6-mavzu. Berdoq
Reje:
1. Berdoqning hai va ijodi
2. Berdoq asarlarida inson falsafasi
Tayanыsh tүsinikler: Berdaq shayыr, әdalatsi’zli’qqa qarsi’ gu`res, ten`lik, g`a`rezsizlik ushi’n gu`res, «Jaqsi’raq», «Xali’q ushi’n», adamgershilik ideyalari’ Ernazar biy, Amangeldi poemalari’, Axmaq patsha da`stani’, ma`rtlik.
Adabiyotlar
1.Karimov I.A. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin Toshkent; O’zbekiston,1994y.
2.Karimov I.A «Yuksak ma`naviyat engilmas kuch» T., 2008
3.Q.Ma`mbetov Erte da`wirdegi qaraqalpaq a`debiyati No`kis «Bilim» 1992 j
4.Q.Ma`mbetov Shig`is xaliqlari a`debiyati No`kis «Bilim» 1993j
5.Berdaq shig`armalarinin` milliy o`zgeshiligi No`kis «Qaraqalpaqstan»1998 j
6.Bazarbaev J.B. Milliy ideya-bizin` ideyamiz. No`kis “Bilim” 2003j.
7. Bazarbaev J.B.Ruwxiyatimiz marjanlari No`kis «Bilim» 2008j
8.Bazarbaev J.B. Әdebiyat-ibrat mektebi No`kis «Bilim» 2015j
1. Berdoqning umri va ijodi
Jahon adabiyoti taraqqiyotidan ma`lumki, har bir xalq tarixida, ijtimoiy va madaniy hayotida o`zining sezilarli «muhri», tabarruk «iz»larini qoldirgan ulkan san`atkorlar bor. Ular o`zlarining hayotiy faoliyatlari va ijodlarini hamisha oddiy mehnatkash xalq taqdiri bilan birga his qilganliklari, har qanday sharoitda ham xalq dardi, orzu-umidlariga hamdard va hamnafas bo`la olganliklari uchun ham umri boqiy va buyukdirlar. Bunday san`atkorlar haqida tarihdan juda ko`p siymolarning nomlarini misol tariqasida keltirib o`tish mumkin: Firdavsiy, Nizomiy, Navoiy, Jomiy, Sa`diy, Fuzuliy, Pushkin, Maxtumquli, Lermontov, Nekrasov, Abay, Tolstoy ... Qardosh qoraqalpoq xalqining farzandi, bu xalq adabiyotining faxri va asoschisi, demokrat shoir Berdaq ham yuqorida qayd qilingan mashhur san`atkorlar sirasiga mansubdir.
Berdaq XIX asrda, Turkiston o`lkasidagi feodal xonliklarda,ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayot nihoyatda og`ir, murakkab sharoitlarga tushib qolgan va O`rta Osiyoni Rossiya bosib olingan davrda yashadi va ijod etdi. Shoir 73 yil umr ko`rdi, uning qariyb yarim asrdan mo`lrog`ini badiiy ijoddek mashaqqatli, mas`uliyatli, lekin sharafli ishga bag`ishladi.
Avlodlarga 20 ming misradan ziyod she`r, xalq hayoti va kurashining turli davrlarini badiiy shaklda ko`rsatib berishga bag`ishlangan o`nga yaqin yirik epik dostonlarni meros etib qoldirdi.
Shoir edim, ko`zim ko`rganin yozdim,
Ko`nglimning sezganin, bilganin yozdim,
Zamon jafosidan sarg`aydim, ozdim,
Kelurmi deb yaxshi kunlar xalq uchun - deb yozgan shoirning qalb so`zlari haqqoniyligini tarixiy faktlar misolida ham ko`rish mumkin.
Ma`lumki, qoraqalpoq xalqining No`g`oy o`rdasidan ajralib chiqqandan keyingi (XVI asr) tarixiy takdiri Turkiston o`lkasidagi turli xonliklar territoriyasida yashovchi har xil xalqlar, asosan o`zbek xalqining takdiri bilan mustahkam bog`liq bo`lib qoldi. Biroq feodal zulmat hukmron bo`lgan o`lkada bu jabrdiyda, tarixning beomon fojialariga ko`p marta duchor etilgan xalqning mehnatkash farzandlari o`z erklari, haq-huquqlariga ega emas edilar. Bunday ayanchli hol, Jiyan Jirov aytganidek, qoraqalpoqlarning «posqan yel», ya`ni darbadar xalq bo`lib, Berdaq ta`kidlaganidek «yuz yil qo`nim bilmay» ko`chib yurgan. Bir tomondan, Xiva xonlarining «marhamati» sifatida «in`om» etilgan Orol dengizining sho`rxok va qumloq dasht-biyobonlari, Amuning quyi qismlari bu mehnatkash xalq iqtisodiy taraqqiyotini cheklar, doimiy suvsizlik, manzil yerlarning og`ir tabiati ularning hamrohi edi. Ikkinchi tomondan, ancha mikdordagi bo`liq, suvga serob, serhosil yerlarni egallab olgan bir guruh mahalliy boylar va biylar zo`ravonligi, otaliq va xon tomonidan tayinlangan noiblarning shafqatsiz ekspluatatsiyasi, Xiva xonlari belgilagan son-sanoqsiz soliqlar xalqning tinka-madorini quritar edi. Hayotning mazkur achchiq haqiqati qoraqalpoq folklorida, XIX asr boshlariga kelib qoraqalpoq xalqi orasidan yetishib chiqqan yozma edabiyot vakillari Jiyan jirov, Kunxo`ja, Ajiniyoz va nihoyat Berdaq ijodida o`chmas iz qoldirdi. Jumladan, Jiyan jirovning - mashhur «Posqan yel» dostonida qoraqalpoq xalqining jung`or va qozoq xonlari bosqinidan keyin Orol bo`ylariga tarixiy ko`chishining og`ir manzaralari o`z ifodasini topsa, bu davr adabiyotining yirik vakili Kunxo`janing «Cho`ponlar», «Oq qamish», «Unutmasman», «Tuya ekansan», «Xalq bilan», «Mening bolam», «Boy bolasi» kabi asarlarida xalqning og`ir, mashaqqatlarga to`la hayoti tasvirlanadi. Zamonasining ajoyib lirik shoiri Ajiniyozning she`r va g`azallarida, «Bo`zatov» nomli mashhur poemasida o`sha davr qoraqalpoq hayoti va turmushining to`laqonli manzaralari san`atkorona, ko`hna Sharq she`riyati an`analari uslubida aks etdi. Berdaq esa bu san`atkorlar an`analarining qonuniy vorisi, ular asos solgan adabiyotning taraqqiy ettiruvchisi bo`lib maydonga keldi. Berdaq o`z ustozlari izidan borib, ba`zan ular bilan yonma-yon ijod qilib, qoraqalpoq mumtoz adabiyoti an`analarini o`ziga xos yo`sinda davom ettirdi. Berdaqning tarjimai holidan ma`lumki, u kambag`al baliqchi oilasida tug`ilib o`sgan. Taxminan 10 yoshlarida ham ota, ham onadan yetim qolgan bo`lg`usi shoir talay yillar boylar eshigida kun kechiradi. Berdaq dastlab eski maktabda, keyinroq esa madrasada tahsil ko`radi. O`n yoshlarida o`zicha she`rlar to`qiy boshlagan shoir talay muddat ijodiy izlanishlardan keyin zamonasining mashhur shoiri Kunxo`ja huzuriga borib, shoirning o`zi e`tirof etganidek: «bir yarim oy birga bo`lib, yozganlarini tinglatib, nuqsonlarini o`nglatib, o`lan zavqin totib» qaytadi. Berdaq yashab ijod ettan sharoitda o`zbek, qoraqalpoq, turkman va boshqa qardosh xalqlar orasida xalq kitoblari keng tarqalgan edi. Qoraqalpoq xalqi orasidan chiqqan ayrim savodli kishilar, ya`ni «qissaxon»lar har xil to`y va ma`rakalarda «Tohir - Zuhra», «Bahrom - Gulandom», «Qissasul anbiyo» kabi dunyoviy, ishqiy-romantik yoki mifologik, mifologik-afsonaviy mavzulardagi asarlarni o`qib berar edilar. Berdaq davrining savodli, ilg`or kishisi bo`lganligi sababli uning bu xildagi asarlardan ham xabardor ekanligi «Ayraliq-ayraliq» radifli she`ridan ma`lum bo`ladi:
Ayriliqning jabri yomon,
Boshda har kun oxir zamon,
Bahrom- Gulandom shudoston,
Yomon ayraliq-ayraliq,
«Ayraliq» she`ri yana shu jihatdan muhimki, bu asar Berdaq va o`zbek folkl ori o`zaro munosabatlarini ancha oydinlashtirishga asos bo`la oladi.
O`zbek xalq poeziyasida oshiq-ma`shuqlar dardi yoki mehnatkash insonning zulmat zamonasidan noroziliklari «Ayraliq» yoki «Ayraliq-ayraliq» radifli asarlar orqali alohida ta`kidlangan hollar ko`p uchraydi. Bu xususiyat o`zbek xalq dostonlariga ham taalluqli bo`lib, ayrim dostonlar qahramonlari taqdiri, ruhiy-psixologik holatlarini ochib beruvchi xarakterli faktorga aylangan.
Berdaq she`riyati va o`zbek xalq qo`shiqlari orasida shakliy va mazmuniy ham ohanglik mavjud. Fikrimizni asoslash uchun shunday misollarga murojaat etamiz. Berdaq adabiy merosida «Oltiqiz» sarlavhali hazil she`r bor. Uning qisqacha mazmuni shunday: Bibioyim, Guloyim, Mohida, Oruxon, Gulimxonva Ravshan ismli qizlar Qo`simbet kal degan kishining aravasiga minib, hayit-ma`raka sayliga yo`l olishadi. Qo`simbet kal qizlar sho`xligi, quvonchli kayfiyati va go`zalligiga mahliyo bo`lib ot jilovini qo`ldan qo`iib yuborganligini, arava esa yo`ldan chiqib tamoman boshqa tomonga ketib qolganligini sezmay qoladi. Oqibat shu bo`ladiki, arava eski bir quduqqa agdarilib ketadi... O`zbek xalq qo`shiqlari orasida ham «olti» raqami bilan boshlanuvchi, qiz-juvonlar ta`rifiga bagishlangan hazil termalar talaygina. Masalan, Xorazm xalq termalaridan «Olti xalfa»ning ayrim bandlarini Berdaq she`riga qiyoslaylik:
«Olti xalfa»
Olti xalfa biri Oysha,
Uzuklari qo`sha-qo`sha,
Bordim tomlar osha-osha
Elga balli olti xalfa.
«Olti qiz»
Ikkinchi qizi Mohida,
Oq yuzi oydan ziyoda,
Yo`l yurmaymiz deb piyoda
Ot aravaga mingan ekan.
Har ikkala parchada ham tasvir obyekti qilib olingan shaxslar portreti, ularning xarakteriga xos xislatlar gavdalantirilgan. Farqi shundaki, o`zbek xalq qo`shig`ida band oxirida doimo bir xil radif saqlanadi. Berdaq she`rida esa aravaga mingan qizlar ko`rinishi tasvir etilgach, asosiy mazmunga o`tiladi. SHe`r faqat qizlarni ta`riflash emas, balki asar asosiy qahramoni Qo`simbet kal no`noqligini hajv qilish niyatida bitilganligi ma`lum bo`lib turadi..
«Olti» raqami bilan boshlanuvchi o`zbek xalq qo`shiqlari «Gulyor» («Farg`ona xalq qo`shiqlari») to`plamida ham bor. Misol tariqasida undan ba`zi namunalarni keltirib o`tamiz:
Olti qizning ichida oting Anor,
Naqsh olmadek yuzingdan qonlar tomar.
Naqsh olmadek yuzingdan o`pich, bersang,
O`z tengimning ichida ko`nglim qonar.
Chini bilan chaqirsang, men borayin
Yolg`on bilan chaqirsang, beting qursin.
Olti qizning ichida oting Tursin
Chini bilan suv quysang tinib tursin.
Do'stlaringiz bilan baham: |