3-Mavzu: Ishlab chiqarish infratuzilmasi va uning ahamiyati
Reja:
1. Ishlab chiqarish infratuzilmasining ahamiyati.
2. Ishlab chiqarish infratuzilmasi tarkibiga kiruvchi tarmoqlar va ularning tashkil etilishi.
3. Mamlakatimizda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar.
-
Ishlab chiqarish infratuzilmasining ahamiyati.
Iqtisodiy faoliyat deganda inson ehtiyojlarini qondirish usullari va vositalari majmui tushuniladi.
Iqtisodiy faoliyat ishlab chiqarishdan boshlanadi, yaratilgan mahsulotlarni ayirboshlash orqali iste’mol etish bilan tugallanadi. Uning asosiy bo‘g‘ini ishlab chiqarish, ya’ni har xil mahsulot va xizmatlarni yaratishdir. Mehnat yaratgan ne’matlar iqtisodiy ne’matlar deyiladi. Ular tabiatdagi tekin ne’matlar (havo, quyosh nuri, suv) dan farq qiladi. Mahsulotlarni ayirboshlash va ularning iste’moli (ishlatilishi) ham iqtisodiy faoliyat tarkibiga kiradi. Ishlab chiqarish tijorat (savdo-sotiq) orqali iste’mol bilan bog‘lanadi. Iqtisodiy faoliyat turlari xilma-xil, lekin ular bir-birini albatta taqozo etadi.
Ishlab chiqarish bo‘lmasa kishilar yashay olmaydi, bu turgan gap. Ammo kishilar yaratgan mahsulotlarini o‘zaro ayirboshlash orqali iste’molni qondiradilar, bir-birlariga kerakli mahsulotlarni yetkazib beradilar.
Kishilar o‘z ehtiyojini qondirmasa, ish qobiliyatini tiklay olmaydilar. Binobarin, iste’molsiz ishlab chiqarish ham bo‘lmaydi. Ishlab chiqarish turlari g‘oyat ko‘p. Hozir dunyoda millionlab xil mahsulot va ularning butlovchi qismlari va detallari yaratiladi. Aholiga minglab xil xizmatlar ko‘rsatiladi.
Ishlab chiqarish birlamchi faoliyat sifatida ikki turga bo‘linadi:
a) moddiy ishlab chiqarish - aniq moddiy shaklga ega mahsulotlarni (masalan, iste’mol buyumlari, yonilg‘i, xomashyo, material, mashina va uskunalarni) yaratish, shuningdek, moddiy sohaga xizmatlar ko‘rsatish. Bunga sanoat, qishloq xo‘jaligi, yuk transporti, qurilish, ombor xo‘jaligi va boshqalar kiradi.
b) nomoddiy ishlab chiqarish - moddiy shaklga ega bo‘lmagan, qo‘l bilan ushlab his etilmaydigan, ammo foydali xizmatlar ko‘rsatish. Masalan, shifokor yoki o‘qituvchi xizmati moddiy ko‘rinishda emas, lekin u hammaga zarur. Nomoddiy ishlab chiqarishga madaniyat, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport kabi sohalar kiradi.
Ayirboshlash faoliyatida mahsulotlar va xizmatlar yaratilmaydi, balki ular ma’lum miqdoriy nisbatda bir-biriga almashtiriladi. Bu jarayon ikki xil kechadi: biri mahsulot ayirboshlash, ikkinchisi tovar ayirboshlash.
Bir mahsulotning bevosita boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, lekin ma’lum miqdoriy nisbatda ayirboshlanishi barter deb yuritiladi.
Barter ayirboshlashning qulay bo‘lmagan xolis usuli. Bu usul oldi-berdi aloqalari izdan chiqqanda, pul shiddatli qadrsizlanganda qo‘llaniladi. Me’yordagi iqtisodiyot sharoitida tovar ayirboshlashga amal qilinadi.
Bir mahsulotning boshqasiga pul vositasida va ma’lum narx asosida, ya’ni oldi-sotdi yo‘li bilan ayirboshlanishi tovar ayirboshlash deyiladi.
Tovar ayirboshlash barterdan farqliroq, tovarni oldin pulga, so‘ngra pulni kerakli boshqa tovarga ayirboshlashni bildiradi. U hammabop, ya’ni universal ayirboshlashdir. Bu jarayonda pul ishtirok etadi, pulga hohlagan tovarni hohlagan joydan sotib olish mumkin bo‘ladi.
Tovar ayirboshlash, oldi-sotdi ayirboshlashning eng yuksak va qulay shaklidir.
Iste’mol degan narsa mahsulotni amalda, ya’ni ehtiyojni qondirish uchun ishlatish demakdir. Mahsulotlar, birinchidan, tirikchilik uchun kishilarning o‘zlari tomonidan iste’mol etiladi, ikkinchidan, ishlab chiqarishni davom ettirish uchun uning o‘zida ishlatiladi.
Iste’mol faoliyat sifatida yakka, oilaviy, guruhiy yoki umummilliy iste’mol tarzida yuz beradi. Masalan, ko‘ylakni har bir kishi yakka tartibda kiyadi, televizor, gilam yoki mebel oilaning birgalikdagi iste’molida bo‘ladi. Maktab, kasalxona yoki bolalar bog‘chasidagi asbob-anjom va jihozlar ham birgalikda ishlatiladi. Armiya, xavfsizlik xizmati yoki boshqa ma’muriy tashkilotlar xizmatidan ayrim kishilar yoki guruhlar emas balki butun xalq bahramand bo‘ladi. Xullas, mahsulotlar va xizmatlar har xil bo‘lsada iste’mol etiladi. Ammo bundan qat’i nazar ular iste’mol etilgach, yana qayta yaratilishi lozim. Demak shunday qoida bor: cheksiz ehtiyojni qondirish uzluksiz iqtisodiy faoliyatni talab qiladi.
Iqtisodiy faoliyat yoki iqtisodiyot kishilarning ma’lum maqsad yo‘lidagi hatti-harakatini bildiradi. Uning ishtirokchilari ayrim kishilar, oila, korxona, xo‘jaliklar va davlatdir.
Iqtisodiyot ishtirokchilari iqtisodiy subyektlar deb ataladi, ular o‘zaro muntazam iqtisodiy aloqada bo‘ladilar. Bu esa ularning iqtisodiy munosabatlaridir. O‘zaro aloqasiz na ishlab chiqarish, na ayirboshlash, na iste’mol yuz beradi.
Iqtisodiy faoliyat ishlab chiqarishdan boshlanadi. Har qanday ishlab chiqarishda ikki omil, ya’ni shaxsiy-insoniy va moddiy-ashyoviy omillar ishtirok etadi.
Shaxsiy-insoniy omil - bu mehnat qilish qobiliyatidan iborat bo‘lgan ish kuchi va uning faoliyatdir.
Shaxsiy-insoniy omil mehnatga layohatli aholi, uning jismoniy va aqliy qobiliyati, bilim va saviyasi, malaka va mahoratidir. Bu omil insoniy qobiliyat bo‘lgani sababli inson shaxsi bilan birgalikda, undan ajramagan holda namoyon bo‘ladi va inson shaxsida gavdalanadi.
Moddiy-ashyoviy omil - bu ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha moddiy shakldagi vositalardir.
Tadbirkorlik qobiliyati oddiy ish kuchidan farq qilib, ishlab chiqarishda boshqarishdan iborat bo‘lgan alohida vazifani bajaradi. U tabiatan ishbilarmonlik bo‘lib, alohida bir iste’dod, yuksak bilim, maxsus tayyorgarik va mas’uliyat mujassami demakdir.
Tadbirkorlik qobiliyati moddiy omillar bilan birikmaydi, balki shu omillar bilan ish kuchining samarali birikishi, iqtisodiy faoliyatdan yaxshi natija olinishini ta’minlaydi.
Omillarning birikishi tufayli olingan mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishning natijasi hisoblanadi. Ishlab chiqarishda yaratilgan mahsulot ikki xil bo‘ladi: birinchisi - natural mahsulot bo‘lib, uni ishlab chiqaruvchining o‘zi iste’mol etadi. Bu mahsulot ayirboshlash uchun bozorga chiqarilmaydi. Masalan, fermer xo‘jaligida yetishtirilgan donning bir qismi natural mahsulot bo‘lib, xo‘jalikning o‘zida urug‘lik, molga yem yoki fermer oilasiga oziq-ovqat uchun ishlatiladi; ikkkinchisi - tovar shaklidagi mahsulot bo‘lib, ishlab chiqaruvchining o‘z iste’moli uchun emas, balki bozorda sotish uchun yaratiladi. Mahsulotni bozorda oldi-sotdi qilish uchun ishlab chiqarish tovar ishlab chiqarish deb yuritiladi. Mana shu tovar ishlab chiqarish bozor iqtisodiyotining asosidir.
Bozorda sotish uchun chiqarilgan mahsulot va xizmatlar tovar deyiladn.
Tovarning ikki xil xususiyati bor. Birinchidan, u kishilarning hayotiy ehtiyojini qondirib, ularga foyda keltiradi. Ikkinchidan, u boshqa tovarlarga almasha olish xususiyatiga egaki, bu uning almashuv qiymati deyiladi. Tovarning yaratilishidan tortib, to u iste’mol etilguncha bo‘lgan jamiki mehnat sarfi tovarning qiymatini tashkil etadi. Ammo qiymatni aslo befoyda mehnat yaratmaydi. Agar mehnat kishilarga kerak bo‘lgan mahsulotni yaratsa va me’yorida sarf etilgan bo‘lsa, mana shunday mehnatni kishilar ma’qul topib tan oladilar, ya’ni mahsulotni sotib oladilar.
Ishlab chiqarish infratuzilmasi ishlab chiqarish mablag‘lari hamda ularning uzoq muddat ishlashini ta’minlaydigan tarmoqlarni o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqarish infratuzilmasi tarkibiga bevosita ishlab chiqarishga xizmat qiluvchi tarmoqlar kiradi: ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan transport, ta’mirlash ustaxonalari, ombor xo‘jaliklari, kommunikatsiya tizimi va telegraf, aloqa, elektroenergiya uzatish liniyalari, texnik xizmat stansiyalari, ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyalari, hisob markazlari. Bunday xizmatlarga o‘simlik muhofazasi, agrotexnika, veterinariya, texnik ta’mir, yuridik va boshqa xizmatlar kiradi.
Ishlab chiqarish infratuzilmasining shakllanishiga ko‘pgina omillar ta’sir etadi. Ularning ichida tuproq-iqlim sharoiti, hudud relyefi, suv bilan ta’minlanishi, yer hududi konfiguratsiyasi, yo‘l holati, korxonaning joylashishi, ishlab chiqarish obyektlarining joylashishi, qo‘llanilayotgan texnologiyalar, ishlab chiqarish ixtisoslashishi va konsentratsiyalashish darajasiga alohida e’tibor beriladi.
Korxonalar faoliyatida aloqaning o‘rni va ahamiyati juda muhimdir. Chunki, ular o‘zi yetishtirgan mahsulotlarni hohlagan bozorda sotishi mumkin. Shu bois ularning bozor kon’yunkturasini o‘rganishi yoki baho tizimi o‘zgarib turishidan xabardor bo‘lishida, aloqa tizimining eng zamonaviy uskunalaridan foydalanishda xo‘jaliklar yetishtirgan mahsulotlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarni imkon darajasida hal qilishga ko‘maklashadi.
Aloqa tizimining yana bir muhim xususiyati shundaki, bunda xo‘jalikning ichki tizimida bo‘layotgan barcha jarayonlardan xabardorlik hamda ularning muammolarini hal etish imkoni yaratiladi. Xo‘jalik ichida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha uskunalar va mexanizmlarga zarur holatda texnik yoki boshqa xizmatlarni ko‘rsatishda, aloqa tizimining o‘rni va vazifasi qanchalik darajada ahamiyatli ekanligini ko‘rish mumkin.
Xo‘jaliklarning sifatli mahsulot yetishtirishi va nasldor chorva mollari bilan ta’minlanishida bozordagi holatni o‘rganish va boshqa jarayonlarda ilmiy va axborot ta’minoti o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu ta’minot orqali yangiliklar qancha tez tarqatilsa, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bu yangiliklarni shuncha tez o‘zlashtirishi va joriy etishlari, ikkinchidan, ulardan foydalanib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishlari mumkin. Asosiy yirik xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlardan biri yo‘l xo‘jaligidir. Qishloq xo‘jaligida eng ko‘p tarqalgan va asosiy tarmoq avtomobil yo‘llari hisoblanadi. Tarmoqlararo xarakterga ega bo‘lgan yo‘llar qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni iste’molchilargacha yetkazish kabi keng ko‘lamli va salmoqli vazifalarni bajarishadi, ichki tarmoq xarakteridagi yo‘llar esa xo‘jalik ichidagi barcha ichki muammolarni hal etishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Xo‘jalik ichidagi yo‘llar mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha faoliyatlarga xizmat qiladi. Qishloq xo‘jaligida yo‘llarning joylashishi, asosiy obyektlarga qulay turishi, asfaltlanganlik darajasi va tekisliligi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, infratuzilmaning eng yirik tarmoqlaridan biri transport xo‘jaligi hisoblanadi. Ishlab chiqarish harakati jarayonini transportsiz tasavvur qilish qiyin. Bu borada qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatayotgan transportlar faoliyati uzoq davrni o‘z ichiga oladi. Dastavval qishloq xo‘jaligida transport vazifasini o‘tab kelgan ish hayvonlaridan foydalanilgan.
Qishloq xo‘jaligi korxonalarida xizmat ko‘rsatuvchi texnikalarning holati ishlab chiqarish samaradorligini ko‘p jihatdan belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |