O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan buyon faol tarzda tashqi savdo siyosatini olib boradi. Tashqi savdo siyosatini olib borishning huquqiy asoslarini ko’rib o’tdik, bu bo’limda esa tashqi savdo siyosati holati va undan kelib chiquvchi natijalarga alohida to’xtalamiz.
Importni boshqarish Mustaqillikning dastlabki yillarida biz O’zbekiston Respublikasi tomonidan liberallashgan tashqi savdo siyosati olib borilganini guvohi bo’lamiz, bu o’z navbatida hattoki istemol tovarlari importini kuchayishiga va bu bilan esa mamlakatning boshqa davlatlar oldida qaram bo’lib qolish muammosini yuzaga keltirdi. Shu sababli keyinchalik import tovarlari ustidan qattiq nazorat o’rnatildi. Dastlab bu nazorat valyuta kursi hamda uning konvertatsiyasi ustidan qattiq nazorat ko’rinishida amalga oshirildi, keyinchalik esa import turli xil tariflar bilan cheklana boshlandi.
Respublikamizda import qilinayotgan mahsulot va xizmatlardan tariflar O’zbekiston Respublikasining 1997-yil 27 aavgustda qabul qilingan “Bojxona boji to’g’risidagi” qonuniga muvoqiq undiriladi. Bu qonun 1998-yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirgan.
Jahon tajribasi bilan hamohang ravishda mamlakatimizda ham import qilinayotgan mahsulotlar uchun quyidagi tarif turlari qo’llaniladi:
Advalor tariflar mahsulotning bojxona qiymatidan ma’lum bir foiz miqdorida undiriladi
Mahsus tariflar, mahsulot birligiga ma’lum o’zgarmas miqdor sifatida to’lanadi
Aralash tariflar, yuqoridagi ikki tarif yig’indisi ko’rinishidan iborat
Hozirgi kunda mahsulotlarga bojlar mahsulot bojxona narxining 0, 5, 10 yoki 30% miqdorida olinadi. Mahsulotning qanchalik ishlov berilganiga va uning tarkibidagi qo’shilgan qiymat miqdoriga muvofiq tariflar foizi o’zgaradi.
O’zbekiston Respublikasi prezidentining 2005-yil 19-sebtabrdagi №PP-183 qaroriga muvofiq tashqi savdoni liberallashtirish maqsadida bojxona tariflarining o’rtacha arifmetigi 15.4% dan 14,8% tushirildi, shuningdek o’rtacha vaznli tariflar 2.5% ni tashkil qildi va bu mamlakatning ochiq tashqi savdo siyosatiga ega mamlakatlar qatoridan joy olishiga muhim omil bo’lib xizmat qildi.
Tariflar mahsulotning qaysi mamlakatda ishlab chiqarilganligiga qarab ham o’zgarishi mumkin. Agar mahsulot O’zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama eng ko’p qulaylik haqida shartnoma tuzgan davlatlarda ishlab chiqarilgan bo’lsa, u holda tariflar qonunda ko’rsatilganidek ushlab qolinadi. Agarda mamlakatimiz bunday shartnoma tuzmagan davlatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yurtimiga kirib kelayotgan bo’lsa tariflar qonundagidan ikki marotaba yurori tarzda undirib olinadi.
Shuningdek erkin savdo zonasini tashkil qilish borasida davlatimizning boshqa davlatlar bilan shartnomalari bo’lsa, bu davlatlardan kirib kelayotgan mahsulotlarga tariflar qo’yilmaydi, yoki minimal darajagacha qisqartiriladi. Bunday davlatlar qatoriga Belorus Respublikasi, Gruziya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Ukraina, Tojikiston hamda Ozarbayjon kiradi. Shuningdek davlatimiz 44 ta davlat bilan ikki tomonlama eng ko’p qulaylik rejimida savdo aloqalarini olib boradi.
Mahsulotning tayyorlik darajasiga qarab tariflar farqlanadi, masalan tayyor mahsulotlarga tariflar xom-ashyolarga qaraganda kattaroq olinadi. Xom-ahyoga tariflar darajasining pastligi yoki umuman yo’qligiga asosiy sabab, xom-ashyo ichki ishlab chiqarishni rag’batlantiradigan asosiy omillardan biridir.