2.3. Eneolit va bronza davri ornamenti va tasviriy san’ati.
O’rta Osiyoda eneolit davri mil.avv. 4-3 mingyilliklarni, bronza davri mil.avv. II-I mingyilliklarni o’z ichiga oladi. Eneolit davrining eng katta yutug’i kishilarning misdan mehnat qurollari yasay olgani bo’lsa, bronza davrining kashfiyoti mehnat va ov qurollari mis, qo’rg’oshin hamda qalay metallarining aralashmasidan tayyorlanishi bo’ldi. O’rta Osiyo hududida eneolit va bronza davriga oid 30 dan ortiq yodgorliklar aniqlanib, ularning yigirmatasida qazish ishlari amalga oshirilgan.
Bu davrida inson ma’naviy jihatdan rivojlanishning yangi pog’onasiga ko’tarildi. Doston, xalq og’zaki ijodi, qo’shiqchilik, tasviriy va amaliy san’atning turli ko’rinishlari rivojlandi. Bu rivojlanish odamlarning diniy tushunchasi bilan bog’liq holda sodir bo’ldi. Eneolit davri rassomchiligida ham hamon hayvonlar tasviri yetakchi o’rin egalladi. Bunday rasmlar Toshkent viloyatining Xo’jakent qoyalarida saqlanib qolgan. Shuningdek, bu davrda haykaltaroshlik ancha taraqqiy etib, tosh, marmar, suyaklardan haykalchalar yasash, bronza, oltindan haykalchalar quyish, loyni kuydirib terrakotalar yasash jarayoni keng tus oldi. Haykaltaroshlik mavzusi birmuncha kengayib, alohida bosh haykali janrli kompazitsiyasi, tik turgan holdagi ayollar haykallari tayyorlangan. Haykallar o’z davri badiiy madaniyatining ravnaqi edi. Chunki quyma haykal yasash haykaltaroshdan o’z g’oyasini amalga oshirishda aqliy va jismoniy kuch: dastlab g’oyani materiallashtirish, ya’ni shaklini yasab olish, so’ng undan qolip olish va qolipga metallni (bronza, mis, oltin) eritib quyish, haykalni qolipdan chiqarib ishlov berishni talab etardi. Ana shunday jarayonlarda haykaltaroshlar tomonidan yaratilgan noyob asarlar bizgacha yetib kelgan.
Farg’ona vodiysida amalga oshirilgan arxeologik qazishlar vaqtida sigir sog’ayotgan ayol haykalchali to’g’nog’ich (Haq qishlog’idan 1899 yilda topilgan), qora toshdan ishlangan ikki boshli ilon tasviri tushirilgan tumor bronza davriga oid deb taxmin qilingan. Tumor sathiga yaxshi ishlov berilgan oq chuqurchalar bo’lib, ko’z va tishlar instruksiyasi uslubida ishlangan. Shuningdek, bu yerdan topilgan marmardan ishlangan “qayiqdagi buqa”, “toshbaqa” va toshdan yasalgan erkak boshi haykali davr haykaltaroshligining yuksak namunasidir.
Bronza davrida sopol haykalchalar – terrakotalar yasash ham rivojlanib bordi. Bu haykalchalar mavzusi rang-barang bo’lib, odamlar, hayvonlar, qushlar va hayotiy voqealar aks etgan. Terrakotalarning aksariyatini ayol haykalchalar tashkil etib, ular turli xil kompozitsiyalarda tasvirlangan. Ayol haykalchalarining ayrimlari ikki qo’li ko’krak oldida yoki qo’lsiz yasalib, beldan pastki tomoni kengaytirilgan holda ko’rsatilgan bo’lsa, ayrimlari bir qo’li ko’kragi ustida, ikkinchisi pastga tushirilgan holda tasvirlangan.
Sopol haykaltaroshligining yana bir turi bu – sopol idishlarga ishlangan odam va hayvonlarning shakllaridir. Ko’za, xumlarning ayrim qismlari va bandlari qo’y, sher shakliga o’xshatib ishlangan.
Bronza davriga oid yodgorliklar orasida suyakdan yasalgan muhrlar alohida ajralib turadi. Muhrlarda burgut, ilon, arslon, qushlar tasvirlari tushirilgan bo’lib, usta san’atkorning mahorati davrning ijtimoiy holatidan hikoya qiladi.
