Austenit (А yoki γFe) - uglerodning γ - temirga singdirilgan qattiq eritmasi. U temir-uglerodli qotishmalarda, faqat yuqori haroratlardagina mavjud bo‘la oladi. Uglerodning γ - temirdagi eng ko‘p eruvchanligi 1147°C da bo‘lib, 2,14% ga teng. 727°C da esa 0,8 % ga teng. Bu harorat Fe-C li qotishmalarda austetitning barqaror mavjud bo‘lishligini pastki chegarasidir. Austenitning qattiqligi НВ=160-200 va mustahkamligi σv = 370-450 МPа, plastikligi juda yuqori δ=40-50%. Austenit yoqlari markazlashgan kub kristall panjaradan iborat bo'lgan faza hisoblanadi.
Sementit (S) - temirning uglerod bilan kimyoviy birikmasi (temir karbidi Fe3C). Sementitda 6,67% uglerod bor. Uning suyuqlanish harorati 1600°C atrofida. Juda qattiq НВ=800 va mo‘rt, amalda umuman plastik emas. Sementit murakkab kristall panjaraga ega (7.2-rasm).
7.2-rasm. Sementit (Fe3C) strukturasi sxemasi
Sementit barqaror bo‘lmay, ma’lum sharoitlarda Fe3C ˃ 3Fe + C reaksiya bo‘yicha grafit ko‘rinishda erkin uglerod ajralib parchalanadi. Ikkilamchi sementit deb qotishmadan ajralib chiqadigan birlamchi sementitdan farqli ravishda, qattiq eritmadan ajralib chiqadigan sementitga aytiladi .
Grafit (G). Bu erkin uglerod bo‘lib, u yumshoq (НВ=3). Grafit aralashmalarining shakli o‘zgarish bilan qotishmaning mexanik va texnologik xossalari ham o‘zgaradi. Temir-uglerodli po‘latlarda erkin holatda ajralib chiqadi.
Geksogonal kristall panjaraga ega, tok o‘tkazadi, yumshoq, mustahkamligi past (7.3-rasm).
7.3-rasm. Grafit strukturasi sxemasi.
Ledeburit (L) - tarkibida 4,3% uglerod bo‘lgan austenit va sementitning mexanik aralashmasi (evtektika). Ledeburit suyuq qotishmaning 1147°C haroratda qotishidan hosil bo‘ladi. Uning qattiqligi НВ 600-700 ga teng, juda mo‘rt. 727°C haroratda austenit perlitga aylanganligidan, bu o‘zgarish ledeberit tarkibiga kiruvchi austenitni ham qamrab oladi. Buning natijasida 727°C haroratda ledeburit austenitning sementit bilan aralashmasi emas, balki perlitning sementit bilan aralashmasidan iborat bo‘ladi.
Diagramma toza temirdan sementitgacha (6,67% С) bo‘lgan miqdorli qotishmalarning faza tarkibi va strukturasini ko‘rsatadi. Tarkibida 0,02 dan 2,14% gacha uglerod bo‘lgan qotishmalar po‘lat deb, 2,14 dan 6,67% gacha uglerod bo‘lgan qotishmalarga cho‘yanlar deb ataladi.
Po‘latni qizdirish va sovutish jarayonlarida undagi faza o‘zgarishlari muvozanat haroratlari (Ac1, Ac3, Acm) ga nisbatan bir oz yuqori yoki past haroratlarda sodir bo‘ladi. Shuning uchun, qizdirish paytidagi haroratni sovutish paytidagidan farq qilish uchun kiritik haroratning belgisi A ning yoniga yana bitta qo‘shimcha harf (indeks) qo‘yiladi. Qizdirish paytidagi harorat ko‘zda tutilganda "с", sovutish esa "r" harfi bilan belgilanadi.
Shunday qilib, po‘latni qizdirilganda perlitning austenitga aylanish harorati Ac1, ferritning austenitda erish harorati AC3, ikkilamchi sementitning austinetda erish harorati Acm bilan belgilanadi. qizdirilgan po‘latni sovutilganda esa austenitning perlitga aylanish harorati Aс1, austenitda ferritning ajralib chiqishi Aс3, ikkilamchi sementitning ajralib chiqishi Arm bilan belgilanadi.
Po‘latni termik ishlash turlariga quyidagilar kiradi:
- yumshatish;
- normallash;
- toblash;
- bo‘shatish.
Po‘latni ma’lum haroratgacha qizdirib, shu haroratda zarur vaqt tutib turgandan keyin pech bilan birgalikda asta-sekin sovutish jarayoni yumshatish deb ataladi.
Yumshatishdan maqsad - po‘latdagi ichki kuchlanishlarni yo‘qotish, uning strukturasini bir jinsli qilish va barqarorlashtirish, po‘latning donalarini maydalashtirish, qattiqligini pasaytirib, kesib ishlanuvchanligini yaxshilash va h.k.
Ko‘zda tutiladigan maqsadga ko‘ra yumshatish ikkiga: birinchi tur va ikkinchi tur yumshatishga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |