsizlik idorasi” deb nomlandi va 1977 yilda u “Razvedka xizmatini qo'llab-quvvatlash idorasi” deb o'zgartirildi. 2004 yil dekabr oyida u “Terrorizm va moliyaviy razvedka boshqarmasi” deb nomlandi, ushbu tuzilmaning vazifalari ko'lami sezilarli darajada kengaytirildi - terrorizm guruhlarini moliyalashtirish va mamlakatlarda ommaviy qirg'in qurollarining tarqalishini moliyalashtirish monitoringini olib bordi.
Xodimlar soni va byudjet hajmi tasniflanadi, ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, 2018 moliyaviy yilda idoraning byudjeti 84,6 million dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, Argentina Iqtisodiyot vazirligida “Moliyaviy razvedka boshqarmasi” (Unidad de Inteligencia Financiera) bo’limi mavjud bo’lib, uning vazifasi mamlakatda 2000-yilda qabul qilingan jinoiy daromadlarni yashirish va legallashtirish to’g’risidagi qonunga asosan quyidagi yo’nalishlarda olingan daromadlarni legallashtirishning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida ma’lumotlarni tahlil qilish, qayta ishlash va uzatish:
a) Narkotik moddalar savdosi;
b) Kontrabanda;
c) Noqonuniy tashkilotlar faoliyati;
d) Hukumatga qarshi firibgarliklar va boshqalar.
Yuqoridagi ma’lumotlar shuni ko’rsatadiki, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg’in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish mamlakat iqtisodiy siyosatining asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lmog’i lozim. Shuningdek, bu borada jahon hamjamiyati bilan o’zaro tajriba almashish va hamkorlik qilish eng samarali yo’l desak mubolag’a bo’lmaydi. Zero, bugungi kundagi globallashuv jarayonida yo’l qo’yilgan har qanday e’tiborsizlik yirik muammolarga sabab bo’lishi hech birimizga sir emas
Do'stlaringiz bilan baham: |