Eneolit va bronza davri yodgorliklarining katta qismini sopol buyumlar tashkil etadi. Bu davrda sopol pishirish texnologiyasi ancha taraqqiy etgan bo’lib, tayyorlangan buyumlarning shakli va ko’rininshi san’at darajasida bo’lgan. Sopol buyum yuzalariga to’qinsimon, uchburchak, to’g’ri chiziqli naqshlar ishlangan, hayvon va qushlarning soddalashtirilgan shakllari, shuningdek, hayotiy kompozitsiyalar chizilgan.
Bu davr haqida gapirilganda rassomlik san’atiga alohida to’xtalish zarur. Bu davrga kelib rassomchilik ancha taraqqiy etib, alohida suratlar o’rni voqealar tasviri egallaydi. Rasmlarda yovvoyi hayvonlardan tog’ echkilari, kiyiklar to’dasi suratlari bilan birga ko’plab, uy hayvonlari to’dasi tasvirlari ham uchraydi. Rasmlarda hayvonlarning xatti-harakati nihoyatda jonli va ifodali ishlangan.
Qoratog’ning janubiy yon bag’ridagi Sarmishsoy suratlari (Navoiy viloyati) neolit, eneolit, bronza davriga oid bo’lib, mil.avv. IV-I mingyillik va undan keyingi davrlarni o’z ichiga oladi. 1958 yilda arxeolog X.Muhammedov tomonidan topib o’rganilgan bu yodgorlikda ibtidoiy ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan 4000 ga yaqin suratlar aniqlangan. 1966 yilda N.Toshkenboyev, 1960-1970 yillarda A.Kabirov, 1993 yilda M.Xo’janazarovlar tomonidan tadqiqot ishlari olib borilgan. Suratlar bronza, temir va tosh bilan urib-cho’kichlab sxematik, kontur, soya va naqshdor uslubda ishlangan. Sarmishsoy qoyalarida yovvoyi hayvonlarni ot itlari yordamida ovlash, hayvonlarning o’zaro urushi, chorvachilik, raqs tushayotgan odamlar, diniy marosimlarning ijro etilishi bilan bog’liq manzaralar tasvirlangan. Xonaki va yovvoyi hayvonlar, o’q-yoy, xanjar, qilich, nayza kabi turli buyumlar, kiyimlar (dubulg’a, uchli quloqchin, kalta chopon, oyoq kiyimi va b.) tasviri o’ziga xos tarzda yuksak mahorat bilan nozik, hayotiy qilib ishlangan. Sarmishsoy suratlari ibtidoiy san’atning noyob yodgorligi hamda shu hududda yashagan qadimiy xalqlarning hayoti, hayvonot dunyosi tarixini o’rganishda muhim arxeologik yodgorlik obidasi sifatida qimmatlidir.
Eneolit va bronza davri odamlarining ma’naviy o’sishi me’morchilikda ham o’z ifodasini topdi. O’rta Osiyoning janubiy hududlarida olib borilgan arxeologik qazishlar vaqtida topilgan turar joy qoldiqlari qurilish sohasi ham rivojlanligidan dalolat beradi. Imoratlar qurilishida loy va turli shakldagi xom g’ishtlardan foydalanilgan, bino devorlari va pollarini suvalgan hamda turli ranglar bilan bo’yab qo’yilgan.
Eneolit va bronza davriga oid yana bir madaniyat Ashxabod yaqinindagi Anov manzilgohi bo’lib, bu yerdan ham ko’p miqdorda inson ma’naviyati mahsuli bo’lgan ornament va tasviriy san’at namunalari topilgan. Anov madaniyati amerikalik geolog R.Pompelli va angliyalik arxeolog Shmidt tomonidan o’rganilgan. Bu madaniyatning eng mashhur yodgorliklari ayol haykalchalaridir.
Navbatdagi manzilgoh Namozgohtepa bo’lib, Janubiy Turkmanistonnig Kopetdog’ etaklarida joylashgan. 1949-1952 yillarda professor B.A.Kuftin boshchiligidagi arxeologlar tomonidan qazib o’rganilgan. Namozgohtepa madaniy qatlamlari 6 xronologik bosqichdan iborat bo’lib, Namozgoh 1-3 eneolit davriga, Namozgoh 4-6 bronza davriga oiddir. Eneolit davriga oid mehnat qurollari toshdan, suyakdan va qisman misdan ishlangan. Sopol ishlab chiqarishda hali kulolchilik charxi kashf etilmagani bois idishlar qo’lda yasalgan. Namozgoh-1 davri idishlariga qora mineral rang bilan geometrik naqsh berilgan. Namozgoh-2 bosqichi sopol idishlari shakli jihatdan Namozgoh-1 idishlaridan deyarli farq qilmasa-da, “monoxrom” naqshlar o’rnini “polixrom” naqshlar egallagan. Namozgoh-3 davriga kelib, avvalgi sodda qilib ishlangan geometrik naqshli sopollar o’rnini murakkab, jimjimador nozik gulli sopollar egallaydi. Sopollarga “gilam gulli naqsh” deb yuritilgan bezak berilgan. Shuningdek, hayvonlar va parandalar suratlarini chizish odati ham keng tus olgan.
Namozgoh-4 davrining so’nggi bosqichida kulolchilik charxi kashf etilgach, sopol yasashning rivojlanib, O’rta Osiyo kulollari Qadimgi Sharq ustalariga yetib oladilar. Sopoldan yangicha ko’rinishdagi buyumlar, jumladan, qadah va vazasimon idishlar yasash boshlanadi. Idishlarning sirtiga daraxtlar, echki va qushlarning suratini chizish odatga aylanadi. Shu bilan birga tiniq rangli gulsiz sopol idishlar yasash ham ko’payib boradi.
Neolit davriga oid Sarazm manzilgohida eneolit va bronza davrida ham hayot davom etgan bo’lib, bu davrga oid ko’plab moddiy ashyolar topib o’rganilgan. 100 gektarga yaqin joyni egallagan bu manzilgohda 1976 yilda arxeologik tadqiqotlar olib borilgan. Sarazm-1 manzilgohini qazish jarayonida sirtiga rangli gullar solingan sopol parchalari, mis oyna, oltin va kumushdan yasalgan munchoqlar topilgan.
Sarazm-4 manzilgohidan kulolchilik charxida yasalgan oq tiniq angob bilan pardozlangan, oddiy naqshlar chizilgan ko’plab sopol buyumlar, shuningdek, terrekotalar, tosh va jezdan yasalgan muhrlar topib o’rganilgan. Ushbu manzilgohdan doira shaklida, atrofi toshlar bilan o’ralgan xilxona qoldiqlari ham topilgan bo’lib, uning diametri 15 metrni tashkil etgan va ichida 5 ta qabr joylashgan. Markaziy qabrlarga 3 kishi (ayol, erkak, o’spirin) ko’milgan.
Ayolga tegishli ashyoviy dalillarga qaraganda u o’z jamoasida katta nufuzga ega bo’lgan. Uning kiyimlariga feruza, la’l, yoqut va yashma kabi qimmatbaho toshlardan yasalgan munchoqlar qadalgan. Ayolning bosh kiyimi ham taqinchoq bilan bezatilgan. Soch tolalariga oltin munchoq shodalari osib qo’yilgan. Qo’llariga dengiz chig’anog’idan ishlangan bilaguzuklar taqilgan. Ayol skleti yonidan dastali mis ko’zgu, suyakdan qilingan bigiz, 5 ta urchuq tosh, 2 ta ayol ma’budasi (terrakota) topilgan. Bundan anglashiladiki, Sarazmda ayollarning jamoadagi ijtimoiy nufuzi yuqori bo’lgan.
Toshkent viloyatining Parkent tumani hududidan topib o’rganilgan bronza va temir davri tasviriy san’ati namunalari ham ibtidoiy ajdodlarimizning tafakkuri va ma’naviyati mahsulidir. Bu hududdan topilgan suratlar Teraklisoy rasmlari deb nomlanib, 1963 yilda geolog A.Agaponov va Chotqol tog’-o’rmon qo’riqxonasi direktori T.Yesipovlar tomonidan o’rganilgan. Teraklisoy suratlari oddiy chiziqlar va shakllar ko’rininshida soya uslibida urib-cho’kichlab chizilgan. Odam, arxar, tog’ echkisi, bo’ri, ilon, g’ildirak shaklidagi quyosh, o’q-yoy va boshqa buyumlar tasvirlari uchraydi. Alohida va ko’p kishilik ov, raqs va diniy marosimlar ijrosi bilan bog’liq manzaralar ham mavjud. Teraklisoy suratlari san’at obidasi sifatida qadimiy tig’liklar hayoti, madaniyati, e’tiqodi va urf-odatlarini o’rganishda qimmatli manbadir.
O’rta Osiyo hududida yashagan ibtidoiy odamlarning neolit, eneolit va bronza davrida yaratgan buyumlari, mehnat va ov qurollarida aks etgan ornament va tasviriy san’at namunalari o’sha davrning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotini o’rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |