Ikkinchi guruh qonuniyatlariga shaxslar va millatlarning o’zaro munosabatlari jarayonida sodir bo’ladigan “o’zaro ta'sir” va “o’zaro boyitish” orqali namoyon bo’ladigan jarayonlar kiradi. Ya'ni shaxs ma'naviy kamoloti onadan tuqilishi bilan yuzaga kеlmaydi. Xuddi shuningdеk millat ham tarixiy taraqqiyotning ma'lum bosqichlarida boshqa xalqlar, millatlar bilan hamkorlik natijasida yuzaga kеladi. Hech qachon shaxs, inson o’zgalarsiz yashay olmaganidеk, millat ham boshqa millatlar, xalqlar bilan aloqa qilmasdan taraqqiy qila olmaydi, boz ustiga bugungi kunda dunyoda “sof” millat borligiga hеch kim guvohlik yoki kafolat bеra olmaydi. Jamiyat ham xuddi ana shu qonuniyat asosida rivojlanadi.
Ma'naviyat ana shu o’zaro munosabatlar va “ta'sirlar” asosida rivojlanib boradi. Bu jarayonda bir tomon ikkinchisiga nimanidir “bеradi” va nimanidir “qabul” qiladi. Shunday qilib, ma'naviyat rivojlanishidagi “ta'sir” va “aks ta'sir” qonuniyati mavjud bo’lib, u ma'naviyatning rivojlanib borishini ta'minlashga xizmat qiladi.
“Ma’naviyatshunoslik” fanining ijtimoiy-gumanitar fanlar tizimidagi o’rni
“Ma’naviyatshunoslik” fani ijtimoiy fanlar tizimiga kiradi. Shu bois uning boshqa ijtimoiy fanlardan farqini anglash lozim. Fikrimizcha, “Ma’naviyatshunoslik” fani boshqa ijtimoiy fanlardan quyidagi jihatlari bilan ajralib turadi.
1. Ma’naviyat insonning butun ruhiy olamini yaxlit tizim sifatida ifoda etuvchi ijtimoiy kategoriyadir. “Ma’naviyatshunoslik” fani esa ana shu butun, ya’ni ma’naviyat haqida yaxlit, umumiy tasavvurni shakllantiradi. Albatta, barcha ijtimoiy fanlar u yoki bu tarzda ma’naviyatni tadqiq etadi, uni boyitadi, ma’naviyatni rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Biroq “Ma’naviyatshunoslik” fanidan farqli o‘laroq, ma’naviyatni yaxlit bir tizim sifatida o‘rganmaydi. Demak, “Ma’naviyatshunoslik” fani butunni o‘rgansa, boshqa ijtimoiy fanlar uning qismlarini tadqiq etadi.
Madaniyat moddiy va ma’naviy madaniyat yoki ma’naviyatga bo‘linadi. Ma’naviyat, o‘z navbatida, quyidagi tarkibiy qismlarga bo‘linadi: a)ma’naviyat; b) ma’rifat; v) g‘oya; g) mafkura; d) amaliyot. Ma’rifat bilan deyarli barcha fanlar shug‘ullanadi.
Albatta, ko‘proq pedagogika fani shug‘ullanadi. Jurnalistlar, shoir-yozuvchilar, kasb yo‘nalishidan qat’i nazar, barcha sohalardagi olimlarni, hattoki jamoat va davlat idoralarining rahbarlarini ham ma’rifatchilar deyish mumkin. G‘oya, g‘oyashunoslik ham ma’naviyatning tarkibiy qismi. Bunyodkorlik g‘oyalari ma’naviy yetuklik mahsulidir. Ma’naviyat bo‘lmagan joyda g‘oyaviy bo‘shliq1 paydo bo‘ladi. G‘oyaviy bo‘shliqni esa faqat ilm, ma’rifat, ma’naviyat bilan to‘ldirish mumkin.
“Ma’naviyatshunoslik” fani mustaqillik yillarida paydo bo‘lgan “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” fani (1998-y.) bilan chambarchas bog‘liqdir. Qadimgi yunon faylasufi, “Siyosat” (“Politika”) asarining muallifi Aristotel aytganidek, “Demokratiya yuksak ma’naviyat, tartib va intizom, o‘zaro burch va mas’uliyatga asoslangan boshqaruv tizimidir, ularsiz demokratiyadan xavfliroq narsa yo‘qdir”. Bundan ko‘rinadiki, demokratiya bo‘lishi, uinsonlarga xizmat qilishi uchun eng avvalo jamiyatda yuksak ma’naviyat bo‘lishi zarur. Yuksak ma’naviyat – demokratiya poydevoridir. Boshboshdoqlik, so‘z mas’uliyatining yo‘qligi, haqiqatni xarxillashtirish, istalgan narsani qilish, umumiy mas’uliyatsizlik – antidemokratiyadir. Shunday ekan, ma’naviyatsiz jamiyatni demokratlashtirib, liberallashtirib (erkinlashtirib) bo‘lmaydi.
“Ma’naviyatshunoslik” fani huquqshunoslik fani bilan ham bevosita bog‘liqdir. Mustaqillik – o‘z yurtiga egalik qilish, o‘zini o‘zi boshqarish, o‘zini o‘zi himoya qilish, asrash, mustaqil ichki va tashqi siyosat olib borishdir. Mustaqillik – o‘zlikni anglash, yuksak ma’naviyat belgisidir. Shu bois mustaqillikni mustahkamlash, uni siyosiy-huquqiy qadriyat sifatida baholash har bir O‘zbekiston fuqarosining ma’naviy burchidir. Har qanday huquq ma’naviyatga asoslanadi. Huquqiy munosabatlarimiz zaminida ma’naviyat yotadi. Ma’naviyat huquqiy munosabatlarning mezonidir. Jamiyatdagi qonunlarning sifati, xalqchilligi, adolatliligi ham oxir-oqibat ma’naviyatning (insonlarga foydalilik koeffitsiyenti) inson kamolotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchanadi. Qisqa qilib aytganda, huquq ma’naviyatdan oziqlanadi, ma’naviyat esa huquqda o‘z himoyasini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |