hujjat almashtirish jarayonini belgilaydi. So‘rov (xati) - tijorat hujjati bo‘lib,
xaridorning sotuvchiga, chetdan mol oluvchi (importchi)ni chetga mol chiqaruvchi
(eksportchi)ga tovar (xizmat va boshqalar) haqida muxtasar ma’lumot berishni
so‘rab yoki tovar yetkazib berishni taklif etib murojaat qilishini o‘zida aks ettiradi.
Qoidaga ko‘ra, so‘rovda tovar (xizmat)ning nomi, shuningdek, mol oluvchining
tovarni olish shartlari, ya’ni tovarning miqdori va sifati, andozasi, turi (markasi),
bahosi, yetkazib berish muddati va to‘lov shartlari ko‘rsatiladi. So‘rovning bu turi
shartnoma hujjatlari guruhiga kiradi va undan bitimni tayyorlash va amalga
oshirish jarayonida foydalaniladi.
So‘rov xati matniga misollar:
«Shartnomaga muvofiq ilova qilinayotgan ro‘yxatda ko‘rsatilgan qurilish
ashyo (material)lariga taklif berishingizni so‘raymiz». «1999-yil 27-noyabrda
Toshkentda tuzilgan savdo bitimiga asosan 2000-yilning IV choragida 5 ta
kompressor yetkazib berish uchun bizga o‘z taklifingizni yuborishingizni
so‘raymiz».
«Tavsiya etilgan tafsilot ro‘yxati (spetsifikatsiya)ga muvofiq bizga elektr
qandillar uchun taklif yo‘llashingizni iltimos qilamiz». «Bizga yo‘llagan narxnoma
uchun Sizga minnatdorchilik bildiramiz. Bizga 2 ta IBM RS-140 kompyuteri
uchun taklif yo‘llasangiz». So‘rovlarga javob qaytarishda sotuvchi xaridorga
birdaniga taklif jo‘nata olmasa, unga xat yo‘llab, uning sabablarini ma’lum qiladi.
Ular quyidagilar bo‘lishi mumkin. Masalan: so‘rov ko‘rib chiqish uchun qabul
qilinganligi; so‘rov shartining o‘zgarganligi (masalan, tovar miqdorining,
markasining, yetkazib berish muddatining o‘zgarganligi va boshqalar); xaridorni
qiziqtirayotgan tovarni yetkazib berish imkoniyatlari aniqlanayotganligi. Agar
sotuvchi xaridorning talabini birdaniga qondirishi, ya’ni unga tovar yetkazib berish
imkoniyatiga ega bo‘lsa, xaridorga taklif (oferta) yo‘llaydi. Oferta (taklif) sotuvchi
yoki eksport qiluvchining ma’lum shartlari ko‘rsatilgan bitim (oldi-sotdi) tuzishga
roziligini ifodalovchi hujjatdir. Ofertalar xaridorga, chetdan tovar oluvchiga uning
so‘roviga javob sifatida jo‘natiladi yoki sotuvchining tashabbusi bilan xaridorga
taqdim qilinishi mumkin. Ofertada, odatda, tavsiya qilinayotgan tovar nomi,
miqdori va tovar sifati, bahosi, yetkazib berish muddati, to‘lov shartlari, o‘ram turi
va tovarning xususiyati bilan bog‘liq boshqa shartlar ko‘rsatiladi. Ofertaga javob
qaytarishda xaridor taklifning barcha shartlariga rozi bo‘lsa, sotuvchining taklifini
tasdiqlaydi va bitim tuzilgan hisoblanadi. Buyurtma berish yoki shartnoma tuzish
taklifning qabul qilinishi hisoblanadi. Agar xaridor taklif shartlariga rozi bo‘lmasa
yoki taklif etilayotgan tovarni sotib olishga qiziqmasa, uni qabul qilishdan bosh
tortadi. Xaridor taklifning biror sharti (masalan: miqdori, tovar sifati, narxi,
yetkazib berish muddati va boshqalar)ga rozi bo‘lmasa, bu haqda sotuvchiga xabar
beradi va bitimning barcha shartlari bo‘yicha to‘liq kelishib olguncha, ular
o‘rtasida yozishma (muzokara) davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: