Nazorat uchun savollar:
1.Raqobat tushunchasi va uning iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni?
2.Narx bo‘yicha va narxsiz raqobat?
3.Bozorlar tipologiyasi?
4.Monopol hokimiyatli bozorlar?
5.Takomillashgan raqobatning bozor xususiyatlari?
6.Sof monopoliya modelining asosiy xususiyatlari?
7.Oligopoliya bozori va uning xususiyatlari?
8.Korxonaning yetakchilik holati va tovar bozorlarida iqtisodiy konsentratsiya?
21-MAVZU. RAQOBATBARDOSHLIKNI TADQIQ QILISHNING IQTISODIY MOHIYATI VA DARAJALARI
1.Raqobatbardoshlik tushunchasi va uning xossalari.
2.Raqobat ustunligining parametrik xususiyatlari.
3.Raqobat ustunligi tushunchasi.
Raqobat bozor iqtisodiyotining va umuman tovar xo‘jaligining eng muhim belgisi, uni rivojlantirish vositasi hisoblanadi.
Raqobatning iqtisodiy mazmunini tushunib olish unga turli tomondan yondoshishini talab qiladi. Mustaqil tovar ishlab chiqaruvchilar (korxonalar) o‘rtasidagi raqobat tovarlarni qulay sharoitda ishlab chiqarish va yaxshi foyda keltiradigan narxda sotish, umuman iqtisodiyotda o‘z mavqyeini mustahkamlash uchun kurashdan iborat. Bunda ular kerakli ishlab chiqarish vositalari, xom ashyo va materiallar sotib olish, ishchi kuchini yollash uchun ham kurashadi. Ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobat pirovardida iste'molchilarni o‘ziga jalb etish uchun kurashni ham anglatadi.
Resurslarni yetkazib beruvchilar o‘zlarining iqtisodiy resurslarini (kapital, yer-suv, ishchi kuchi) yuqori narxlarda sotish uchun raqobatlashadilar. Ishlab chiqaruvchilar va resurslarni yetkazib beruvchilar o‘rtasidagi raqobat bozor munosabatlari rivojlangan, iqtisodiyot to‘liq erkinlashgan sharoitda yorqin namoyon bo‘ladi.
Raqobat iste'molchilar o‘rtasida ham yuz beradi: ular tovarlarni qulay va arzon narxlarda sotib olishga harakat qiladilar, ya'ni xaridor har bir sarflangan pul birligi evaziga ko‘proq naflilikka ega bo‘lishga harakat qiladilar. Arzon va sifatli tovarni sotib olish uchun kurashadilar.
Shunday qilib, raqobat ko‘p qirrali iqtisodiy hodisa bo‘lib, u bozorning barcha sub'ektlari o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni ifodalaydi. Raqobat – bozor sub'ektlari iqtisodiy manfaatlarining to‘qnashuvidan iborat bo‘lib, ular o‘rtasidagi yuqori foyda va ko‘proq naflilikka ega bo‘lish uchun kurashni anglatadi.
Bu munosabatlarni qiymatning mehnat va naflilik nazariyalarini sintez qilish usulini davom ettirgan holda quyidagi ko‘rinishda ifodalash mumkin.
Chizmadan ko‘rinadiki, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida sarflangan xarajatlarining har bir birligi evaziga ko‘proq foyda olish uchun kurash boradi. Mana shu foyda orqasidan quvish natijasida ular orasida tovarlarni sotish doiralari, ya'ni qulay bozorlar, arzon xom ashyo, energiya va arzon ishchi kuchi manbalari uchun kurash boradi.
O‘z navbatida xaridorlar, ya'ni iste'molchilar sarflagan har bir so‘m xarajati evaziga ko‘proq naflilikka ega bo‘lish uchun kurashadilar, ularning har biri arzon va sifatli tovar va xizmatlarga ega bo‘lishga harakat qiladi.
Ishlab chiqaruvchilarning faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor va mulk egasi sifatida erkin va mustaqil bo‘lishi raqobatning iqtisodiy asosini tashkil etadi. Chunki har bir mulk egasining o‘z manfaati bo‘lib, ular shu manfaatga erishish uchun intiladi. Mulk egasining tovar ishlab chiqarish va barcha boshqa sohalardagi faoliyati shu manfaatga bo‘ysundirilgan bo‘ladi. Bu jihatdan qaraganda raqobat erkin iqtisodiy faoliyat qiluvchi sub'ektlar manfaatlarining to‘qnashuvidan iborat bo‘lishini aniq tavsiflaydi. Raqobat mavjud bo‘lishining boshqa sharti tovar-pul munosabatlarining ma'lum darajada rivojlangan bozor tizimida amal qilishidir.
Aksariyat holatlarda raqobatni bevosita tovarlar yoki tarmoqlar o‘rtasidagi kurash sifatida ta'riflaydilar: «Tovarlar hamda ularning ishlab chiqaruvchilari – firmalar, tarmoqlar, mamlakatlar o‘zaro raqobatlashadilar. Shunga ko‘ra, raqobat va raqobatbardoshlikni ham tovarlar, ham tovar ishlab chiqaruvchilarga nisbatan ko‘rib chiqish mumkin».13
Shu o‘rinda raqobatning tovarlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat sifatida qaralishi ilmiy jihatdan noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. Ma'lumki, iqtisodiyot nazariyasi fan sifatida kishilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni o‘rganadi. Raqobat kurashi ham, yuqorida qayd etilganidek, shunday munosabatlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Tovarlar esa, o‘zida qiymat va naflilikni mujassamlashtiruvchi mehnat mahsuli sifatida o‘zaro munosabatga kirisha olmaydilar. Faqat kishilar o‘rtasidagi raqobat munosabatlarini namoyon etishda vositachilik rolini o‘ynaydilar.
Ma'lumki, kurash – bu o‘z manfaatini himoya qilish, raqibni yengib chiqish hamda g‘olib bo‘lish uchun harakat, turli vosita va usullarni ishga solish demakdir. Tovarlar esa raqobat jarayonida o‘zlarining raqobatbardoshlik xususiyatlarini bevosita o‘zgartira olmaydilar, ya'ni kurasha olmaydilar. Ularning bu jarayondagi ishtiroki passiv hisoblanadi. Tovarlarning raqobat kurashida yengib chiqishi ular ishlab chiqaruvchilarining hatti-harakati va salohiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda firma va tarmoqlar, qolaversa mamlakatlar o‘rtasidagi raqobat ham pirovardida ularning tarkib toptiruvchilari hisoblangan tovar ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilar o‘rtasidagi raqobat orqali namoyon bo‘ladi.
“Jahon amaliyotida mutaxassislar milliy iqtisodiyotni raqobatdoshligini aniqlash uchun 340 dan ortiq ko‘rsatkichlar va 100 dan ortiq usullardan foydalanishadi. Mamlakatning raqobatdoshligini aniqlashda quyidagilar asosiy omillar sifatida xizmat qiladi:
iqtisodiy salohiyat va iqtisodiyotning o‘sish sur'atlari;
sanoat ishlab chiqarishning samaradorligi;
ilmiy-texnik taraqqiyotning rivojlanish darajasi va uni o‘zlashtirish sur'atlari;
xalqaro mehnat taqsimotida qatnashish;
ichki bozor hajmi va dinamikasi;
iqtisodiyotda davlatning roli;
moliya tizimining egiluvchanligi;
mehnat resurslari bilan ta'minlanganlik va malaka darajasi;
ichki siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy holat.
Iqtisodiyotning jahon bozori kon'yunkturasi talabiga moslashish darajasi va qobiliyati” Shveytsariyaning Lozanna shahrida joylashgan Menejmentni rivojlantirish xalqaro instituti har yili dunyoning yetakchi 47 mamlakatiga raqobatdoshlik nuqtai nazaridan baho beradi. Tahlillar 287 mezon bo‘yicha guruhlangan 8 ta omil bo‘yicha amalga oshiriladi:
milliy iqtisodiyot tavsifi – YaIM hajmi, investitsiyalar va jamg‘armalar hajmi, pirovard iste'mol darajasi, aholi turmush darajasi, iqtisodiyotning amal qilish samaradorligi darajasi;
iqtisodiyotning baynalmilallashuv darajasi; siyosiy tizimning barqarorligi; moliya tizimi; infratuzilma;
boshqaruvning samaradorligi;
fan va texnologiyalarning rivojlanish darajasi;
mehnat resurslarining tavsifi.
