Aksiyadorlik jamiyatlarini tugatish tartibi
Aksiyadorlik jamiyatining tugatilishi huquq va majburiyatlarni huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga o‘tkazmagan holda jamiyat faoliyatini tugatishga sabab bo‘ladi.
Aksiyadorlik jamiyati ixtiyoriy ravishda tugatilgan taqdirda, tugatilayotgan jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyatni tugatish va tugatuvchini yoki tugatish komissiyasini (bundan buyon matnda tugatuvchi deb yuritiladi) tayinlash to‘g‘risidagi masalani aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi hal qilishi uchun olib chiqadi.
Ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi jamiyatni tugatish va tugatuvchini tayinlash haqida qaror qabul qiladi.
81O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2013 yil 27 dekabrdagi 344-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar birlashmalarini tashkil etishga, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborishga va qo‘shib olishga oldindan rozilik berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom.
Jamiyat sudning qaroriga ko‘ra tugatilayotganda tugatuvchini tayinlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tugatuvchi tayinlangan paytdan e’tiboran jamiyat ishlarini boshqarish bo‘yicha barcha vakolatlar unga o‘tadi. Tugatuvchi tugatilayotgan jamiyat nomidan sudda ishtirok etadi.
Davlat tugatilayotgan jamiyatning aksiyadori bo‘lgan taqdirda, tugatish komissiyasi tayinlanadi va uning tarkibiga davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organning vakili kiritiladi.
Tugatuvchi jamiyatning tugatilishi haqida, shuningdek uning kreditorlari tomonidan talablarni bayon etish tartibi va muddatlari to‘g‘risida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalarida e’lon beradi. Kreditorlar tomonidan talablar taqdim etish uchun muddat jamiyatning tugatilishi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan sanadan e’tiboran ikki oydan kam bo‘lmasligi lozim.
Agar tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytga kelib jamiyat kreditorlar oldida majburiyatlarga ega bo‘lmasa, uning mol-mulki ushbu “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 100-moddasiga muvofiq aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Tugatuvchi kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzlarini olish chora- tadbirlarini ko‘radi, shuningdek kreditorlarni jamiyatning tugatilishi to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qiladi.
Kreditorlarning talablar qo‘yishi uchun belgilangan muddat tugaganidan keyin tugatuvchi oraliq tugatish balansini tuzadi, mazkur balansda tugatilayotgan jamiyat mol-mulkining tarkibi, kreditorlar tomonidan taqdim etilgan talablar, shuningdek ularni ko‘rib chiqish natijalari haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Oraliq tugatish balansi tugatilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadi.
Agar tugatilayotgan jamiyatdagi mavjud pul mablag‘lari kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun etarli bo‘lmasa, tugatuvchi jamiyatning mol- mulkini sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda kimoshdi savdosida sotishni amalga oshiradi.
Tugatilayotgan jamiyat kreditorlariga pul summalarini to‘lash tugatuvchi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida oraliq tugatish balansiga muvofiq, ushbu balans tasdiqlangan kundan boshlab amalga oshiriladi.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar tugaganidan keyin tugatuvchi tugatish balansini tuzadi, tugatish balansi tugatilayotgan jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanadi.
Tugatuvchi nazarda tutilgan tegishli tartib-taomillar tugallanganidan keyin jamiyat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini bekor qilish yuzasidan zarur tadbirlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiradi.
Tugatilayotgan jamiyatning kreditorlar bilan hisob-kitoblardan keyin qolgan mol-mulki tugatuvchi tomonidan aksiyadorlar o‘rtasida quyidagi navbat bo‘yicha taqsimlanadi:
birinchi navbatda qaytarib sotib olinishi lozim bo‘lgan aksiyalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshiriladi;
ikkinchi navbatda imtiyozli aksiyalar bo‘yicha hisoblangan, biroq to‘lanmagan dividendlarni va jamiyat ustavida imtiyozli aksiyalar bo‘yicha belgilangan tugatish qiymatini to‘lash amalga oshiriladi;
uchinchi navbatda tugatilayotgan jamiyatning mol-mulkini oddiy aksiyalar egalari bo‘lgan aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlash amalga oshiriladi.
Mol-mulkni har bir navbat bo‘yicha taqsimlash avvalgi navbat bo‘yicha mol-mulk to‘liq taqsimlab bo‘linganidan keyin amalga oshiriladi.
Agar jamiyatdagi mavjud mol-mulk hisoblangan, biroq to‘lanmagan dividendlarni va jamiyat ustavida belgilangan tugatish qiymatini imtiyozli aksiyalarning egalari bo‘lgan barcha aksiyadorlarga to‘lash uchun etarli bo‘lmasa, mol-mulk imtiyozli aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlar o‘rtasida ularga tegishli aksiyalarning soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Mol-mulkni tugatish qiymatining chet ellik investor bo‘lgan aksiyadorga o‘tkaziladigan qismini jamiyat xorijiy valyutaga ayirboshlab berishi shart.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ yuridik shaxslarning yagona davlat reestriga tegishli yozuvni kiritgan paytdan e’tiboran jamiyatni tugatish tamomlangan, jamiyat esa faoliyatini tugatgan deb hisoblanadi.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ jamiyat tugatilganligi haqidagi tegishli yozuvni faqat jamiyatning qimmatli qog‘ozlari chiqarilishlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi bekor qilinganidan keyingina kiritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |