15-MA’RUZA
Mavzu: O‘zbek imlosi borasidagi muammolar boyicha mutaxassislarning ilmiy qarashlari tahlili.
Reja:
Asr boshlaridagi imlo masalalarining yoritilishi.
Mustaqillikdan oldingi davr olimlarining qarashlari.
Mustaqillik yillaridagi imlo bo‘yicha qilingan chiqishlar.
Eng so‘nggi davrlardagi imlo yuzasidan bildirilayotgan fikrlar muhokamasi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari xalqimiz hayotida tub burilish yasadi, til borasidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Zero, oxirgi yillarda til siyosati borasida amalga oshirilgan ishlar o‘zbek tilining nufuzi va mavqeyini tubdan oshirishga xizmat qilayotganini har kuni, har soniyada ko‘rib, quvonib, bilib turibmiz. Endilikda “bu ishlarni qilish zarur” deb emas, balki “bu ishlar amalga oshirildi”, “bu g‘oya amaliyotga tatbiq etildi”, deb e’tirof etmoqdamiz.
Prezidentimiz farmonlariga asosan o‘zbek tilini davlat tili sifatida rivojlantirish, uni himoya qilish, amal qilishini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan tashkiliy va amaliy ishlar hamda o‘zbek tilini targ‘ib etish, tadqiq qilish, o‘zbek tili bo‘yicha ta’lim berish ishlariga Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh bo‘lmoqda. Tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, qisqa muddat ichida Departament keng ko‘lamli tashkiliy, tatbiqiy ishlarni amalga oshirdi.
Ulardan ayrimlarini sanab o‘tishimiz mumkin: har bir soha vazirliklarida o‘zbek tilini himoya qiladigan, “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ul shaxslar – o‘rinbosar maqomidagi rahbar maslahatchilari lavozimlari joriy qilinib, bu lavozimlarga filolog va jurnalist mutaxassisligiga ega bo‘lgan fidoyi kadrlar tanlov asosida tayinlandi, “O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil qilindi (bugungi kungacha bir necha kitoblar mazkur jamg‘arma hisobidan lotin alifbosida nashr qilinib, bepul tarqatildi), Atamashunoslik qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarorlari ishlab chiqildi, respublikamizning nufuzli olimlari ishtirokida 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi ishlab chiqildi, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish hududiy markazlari tashkil qilindi.
O‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, har bir sohada amal qilinishini ta’minlash uchun alifbo, imlo, lug‘atlar masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda Departament “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri va lotin alifbosiga qisqa muddatda to‘liq o‘tish masalasining qonuniy asoslari bilan jiddiy shug‘ullandi va natijada 2021-yilning 10-fevralida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 61-qarori va “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
To‘g‘ri, lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish masalasi nisbatan cho‘zildi. Bunda bosqichma-bosqich o‘tish jarayoni hisobga olindi. Hozirga qadar katta avlodni bu jarayonga tayyorlash uchun hujjatlarning tashkiliy qismi, teleko‘rsatuvlar nomi, gazeta nomlari va boshqa barcha sohalarda bosqichma-bosqich lotin yozuviga to‘liq o‘tish jarayoni kechmoqda. Hujjatga asosan 2023-yildan to‘liq lotin yozuviga o‘tilishi ko‘zda tutilgan.
Bu jarayonda joriy alifbo va imloni takomillashtirish masalasi birinchi o‘ringa chiqadi. Zero, alifboni tartibga solmay turib, imloni takomillashtirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Shu sababli yaqinda hukumatimiz tomonidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Albatta, bu shoshma-shosharlik bilan, bugun qabul qilingan qaror emas. Bu muammoning o‘z tarixi bor.
Ona tilimizni rivojlantirish kabi xalqimizning asriy ezgu niyatini amalga oshirish, xalqimiz dunyodagi boshqa xalqlar, millatlardan orqada qolmasligi va ular bilan taraqqiyot sari baqamti qadam tashlab borishini ta’minlash maqsadida 1993-yilning 2-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun tom ma’nodagi lisoniy mustaqillik nishonasi bo‘ldi. Shunday qilib, o‘zbek lotin alifbosi 26 harf va 3 harf birikmasidan iborat bo‘ldi.
Biroq til amaliyotidan kelib chiqqan holda 1995-yil 6-mayda mazkur alifboga ayrim tuzatishlar kiritildi. 1995-yil 24-avgustda mazkur alifboga asoslangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” tasdiqlandi. 1996-yildan boshlab barcha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayoni o‘zbek lotin alifbosida olib borildi. Ta’lim jarayoni uchun barcha darslik va qo‘llanmalar, ko‘rgazmali vositalar lotincha imloda nashr qilindi, ko‘plab badiiy adabiyotlar lotin yozuvida chop etildi.
Bu alifboning o‘ziga xos yutug‘i: Birinchidan, alifbo tartibi ixchamlashdi, lotin tilidan meros qolgan harflardan 24 tasi (c va w dan tashqari) o‘z tartibida saqlab qolindi. Bu esa lotin yozuviga asoslangan boshqa alifbolar (ingliz, fransuz, nemis) bilan umumiylikni ta’minladi. Ikkinchidan, bo‘g‘iz undoshi [h] va qattiq tanglayda hosil bo‘ladigan [x] tovushlari uchun bir-biridan shakl jihatidan keskin farqlanadigan shakllar: H(h) va X(x)ning qabul qilinishi juda katta qulaylik yaratdi.
Demak, talaffuzda unchalik farqlay olmaydigan yurtdoshlarimiz ham endi ularni yozuv orqali farqlay olish imkoniga ega bo‘ldi. Ya’ni xush va hush, xam va ham shakl jihatidan yaqqol farqlanadigan bo‘ldi. Uchinchidan, qo‘shaloq harflar: Ss – Sh sh, Cc – Ch ch, Nn – ng ng kabi harf birikmalarining yuzaga kelishi ingliz tilini o‘rganishda ma’lum bir qulaylik ham yaratdi. Ammo vaqt o‘tgan sari alifboning kamchiliklari ham bilinib qoldi.
Lotin yozuviga asoslangan joriy alifboning kamchiligi – O‘o‘ va G‘g‘ harflarining bosma shaklini yozish murakkablashdi, ya’ni o va g harflarining yoniga maxsus diakritik belgi (‘) qo‘yiladigan bo‘ldi. Bu esa lotin yozuvidagi matnlarning kengayib ketishiga sabab bo‘ldi. Masalan, ўғил – o‘g‘il kabi. Ayni paytda lotin yozuvidan foydalanishda tutuq (’) va diakritik (‘) belgilarni chalkashtirish holatlari ko‘p. Hozirga qadar ham ko‘p o‘rinlarda [O‘zbekiston] so‘zini [O‘zbekiston] shaklida yozish holatlari uchraydi. Shuningdek, [sh], [ch], [ng] tovushlarini ifodalashda ham murakkablik yuzaga keldi, ya’ni bir tovushni ikkita harf bilan – harflar birikmasi orqali ifodalash yozuv amaliyotida ko‘p harf ishlatishga, ko‘p vaqt sarflashga olib keldi.
“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunni bajarish muddati obyektiv sabablarga ko‘ra 2 marta o‘zgardi: dastlab 2005-yil deb belgilangan bo‘lsa, 2004-yil 30-apreldagi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga muvofiq 2010-yilgacha uzaytirildi. Demak, qonunga muvofiq o‘zbek lotin alifbosi 2010-yildan boshlab respublikamiz hududida yagona alifbo sifatida faoliyat ko‘rsatishi kerak edi. Biroq bu to‘liq amalga oshmadi. Yozuv amaliyotida lotincha imloga to‘liq o‘tilmadi. Hozirga qadar ayrim ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, asosan, kirilcha yozuvdan foydalanib kelmoqda. Bu esa aholining, xususan, yoshlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Negaki, har qanday huquqiy-demokratik davlatda qonun ustuvorligi ta’minlanishi shart.
Joriy o‘zbek lotin alifbosi 25 yildan ortiqroq vaqt davomida amaliy jihatdan o‘zini to‘liq oqlamadi, ya’ni mazkur harflar o‘z yozilishi, qo‘llanishi jihatidan barcha ehtiyojlarimizni to‘liq qondira olishini namoyon qila olmadi. Shunga ko‘ra ommaviy axborot vositalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar, ya’ni bir necha harflarni boshqacha shaklda yozish taklifi bildirildi.
Tabiiyki, 26 yil avval qabul qilingan alifbo o‘sha davr talablariga javob bergan. Zero, hayot o‘zgarmoqda, uning shiddati, globalizatsiya jarayonlari imlo va yozuv masalasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda, albatta. Shu jihatdan, imlo qoidalari va yozuv ham davr, vaqt, madaniyatlararo kommunikatsiya, global axborot tarmoqlari talablari nuqtayi nazaridan isloh qilinishi hamda o‘zgartirilishi tabiiy jarayondir. Shunga ko‘ra, 2016-yilda – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil qilingan dastlabki oylarda O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan alifboni isloh etish va imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni yig‘ish va umumlashtirish uchun respublikadagi taniqli tilshunos olim, yozuvchi, o‘qituvchilar, komputer mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi, joriy alifbo va imlodagi islohot qilinishi zarur bo‘lgan o‘rinlar turli yig‘inlarda ilmiy-amaliy tahlildan o‘tkazib borildi, respublikadagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, OTM o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari bilan joriy alifbo va imlo muammolari tahlili yuzasidan davra suhbatlari, amaliy seminarlar tashkil qilindi, amaliyotdagi insonlarning fikri o‘rganildi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga o‘zbek tilining alifbosi va joriy imlosini takomillashtirish yuzasidan yuborilgan murojaatlar tahlil qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tili alifbosi va joriy imlo qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar yig‘ish uchun maxsus guruhlar ochildi, guruhlarda bildirilayotgan fikrlar tahlil qilindi. Ishchi guruh o‘zbek tili alifbosi va joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha barcha takliflar va xulosalarni umumlashtirib, hamkor tashkilotlar bilan muhokama qilgandan so‘ng uni Vazirlar Mahkamasiga topshirdi. Vazirlar Mahkamasi mazkur takliflarni o‘rganib, mukammallashtirib, uni muhokamaga taqdim etdi.
Ma’lumki, haqiqat bahslarda tug‘iladi. Bugungi kunda bu borada ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslar kechmoqda. Bu – yaxshi. Ammo bir narsani ta’kidlab aytishni istar edik. To‘g‘ri, hozirgi davrda, ehtimol, iqtisodiy masalalarga e’tibor qaratish, ularga mablag‘ ajratish muhimroqdir, ammo alifbo va imloni takomillashtirish masalasi xalqimiz kelajagi va ravnaqi bilan bog‘liq masaladir. Chunki joriy alifbodagi noqulayliklar uning internet tili sifatidagi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, “Unicode” tizimida almashtirilishi taklif qilinayotgan grafik shakllarning yo‘q bo‘lganligi sababli dasturlashda so‘z tarkibida qo‘llangan bitta harfning digraf shakli matndagi so‘zlarni bo‘lib yuborishga olib kelmoqda, milliy alifbomizdagi mavjud muammolar nafaqat o‘qish-yozish jarayonida qiyinchilik tug‘dirmoqda, shu bilan birga, imloni, grammatikani tekshiruvchi, matnni nutqqa aylantiruvchi va nutqni matnga aylantiruvchi komputer dasturiy ta’minotlarining paydo bo‘lishiga ham to‘sqinlik qilmoqda.
Ayni paytda “Google”, “Microsoft”, “Huawei”, “Samsung”, “LG” va boshqa bir qator yirik texnologik kompaniyalar o‘z dasturiy mahsulotlarini o‘zbekchalashtirayotganini hisobga olsak, alifboni kechiktirmasdan isloh qilishimiz ayni muddao sanaladi. Milliy alifbomiz isloh bo‘lib, qulaylashsa, katta-kichik avlodlarga mansub hamyurtlarimiz, shuningdek, yaqin-olis mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimiz yagona yozuv atrofida jipslashadi – nuqsonsiz, qulay alifbo xalqimizning birligiga, yakdilligiga xizmat qiladi. Turkiyzabon davlatlar va xalqlar o‘rtasida o‘zbek tilining nufuzi keskin ko‘tariladi. Shuningdek, o‘zbek tilining internet va global axborot operatsion tizimlarida qo‘llanish imkoniyatlari oshadi, Sh va Ch harflari bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilsa, nashr etilayotgan adabiyotlarning hajmi kirillcha matnga nisbatan 8–10 foizga kamayadi. Bu esa respublika miqyosida juda katta mablag‘ning tejalishiga sabab bo‘ladi.
Loyihada almashtirish taklif qilinayotgan har belgining “Unicode”da kodi mavjud bo‘lganligi sababli bir harfni komputerda terish uchun bitta harakat amalga oshiriladi. Eng muhimi, alifbo qulay bo‘lsa, lotin yozuviga to‘liq o‘tish ham tezlashadi, ikkiyozuvlilik sharoitiga barham beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |