Savol va topshiriqlar:
Estetik tarbiya bu - ?
“Estetika” so’zining ma’nosi?
O’quvchilarda estetik didni o’stirish deganda nimani tushunasiz?
Go’zallik o’zi nima?
Subyektivlik bu ?
Voqelikka bo’lgan estetik munosabatdan qanday estetik tarbiya vazifalari kelib chiqadi?
Estetik idrok deganda nimani tushunasiz?
San’at turlari va ularning estetikadagi ahamiyati?
O’quvchilarga estetik tarbiya berish yo’llari nimalardan iborat?
ADABIYOTLAR
1.R.A.Mavlonova, N.H.Vohidova, N.H.Raxmonqulova. Pedagogika nazariyasi
va tarixi. Darslik T:. Fan va texnologiyalar. 2010-yil
2. J. Hasanboyev, X.To’raqulov. “Pedagogika” Darslik. T:. “Noshir” 2011 y
3. Sh.S.Shodmonova, M.E.Axmedova, X.H.Hamzayev. “Umumiy pedagogika nazariyasi va amaliyoti” Darslik. T:. 2019 y
4. N.Egamberdiyeva. Ijtimoiy pedagogika. Darslik. “Alisher Navoiy nomidahi O’zbekiston milliy kutubxonasi” T:. 2009 y
5. Z.Inoyatova, A.Xayitov. Majmualar matni. T:. 2019 y
Internet saytlari
http://Ziyonet.uz
http://edu.uz
13.MAVZU. JISMONIY TARBIYA HAQIDA TUSHUNCHA.
REJA:
1.Jismoniy tarbiyaning maqsad va vazifalari.
2.Jismoniy tarbiyaning vositalari.
3.O`quvchilarga jismoniy tarbiya berish yo`llari va vositalari.
Tayanch so’z va iboralar: jismoniy tarbiya, jismoniy madaniyat, sport, chiniqish, mard, sabotli, sport majmualari, barkamol avlod, gigiyena qoidalari, kun tartibi.
Har bir xalq, har bir millat o'zidan keyin qoladigan avlodning jismonan sog'lom, ma'nan barkamol bo'lib o'sishi haqida qayg'uradi. So'nggi yillarda aholining turmush darajasini oshirish, so'g'lig'ini mustahkamlash, ayniqsa yoshlar o'rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida keng ko'lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Ta'lim muassasalarida uch bosqichli "Umid nihollari", "Barkamol avlod", "Universiada" musobaqalarining tashkil etilishi bolalar sportini rivojlantirish va sog'lomlashtirish ishlarida uzluksizlikni ta'minlashda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.
Jismoniy tarbiya har tomonlama chiniqqan, mard, sabotli, qat`iyatli, sog`lom avlodni kamol toptirishda muhim vosita hisoblanadi. Ibn Sino birinchi bo'lib jismoniy tarbiyaning ilmiy-pedagogik jihatdan bir butun tizimini yaratdi. Jismoniy mashqlar to'g'ri ovqatlanish, uyqu, badanni toza tutish tartibiga rioya qilish inson sog'ligini mustahkamlashda muhimligini ham ilmiy, ham amaliy jihatdan asosladi.
To'g'ri tashkil etilgan jismony tarbiya, shaxsning me'yoriy jismoniy taraqqiyotini ta'minlaydi, salomatligini mustahkamlaydi, yoshlarni mehnatga, turmushga tayyorlaydi
Jismoniy tarbiya kishilarga katta ta'sir ko'rsatib, salomatligini mustahkamlaydi, ishlash qobiliyatini oshiradi, uzoq umr ko'rishga yordam beradi. Sport har qanday yoshda ham qaddi-qomatni tarbiya qilish, kuch-quvvatni saqlab turishning ajoyib vositasidir. Sport dam olish bilan mehnatni almashtirib turish manbai bo`lib ham xizmat qiladi. Shu sababli ham ijtimoiy//?/ holatidan hozirgi kunimizga qadar jismoniy tarbiya avlodlar kamolotini ta'minlovchi vosita deb hisoblanadi. Demak, o'sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy barkamolligini ta'minlash faqat ota-ona, maktabning ishigina bo'lib qolmasdan, balki davlat ahamiyatiga molik ish hamdir.
Jismoniy tarbiya mazmuni jismoniy kamolot, jismoniy holat diagnostikasi; jismoniy tarbiya madaniyati, sport ishlari, jismoniy ma'lumot tushunchalarida o'z ifodasini topadi. Jismoniy kamolot yosh avlod ichki a'zolarining o'zgarishi, o`sishidir. Birinchi navbatda, yurak va o'pka, shuningdek, asab va harakat tizimi, tana shaklining, o'zgarishi, teri-muskul tizimi og'irligi, tananing mukammal rivojlanishidir. Pedagogik tushunchada jismoniy kamolot degani insonni jismoniy ma'lumotining o'sib borishida, ya'ni oddiydan murakkabga, pastdan yuqoriga, nomukammallikdan-mukammallikka tomon bo'lgan o'zgarishlar tushuniladi.Ko'rinib turibdiki, jismoniy tarbiya mazmuni benihoya kengdir. Bu vosita yoshlarimizning turmush tarzini, jismoniy madaniyat va sport asosida mazmunli shakllanishini ta'minlaydi.
Jismoniy tarbiya- kishi organizmining morfologik hamda funktsional jihatdan takomillashishiga, hayotiy muhim harakat ko`nikmalarini hosil qilish va mukammallashtirishga yo`naltirilgan pedagigik jarayondir.
Jismoniy rivojlanish - bu hayot va tarbiya sharoiti ta`sirida takomillashib boruvchi inson organizmining biologik funktsiyalarining vujudga kelishi hamda o`zgarish jarayonidir.
Jismoniy madaniyat - ancha keng tushuncha bo`lib, jamoatchilik yutuqlari, jismoniy tarbiya vosita va metodlarining barchasini qamrab oladi.
Jismoniy madaniyat jismoniy tarbiyaning tarkibiy qismidir. Shu bilan birgalikda, jismoniy madaniyat inson va jamiyat umumiy madaniyatining ham ajralmas qismidir. Jismoniy madaniyat mazmuniga quyidagilar kiradi:
Inson a'zolarining tuzilishi va ularning funktsional kamoloti. Ichki a'zolar, nerv va harakat, suyak-muskul tizimi, badanning uyg'unligi va ularning funktsional faoliyatini boshqarish.
O`quvchilarning sog'lig'ini mustahkamlash .
Gigiena qoidalariga ko'nikish.
Bo`lajak avlodning jismoniy va fiziologik sifatlarini kasb ahamiyati jihatidan shakllantirish, ish qobiliyatlarini oshirish.
O'quvchining jismoniy va yosh xususiyatlari ??/uchun sharoit yaratish.
O`quvchilarda iroda, chidamlilik, qat'iy intizom, do'stlik hissini kamol toptirish.
7. Shaxsiy jismoniy qobiliyatlarini tarbiyalash.
O’quvchilarni jismoniy tarbiyalashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
-bola sog’lig’ini mustahkamlashga, chiniqtirishga, aqliy hamda jismoniy ish qobiliyatini oshirishga yordamlashish;
-hayot uchun zarur harakat faoliyatlarini: yurish, yugurish, sakrash, emaklash, tirmashib chiqish, otish, ilish, irg’itish, suzish, tana a’zolarini harakatlantirish, saflanish va qayta saflanishni shakllantirib borish;
-jismoniy, axloqiy va irodaviy sifatlarni, mustaqillik va faollikni tarbiyalash;
-bolalarning maqsadga yo’naltirilgan harakat faolligi uchun sharoitlar yaratib berish;
-jismoniy mashqlarni aniq va nafis bajarishga o’rgatish, harakat ifodaliligini tarbiyalash va bo’shashish mashqlarini bajara bilishga o’rgatish;
-axloq madaniyati ko’nikmalarini shakllantirish;
-jismoniy mashqlar va sport bilan muntazam shug’ullanishga bo’lgan qat’iy qiziqish odatini mustahkamlash;
-to’g’ri qaddi – qomatni shakllantirish va yassi oyoqlikka qarshi kurashishga yordamlashish;
-jismoniy mashq va o’yinlar bilan shug’ullanish hamda asosiy gigiyenik talablarning ahamiyati haqidagi tushuncha va bilimlarni shakllantirish.
Bu vazifalarni hal etish uchun jismoniy tarbiya bo’yicha ishlarni shunday tashkil etish kerakki, bolalar o’zlaridagi mehnatsevarlik, chidamlilik, jasurlik, tashabbuskorlik xislatlarini to’la namoyish qila olish hamda harakatli o’yinlar va jismoniy mashqlarni yanada sevib, o’z yutuqlarini yanada takomillashtira olish imkoniga ega bo’lsinlar. Bulardan tashqari, zarur bo’lgan gigiyenik sharoitlarni yaratish, bolalarning yetarli darajada ochiq havoda bo’lishlarini ta’minlash, o’z vaqtida ovqatlanishlarini tashkil etish zarurdir.
Bolaning sog'lom o'sishi, to'g'ri kamol topishi uchun jismoniy tarbiya vositalaridan to'g'ri foydalanish zarur.
Jismoniy tarbiya vositalarini gigiyenik omillar, tabiiy omillar, jismoniy tarbiya vazifalarini hal etishga yo'naltirilgan jismoniy mashqlar tashkil etadi.
Gigiyenik omillargarioya qilish jismoniy tarbiya tizimida alohida o'rin egallaydi, u bola organizmiga foydali ta'sir ko'rsatadi. Bunda kun tartibi muhim o'rin egallaydi. Kun tartibi deganda biz kundalik hayotning qat'iy qilib belgilab qo'yilgan tartibini, mehnat qilish va dam olish, uxlash va ovqatlanish uchun vaqtning bolaning yoshi va alohida xususiyatlarini hisobga olgan holda taqsimlab qo'yilishini tushunamiz. Kun tartibiga rioya etish odam salomatlig'ini mustahkamlashga yordam beradi, tetiklik, xursandlik kayfiyatini beradi, ish qobiliyatini oshiradi, shuningdek intizomlilik, uyushqoqlik, har bir ishni o'z vaqtida bajarish kabi zarur sifatlarni tarbiyalaydi. Kun tartibini tuzishda o'quvchilarning yoshi, maktabda o'qish va dars qilish vaqti, ertalabki badantarbiya mashg'uloti, ovqatlanish,sayr qilish va ochiq havoda o'ynash, aqliy va jismoniy mehnatning almashinishini hisobga olish zarur. Kun tartibiga rioya etmaslik yoki uning butunlay yo'qligi (o'z vaqtida ovqatlanmaslik, yetarlicha uxlamaslik), aqliy va jismoniy mehnatning betartibligi - bularning hammasi organizmni bo'shashtiradi, butun organizm hujayraslarining, xususan bosh miya hujayrasining ishlashini yomonlashiradi. Ota-onalar va o'qituvchilar muayyan yoshdagi bolaning kun tartibiga uyda ham, maktabda ham amalga oshirilishini kuzatib borishlari shart.
Sog'liqni mustahkamlash, organizmni chiniqtirish, bolalarning jismonan rivojlanish darajasisini ko'tarishga tabiat sog'lomlashtiruvchi kuchlari, tabiiy omillar - quyosh, havo, va suv ta'siri orqali erishiladi. Ochiq havoda jismoniy tabiya mashg'ulotlarini o'tkazish vaqtida( soyada bo'lishni ochiq maydonchada bo'lish bilan almashtirib) tabiiy shifobahsh kuchlardan foydalanish imkoniyati juda katta. Tabiat omillardan jismoniy mashg'ulotlar o'tkazish hamda mustaqil shug'ullanish uchun muhim vosita sifatida foydalaniladi.
Jismoniy mashqlar - maktabda qo'llaniladigan jismoniy tarbiya vositalari orasida eng muhim o'rin egallaydi.Jismoniy mashqlar gavda muskullarining o'sishi va mustahkamlanishiga, yurak qon-tomir tizimi va nafas olish organlari faoliyatining yaxshilanishiga samarali ta'sir ko'rsatadi.
Jismoniy mashqlar deganda biz jismoniy tarbiya vazifalarini hal etish uchun maxsus tanlab olingan harakatli mashqlarni tushunamiz. Jismoniy mashqlar bilan shug'ullanishga taalluqli mashg'ulotlar muntazam ravishda o'tkazilib borilishi kerak. Jismoniy tarbiyaga doir amaliy ishda jismoniy mashqlardan gimnastika, o'yin, sport, turizm kabi turlaridan keng foydalaniladi.
Gimnastika maktab o'quvchilarini jismoniy tarbiyasi tizimida asosiy vositalardan biridir. Gimnastikaning quyidagi turlari mavjud:
a) asosiy gimnastika va uning turi - gigiyenik gimnastika;
b) sport gimnastikasi va uning turlari - akrobatika hamda badiiy gimnastika;
c) yordamchi (davolash) gimnastika - mashg'ulotlar boshlangunga qadar o'tkaziladigan gimnastika, jismoniy mashqlar, jismoniy daqiqalar va tanaffus vaqtidagi o'yinlar.
Gimnastikaning ana shu turlarining har biri uchun u yoki bu holda hal qilinishi kerak bo'lgan masalalarni hisobga olib maxsus mashqlar tanlanadi.
Asosiy gimnastikaning mazmuniga gimnastik saflanish, umumrivoj-lantiruvchi mashqlar, yurish, yugurish, sakrash, uloqtirish, muvozanat saqlash, tirmashib chiqish va oshib o'tish mashqlari kiradi. 1-2- sinflarda jismoniy tarbiya darslarida gimnastika hamda harakatli o'yinlar asosiy o'rin egallaydi. 3-sinfdan boshlab esa, gimnastikaga akrobatika mashqlari, basketbol elementlari, tayanib sakrash, aralash va oddiy osilishlar, yengil atletika boyicha mashqlar, harakatli o'yinlar kiritiladi. Harkatli o'yinlar barcha sinflarda kiritilib, ular o'rganilgan gimnastika mashqlarini mustahkamlash va takomillashtirish vositasi sifatida qo'llaniladi.
Boshlang'ich sinflarda o'quvchilarga jismoniy tarbiya dasturi asosida umumiy jismoniy bilim beriladi. Bu yoshda bolalar sport gimnastikasi bilan shug'ullanmaydilar, lekin oddiy elementlari bilan tanishadilar. Yuqori sinflarda sport gimnastikasi dasturida erkin mashqlar, gimnastika snaryadlarida mashq bajarish va sakrashlar nazarda tutilgan.
Davolash gimnastikasi bolalar sog'lig'ini va kuchini tiklashga yo'naltirilgan. Unda asosiy o'rinni gavda holatini, qiyshayib qolgan umurtqa pog'onani, ko'krak qafasini va hakazolarni davolash maqsadida qo'llanniladigan tuzatish mashqlari egallaydi. Davolash gimnastikasi maxsus davolash muassasalarida mutaxassis-shifokorlar va jismoniy tarbiya xodimlari rahbarligida o'tkaziladi.
Jismoniy tarbiya mashg'ulotlarida qo'llaniladigan o'yinlar alohida o'rin egallaydi, ular harakatli o'yinlar va sport o'yinlariga ajratiladi. O'yinlarni muntazam ravishda o'tkazib turish bolalarda asosiy harakatlanish ko'nikmalarini tarbiyalashga, tezlik, kuch va chidamlilikni rivojlantirishga yordam beradi, ularning ish qobiliyatlarini yaxshilaydi, salomatligini mustahkamlaydi. O'yinlar g'oyat zavqli emotsional bo'lishi bilan farqlanadi, chunki o'yinlarda bolalarning o'z shaxsiy sifatlarini, tashabbuslarini ko'rsatishlariga hamisha keng imkoniyat beriladi. O'yinlar katta zavq bag'ishlaydi, vaqtni chog' qiladi, do'stlikni mustahkamlashga va o'zaro yordamlashishga xizmat qiladi.
Maktab oquvchilarining sport bilan muntazam shug'ullanishlari sog'lig'ini mustahkamlash, jismoniy kuchlarini va harakatchanlik qobiliyatlarini rivojlantiradi. Sinfdan tashqari to'garak, turli sport seksiyalari mashg'ulotlarda tennis, stol tennisi, akrobatika, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, basketbol, yakka kurash turlari, suzish, suvga sakrash, yengil atletika kabi sport turlari bilan shug'ullanishlarini tashkil etish va turli musobaqalar uyushtirish yaxshi samara beradi. Sport musobaqalari sport ishining ahvolini tekshirib ko'rish, yaxshi natijalarni aniqlash, sportchilik kamolotini oshirishga, sport texnikasini egallashga rag'batlantiradi va jismoniy tarbiya mashg'ulotlariga keng ommani jalb qilishga xizmat qiladi.
Jismoniy tarbiya vositalaridan biri bo'lgan turizm, o'quvchilarni jonajon o'lka bilan, tarixiy va madaniy yodgorliklar bilan, qurilish va Vatanimizning tabiiy boyliklari bilan tanishtirishda ahamiyatlidir. O'quvchilarning umumiy saviyasini oshirish, sog'lig'ini mustahkamlash, chiniqtirish kabi maqsadlarni ko'zlab tashkil etilgan uzoq yoki qisqa muddatli sayohatlarda ochiq havoda, tabiiy joy sharoitida - o'rmonlar, o'tloqlarda bo'lib tabiiy omillar(quyosh, suv, havo)dan eng ko'p foydalanadilar. Sayr qilish va ekskursiyalar o'quvchilarni haddan tashqari charchatib qo'ymasligi va boriladigan joyning uzoqligi I-II sinf o'quvchilari uchun borish - kelish 2-3 kilometrdan, III-IV sinf o'quvchilari uchun 3-4 kilometrdan oshmasligi kerak. Sayr, ekskursiyalarni tashkiletish va o'tkazishga puxta tayyorgarlik ko'riladi.
Harakat sifatlarini rivojlantirish va harakat ko’nikmalarini shakllantirish jismoniy tarbiya darslarida maktab uchun kun tartibida qo’yilgan jismoniy – sog’lomlashtirish tadbirlari asosida amalga oshiriladi. Katta tanaffuslarda o’tkaziladigan harakatli o’yinlar, sayrlar, sinfdan tashqari olib boriladigan ishlar, sport to’garaklarida, shuningdek, sport bayramlarida, sport musobaqalarida, uchrashuvlarda olib boriladigan tadbirlar shular jumlasidandir.
Jismoniy tarbiya darslarining samaradorligini oshirishda o'qituvchining umumiy tayyorgarligi muhim o'rin tutadi. O’qituvchi nafaqat pedagogik jihatdan kamol topgan bo’lishi, balki tashqi ko’rinishi jihatdan ham sport formasini egallagan bo’lishi katta ahamiyatga ega
Umumiy o’rta ta’limning davlat ta’lim standarti o’quvchilar umumiy tayyorgarligiga, saviyasiga qo’yiladigan zaruriy minimal darajasini belgilab beradi.
Davlat ta’lim standarti ta’lim mazmuni, shakllari, vositalari, usullarini, uning sifatini baholash tartibini belgilaydi.
Davlat ta’lim standartiga asosan o’quvchilar sog’lomlashtirish va jismoniy tarbiyaga oid quyidagi bilim, ko’nikma va malakalarni egallashlari shart:
-ovqatlanish gigiyenasini bilish va unga rioya qilish;
-o’zini-o’zi tibbiy nazorat qila olish;
-jismoniy mashqlarni bajarish qoidalarini bilish;
-asosiy turkum harakatlar ko’nikmalariga ega bo’lish;
-gimnastika mashqlarini bajara olish;
-saflanish, yugurish, uzunlikka va balandlikka sakrash, -muvozanat saqlash, osilish va tayanish mashqlarini bajara olish;
-harakatli o’yinlarni va sport o’yinlaridan biror turini o’ynay olish;
-jismoniy tarbiya bo’yicha mustaqil mashg’ulotlar o’tkazish uchun zaruriy bilimga ega bo’lish;
-o’zini o’zi jismoniy jihatdan nazorat qilishning asosiy ko’nikmalariga ega bo’lish;
-organizmning asosiy sistemalariga jismoniy mashg’ulotlarni ta’sirini bilish;
-uzoq davom etadigan yugurishda o’zini o’zi nazorat qilish usullaridan foydalana olish;
-chidamlilikni oshirishga qaratilgan mashqlarni mustaqil bajarish qoidalarini bilish va ularga amal qilish;
-saflanish mashqlarini bajara olish;
-100 m gacha bo’lgan masofaga yugurish, 60-100 m masofaga bosqich bilan estafetali yugurish, 2 km masofaga notekis joylar bo’ylab bir me’yorda sekin yugurish mashqlarini bajara olish;
-Yugurib kelib uzunlikka “oyoq bukish” usulida sakrash mashqlarini bajara olish;
-Gimnastika, umumrivojlantiruvchi mashqlar va sodda akrobatika mashqlarini bajara olish.
Maktablarimizda jismoniy tarbiya asosan jismoniy tarbiya darslari orqali amalga oshiriladi. Jismoniy tarbiya darsi quyidagicha tashkil qilingan bo’lishi:
-bir maqsadga yo’naltirilgan bo’lishi;
-ta’limiy va tarbiyaviy xususiyatga ega bo’lishi;
-jismoniy sifatlarni, to’g’ri qaddi-qomatni rivojlantiruvchi bo’lishi kerak.
Bu talablarni amalga oshirish uchun o’qituvchi: -o’quv ishlarni puxta rejalashtirishi;
-har bir darsga chuqur o’ylagan va ijodiy yondashgan holda tayyorlanishi;
-dars vazifalari va mavzu asosida mashqlarni to’g’ri tanlab olishi;
-mashqlarni chiroyli, aniq, to’g’ri ko’rsatishi;
-aytiladigan fikrlarning qisqa va lo’nda bo’lishi uchun harakat qilishi;
-darsning har doim ozoda, chiroyli sport kiyimida o’tkazilishiga erishishi;
-darsda o’qitishning hamma zamonaviy metodlaridan foydalanishi;
-xatolarni o’z vaqtida va to’g’ri aniqlay olishi;
-o’quvchilarga yosh va alohida xususiyatlarini hisobga olgan holda yondashish kerak.
Jismoniy tarbiya darsi uch qismdan iborat bo`ladi:
1.Tayyorgarlik qismi (5`-10`). Bu qismning vazifasi o`quvchilar jamoasini shakllantirish, diqqatni bir joyga to`plash, organizmni bo`lg`usi ishga tayyorlashdir. Bu vazifalarni hal qilishda quyidagi ish shakllaridan foydalaniladi: saflanish, qayta saflanish, yurish, yugurish, umumiy rivojlantiruvchi mashqlar bajarish, to`satdan beriladigan signallar bo`yicha mashqlar bajarish.
2. Asosiy qism (25`-30`). Bunda harakatlarning umumiy muvofiqligini takomillashtirish, qaddi-qomatni to`g`ri o`stirish, harakat malakalarini egallash, iroda sifatlarini tarbiyalash kabi vazifalar hal etiladi.
3. Yakunlovchi qism (5`-7`). Bu qismda o`quvchilar organizmi nisbatan tinch holatga keltiriladi va keyingi dars yoki dam olishga tayyorlanadi, darsga yakun yasaladi.
Jismoniy tarbiya bo’yicha mashg’ulotlar ochiq havoda, sport zalida yoki shu maqsadga muofiq ajratilgan xonalarda o’tkaziladi. O’zbekistonning iqlim sharoiti mashg’ulotlarning ko’pini ochiq havoda o’tkazish imkonini beradi. Bordi-yu, mashg’ulotlari zalda o’tkaziladigan bo’lsa, mo’ljallangan xona ozoda va shamollatilgan bo’lishi kerak.
Jismoniy tarbiya darslarida o’quvchilar albatta sport kiyimida bo’lishlari kerak. Jismoniy tarbiya mashg’ulotlarida hamma o’quvchilar ishtirok etishlari kerak. Agar darsdan vaqtincha ozod qilingan o’quvchilar bo’lsa, ular ham albatta ishtirok etishlari kerak, chunki ular o’qituvchiga darsga tayyorgarlik ko’rishda qo’llaridan kelgan yumushlari bilan ko’maklashadilar. Dars jarayonida bolalar qo’l, oyoq, tana muskullari uchun umumrivojlantiruvchi mashqlarni o’rganadilar, oddiy saflanish va qayta saflanish malakalarini egallaydilar, to’g’ri, yengil yurish va yugurishni, akrobatik mashqlarni, sakrash va irg’itishni, tirmashib chiqish va oshib o’tishni, turli harakatli o’yinlarni bajarishni bilib oladilar.
Jismoniy mashqlar o’rgatilayotganda to’g’ri tushuntirish va ko’rsatishga erishish, mashqlarning murakkabligi va ketma-ketligini hisobga olish, mashqni ongli ravishda bajarishga odatlantirish zarur. Agar bola biror harakatni bajarishda orqada qolayotgan bo’lsa, unga shu mashqni kuni uzaytirilgan guruhda, uyda ota-onalari bilan bajarish tavsiya etiladi, ammo mazkur harakat oldindan sinfda to’g’ri ko’rsatilib berilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |