Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik. 2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi: a) salomlashish b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
Hindistonlik buyuk shoir, yozuvchi, bastakor va tarbiyashunos, taniqli jamoat arbobi, xalqaro Nobel mukofotining laureati Robindranath Thokur(Robindranat Tagor) 1861-yili 7-mayda Kalkutta shahrida tavallud topgan. Uning otasi baland martabali, yuksak saviyali kishi edi. R.Thokur oiladagi 14 farzandning kenjasi bo‘lib, otasi uni butun Hindiston bo‘ylab o‘zi bilan olib yurar, mamlakatning muqaddas qadamjolarini ko‘rsatar edi. Bola tabiat go‘zalliklaridan ta’sirlanib zavqqa to‘lardi. Bo‘lajak adibning 8 yoshidayoq she’rlar yoza boshlagani shundan bo‘lsa kerak. R. Thokur dastlabki savodni uyida olgan. Keyinchalik, xususiy maktablarda, Kalkuttadagi seminariyada o‘qidi, uni bitirgach, Bengaliya akademiyasida tarix va madaniyatdan saboq oldi. 1878-1880-yillarda London Universitetining kollejiga o‘qishga kiradi. Biroq uni tugatmasdan Hindistonga qaytadi. Oilada akalariga ergashib, ijod qila boshlaydi. Angliyadagi jurnallarda dastlabki she’r, doston va maqolalari e’lon qilinadi. Uning 1882-yilda e’lon qilingan ilk she’riy to‘plami «Oqshom qo‘shiqlari» deb atalardi. Shundan so‘ng u pok insoniy muhabbat ulug‘langan «Tonggi qo‘shiqlar», «Suratlar va qo‘shiqlar», mustamlakachilik zulmi va ijtimoiy adolatsizlik qoralangan «Bibha sohili» va «Donishmand Roja» tarixiy romanlarini yozadi. U asosan bengal tilida ijod qilgan.
1884-1911-yillarda R.Thokur ijtimoiy-siyosiy tadbirlarda ishtirok etdi. Jumladan, Hindiston Milliy kongressida faol qatnashdi. Jahon tarixi darslaridan sizga ma’lumki, bu vaqtda Hindiston Buyuk Britaniya davlatining mustamlakasi edi. Milliy ozodlik harakatida qatnashib, milliy ongi o‘sganligi tufayli uning asarlarida ham hind xalqining ingliz istilochilariga qarshi kurashi, mustamlaka siyosatiga nisbatan keskin noroziligi ifodalandi. Uning «Chitra», «Lahza» she’riy to‘plamlari, «Roja va Rani», «Qurbonlik», «Chitrangoda», “Malini» falsafiy dramalari, keyinchalik o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan «Hisob-kitob», «Jazo» va «Nur va soyalar» hikoyalari ana u harakatning ijtimoiy-badiiy ko‘rinishi sifatida yaratildi.
R. Thokur asarlari Hindiston va undan tashqarida ham mashhur bo‘la boshladi. U 1912-yilda o‘zining «Gitanjali» she’rlar to‘plamini ingliz tiliga tarjima qiladi. Mazkur asari uchun 1913-yilda Xalqaro Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi. Mukofot puliga esa Hindiston bolalariga bepul maktab ochadi. Bu maktab Birinchi jahon urushidan keyin bepul o‘qitiladigan universitetga aylantiriladi. R.Thokur Yevropa mamlakatlariga, Yaponiya, Amerika Qo‘shma Shtatlariga bir necha marotaba safar qiladi. Safarda ko‘rganlarini Hindistondagi siyosiy ahvol bilan qiyoslaydi. Ko‘rgan-bilganlari asosida milliy ozodlikka da’vat ruhida kitoblar yaratdi. Bu asarlarida Hindistondagi barcha millat vakillarini, ular qaysi irq, tabaqa va diniy mazhabda bo‘lishidan qat’i nazar, ozodlik uchun kurashda yagona ittifoqqa birlashishga chaqirdi. Uning 1911-yilda vatanparvarlik ruhida bitgan «Xalq qalbi» nomli qo‘shig‘i Hindiston Respublikasining milliy madhiyasiga, 1913-yilda yaratgan «Mening oltin Bengaliyam» qo‘shig‘i esa Bangladesh Xalq Respublikasining milliy madhiyasiga aylangan.
R.Thokur ijodi rang-barang. U adabiyotning turli janrlarida qalam tebratdi. Uning adabiy bisotida muhabbat haqidagi kichik lirik she’rdan to yirik epik dostongacha, purmazmun hikoya, qissadan to yirik romangacha, kichik sahna asaridan to salmoqli dramalargacha, kishini chuqur o‘yga toldiradigan badialargacha mavjud.
R.Thokur Hindiston ozodligini, uning kelajagini ma’rifatda ko‘rdi. U ozodlikka, avvalo, savodxonlik, ma’rifatga oshnolik, g‘aflat va jaholatni yengish orqaligina erishish mumkin deb hisoblaydi. Shuning uchun u butun umri davomida o‘z xalqining ko‘zini ochishga urindi, yurtdoshlari, maslakdoshlarini ham shunga da’vat etdi. Buyuk adib shu jihatdan bizga ma’rifatparvar jadid bobolarimiz Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Cho‘lponlarni eslatadi.
R.Thokur asarlari jahonning ko‘p tillariga tarjima qilingan. Xususan, o‘zbek tilida adibning sakkiz jildlik tanlangan asarlar to‘plami, shuningdek, «Nur va soyalar» (1957), «Ko‘zga tushgan cho‘p» (1973) nomli kitoblari nashr etilgan.
O‘zbek sahnasida esa uning «Pochta» pyesasi va «Halokat» romani asosida tayyorlangan «Gang daryosining qizi» dramasi Hamza nomli akademik teatr (hozirgi Milliy teatr)da o‘ynalgan. «O‘zbekfilm» kinostudiyasida 1961-yilda xuddi shu nomda to‘la metrajli badiiy film yaratilgan.
R.Thokur ijodi o‘zbek yozuvchilari uchun ham tajriba maktabi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Ayniqsa, uning ma’rifatparvarlikni tarannum etuvchi asarlari hind va o‘zbek xalqi o‘rtasidagi buyuk Bobur tomonidan o‘rnatilgan do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qadrli o‘quvchilar! Sakkizinchi sinfda Sizga R. Thokurning «Nur va soyalar» hikoyasini o‘rganish tavsiya etiladi. Hikoya o‘tgan asr boshlarida Hindistonda mustamlakachilik zulmini tortgan, insoniy huquqlari poymol etilgan hind xalqi hayotidan muhim bir lavhani hikoya qiladi. Asar qahramoni Shoshibushon o‘qimishli, kamsuqum, dilkash yigit. U advokatlikka o‘qigan, biroq biror bir tayinli ish qilishdan ko‘ra yolg‘izlikda kitob mutolaasi bilan shug‘ullanishni afzal ko‘radi. Hikoyada qayd etilganidek, Shoshibushon «...osoyishtalik, tinchlikni yaxshi ko‘rardi, shuning uchun uylanishni ham xohlamasdi». Biroq ko‘p o‘tmay uzlat va tanholikni xush ko‘radigan bu yigit o‘zgarib, tez-tez g‘azabi jo‘shib, o‘zini qo‘ygani joy topolmay qoladi. Uning bu ahvolga tushishiga sabab, o‘z atrofida ro‘y berayotgan nohaqlik, adolatsizlik edi. Shoshibushon qishloqdagilardan bezib Kalkuttaga jo‘nay deb turganda, qishloqqa okrug sudyasi kelib qoladi. Uning yugurdaklari, xizmatchilari, politsiyachilari, itlari, otlari va otboqari butun qishloqni larzaga keltiradi. Sudya barchani urib-so‘kib zulm qila boshlaydi. Bunday adolatsizlikni ko‘rgan Shoshibushon chidab turolmaydi. Hamisha odamlardan yashirinib yurgan yigit sudya huzuriga kelib, u jabrlagan kishilarni qonun nomidan o‘z himoyasiga olishini ma’lum qiladi. Sudyaning: «Bu ishni ovoza qilmay, kelishib qo‘ya qolaylik», degan taklifiga rozi bo‘lmaydi. Biroq u sud jarayonini boy beradi. Sababi - «da’vogar sust bo‘lsa qozi muttaham» deganlaridek, jabrlangan noib Xorkumar da’vosidan qaytadi, sudyaga, xo‘jayini - zamindorga qarshi borgisi kelmaydi. Aksincha: «Men shikoyat qilmoqchi emas edim. Bu mening hamqishlog‘im Shoshining ishi», deb unga tuhmat qiladi.
Xullas, advokat Shoshibushon qaysi ishga qo‘l urmasin, muvaffaqiyatsizlikka uchrayveradi. Sababi o‘sha - odamlar haqiqat uchun kurashishdan ko‘ra, boshlari tinch bo‘lishini o‘ylaydilar, mutelikni ma’qul biladilar. Uning haqsizlik himoyasi uchun qilgan har bir harakati temir devorga urilgan chinni buyumdek sinib, chil-chil bo‘laveradi. Urinishlari puchga chiqqan Shoshibushon qonunni ham yig‘ishtirib qo‘yib, hatto politsiya xodimini do‘pposlash darajasiga boradi, bu qilmishi uchun besh yil qamoq jazosiga hukm qilinadi, ko‘p uqubatlar chekadi.
Adib mustamlaka yillarida Hindistonda hukm surgan tushkun ahvol, ingliz istilochilari tomonidan qo‘rqoq, yuvosh, mute avomga aylantirilgan yurtdoshlari taqdirini, bitta-yarimta insonning yurak yutib aytgan so‘zi yoki qilgan ishi shamolga sovurilayotganligini «Nur va soyalar» hikoyasida yorqin tasvirlagan. Ushbu asar jafokash hind xalqini qullikda ushlab turishga intilgan ajnabiy mustamlakachilar va ularga zulm pichog‘ini qayrab bergan mahalliy amaldorlar haqida bitilgan aybnoma kabi o‘qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |