Loyiha usuli Loyiha usuli yo‘naltiruvchi matn usuli bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu ikkita usul bir-biridan quyidagicha farqlanadi.
- yo‘naltiruvchi usuli e’tiborni mustaqil o‘rganishga qaratadi;
- loyiha usuli mustaqil o‘rganishdan tashqari e’tiborni mutaxassislikni egallashda kerakli shaxsiy qobiliyatlar va ko‘nikmalarni o‘rganishga qaratilgan;
- loyiha usuli xususan loyihalar bilan ishlashni o‘rganish hamda o‘zlashtirishni kuchaytirish maqsadida qo‘llaniladi.
Loyiha usuli Yevropa mamlakatlarida «Loyihalarga va mavjud bilimlarni yangi vaziyatda qo‘llashga qaratilgan ta’lim» deb ataladi. Loyiha asosan o‘rganishga xizmat qilish, nazariya bilan amaliyotni bog‘lash, korxonada uchraydigan biron ish jarayoniga ta’luqli bo‘lishi, talabalar tomonidan mustaqil rejalashtira olinadigan, mehnatni tashkillashtirishni va amalga oshira oladigan bo‘lishi lozim. Bunda talabalar o‘zlarining mutaxassislik sohasi bo‘yicha muammoni yechish usullarini ishlab chiqish imkoniyatlariga ega bo‘lishadi. Loyiha usulining butun ta’lim jarayoni doirasida qo‘llanishi uchun, loyihalar quyidagicha bo‘lishi kerak:
1. Aniq cheklangan topshiriq, masalan biror ishni rejalashtirishdan boshlab sifat tekshirishigacha ish tartibi ta’rifi bilan birga berilishi kerak.
2. Talabalar nuqtai nazaridan topshiriq murakkab bo‘lishi va ulardan mavjud bilimlarini boshqa vaziyatlarda qo‘llay olishni talab qiladigan topshiriq bo‘lishi kerak. Chunki talaba muammoni hal qilishda mavjud bilimlaridan tashqari boshqa bilim ko‘nikmalarini ishlatishga majbur bo‘lishlari kerak.
3. O‘zlashtirilgan bilim ko‘nikmalar orqali yangi topshiriqni reja asosida va iloji boricha mustaqil harakatlanishi talab qilinadi.
Loyiha usulining asosiy maqsadi shuki, topshiriqni bajarish uchun kerakli barcha bilim ko‘nikmalar jarayon davomida o‘rganilishdir. Talabalar berilgan topshiriqni bajarishda vazifalarni o‘zaro taqsimlab loyiha guruhi sifatida mustaqil ravishda rejalashtirilishidan boshlab amalga oshirish va xulosa chiqarishda birgalikda ishlashadi. O‘qituvchi o‘rganish jarayonini nazorat qiladi va sistematik ravishda boshqaradi. Loyiha davomida barcha bosqichlarni qayd etish va loyiha ishini taqqoslash imkoniyati bo‘lishi uchun quyidagi hujjatlar ishlatiladi:
- loyiha (kinematik sxemalar, ishchi chizmalar);
- loyihaga tegishli topshiriklar ta’rifi;
- yo‘naltiruvchi savollar;
- o‘quv maqsadlari haqida ma’lumotlar;
- ishlash tartibi va vazifalarni taqsimlash bo‘yicha ko‘rsatma;
- baholash varag‘i;
- nazorat bayonnomalari;
- asbob va uskunalar, o‘lchash vositalari va yordamchi materiallar ro‘yxati. Loyiha usulini amalga oshirishni bosqichma-bosqich ko‘rib chiqamiz.
1. Ma’lumot yig‘ish. Bu bosqich uchun o‘qituvchi quyidagi hujjat va materiallarni tayyorlashi lozim:
- loyiha (sxemalar, texnik chizmalar);
- loyihaga tegishli topshiriqlar ta’rifi;
- yo‘naltiruvchi savollar;
- o‘quv maqsadlari haqida ma’lumotlar.
Talabalarga chizma va sxemalar shaklidagi loyiha hamda topshiriq ta’rifi beriladi. O‘qituvchi talabalarni yo‘naltiruvchi savollardan foydalanib topshiriqni tahlil qilishga jalb etadi. Talabalar mustaqil ravishda darslik, o‘quv qo‘llanmalar va tarqatma materiallar asosida ma’lumot yig‘ishadi. Talabalarga texnik chizmalarni berishdan maqsad, ular shu chizmalardan o‘zlariga kerak bo‘lgan qismlarni o‘z hujjatlariga ko‘chirib olishadi. So‘ngra ular loyihani bajarishdagi ish bosqichlarini tuzishadi.
2. Rejalashtirish. Bu bosqichda talabalar mustaqil ravishda ish rejasini to‘ldirishadi. Bu rejada ish bosqichlari , ya’ni ularning texnologik ketma-ketligi va ular uchun ajratilgan vaqt kerakli jihozlar va uskunalar hamda mehnat xavfsizligiga oid tadbirlar haqida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
3. Qaror qabul qilish. Talabalar amaliyot o‘qituvchisi bilan birgalikda rejalashtirish bosqichida yuzaga kelgan natijalarni muhokama qilishadi. Har xil yechimlar bir-biri bilan taqqoslanadi va eng yaxshi optimal variant tanlab olinadi.
4. Amalga oshirish Talabalar topshiriqni ish rejasi asosida mustaqil ravishda bajarishadi. O‘qituvchi ish jarayonini nazorat qilib turadi va natijalarini «Nazorat» daftariga qayd qiladi. Talaba o‘rganib olgan bilimlarini yangi vaziyatda qo‘llay oladi, sistematik ravishda rivojlantira oladi. Baholashni va tanlashni biladi va yangi ijodiy yechimlarni topa oladi.
5. Tekshirish Talabalar o‘z ish natijalarini o‘zlari tekshirishadi. Masalan, ish natijalarini sifat kriteriylari asosida baholashi mumkin.
6. Xulosa chiqarish. Talaba va o‘qituvchi ish jarayoni va natijalarini birgalikda tahlil qilishadi. Loyiha usulining maqsadi shuki, bunda talabalar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalaridan tashqari ijtimoiy va shaxsiy kompetensiyalari sohasiga tegishli shaxsiy qarashlarga ega bo‘lishadi. Bu degani, mutaxassislar o‘z sohalariga oid bilim ko‘nikmalaridan tashqari quyidagi qobiliyatlarga ega bo‘lishlari kerak: - tashabbus ko‘rsatish; - muammolarga sistematik yondashish; - qarorlarni mustaqil qabul qilish; - moslanuvchan bo‘lish; - biror muammoni o‘zi hal qilish; - doim malakasini oshirishga bo‘lgan istagini ko‘rsatish; - hamkorlikka tayyor ma’suliyatli bo‘lish.