Mamlakatlar raqobatdoshligini tahlil etuvchi xalqaro tadqiqotlardan biri – bu Jahon iqtisodiy forumining metodikasi hisoblanadi. Tadqiqot jarayonida mamlakatning iqtisodiy o‘sishini baholashda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish dinamikasini tavsiflovchi muhim makro va mikroiqtisodiy ko‘rsatkichlar asosida raqobatdoshlikning agregat indekslari hisoblanadi. Ushbu metodika 30 yildan buyon qo‘llaniladi va uning natijalari Jahon iqtisodiy forumining Global raqobatdoshlik to‘g‘risidagi ma'ruzasida chop etiladi.
Mintaqalar raqobatbardoshligi nazariyasi endigina shakllanayotganligi sababli uning mazmuni, tushunchasi bo‘yicha olimlar o‘rtasida turli qarashlar va ta'riflar mavjud. Fikrimizcha mintaqa raqobatbardoshligi -uning raqobatbardoshlik afzalliklaridan samarali foydalangan holda raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni tashkil etish asosida aholi turmush darajasini oshirishdan iborat. Mintaqalar o‘rtasidagi raqobatbardoshlik jarayoni mamlakatlar, tarmoqlar va korxonalar o‘rtasidagi aniq bir ko‘rinishga ega bo‘lmaydi. Ushbu jarayon yetarlicha uzoq va murakkab bo‘lib, mintaqalarning raqobatbardoshligi, birinchi navbatda investitsiyalarni jalb qilgan holda har bir hududning raqobat afzalliklaridan samarali foydalanishga qaratilgandir.
Mintaqaviy raqobatbardoshlikni oshirish ularning uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasining asosini tashkil qiladi.
Xalqaro tajriba va olib borilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha mintaqaning raqobatbardoshligi ko‘p jihatdan uning tabiiy-iqtisodiy salohiyatining mavjudligi va darajasi bilan aniqlanadi. Salohiyatni baholashga asoslangan yondashuv mintaqaning raqobat afzalliklarini aniq ko‘rsatib beradi. Bunda mintaqaning raqobatbardoshligini shakllantiruvchi asosiy salohiyat turlarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Mintaqa raqobatbardoshlik darajasiga ta'sir ko‘rsatuvchi asosiy salohiyatlar quyidagilar hisoblanadi: tabiiy resurslar salohiyati, inson omili, moliyaviy, ekologik va institutsional o‘zgarishlar.
Raqobatbardoshlik darajasini oshirishning dastlabki bosqichida transport-geografik joylashuv, agroiqlim sharoitlari, yer-suv, mineral-hom ashyo va mahalliy resurslarni o‘zida jamlovchi tabiiy resurslar salohiyati asosiy o‘rin egallaydi.
Mintaqa raqobatbardoshligi ko‘p jihatdan nisbiy afzalliklarga, birinchidan tabiiy boyliklarga, ikkinchidan mintaqani rivojlantirishnidavlat tomonidan tartibga solishning samaradorligiga, uchinchidan innovatsion loyihalardan unumli foydalanishga bog‘liqdir.Umuman olganda, hududiy omilning roli nafaqat muhim, balki universal hamdir. Shu munosabat bilan M.Porterning nuqtai nazari g‘oyat muhim bo‘lib, uning qat'iy ta'kidlashiga ko‘ra, mintaqaning geografik o‘rni raqobatchilik uchun fundamental ahamiyat kasb etadi, “...jahon iqtisodiyoti sharoitida raqobatdagi barqaror ustunliklar ko‘proq hollarda va ko‘proq darajada mahalliy ko‘rinishga ega bo‘lib, yuqori darajada ixtisoslashgan kasbiy malakalar va bilimlar, institutlar, raqiblar, o‘zaro bog‘langan iqtisodiy faoliyat turlari, shuningdek muayyan mamlakat yoki mintaqadagi ko‘pni ko‘rgan va tajribali iste'molchilarning bir yerda to‘planishidan yuzaga keladi. Geografik, madaniy va tashkiliy jihatdan yaqinlik axborotdan maxsus foydalanish imkoniyati, alohida munosabatlar, axborotga to‘liq ega bo‘lish, qudratli rag‘batlantiruvchi omillarning yuzaga kelishi, shuningdek masofadan turib ega bo‘lish qiyinchilik tug‘diradigan ishlab chiqarishdagi boshqa afzalliklarni ta'minlab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |