3. Mamlakatimizda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar.
Prezidentimiz «Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari» nomli asarlarida 2009 yildagi yana bir eng muhim ustuvor vazifa - bu mamlakatimizni modernizatsiya qilish va aholi bandligini oshirishning muhim omili sifatida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirishdan iborat ekanligini belgilab berdilar.
Mazkur ustuvor vazifaga alohida e’tibor qaratishning bir qator sabablari mavjud. Jumladan:
Birinchidan, infratuzilmani rivojlantirish yangi korxonalarni joylashtirish va butun iqtisodiyotni taraqqiy ettirish uchun zarur qulay shart-sharoitlar yaratadi, mamlakatimizning boy mineral-xomashyo resurslarini o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ikkinchidan, ishlab chiqarish infratuzilmasi, avvalambor, avtomobil va temir yo‘llarning rivojlangan tizimi, ularning samarali faoliyati ishlab chiqarishdagi umumiy xarajatlarni kamaytirishning muhim sharti va omilidir. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan mahsulot va butun iqtisodiyotimizning raqobatdoshligini oshiradi.
Uchinchidan, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini toza ichimlik suvi, energiya bilan ta’minlash, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish, pirovard natijada aholining turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, infratuzilmani rivojlantirish ko‘p mehnat talab qiladigan keng ko‘lamli soha hisoblanadi. Bu yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, aholining, ayniqsa, yoshlarning ish bilan bandligini ta’minlash, odamlarning daromadi va farovonligini oshirish imkonini beradi.
Bundan ko‘rinadiki, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, iqtisodiyotning real sektorini yanada rivojlantirish ko‘p jihatdan хo‘jalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq.
Mamlakatimizda ijtimoiy infratuzilmaning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga tibbiy hizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, zamon talablariga mos malakali tibbiy kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda chiqarilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish va rivojlantirish Davlat dasturining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi 2007 yil 19 sentyabrdagi UPF – 3923-sonli Farmoni, “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi 2007 yil 2 oktabrdagi UPK – 700-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sog‘liqni saqlash tizimining hududiy tashkilotlari faoliyati va strukturasini tashkil qilishni takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi 2008 yil 18 martdagi 48-sonli Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tashkil qilishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2009 yil 29 martdagi 80-sonli buyrug‘i buning yorqin isbotidir.
Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov 2011 yil 26 noyabrda “O‘zbekistonda onalik va bolalikni asrashning “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” milliy modeli” mavzusidagi xalqaro simpoziumning ochilish marosimida so‘zlagan ma’ruzasida ta’kidlab o‘tganidek, mustaqillik yillarida yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishining milliy modelini yaratishning poydevori bu avvalo sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida 3200 dan ortiq qishloq vrachlik punktlarining tashkil etilishi bo‘ldi.
Prezidentimizning 2011 yil 28 noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh etishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida qayd etilganidek, mamlakatimizda sog‘liqkni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini ushbu tizimning dolzarb ahamiyatga molik masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda, shu sababli respublikamizning eng chekka rayonlarida yana 102 ta qishloq vrachlik punkti tashkil etish va ularning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
YUrtimizda o‘tgan davr mobaynida sog‘liqni saqlash sohasida 14 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 dan ortiq farmon va qarorlari hamda Hukumatning 100 ga yaqin qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror va qonunlar asosida respublikamizda sog‘liqni saqlash, shu jumladan, oliy tibbiy ta’lim tizimini takomillashtirish borasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |