MIRRIX YULDUZIGA
Go‘zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqg‘ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg‘a tushibsan,
Tuvg‘aningga nechun sira gapurmasdan turibsan?
So‘yla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda bo‘lib turgan tubanliklar, xo‘rliklar,
So‘yla, yulduz, sening dag‘i quchog‘ingda bo‘lurmi?
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
O‘rtoq qonin qonmay ichkan zuluklar,
Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda o‘ksuz yo‘qsulning qonin
-Gurunglashib, chog‘ir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O‘z qopchig‘in to‘ldirg‘ali buzg‘anlar.
Bormi senda bir o‘lkani yondirib,
O‘z qozonin qaynatg‘uchi xoqonlar.
Bormi senda qorin-qursoq yo‘lida
Elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotqonlar?
|
Fitratshunoslarning ta’kidlashicha, «Mirrix yulduziga» she’ri 1920-yilda yozilgan. Xo‘sh, bunchalik dard va fig‘onga to‘la she’r yozilishiga o‘sha yillari nimalar sabab bo‘lgan?
Kelasi o‘quv yilining tarix darslarida Turkiston o‘lkasining XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid tafsilotlar bilan batafsil tanishasiz. Biz hozir millatparvar ijodkorlar qalbini yaralagan o‘sha davrning ayrim voqealarinigina aytib o‘tamiz. Shundagina Fitrat she’rining mohiyatini, bu asarda mujassam bo‘lgan millat qayg‘usini anglash mumkin bo‘ladi. Shundagina shoir Fitrat jasorati, uning insoniy fazilatlari ko‘z oldimizda yaqqolroq namoyon bo‘ladi...
XIX asrning 60—70-yillari davomida Turkiston o‘lkasi Chor Rossiyasi tomonidan istilo qilinadi. Bu paytda o‘lka Qo‘qon xonligi, Xiva xonligi, Buxoro amirligi singari uchta alohida davlat shaklida yashardi. Shu tufayli ham istilochilar uchun ularni yakka-yakka holda o‘ziga bo‘ysundirib olish nisbatan oson ko‘chadi. Garchi, Buxoroda rasman amir saltanati saqlab qolingan bo‘lsa-da, bu hukumat Rossiyaning chizgan chizig‘idan chiqa olmas edi.
1917-yilning oktabrida xuddi Petrograd (Rossiyaning o‘sha paytdagi poytaxti)da bo‘lgani singari Toshkentda ham hokimiyat sho‘rolar (sovetlar) qo‘liga o‘tadi. Ular hukumat tepasiga juda katta va’dalar, mehnatkash ommaga yoqadigan chaqiriqlar bilan kelgan edilar. 1920-yilga borib Buxoroda ham amir saltanati zo‘rlik bilan ag‘dariladi. Qizil qo‘mondon - M. V. Frunze boshchiligidagi qo‘shin Qadimiy shaharni shafqatsizlarcha to‘pga tutadi. Xuddi shu janglarda Turkiston o‘lkasi tarixida ilk marotaba aeroplanlar — ibtidoiy samolyotlar yordamida shaharga bombalar yog‘diriladi. Shahar xalqi vahshiyona qiriladi. Qadim Buxoroning ming yillik obidalari yer bilan yakson qilinadi.
Fitratning tarjimai holidan bilamizki, bu paytda u Toshkentga chaqirib olingan, shu yerdagi ishlar bilan band qilingan edi. Biroq millati taqdiriga kuyingan shoirga birgina Buxoroda emas, balki Toshkentda va Turkistonning boshqa chekkalarida bo‘layotgan xunrezliklar ham achchiq xulosalar chiqarishi uchun yetarli edi.
|