Boshqaruv usullarining mohiyati va xususiyatlari Boshqaruv usullari boshqaruv subyektining muayyan natijalarga erishish maqsadida boshqaruv obyektiga ta’sir o`tkazish usullari yig`indisidir. Boshqaruv usullari vositasida moddiy, moliyaviy va mehnat resurslaridan oqilona foydalangan holda, yuqori natijalarga erishish maqsadida iqtisodiy jarayonlarga ta’sir etiladi. Boshqaruv usullarining nazariy asoslarini chuqur va atroflicha tahlil etish lozim bo`ladi. Negaki, eng maqbul usullar ham noto`g`ri qo`llanilganda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Boshqaruv usullarini turkumlashga turlicha yondoshuvlar mavjud. Ammo har qanday inson yoki jamoaga faqatgina ularning manfaatlariga mos keluvchi ta’sir choralarini qo`llash samarali hisoblanadi. Ta’sir ko`rsatish mazmuniga ko`ra boshqaruvning tashkiliy-farmoyish, iqtisodiy va ijtimoiy-psixologik usullari mavjud.
Tashkiliy-farmoyish usullari korxona boshqaruvchilarining vakolati va hokimiyati kuchidan foydalangan holda, tashkiliy-farmoyish vositalari orqali boshqarish jarayonini bildiradi. Boshqaruvning tashkiliy-farmoyish usullari boshqaruvchi va boshqariluvchi tizimlarning samarali faoliyat yuritishini ta’minlovchi ta’sir etish tizimidan iboratdir. Ko`p hollarda tashkiliy ta’sir ma’muriy huquq va hokimiyat kuchini qo`llash, ya’ni buyruq, qaror va farmoyishlarni amalga oshirishga asoslanadi (1-chizma). Tashkiliy-farmoyish usullari direktiv xarakterga ega bo`lib, ularni bajarmaslik moddiy, ma’naviy va ma’muriy shakldagi javobgarlikka sabab bo`ladi. Hokimiyat – boshqaruvchining irodasi, ta’sir kuchi, qobiliyatlari va malakasi, obro`si va tashkiliy-huquqiy vakolatlari doirasida xodimlarning mehnat faoliyatiga ta’sir o`tkazish imkoniyatlari va usullarini ifodalaydi. Ma’muriy-tashkiliy ishlar mehnat jarayonlarini reglamentga solish va me’yoriy normativlarni belgilash orqali ham amalga oshiriladi.
Reglamentga solish boshqaruv tuzilmalari va xodimlari faoliyatini qonunlar, qoidalar, buyruqlar, nizomlar orqali aniq belgilab qo`yish va ularni qo`llashga oid yo`riqnomalar ishlab chiqish bilan xarakterlanadi. Bulardan tashqari har bir mansabning bajaradigan ishlari turlarini, vakolatlarini, huquqlari va majburiyatlarini belgilab beradigan mansab yo`riqnomalari ham ishlab chiqilishi mumkin. Me’yorlash, o`z navbatida, mehnat sharoitlari, ishlab chiqarishning moddiy-texnikaviy, mehnat va kapital sarflarini hamda ishlab chiqarish natijalarini ma’lum bir normativlar, kvotalar o`rnatish orqali miqdoriy chegaraga solishni anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |