Aksiyadorlik jamiyatlarida davlat ishtirokining amaldagi holati
Aksiyadorlik jamiyatlarida davlatning ishtiroki birinchi navbatda davlatning yoki davlat xo‘jalik boshqaruvi organ (xo‘jalik birlashma)larining aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi ishtiroki bilan belgilanadi. Ustav kapitalida davlatning ishtiroki mavjud aksiyadorlik jamiyatlari quyidagicha guruhlanadi:
ustav kapitali to‘liq davlat mulki hisobiga shakllantirilgan aksiyadorlik jamiyatlari;
ustav kapitalida davlat ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlari;
ustav kapitali xo‘jalik birlashmalari (davlat xo‘jalik boshqaruv organlari) mulki hisobiga shakllangan aksiyadorlik jamiyatlari;
ustav kapitalida xo‘jalik birlashmalari ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlari;
ustav kapitalida davlat va xo‘jalik birlashmalari ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlari.
Ustav kapitali to‘liq davlat mulki hisobiga shakllantirilgan aksiyadorlik jamiyatlari davlat yagona aksiyador bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari hisoblanadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bunday aksiyadorlik jamiyatlari mamlakatimizda mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 17 oktyabrdagi PQ-2635- sonli “Davlat ulushi ustuvor bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan oddiy aksiyalari 100 foizga davlatga tegishli bo‘lgan strategik ahamiyatga ega aksiyadorlik jamiyatlari sifatida quyidagilar belgilandi:
«O‘zbekneftegaz» milliy xolding kompaniyasi;
«O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati;
«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati;
«O‘zbekiston havo yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati
«O‘zbektelekom» aksiyadorlik jamiyati;
«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati;
«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati;
Aksiyadorlik tijorat bank «Xalq banki».
Bunda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi va «Navoiy kon- metallurgiya kombinati» davlat korxonasi qayta tashkil etish yo‘li bilan aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi belgilangan.
2017 yil 1 dekabr holatiga mamlakatimizda 610 ta aksiyadorlik jamiyati mavjud bo‘lib, unda davlat ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlari – 172 ta; xo‘jalik birlashmalari ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlari – 318 ta; davlat va xo‘jalik birlashmalari ulushi mavjud bo‘lmagan aksiyadorlik jamiyatlari esa 153 tani tashkil etgan (11.1-rasm). Aynan shu sanada respublika bo‘yicha umumiy aksiyadorlik kapitali 47,71 trillion so‘mni tashkil etgan holda uning 38,12 trillion so‘mlik qismi, ya’ni 79,9 foizi davlatga tegishlidir. Umumiy holda aksiyadorlik jamiyatlarining 75 foizida davlat va (yoki) davlat xolding kompaniyalari (xo‘jalik birlashmalari) ulushi mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |