Ikkinchi bo‘lim. «Biznes-rejaning umumiy xulosasi, asosiy parametrlari va ko‘rsatkichlari» umumlashtiruvchi xususiyatga ega bo‘lib, biznes-rejaning asosiy g‘oya va mazmunining qisqacha ko‘rinishidir. U rejani ishlab chiqish jarayonida yaratilib, aniqlanadi va biznes-rejani tuzgandan keyin yakunlanadi.
Umumlashtiruvchi bo‘limda quyidagilar taqdim etiladi: bosh maqsadning loyihasi (bitim); ishlab chiqariladigan mahsulot, tuzilayotgan reja yakunining qisqacha tavsifi va ularning bir-biridan farqi; qo‘yilgan maqsadlarga erishish yo‘llari va usullari; loyihani amalga oshirish muddatlari; uni amalga oshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar; kutilayotgan samara va natija; olingan foydani ishlatish sohasi.
Umumlashgan natijaning ko‘rsatkichlari: umumiy yakunlovchi ko‘rsatkichlar (ishlab chiqarish hajmlari, mahsulotning sotilishi, xizmatlarning ko‘rsatilishi; sotishdan tushgan mablag‘; shaxsiy va zayom sifatida olingan vositalar (samaradorlik); maxsus ko‘rsatkichlar (sotilayotgan tovar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, ularning o‘ziga xos xususiyati, iste’molchilarnint talabi va didini qoniqtirishi; qilingan xarajatlarning qoplanishi; tavakkalning past darajaliligi; rejalashtirilayotgan natijani olish kafolati).
Uchinchi bo‘lim. «Tadbirkorning iste’molchiga taqdim qilayotgan mahsulot, tovar va xizmatlarning tavsifi» deb nomlanib, unda quyidagilar taqdim etiladi: tadbirkor ishlab chiqargan mahsulotning ko‘rsatkichlari yoki uning tavsifi: ta’rifi, modeli, surati va boshqalar; ishbilarmon ishlab chiqargan tovar iste’molchilari va u qoniqtirmoqchi bo‘lgan iste’mollar (haridorning tovarni sotib olishga qodirligi haqida bashorat; tovar sotib oluvchi hudud, aholi guruhi, tashkilotlar haqida ma’lumot; tovarlarni ma’lum vaqt doirasida iste’mol qilishi haqida ma’lumot, tovarga bo‘lgan talabga ta’sir etuvchi omillar); ishlab chiqarilgan tovarning sotish narxini bashorat qilish.
To‘rtinchi bo‘lim. «Bozor kon’yunkturasi, talab va sotuv hajmining tahlili» bo‘limida talabni o‘rganish va narxlarni bashorat qilishning davomi bo‘lib, bu bo‘limda ishlab chiqarishning hajmi va tovarning sotilishini vaqt mobaynida belgilab beriladi.
Biznes-rejani tayyorlash jarayonida bozorning tadqiqoti, tahlili va baholanishi bir tomondan, oldindan taxmin qilishga asoslansa, ikkinchi tomondan, bo‘lajak haridor yoki savdo tashkiloti bilan bo‘lgan dastlabki bitimga tayanadi.
Loyihalarning o‘lchami va muddatiga qarab, turli xil sharoitlar yuzaga keladi. Kichik va qisqa muddatli loyihalar amalga oshirilganda mahsulot iste’molchilari doirasini aniqlasa bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, sotuv hajmi haqida xulosa chiqarishga imkon beradi.
Bozorga analitik baho berish bilan birga, biznes-reja bozorni marketing va boshqa faoliyat turlari bilan jadallashtirish yo‘llarini ham belgilab berishi lozim.
Ushbu bo‘limni ishlab chiqishda boshqa ishbilarmonlar mavjudligini, raqobatchilar borligini, ularning imkoniyati va qobiliyati, shuningdek, narx siyosatini bilish lozim. Bundan tashqari, biznes-rejaga raqobatni hisobga olgan holda tovarning sotilish hajmi kiritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |