15-MAVZU. TASHQI IQTISODIY FAOLIYATNI KREDITLASH Darsning maqsadi: Talabalar tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlashning asosiy turlari, loyihaviy moliyalashtirish, lizing tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlashning kshrinishi sifatida, tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlash tizimida faktoring va forfetirlash haqida bilimlarga ega bo‘ladilar.
Amaliy mashg‘ulot rejasi: 1.Tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlashning asosiy turlari.
2.Loyihaviy moliyalashtirish.
3.Lizing tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlashning kshrinishi sifatida.
4.Tashqi iqtisodiy faoliyatni kreditlash tizimida faktoring va forfetirlash.
Darsning shakli:Guruhlar taqdimoti(prezentatsiyasi):
Darsga oid jihozlar: -Markerlar, flamaster, kerakli adabiyotlar, tarqatma materiallar.
Izoh: Marker va plakat bo‘lmagan taqdirda sinf taxtasi,bo‘rdan foydalanish mumkin.
Darsning tuzilishi: -Tashkiliy daqiqa,
-Yangi mavzu bo‘yicha guruhda ishlash,
-Guruh taqdimoti,
-Guruh ishining yakuni,
-Darsga yakun yasash va uy ishi.
Savdoni moliyalashtirish mexanizmlari yaxshi ishlaydigan davlatlarda ishlab chiqaruvchi korxonalar tobora kengayib borayotgan global qiymat zanjiriga (Global Value Chain (GVC)) qo‘shilish imkoniga ega bo‘ladi hamda bandlik va mehnat unumdorligini oshirishga hissa qo‘shadi .
Aksincha, eksportni oldindan moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish imkoniyatlarining mavjud emasligi sababli eksportyorlar ishlab chiqarish uchun eng yuqori mavsumda yoki kutilmaganda buyurtma kelib tushganda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yetarli pul oqimi yo‘qligidan xavotirlanadi.
Savdo kreditlari olishdagi qiyinchiliklar tufayli narx va sifat jihatidan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib eksport qila oladigan kichik firmalar faqat ichki bozorda savdo qilishga majbur bo‘ladi va raqobatdosh importga nisbatan “himoyasiz” bo‘lib qoladi.
2020 yil boshida eksportni sug‘urta bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatish maqsadida “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasining faoliyati yanada takomillashtirildi. 2019 yilda tijorat banklarining kreditlari, shu jumladan eksport oldi kreditlari bo‘yicha davlat tomonidan kafillik berish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Yangi tashkil etiladigan Eksport-kredit agentligi tomonidan amalga oshiriladigan moliyalashtirish turlaridan biri – eksport qilinadigan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish (eksportyorlarga eksport oldi kreditlar berish) bo‘ladi. Mazkur agentlik tomonidan eksportni oldindan moliyalashtirish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi (1-rasm):
eksportyor xalqaro bozorda biznes rejalarini amalga oshirish, shu jumladan ishlab chiqarish texnika-texnologiyalari va asbob-uskunalarini sotib olish, aylanma mablag‘larini to‘ldirish, chet ellarda filiallar ochish yoki ularni kengaytirish uchun eksport oldi kreditlari olish bo‘yicha shartnoma tuzadi; eksportyorga “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi va (yoki) Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan kafillik beriladi;
Eksport-kredit agentligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlash eksport qiluvchi tashkilot uchun to‘g‘ri tanlov ekanligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng eksport oldi kreditlari ajratadi;
olingan kreditlar eksportyorga ko‘proq eksport shartnomalarini qabul qilish va ishlab chiqarish xarajatlarini qoplash imkonini beradi va ushbu bosqichda, tovar va xizmatlar xaridorlarga yetkazib beriladi;
xaridorlar belgilangan muddatlarda shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni inkassa hisobvarag‘iga o‘tkazadi;
Eksport-kredit agentligi taqdim etilgan qarz va ular bo‘yicha foiz to‘lovlarini yig‘ib olgandan so‘ng, qolgan mablag‘larni eksportyor kompaniyaga o‘tkazadi.
1-rasm. Eksport oldi moliyalashtirishni amalga oshirish jarayoni