10-Mavzu. Respublikamiz iqtisodiyotida xorijiy investitsiyalarning oʻrni
1. Respublikamiz iqtisodiyotida xorijiy kapitalning oʻrni va roli.
2. Xorijiy investitsiyalarning xalqaro boshqaruvi.
3. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va foydalanishning qonunchilik va me'yoriy-huquqiy bazasi.
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya siyosati
Hozirgi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotiga chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni huquqiy himoya qilishning amaliy mexanizmiarini joriy etish va investitsion muhitni yanada yaxshilash iqtisodiy rivojlanish sohasidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya siyosati xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, xorijiy investitsiyalarni ishonchli huquqiy himoya qilishning amaliy mexanizmini barpo etish, mana shu asosda mamlakatdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilashda MDH mamlakatlari orasida yetakchi hisoblanadi.
Sohaning muhim me’yoriy hujjatlari:
«Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
«Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi toʻgʻrisida Nizom
Qabul qilinayotgan sohaga oid hujjatlar quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
- yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻyilmalar kiritayotgan xorijiy investorlar uchun maksimal darajada qulay investitsiya muhitini yaratish;
- ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar jalb etilishini ragʻbatlantirish;
- xorijiy investorlar bilan ishlashdagi turli byurokratik gʻovlar va toʻsiqlarni bartaraf etish;
- xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga davlat va nazorat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuvlarga yoʻl qoʻymaslik.
Chet ellik investorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida investitsiyalarni quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirishlari mumkin:
- Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va (yoki) jismoniy shaxslari bilan birgalikda tashkil etilgan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining, banklar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa korxonalarning ustav jamgʻarmalarida va boshqa mol-mulkida ulush qoʻshib qatnashish;
- chet ellik investorlarga toʻliq qarashli boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarini, banklar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa korxonalarni barpo etish va rivojlantirish;
- mol-mulk, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni sotib olish;
- intellektual mulkka, shu jumladan mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xauga, shuningdek ishchanlik nufuziga (gudvillga) huquqlar kiritish;
- konsessiyalar, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga boʻlgan konsessiyalar olish;
- savdo va xizmat koʻrsatish sohalari ob’ektlariga, turar joy binolariga ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda mulk huquqini, shuningdek yerga egalik qilish va undan foydalanish (shu jumladan ijara asosida foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish;
- mahsulot taqsimotiga oid bitimlarga muvofiq yer qa’ri uchastkalarida konlarni aniqlash, qidirish hamda foydali qazilmalarni kavlab olish huquqini olish orqali.
Bugungi kunda salohiyatli xorijiy investorlar investitsiya kiritishning quyidagi turli shakllarini taklif qilmoqdalar:
- Hamkorlikda qoʻshma korxona tashkil etish;
- 100 % xorijiy kapital asosida korxona tashkil etish;
- Xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiya paketlarini bir qismi yoki yarmini sotib olish.
Xorijiy investitsiya asosida tashkil etiladigan korxonalarga quyidagi shartlar qoʻyiladi:
- Ustav fondida eng kamida 150 ming AQSh dollariga teng mablagʻning boʻlishi;
- Korxona tashkilotchilaridan biri xorijiy yuridik shaxs boʻlishi lozim;
- Korxona ustav fondidagi mablagʻning eng kamida 30 %i xorijiy investitsiya ulushi boʻlishi lozim.
Bir davlatdan boshqa davlatga daromad olish uchun yoʻnaltirilgan har qanday shakldagi mulkni toʻla qonli xorijiy investitsiya deyishimiz mumkin. Ammo shunday mulk shakllari borki, biz ularni xorijiy investitsiya deya olmaymiz. Masalan, elchixona chet davlat mulki hisoblanadi, yoki xorijiy fuqaro shaxsiy uy sotib olsa, bu xorijiy shaxs mulki hisoblanadi, lekin xorijiy investitsiya boʻla olmaydi.
Xalqaro investitsiyalar jahon mamlakatlari oʻrtasida harakatda boʻlgan investitsiyalardir. Investitsiyalarni xorijga chiqarish, ularning mamlakatlar oʻrtasidagi faol harakati zamonaviy jahon xoʻjaligi va xalqaro iqtisodiy munosabatlarning ajralib turuvchi xususiyatlariga aylandi. Investitsiyalarni chetga chiqarish jahon xoʻjaligidagi tovarlarni chetga chiqarish monopoliyasini tugatdi. Hozirgi vaqtda xalqaro investitsiyalarning oʻrtacha yillik oʻsish sur’ati 30% dan oshadi. Bu koʻrsatkich jahon savdosi oʻsishi sur’atlaridan deyarli 5 marotaba ortiqdir. Xalqaro investitsiyalar oʻzida moddiy boylik barpo etish uchun zarur boʻlgan ishlab chiqarish, pul va tovar shakllarida jamgʻarilgan zahiralarni mujassamlashtiradi. Ushbu investitsiyalar doimiy ravishda mamlakat ichida bir tarmoqdan boshqasiga hamda davlatlararo harakatda boʻladi.
Kompaniyalar va jismoniy shaxslar investitsiya jarayonining ishtirokchilaridir. Ular investitsiya jarayonida ham talab tomonida ham taklif tomonida ishtirok etishlari mumkin.
Xorijiy investitsiyalarning ichki investitsiyalardan farqi shundaki, ularda investor boshqa mamlakat fuqarosi boʻladi. Iqtisodiy mazmuniga koʻra xorijiy investitsiyalar ssuda kapitali (ya'ni qarz va kredit) hamda bevosita va portfel investitsiyalarga boʻlinadi. Investitsiyalar nimaga yoʻnaltirilganligi ular qaysi xorijiy investitsiya turiga kirishini belgilaydi.
Xorijiy investitsiyalar qoʻshma korxonalarda oʻz hissasi bilan qatnashib, xorijiy investorlarga toʻliq tegishli boʻlgan korxonalarni yaratish, xususiylashtirishda qatnashish, xorijiy sheriklar bilan bank tuzish, qimmatbaho qogʻozlarni sotib olishi, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish huquqiga ega boʻlishi, erkin iqtisodiy hududlarda faoliyat olib borishlari mumkin.
Xorijiy investitsiyalarga asosan 2 guruh omillar ta'sir koʻrsatadi:
iqtisodiy omillar:
-ishlab chiqarishning rivojlanishi va iqtisodiy oʻsish sur’atlarining bir maromda ushlab turilishi;
-jahon va alohida mamlakatlar iqtisodiyotida chuqur tarkibiy siljishlarning amalga oshirilishi (ayniqsa, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlari va jahon xizmatlar bozori taraqqiyoti ta'siri ostida olib borilishi);
-ishlab chiqarishning xalqaro ixtisoslashuvi va kooperatsiyalashuvining chuqurlashuvi;
-jahon iqtisodiyotini transmilliylashtirilishining oʻsib borishi (AQSh Transmilliy korporatsiya (TMK)lari xorijiy filiallarining mahsulot ishlab chiqarish hajmi AQSh tovar eksportidan 4 marotaba ortiqdir);
-ishlab chiqarishning baynalminallashuvi va integratsiya jarayonlarining chuqurlashib borishi;
-xalqaro iqtisodiy munosabatlar (XIM)ning faol rivojlanishi va boshqalar.
siyosiy omillar:
-kapital eksporti (importi)ni erkinlashtirish (Erkin iqtisodiy hududlar (EIH), offshor hududlari va boshq.);
-rivojlanayotgan mamlakatlarda industirlashtirish siyosatini olib borish;
-iqtisodiy islohotlarni olib borish (davlat korxonalarini xususiylashtirish, xususiy sektorni va kichik biznesni qoʻllab- quvvatlash);
-bandlik darajasini ushlab turish siyosatini olib borish va boshq.
Xorijiy investitsiyalarning iqtisodiy samarasi. Xalqaro kapital harakatning iqtisodiy samarasini koʻrsatish uchun, kapital qoʻyilmalardan olinadigan foyda turli mamlakatlarda turlicha degan tasavvurdan kelib chiqish zarur. Jahonda ikki mamlakat mavjud deb hisoblaylik. I mamlakat AK miqdorda, II mamlakat AK' miqdorda kapitalga ega.
Ikkala mamlakatning umumiy kapitali KK' ga teng. S1 va S2 toʻgʻri chiziqlar I va II mamlakatlarda qoʻyilgan kapital hajmiga bogʻliq ravishda ishlab chiqarish hajmi oʻsishini aks ettiradi. Agar xalqaro kapital harakati mavjud emas deb faraz qilinsa I va II mamlakatlar oʻz kapital mablagʻlarni mamlakat ichkarisida sarflab daromad oladi (I mamlakat KS hajmida, II mamlakat KD hajmda). I mamlakatning oʻz kapitali yordamida ishlab chiqarish hajmi segmentlarining yigʻindisiga teng boʻlib, bulardan kapital egalarining foydasi ga teng boʻladi, qolgani esa yer va mehnat kabi boshqa ishlab chiqarish omillari egalarining foydasidir. II mamlakatning ishlab chiqarish hajmi ga teng boʻlib, bundan kapital egalarining foydasi, qolgani esa boshqa ishlab chiqarish omillari egalarining foydasidir. KCBevosita xorijiy investitsiyalarning iqtisodiy samarasi.
Agar ikkala mamlakat kapitalning xalqaro harakatini taqiqlovchi cheklovlarni olib tashlasa I mamlakatdagi kapitalning bir qismi (AV) II mamlakatga koʻchadi, chunki investitsiyalardan keladigan foyda ikkala mamlakatda turlichadir. Shundan soʻng investitsiyalardan keladigan foyda BR darajasida balanslashadi. Buning natijasida I mamlakatning oʻz kapitali yordamidagi ishlab chiqarish hajmi segmentlarining yigʻindisiga teng boʻlib, mahsulotlar ichki investitsiyalar hisobiga, - II mamlakatga qilingan xorijiy investitsiyalar hisobga olingandir. Kapitalning bir qismini II mamlakatga investitsiyalash hisobiga yalpi ishlab chiqarish (yalpi kapital hajmi oʻzgarmagan holda) ma'lum bir hajmga (h segment hajmiga) oʻsadi. Bunda kapitaldan olingan daromad ham KS dan Ke darajagacha oshadi. Kapital egalarining daromadi hajmgacha oʻsib, boshqa ishlab chiqarish omillari egalarining daromadi S segment hajmida boʻladi, xolos.
Boshqa tomondan, kapitalni I mamlakatdan II mamlakatga oqib kelishi unda kapitaldan olinadigan foydani KD hajmidan K'Gʻ hajmgacha qisqarishiga olib keladi. Shu vaqtning oʻzida I mamlakatdan jalb qilingan va oʻzining ichki kapitalini ishlatish natijasida II mamlakatda ishlab chiqarish hajmi I mamlakatdan II mamlakatgacha kengayadi. Albatta, segmentlar xorijiy kapital hisobiga ishlab chiqarilgan boʻlib, natijada I mamlakat investorlariga foyda tariqasida berilish zarur. Shunday qilib II mamlakatda ichki ishlab chiqarishning sof oʻsishi g segmentga teng boʻladi. II mamlakatda kapital qoʻyilishidan olinadigan foyda pasayishi natijasida kapital egalarining daromadi xajmdan k hajmgacha qisqaradi, boshqa ishlab chiqarish omillari egalarining daromadi esa i dan hajmgacha oʻsadi.
Jahon xoʻjaligi miqyosida qaralganda kapitalning bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga oqib oʻtish natijasida yalpi ishlab chiqarish hajmi oʻsadi. Bunda h I mamlakatning kapitalini II mamlakatga investitsiyalab samaraliroq foydalanish natijasida yuzaga keladi, g esa II mamlakatga tegishli boʻlib, shu mamlakatda investitsiyalanadigan kapital hajmining oʻsganligi natijasida vujudga keladi.
Shunday qilib, kapitalning xalqaro harakati (tovarlarning xalqaro harakati kabi) ishlab chiqarish omillarini samaraliroq qayta taqsimlash va ulardan foydalanish evaziga yalpi umumjahon ishlab chiqarishi oʻsishiga olib keladi. Bunda, kapitalni eksport qiluvchi mamlakatdagi kapital egalarining daromadi oʻsadi va boshqa omillar (ayniqsa mehnat va yer) egalari daromadi esa qisqaradi. Kapitalni import qiluvchi mamlakatdagi kapital egalarining daromadlari qisqaradi va ishlab chiqarishning boshqa omillari egalarining daromadlari esa oʻsadi.
Mamlakatlarning XKM (xalqaro kapital migratsiyasi) jarayonlarida qatnashishi bir qator koʻrsatkichlar orqali namoyon boʻladi. Bularga kapital eksporti (importi) hajmi, kapital eksporti-importi saldosi, mamlakatdagi xorijiy kapitalli korxonalar soni, ularda band boʻdganlar soni va boshqalar kiradi. Saldodan kelib chiqib, jahon xoʻjaligi mamlakatlarini quyidagicha guruhlash mumkin:
-kapitalni eksport qiluvchi mamlakatlar (Yaponiya, Shveytsariya);
-kapitalni import qiluvchi mamlakatlar (AQSh, Buyuk Britaniya);
-taxminiy muvozanatdagi mamlakatlar (Germaniya, Fransiya).
Boshqa guruh koʻrsatkichlar esa kapitalni eksport-import qilish darajasiga bogʻliq holda mamlakatlarning XKM dagi taqsimlanishini aks ettiradi. Ular quyidagilardir:
Kapital importi koeffitsienti (Kik) - xorijiy kapital (XK)ning mamlakat YaIMdagi ulushini aks ettiradi: yevropa mamlakatlari ichida eng yuqori koʻrsatkich Belgiya va Lyuksemburgda;
Kapital eksporti koeffitsienti (Kek) - eksport qilinadigan kapitalni (EK) mamlakat YaIMga nisbatini aks ettiradi: yevropa mamlakatlari ichida maksimal koʻrsatkich Niderlandiyaga tegishli;
Mamlakat iqtisodiyotiga sarflanayotgan kapital qoʻyilmalarning umumiy hajmida xorijiy kapital ulushini aks ettiruvchi koʻrsatkich:
Kex= XK/ DK,
bu yerda; Kex - ehtiyoj koeffitsienti, XK - xorijiy kapital, DK - mamlakatda kapitalga boʻlgan talab. AQShning kapitalga boʻlgan ichki ehtiyojlarining 33% xorijiy kapital hisobiga qondiriladi;
Boshqa nisbiy koʻrsatkichlar - milliy ishlab chiqarishda xorijiy yoki aralash kompaniyalarning ulushi, oʻtgan davrga nisbatan kapital eksporti (importi)ni oʻsish sur’atlari, mamlakat aholisining har biriga toʻgʻri keladigan xorijiy investitsiyalar summasi va boshqalar.
Maqsadiga koʻra, xorijiy investitsiyalar bevosita va portfel investitsiyalarga boʻlinadi. Bevosita investitsiyalar - kapitalning toʻgʻridan-toʻgʻri eksporti boʻlib, investitsiya kirituvchiga shu korxona ustidan nazorat qilish huquqini beradi. Bunda korxona asosiy kompaniyaning xorijdagi shaxobchasiga aylanadi. Bevosita xorijiy investitsiya (BXI)lar asosan xususiy tadbirkorlik kapitali shaklida boʻladi.
Xalqaro statistikada investitsiyalarni BXIlar turiga kiritish boʻyicha har xil yondoshuvlar mavjud. Xorijiy investorlar tomonidan nazorat qilish huquqini belgilovchi koʻrsatkich sifatida ular ega boʻlgan aksionerlik kapitalining hissasi koʻrsatkichidan foydalaniladi. Bu koʻrsatkich AQShda 10%, Fransiya va Buyuk Britaniyada 20% ga yaqin, Germaniyada 25% dan 50% gacha, Oʻzbekistonda esa 49% darajasida belgilangan. Shuningdek, shu korxonaning boshqaruvida bevosita amalga oshirilayotgan investitsiyalarning uzoq muddatli ekanligi ham uning muhim belgilaridan biridir. Investitsiyaning bu koʻrinishi tavakkalchilikni, investitsiyalardan foydalanish samaradorligi uchun mas'uliyatni davlat va aholi zimmasiga yuklamasdan, balki ularni tadbirkorlik tizimlari oʻrtasida taqsimlashning eng yaxshi va sinalgan usuli hisoblanadi.
BXI borasidagi yana bir yondashuv bu turdagi investitsiyalarni faqat mulkchilik koʻlami bilan, ya'ni aksionerlik kapitalidagi ulushi bilan bogʻliq, deb koʻrsatadi. Unga muvofiq BXIlarni:
a) xorijda aksiyalarni sotib olish orqali;
b) foydani qayta investitsiyalash yordamida;
v) firma ichki qarzlari va qarzdorliklari orqali amalga oshirish mumkin.
Koʻpchilik iqtisodchilar bu shakllar yetarli emas, deb hisoblashadi va asosli ravishda turli xil noaksioner shakllar orqali bu roʻyxatni davom ettirishadi (subkontraktlar, boshqaruv kelishuvlari, francheyzing, litsenzion kelishuvlar va boshqalar).
BXIlarning shakl va usullariga bogʻliq tushunchalar bilan bogʻliq turli yondashuvlarning koʻpayishi qator muammolarni keltirib chiqardi. Bu muammolar umumbashariy xarakterga ega boʻlib, nostandart yondashuvlar yechimini talab etadi.
Bevosita investitsiyalar ikki guruhga boʻlinadi:
Transkontinental kapital qoʻyilmalar.
Transmilliy qoʻyilmalar.
Transkontinental kapital qoʻyilmalar investitsiya kiritish uchun qulay bozor sharoiti boʻlgan holda boshqa bir davlat yoki kontinentdan investitsiya eksportini amalga oshirishdir. Asosiy maqsad - bozorni egallash va shu kontinentda yangi ishlab chiqarishni tashkil etish.
Transmilliy kapital qoʻyilmalari asosan qoʻshni davlatlarga amalga oshiriladi. Bundan asosiy maqsad - bosh kompaniyaga nisbatan qilinadigan kapitalning harakatini minimum darajada amalga oshirish.
Bevosita investitsiyalar ikki maqsadga yoʻnaltiriladi:
Yangi kompaniya tashkil etish.
Bankrot boʻlgan kompaniyalarni xarid qilish.
Portfel investitsiyalar (portfoIio investments) shunday investitsiyalarki, bunda kapital daromad olish maqsadida korxonalarning aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlarini sotib olish uchun sarflanadi. Bunday investitsiyalar korxonalarning moliyaviy xoʻjalik faoliyati ustidan nazorat oʻrnatish huquqini bermaydi. Xorijiy portfel investitsiyalar barcha xalqaro operatsiyalarni amalga oshirishda firmalar uchun muhim ahamiyatga ega. Bu turdagi investitsiyalarga asosan moliyaviy muammolarni yechish uchun murojaat qilinadi. Korporatsiyalarning moliyaviy boʻlimlari mablagʻlarning bir mamlakatdan boshqa mamlakatga qisqa muddatli investitsiyalardan yuqori foyda olish uchun oʻtkazadilar. Bunday investitsiyalar koʻpincha xususiy tadbirkorlar kapitaliga asoslangan, ba'zida esa oʻz qimmatbaho qogʻozlarini chiqaradi va xorijiy qimmatbaho qogʻozlarini sotib oladi.
Xalqaro portfel investitsiyalari mamlakat toʻlov balansida qanday klassifikatsiyalangan boʻlsa, shunday aks ettiriladi. Portfel investitsiyalar quyidagi koʻrinishda boʻlishi mumkin:
Aksioner qimmatbaho qogʻozlari (eguity securities) - bozor muomalasidagi pul hujjati boʻlib, hujjat egasining ushbu hujjatni chiqargan shaxsga nisbatan mulkiy xuquqga egaligini tasdiqlaydi.
Zayom qimmatbaho qogʻozlar (debt securities) - bozor muomalasidagi pul hujjati boʻlib, zayom egasining ushbu hujjatni chiqargan shaxsga nisbatan munosabatini tasdiqlaydi.
Zayom qimmatbaho qogʻozlari quyidagi shakllarda chiqariladi:
Obligatsiya (bond) (oddiy veksel, qarz majburiyati) pulli dastak boʻlib, uning sohibiga kafolatlangan va qat'iy belgilangan pul daromadi yoki shartnoma asosida belgilangan oʻzgaruvchan pul daromadini olish huquqini beradi.
Pul bozori dastaklari - pulli dastak boʻlib, uning sohibiga ma'lum bir davr ichida kafolatlangan va qat'iy belgilangan pul daromadi olish huquqini beradi. Bu dastaklar bozorda pasaytirilgan narxlarda sotiladi, narxni pasaytirish darajasi foiz stavkasining katta- kichikligiga va qarzni qoplanish muddatiga bogʻliqdir. Bularga gʻazna veksellari, depozit sertifikatlari, bank apsentlari va boshqalar kiradi.
Moliyaviy derivatlar (financial derivatives) - bozor narxiga ega boʻlgan pulli dastak boʻlib, uning sohibiga birlamchi qimmatbaho qogʻozlarni sotish yoki sotib olish huquqini beradi. Bularga opsionlar, fyucherslar, varrantlar, svoplar kiradi.
Xalqaro portfel investitsiyalari harakatini hisobga olish maqsadida toʻlov balansida quyidagi kategoriyalar qabul qilingan.
Nota (qarz majburiyati) (note) - qisqa muddatli (3-6 oy) pulli dastak boʻlib, bank bilan kelishuv asosida qarz oluvchining oʻz nomiga chiqariladi, bozorda joylashtirilishi kafolatlanadi va sotilmagan notalar sotib olinadi, rezerv kreditlar bilan ta'minlanadi. Keng tarqalgan notalar - yevronotalardir.
Opsion (option)- shartnoma (qimmatbaho qogʻoz) boʻlib, xaridorga ma'lum bir qimmatbaho qogʻoz yoki tovarni belgilangan muddatdan soʻng yoki ma'lum bir davr ichida qat'iy belgilangan narxlarda sotib olish yoki sotish huquqini beradi. Opsion xaridori uning egasiga yuqorida qayd etilgan huquqlarni sotishi evaziga mukofot pulini toʻlaydi.
Varrant (warrant) - opsionning bir turi boʻlib, egasiga belgilangan muddat ichida emitentdan imtiyozli sharoitda ma'lum bir miqdordagi aksiyalarni sotib olish imkonini beradi.
Fyuchers (futures) - qimmatbaho qogʻozlarni, valyuta yoki tovarlarni belgilangan narx va kelajakdagi belgilangan muddatda sotish yoki sotib olish borasidagi bajarilishi majbur boʻlgan qisqa muddatli standart shartnomalar.
Forvard kursi (forward rate) - asosiy qarz summasining ma'lum bir oʻzgarmas qismiga nisbatan belgilangan vaqtda toʻlanadigan foiz stavkasining hajmi toʻgʻrisida kelishuv boʻlib, u oʻsha kundagi foiz stavkasidan past yoki yuqori boʻlishi mumkin.
Svop (swap) - savdo qoidalariga amal qilgan holda bitta qarzni toʻlash boʻyicha ma'lum bir muddat oʻtgandan soʻng shartlarni oʻzgartirish boʻyicha bitim
Portfel investitsiyasining bevosita investitsiyalardan afzallik tomoni shundaki, ular tugatilish vaqtida qimmatbaho qogʻozlar tezda naqd valyutaga almashtirib olinishi mumkin. Portfel investitsiyalarning amalga oshirilishining asosiy sababi - tavakkalchilik darajasini hisobga olgan holda xorijiy investor oʻz mablagʻlarini xorijda maksimal foyda keltiruvchi qimmatbaho qogʻozlarga joylashtirishi mumkin. Ma'lum bir ma'noda portfel investitsiyasi pulni inflyasiya va spekulyasiya yoʻli bilan foyda koʻrishdan saqlash vositasi sifatida qaraladi. Bunda investitsiya qilinayotgan soha ham, qimmatbaho qogʻoz turi ham xech qanday ahamiyatga ega emas, u ustama kurs oʻsishiga qarab, istalgan foydani bersa va devidendlar toʻlansa boʻldi.
Oʻtgan asrning 70-yillarida boshlangan va tobora kengayib borayotgan kapitallar bozorining baynalmilallashuv jarayoni bozor iqtisodiyotiga ega mamlakatlar oʻrtasidagi kapital oqimi hajmining ortib borishi bilan ajralib turadi. Xalqaro kapitallar oqimi ishlab chiqarish omillaridan birining harakatidir. Bunda alohida tovar va xizmatlar boshqa mamlakatlardagi ishlab chiqarishning iqtisodiy afzalligi tufayli oʻsha tomonga oqib oʻtadi. Bu haqda bevosita va portfelli investitsiyalar hajmining umumiy oʻsishi, qisqa va uzoq muddatli kreditlar hajmining ortishi, yevrovalyuta bozorlaridagi operatsiyalar miqyosining oshib borishi va boshqalar darak beradi.
Xalqaro kapitallar migratsiyasi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yetakchi oʻrinlardan birini egallar ekan, u oʻz navbatida jahon xoʻjaligi rivojiga sezilarli ta'sir oʻtkazadi. Bu ta'sir, avvalombor, kapitallar migratsiyasi jahon iqtisodiyotining oʻsish sur’atlarida oʻz aksini topadi. Kapital ishlab chiqarishning qulay investitsiya muhiti mavjud sohalarini izlab, chegaralarni kesib oʻtadi. Xalqaro investitsiyalar koʻpchilik retsipient mamlakatlar uchun ishlab chiqarishdagi kapital yetishmasligi muammosini hal etish, investitsiya salohiyatini oshirish va iqtisodiy oʻsish sur’atlarini tezlatish imkonini beradi.
Kapitalning chetga chiqishi xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi va rivojlanishining eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatlararo kapitallar harakati ular oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalar va hamkorlikni mustahkamlaydi, ishlab chiqarishning xalqaro ixtisoslashuvi va kooperatsiyalashuvini chuqurlashtiradi.
Xalqaro kapitallar migratsiyasi jahon savdosi rivojini ragʻbatlantirar ekan, u mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshiradi, jumladan, xalqaro korporatsiyalar filiallari oʻrtasidagi oraliq mahsulotlar ayirboshlanishini tezlashtiradi. Moliyaviy bozorlarning oʻzaro integratsiyalashuv va baynalminallashuv sharoitida kapitalning xalqaro takroriy ishlab chiqarilishi ta'minlanadi hamda xalqaro iqtisodiy aloqalar mexanizmining samaradorligi oshadi. Boshqa tomondan esa nazorat qilinmaydigan kapitallar oqimi mamlakat toʻlov balansi muvozanatining buzilishiga va valyuta koʻrsining sezilarli darajada tebranishiga olib keladi.
Deyarli barcha mamlakatlar amalda investitsiyalarning ham eksporchisi, ham imporchisi hisoblanadi (chunki, BXIlar asosan TMK orqali amalga oshiriladi) yoki investitsiyalarni yetkazib beruvchi (qaerda TMK bosh boshqaruv boʻlimi joylashgan boʻlsa) hamda qabul qiluvchi (TMK oʻz shahobchalari, boʻlimlariga ega boʻlsa, ular BXIlar asosida harakat qiladi) sifatida ishtirok etadi.
BXIlarning dunyo mamlakatlari oʻrtasida taqsimlanishini xorijiy kapitalni jalb qiluvchi - imporchi va kapitalni chetga chiqaruvchi - eksporchi mamlakatlarga boʻlib tahlil qilish maqsadga muvofiqdir. XX asrning 90-yillarida rivojlangan mamlakatlar BXIlarning asosiy eksporchilari va imporchilari boʻldi. Ular hissasiga jami BXIning uchdan ikki qismi toʻgʻri kelardi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va Oʻzbekistonning investitsiya jozibadorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekiston jadal iqtisodiy oʻzgarishlarni boshdan kechirdi va xalqaro hamjamiyatda biznes va investitsiyalar uchun turli xil toʻsiqlarini bartaraf etishda ochiqlik, yangilanish va qat’iyatlilik ramzlaridan biri sifatida tobora koʻproq namoyon boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining "Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunini samarali ijro etilishi uchun investorlar bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, hokimliklar, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va tijorat banklari rahbarlari oʻrinbosarlaridan iborat boʻlgan davlat hokimiyat organlari hamkorligining 4 bosqichli mexanizmi muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu mexanizm investorlarning barcha soʻrovlariga tezkor javob qaytarish va qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishining samaradorligini kerakli tarzda nazorat qilish imkonini beradi.
Shu nuqtai nazardan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining koʻmagi bilan tuzilgan, Respublikada faoliyat yuritayotgan investorlar bilan bevosita muloqotni ta’minlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining rolini ta’kidlash muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro hakamlik sudlari institutining rivojlanishi ham faol qoʻllab-quvvatlanmoqda. Oʻz navbatida, bu mamlakat investitsiya muhitining muhim va tizim tashkil etuvchi tarkibiy qismi boʻlgan qonun ustuvorligini hamda davlat va mahalliy investorlar zimmasidagi majburiyatlarning toʻgʻri bajarilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, jahon amaliyoti va tajribasi shuni koʻrsatadiki, biznesning investitsiya va innovasion faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni endi oddiy vositalar bilan, ya’ni imtiyozlar berish yoki yangi deklarativ me’yorlarni nashr etish bilan hal qilishning imkoni yoʻq.
Xususiy investitsiyalarni faollashtirish uchun tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish talab etiladi. Biznes bilan doimiy muloqot, muayyan sektorlarning rivojlanishiga toʻsqinlik qiladigan toʻsiqlarni aniqlash va yengib oʻtish boʻyicha astoydil ish olib borish kerak. Shu munosabat bilan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha faol ish olib borilmoqda.
Birinchidan, iqtisodiy oʻsishning bir maromdagi yuqori va barqaror sur’atlarini saqlab qolish uchun mamlakat iqtisodiyotining barqaror va raqobatbardosh, bank tizimi aktivlarining katta qismi xususiy investorlar qoʻlida boʻlgan modelini shakllantirish zarur.
Ikkinchidan, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va barqaror iqtisodiy oʻsishning asosiy omillaridan biri boʻlgan infratuzilmaga yoʻnaltirilgan investitsiyalarining jadal oʻsishini ta’minlash maqsadida davlat-xususiy sheriklik va loyihalarni moliyalashtirish vositalarini rivojlantirish orqali investitsiyaviy faoliyatni ragʻbatlantirish ham faol tarzda olib borilmoqda.
Uchinchidan, raqamlashtirish va davlat xizmatlarini masofaviy taqdim etish orqali investitsiya loyihalarini amalga oshirishda byurokratik toʻsiqlar va cheklovlarni toʻliq bartaraf etish uchun investorlar va davlat oʻrtasidagi munosabatlar optimallashtirilmoqda. Shaffoflikni maksimal darajada ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish uchun xorijiy investorlarning murojaatlari va soʻrovlari bilan ishlashni tashkil etish sifati yaxshilanmoqda.
Toʻrtinchidan, ish kuchi va kapitalning iqtisodiyotning qonuniy sektorlaridan yashirin iqtisodiyotga oqib ketishiga olib keladigan tranzaksiya xarajatlarining kamayishi kuzatilmoqda.
Beshinchidan, kelgusida texnologik yutuqlarga erishish nuqtasiga aylanishi va keyingi 20-30 yil davomida mamlakat ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlanishi uchun zamin yaratishi mumkin boʻlgan Oʻzbekistonning eng istiqbolli sohalariga yoʻnaltirilgan investitsiya siyosati strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Investitsiya muhiti mamlakatdagi barcha faoliyat sohalariga ta’sir koʻrsatishini inobatga olgan holda, islohotlar koʻlami iqtisodiy, institusional, ta’lim, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, suv ta’minoti, energetika, transport va boshqa yoʻnalishlarni qamrab oldi.
Shuningdek, tadbirkorlarni va investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini amaliy qoʻllab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yoʻnalishdagi eng yorqin misol - bu 2020 yilda tuzilgan eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining faoliyati boʻlib, uning vazifalariga tadbirkorlar va eksportchilar bilan yaqin hamkorlik qilish, pandemiya tufayli yuzaga kelgan cheklovlar bilan bogʻliq muammolarni taxlil qilish, shuningdek, har bir tadbirkorlik subyektining muammosini hal qilishda individual yondashuv asosida tezkor va samarali yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish kiradi.
Oʻtgan yil yakuni boʻyicha Komissiya a’zolarining joylarga chiqqan holda olib borgan faoliyati natijasida 98 mingdan ortiq korxonalar faoliyati manzilli tartibda oʻrganildi va natijada 5902 ta korxonalarning 6235 ta muammoli masalalari aniqlandi. Muammolarning har biri tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari va Respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan yaqin hamkorlikda hal etildi.
Salohiyatli xorijiy investorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar
Oʻzbekiston Respublikasida chet ellik investorlar quyidagilar boʻlishi mumkin:
chet el davlatlari, chet el davlatlarining ma’muriy yoki hududiy organlari;
davlatlararo bitimlar yoki boshqa shartnomalarga muvofiq tashkil topgan yoki xalqaro ommaviy huquq subyektlari boʻlgan xalqaro tashkilotlar;
chet el davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq tashkil topgan va faoliyat koʻrsatib kelayotgan yuridik shaxslar, boshqa har qanday shirkatlar, tashkilotlar yoki uyushmalar;
chet davlat fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida doimiy ravishda yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.
Oʻzbekistonda chet el investitsiyalari kiritish shakllari
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va (yoki) jismoniy shaxslari bilan birgalikda tashkil etilgan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarining, banklar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa korxonalarning ustav jamgʻarmalarida va boshqa mol-mulkida ulush qoʻshib qatnashish;
chet ellik investorlarga toʻliq qarashli boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlarini, banklar, sugʻurta tashkilotlari va boshqa korxonalarni barpo etish va rivojlantirish;
mol-mulk, aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qarz majburiyatlarini sotib olish;
intellektual mulkka, shu jumladan mualliflik huquqlari, patentlar, tovar belgilari, foydali modellar, sanoat namunalari, firma nomlari va nou-xauga, shuningdek ishchanlik nufuziga (gudvillga) huquqlar kiritish;
konsessiyalar, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga boʻlgan konsessiyalar olish;
savdo va xizmat koʻrsatish sohalari obyektlariga, turar joy binolariga ular joylashgan yer uchastkalari bilan birgalikda mulk huquqini, shuningdek yerga egalik qilish va undan foydalanish (shu jumladan ijara asosida foydalanish) hamda tabiiy resurslarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish orqali.
shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |