2.Fuqarolik jamiyatida xususiy mulkchilik va ijtimoiy munosabatlar.
Inson erkinligi uning moddiy farovonigi bilan uzviy bog‘langan. Ochlikdan, kambag‘allikdan aziyat chekadigan odamni to‘laqonli erkin deyish mushkul. Shaxs erkinligi xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikning kafolatlanganligi sharoitida to‘liq namoyon bo‘ladi. Bunda xususiy mulk nafaqat fuqarolik jamiyatini iqtisodiy asosini tashkil etadi, balki siyosiy, axloqiy, madaniy yangilanishlarga ham asos bo‘ladi. Fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy ongining o‘sishida xususiy mulkning ahamiyati nihoyatda yuksakdir. Zero xususiy mulk:
insonning xususiy hayot tarzini belgilab beradi;
tashabbuskorlik va ishbilarmonlikni o‘zaro bog‘laydi;
mulkdorda o‘ziga ishonch paydo qiladi;
insonga mehnatga ijodiy yondashish va vatanga muhabbatni uyg‘otadi;
insonlarga o‘troqlikni o‘rgatib, ijtimoiy madaniyatni o‘stiradi;
oilani jamiyatning xo‘jalik “yacheyka” si sifatida mustahkamlab, uni mulkiy munosabatlarga jalb qiladi;
insonda davlatga nisbatan hurmat hissini oshiradi;
insonning huquqiy ongi va madaniyatini shakllantiriadi;
insonda fuqarolik mustaqillik hissini tarbiyalaydi;
siyosiy erkinlikka bo‘lgan to‘g‘ri yondashuvni tarbiyalaydi.
Shunday qilib xususiy mulk instituti shaxs erkinligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, u fuqarolarning o‘zini o‘zi anglash hissini shakllantiriadi. Qonunchilikda insonlarning huquqiy tengligining mustahkamlanganligi hamda me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi huquq va erkinliklarning barchaga teng amal qilishi fuqarolik jamiyati yetukligining asosiy mezonidir.
Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari haqida gap ketar ekan, mulkdorlarning erkinligi ham muhim jihatlardan hisoblanadi. Bir qarashda bu belgi juda soddadek tuyuladi. Har qanday jamiyatda ham ishlab chiqarish vositalariga ega bo‘lgan mulkdorlar mavjud bo‘lib ishlab chiqarish vositalariga ega bo‘lgan mulkdorlar erkin hisoblanishadi. Biroq mulkdorlarning erkinligi ko‘pgina davrlarda jiddiy shubha ostiga olinganligi ham ma’lum. Fuqarolik jamiyatida shaxsning erkin faoliyati barcha sohalarda o‘z manfaatlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. Avvalo, insonlarning iqtisodiy sohaga taalluqli bo‘lgan orzu niyatlari ro‘yobga chiqadi. Xususiy mulkdorda erkin iroda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Aslida mulkdorlarning erkinligi bir qator muhim savollarga javob beradi. Aynan mulkdorlarning erkinligi sharoitida erkin mulkdorlar uyushmalari o‘rtasidagi, uyushmalar doirasida mulkdorlar orasidagi aloqalar hamda ularning siyosiy tuzilmalar bilan munosabatlari huquqiy jihatdan tartibga solinadi.
Bu yerdagi birinchi masala, jamiyatda mavjud mulkdorlarning miqdori va ular egalik qilayotgan mulkning qiymati bilan bog‘liq. Ikkinchidan, fuqarolik jamiyatining sub’ektiga aylanishi uchun mulkdor nimadan ozod bo‘lishi kerakligi navbatdagi muhim masaladir. Qadimgi mutafakkirlar bu savolga yakdillik bilan ishlab chiqarish jarayoniga davlatning, siyosiy hokimiyatning aralashuvi va nazoratidan ozod bo‘lishlari kerakligini uqtirishadi. Mulkdor va ishchilar o‘rtasidagi murakkab munosabat bilan bir qatorda tarixning barcha bosqichlarida ishlab chiqarish vositalari egalari siyosiy sohaning iqtisodiyotga ta’sirini bartaraf etish yoki hech bo‘lmaganda uni cheklash uchun kurashib kelgan. Bu kurashda iqtisodiyot va siyosatni bir-biriga teng darajada ta’sir ko‘rsatishi umuman jamiyat va uning barqaror rivojlanishi uchun eng maqbul yo‘ldir. O‘tgan asr tajribasining ko‘rsatishicha, mulkdorlarning davlat nazoratidan chiqib ketishi iqtisodiyotda boshboshdoqlikni kuchaytirib yubordi, natijada esa 30-yillar va 70-yillarda iqtisodiy inqirozlarga olib keldi. Davlatning mutlaq ustunlik qilishi esa insoniyatni bundan ham og‘ir inqirozlar, jumladan Birinchi va Ikkinchi Jahon urushi kabi bo‘hronlarga olib keladi. Shuning uchun ham bugungi rivojlangan mamlakatlarda siyosat va iqtisodiyot o‘rtasidagi munosabatlarda muvozanatni saqlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Davlat tomonidan jamiyatni qattiq nazorat ostiga olinishi sobiq tizim davrida ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. Ishlab chiqarish vositalarini o‘z egalaridan mahrum etgan sho‘rolar xalq ommasini ishlab chiqarish vositalarining egasiga aylantirishga ishongan holda harakat qildilar. Ammo tom ma’nodagi mulkdorsiz ishlab chiqarish vositalari takomillashmasligi, erkin bozor munosabatlari va sog‘lom raqobatsiz ishlab chiqarish rivojlanmay qolishini tarix isbotladi. Sho‘ro tizimi davrida barcha vositalarga davlatning monopol tarzda egalik qilishi boshlandi, davlat xalqniki, demak mulk ham umumxalqniki ekanligi degan mavhum tushuncha o‘rnashdi. Iqtisodiyotda davlat monopoliyasi ishlab chiqarish vositalarini o‘zlashtirish orqali shaxsiy va korporativ ishlab chiqarishga, bu bilan esa mulkchilikka barham berdi.
Shuning uchun sho‘ro tizimini boshidan kechirgan mamlakatlarning aksariyatida fuqarolik jamiyati rivojlanishining asosiy muammolaridan biri – ishlab chiqarish vositalariga egalik qiluvchi mulkdorlar qatlamini tezlik bilan shakllantirish va rivojlantirishdan iborat. Zamonaviy dunyoqarash, xorijiy yetakchi tajribaga ega bo‘lgan mulkdorlar qatlamigina o‘z mamlakatida ishlab chiqarishni rivojlantirar ekan, yangicha milliy an’ana va ko‘nikmalarni shakllantirgan holda sanoati rivojlangan mamlakatlarda mulkdorlar qilgan ijobiy ishlarni amalga oshiradilar. Boshqacha aytganda, ular amalga oshiradigan asosiy vazifa davlat bilan paritetga erishish va iqtisodiyotni rivojlantirishdan iborat.
Ayni vaqtda xususiy mulkning mutlaqlashtirilishi ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday holatda o‘tish davriga xos bo‘lgan hodisa ro‘y bersa, ya’ni davlat nazoratining susayishi kuzatilsa, jamiyatda bir yoqlama tabaqalashuv, o‘ta boylardan iborat bir guruh oliy tabaqa va kambag‘allardan iborat ulkan xalq massasi shakllanadi. Bunday holatda xususiy mulk jamiyatni birlashtirishga qaratilgan vazifasini bajara olmay qoladi. Oqibatda ijtimoiy tabaqalar o‘rtasida keskin qutblashuv ro‘y beradi va jamiyat bir-biridan xoli hamda o‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan uch guruhga bo‘linib ketadi. Garchi sho‘roviy tizimni boshidan kechirgan mamlakatlarda o‘tish davrida aynan ana shunday holat kuzatilgan bo‘lsa-da, fuqarolik jamiyati taraqqiyotida xususiy mulkning ahamiyatini butunlay inkor etish etish ham yaramaydi.
Ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi qutblashuvning oldini olish vamuvozanatni saqlab turish davlatchilikning tabiati hamda millatning ma’naviy-ma’rifiy qiyofasiga bog‘liq. Bu yerda g‘arrb mamlakatlarida kuzatilgan muhim bir jarayonga e’tibor qaratish lozim. Ma’lumki, g‘arb jamiyatida azaldan xususiy mulkchilikka asoslangan ijtimoiy munosabatlar shakllangan. G‘arb jamiyatida tarixdan mulkiy munosbatlar, ya’ni iqtisodiy adabiyotlarda keltirilgani singari, ishlab chiqarish vositalari egalari va ishchilar o‘rtasida ro‘y beradigan ishlab chiqarish munosabatlari ustiga qurilgan. Erkin bozor munosabatlariga asoslaanganligi tufayli bunday jamiyatlarda mulkdorlar va ishchilar o‘rtasidagi qutblashuv kuchaya borgan. Natijada o‘ta boylar va o‘ta qashshoqlardan iborat turli ijtimoiy qatlamli jamiyatlar shakllangan. Tabaqalashuvning chuqurlashuvini oldini olishning huquqiy mexanizmlari mavjud bo‘lmagan va davlat ham bunday murakkab vazifani o‘z zimmasiga olmagan. Boshqacha aytganda, g‘aarb jamiyatlarida tabaqalashuv jarayoni tabiiy jarayon sifatida qabullangan. Sharq jamiyatlarida, ayniqsa musulmonlar jamiyatlarida ham garchi ijtimoiy tabaqalashuv mavjud bo‘lsa-da, ko‘pgina diniy institutlar, jumladan “zakot” singari amaliyotlar ijtimoiy qatlamlar o‘rtasidagi “jarlik” ning oldiini olishga ozmi-ko‘pmi xizmat qilgan.
Bizning jamiyatda ijtimoy tabaqalashuvning kuchayishiga qarshi davlat tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xalqningmilliy qadriyatlari, bag‘rikengligi ham ijtimoiy zaif qatlamlarni qo‘llab quvvatlashga xizmat qilmoqda. Demak, huquqiy davlatchilik rivojlangani sari fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari o‘z o‘rnini topa boradi. Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti jadallashgan o‘tish davrida davlat, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida kelishuvga ehtiyoj kuchaya boradi. Bu mumtoz tadqiqotlarda ta’kidlangan jamoaviy shartnoma nazariyasining zamonaviy ko‘rinishidir. Bugungi kunda mamlakatimizda ro‘y berayotgan islohotlarga nazar tashlansa quyidagi manzara ko‘zga tashlanadi. Masalan, davlat bosh islohotchi sifatida maydonga chiqar ekan, imkon qadar o‘rta mulkdorlar qatlamini shakllantirishning huquqiy va tashkiliy zaminini yaratishga intilmoqda.
- o‘rta mulkdorlar qatlamining shakllanishi jamiyatda o‘zinng yaratuvchilik salohiyatiga ishongan iqtisodiy qatlamning shakllanishiga olib keladi;
- o‘rta qatlamning shakllanishi bilan iqtisodiy sohada faoliyat yuritadigan fuqarolik institutlarining roli kuchayib boradi;
- fuqarolik jamiyati institutlari bilan xususiy mulk egalari o‘rtasida manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi;
- jamiyatda mavjud, mamlakat taraqqiyoti uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan, ammo qo‘llanilmay kelayotgan ko‘plab imkoniyatlar fuqarolik jamiyatining rivojlanishi bilan ishga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |