Dars shiori: Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor. (I.A.Karimov)
Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik. 2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi: a) salomlashish b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
XIX asrda rus adabiyoti, jumladan, she’riyati shunday yuksak darajada rivojlandiki, bugun jahon adabiyotini shu davr rus so‘z san’atisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. XX asr boshlarida bu adabiyot yangi shoirlar berdi. Shulardan eng mashhuri — Sergey Yesenin.
Adabiyot ahli orasida, shoirlar qishloqlarda tug‘ilib, shaharlarda vafot etadi, degan gap yuradi. Bu rusning buyuk shoiri Sergey Aleksandrovich Yeseninga nisbatan to‘la mos keladi.
U 1895-yilning 3-oktabrida (eski hisob bo‘yicha 21-sentabrida) Rossiyaning qadim tarixga ega Ryazan guberniyasiga qarashli Konstantinovo qishlog‘ida oddiy dehqon oilasida tug‘ildi. Otasining kambag‘alligi, ayolmandligi uchun u ikki yoshligidan o‘ziga to‘qroq bo‘lgan ona tomonidan bobosining oilasida tarbiya topdi. Besh yoshligida o‘qishni o‘rgandi, to‘qqiz yoshidan xalq qo‘shiqlariga o‘xshatib she’rlar bita boshladi.
Qishloq muallimlari tayyorlaydigan maktabni tugallab, o‘n yetti yoshida Moskvaga bordi. Savdogarning idorasida ishladi, bosmaxonada musahhihlik qildi, adabiy-musiqiy to‘garakka qatnashdi, she’rlar yozishni davom ettirdi. O‘n to‘qqiz yoshidan she’rlari Moskva jurnallarida bosilib, mashhur bo‘ldi. Yigirma yoshida Petrogradga kelib, yana bir mashhur rus shoiri Aleksandr Blok bilan tanishdi. 1916-yildan Armiya xizmatiga kirdi. Oq podshoh sharafiga she’r yozishdan bosh tortgani uchun intizomiy batalyonga jo‘natildi, keyin xizmatdan tamoman voz kechdi. 1918-1921-yillarda Murmansk, Arxangelsk, Qrim, Kavkaz, Bessarabiya, shuningdek, Turkiston bo‘ylab safar qildi. 1922-1923-yillari esa taniqli amerikalik raqqosa Aysedora Dunkan bilan Yevropaning Germaniya, Fransiya, Belgiya, Italiya mamlakatlarini aylandi, to‘rt oy AQSHda yashadi. Sergey Yesenin 1925-yil 28-dekabrda fojiali tarzda vafot etdi. Shoir qayerda bo‘lmasin, umri bo‘yi o‘zini ruhan qishloqda yurgandek his qilib yashadi. Shoirning o‘z yurti va ona xalqiga yuksak muhabbati she’rlarida uning bevosita Ryazan o‘lkasiga mehri tarzida aks etgan.
Shoir asarlarida tarjimai holi bilan bog‘liq nuqtalar ko‘p tilga olinadi. Mumtoz o‘zbek adabiyotida bunday asarlarga hasbi hol deyiladi. «Endi qaytmam uyimga» hamda «Singlimga xat» she’rlarida muallifning ko‘p umri xorijiy mamlakatlarda, safarlarda o‘tgani shundoq sezilib turadi. Ammo qayerda yashamasin, vatani mehri uning qalbida jo‘sh uradi.
Sergey Yeseninning satrlari qisqa-qisqa, tili ravon va sodda, lirik qahramonning hayot, tabiat, odamlarga munosabatida qishloqcha samimiylik va to‘g‘rilik ufurib turadi. Eng muhimi, asarlarida sharqona ruh bor.
Bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan emas. Shoir forsiy tildagi mumtoz she’riyat namunalari bilan yaqindan tanishganidan keyin Eronga borishga qattiq intiladi. Biroq o‘sha paytdagi Rossiya va Eron munosabatlari rus shoirini u yoqqa yuborish maqsadga muvofiq emasligini taqozo etadi. Shunga qaramasdan, Sergey Yesenin qattiq turib Eronga borishni talab qilgani uchun uni Ozarbayjonning Bokuga yaqin qishloqlaridan biriga yuborishadi. Bir necha muddat bu yerda yashab, sharqona ruhni his etadi, Sharq odamlarining hayot tarzidan zavqlanadi va tez fursatda uning «Fors taronalari» she’rlar turkumi yoziladi.
Sharq she’riyatida Allohga ishqni majozan yorga ishq tarzida kuylash kuchli edi. Shunga taqlidan rus shoiri ham Sharq go‘zaliga bag‘ishlangan ishqiy she’rlar bitadi. Lekin shu mavzu bahonasida G‘arb kishisining Sharqqa mehri jo‘sh urib turganini sezish qiyin emas. Rus hayotini tasvirlaydimi, sharqona mavzularda qalam tebratadimi, bundan qat’i nazar, Sergey Yesenin she’rlarining tub mohiyatida umuminsoniylik yotadi. Millati, dini, irqidan qat’i nazar, ularni o‘qigan kishining ko‘nglida bir yorug‘lik, zavq, mehr, ezgulikka oshnolik tuyg‘usi paydo bo‘ladi. She’r qalbni poklaydi, deganlari shu.
Sergey Yeseninning aksar she’rlarini Erkin Vohidov maromiga yetkazib tarjima qilgan. Bu she’riyatning o‘zbek shoirlari ijodiga juda katta ta’siri bo‘ldi. Erkin Vohidov, Tilak Jo‘ra, Ma’ruf Jalil, Xurshid Davron va boshqalar ijodida buni yaqqol sezamiz. Xususan, O‘zbekiston xalq shoiri marhum Muhammad Yusuf ijodini Sergey Yesenin asarlari ta’sirisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |