Dars shiori: Adabiyotga e’tibor – kelajakka, ma’naviyatga e’tibor. (I.A.Karimov)
Foydalaniladigan adabiyotlar:
1) «Adabiyot» 8-sinf uchun darslik.
2) 8-sinf «Adabiyot» darsligining elektron varianti.
I. Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
Ozod Sharafiddinov 1929-yilning 1-martida Qo‘qon shahri yaqinidagi Oxunqaynar qishlog‘ida tavallud topgan. Uning bolalik, o‘smirlik kezlarigina emas, keyingi butun hayoti ham Toshkent shahri bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. Olim o‘zining oilasi, onasi to‘g‘risida, jumladan, quyidagilarni yozadi:
«Men onamni «aya» derdim. Ayam Qo‘qonning yonginasidagi Oxunqaynar qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan, so‘ng taqdir taqozosi bilan avval Qo‘qonga, keyin Toshkentga kelib, turib qolgan...
Biz oilada to‘rt farzand edik; ochig‘ini aytganda, bolalikda ona mehriga to‘yganmizmi-yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Biz uyqudan turmasdan ayam ishga ketib qolar, kechqurun u kishi ishdan qaytganda biz uxlab qolardik. Shu alpozda yillar o‘tdi — biz ulg‘aydik, uyli-joyli bo‘ldik, ayam ham salkam yarim asrlik a’zolik stajiga ega bo‘lgan partiya fahriysiga aylandilar. Ammo bir kun kelib, keksalik kor qildimi yo ko‘p yillik «qadrdon» kasallari — diabet yengdimi, har holda ayam yotib qoldilar. Butun umri odamlar orasida, harakatda, faoliyatda o‘tgan odam yotib qolmasin ekan — tashqi dunyodan uzilib, to‘rt devor ichiga qamalib qolish yomon bo‘larkan. Biz — farzandlar, albatta, qo‘limizdan kelguncha ayamning ahvolini yengillatishga harakat qildik, lekin u kishi alam va iztiroblar ichida hayotdan ko‘z yumdilar. Keyin o‘ylab qarasam, u kishining umriga zavol bo‘lgan narsa faqat qand kasalining tajovuzlarigina emas ekan. Gap yo‘q, o‘lim haq! Ammo odamni qismatidan besh kun burun bu dunyo bilan vidolashuvga majbur qiladigan sabablar ham ko‘p ekan. Ayamning hadeganda tilga chiqavermaydigan allanechuk og‘ir pinhoniy bir dardi bor edi. Ko‘pincha ishdan qaytib, huzurlariga kirsam, ko‘zlari namiqqan, yuzlari tund bo‘lardi.
Yana yig‘ladingizmi, aya?
Yo‘q, bolam, nega yig‘lay? Shunchaki siqildim-da, derdilar ayam shikasta ovozda.
Bir kuni o‘zlari yorildilar:
— Nega bunaqa, a, o‘g‘lim ? Men ellik yillik umrimni partiyaga bag‘ishladim, sochimni supurgi, qo‘limni kosov qilib uning xizmatini qildim, endi esa partiya shiramni so‘rib olib, po‘stimni tuflab tashladi. Shuncha xizmatlarim qumga singib ketdimi?..»
(O.Sharafiddinovning onasi to‘g‘risidagi bu hikoyasi nega batafsil keltirilganiga shu darsimiz oxirida, albatta, javob topasiz.)
Ozod Sharafiddinov Toshkent shahrida o‘rta maktabni tugallab, O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ga o‘qishga kiradi va 1951-yilda uni muvaffaqiyatli yakunlaydi. Oradan uch yil o‘tar-o‘tmas, Moskvada nomzodlik dissertatsiyasini ham himoya qiladi.
O.Sharafiddinov mehnat faoliyatining asosiy qismi o‘zi o‘qigan universitetda kechdi. U 1955-1995-yillar oralig‘ida, qariyb qirq yil mana shu ilm dargohida yoshlarga bilim va tarbiya berdi, minglab shogirdlarga beminnat ustozlik qildi.
Uning 1996-1997-yillarda «Tafakkur» jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, 1997-yildan to umrining oxiriga qadar «Jahon adabiyoti» jurnali Bosh muharriri vazifalarida ishlagan kezlari ham nihoyatda barakali, sermahsul ijodiy yillar bo‘ldi.
Ozod Sharafiddinov haqida gap ketganda, hayotda ham, ilmda ham, kundalik turmushda ham halollikni, adolatni, e’tiqodni mahkam tutgan, Har qanday sharoitda haqiqatni himoya qilgan zabardast inson siymosi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Bu chinakam ma’nodagi olim, bukilmas shaxs boshidan ne-ne savdolar kechmadi. Yuqorida aytilganidek, iqtisodiy qiyinchiliklar va urush yillariga to‘g‘ri kelgan og‘ir bolalik va o‘smirlik yillarida ham, adabiyot va san’atga bir yoqlama, hukmron mafkura manfaatlaridan kelib chiqib baho berish talab etilgan o‘tgan asrning 50-80-yillarida ham, o‘ziga qarshi turli ig‘volar uyushtirilgan paytlarda ham Ozod Sharafiddinov hayotiy prinsiplaridan tonmadi, barcha ko‘rgiliklarga bardosh berdi. Albatta, bu kurashlar olimning jism-u jonini zangday kemirdi, «qand kasali»day bedavo dardga yo‘liqtirdi, biroq uning ruhi doimo tetik, vijdoni uyg‘oq qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |