[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.29.00.00 Buxgalteriya hisobi. Moliyaviy hisobot / 07.29.07.00 Alohida tarmoqlarda hisob]
[
TSZ:
1.Moliya / Buxgalteriya hisobi]
“TASDIQLANGAN”
O‘zbekiston
Respublikasi
Moliya vazirligi
Vazirning o‘rinbosari
E.F. GADOYEV
1998-yil 2-noyabr 58-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBIning MILLIY STANDARTI 17-SON BHMS
KAPITAL QURILIShGA OID PUDRAT ShARTNOMALARI
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 23-dekabrda 579-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS) O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini me’yoriy tartibga solish tizimining bir qismi hisoblanadi.
STANDARTNING
MAQSADI
2. Ushbu standartning maqsadi qurilish pudrati shartnomalari bilan bog‘liq bo‘lgan daromadlar va xarajatlarning buxgalteriya hisobi uslubiyatini belgilashdan iborat. Pudrat shartnomasi bo‘yicha daromadlar va xarajatlarning taqsimlanishi pudrat shartnomalarini hisobga olishdagi asosiy masalasidir, chunki pudratni bajarishning boshlang‘ich va oxirgi muddatlari odatda har xil hisobot davrlariga to‘g‘ri keladi. Pudrat shartnomasi bo‘yicha daromadlar va xarajatlar moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda daromadlar va xarajatlar sifatida aks ettirilishi lozim bo‘ladigan paytni belgilash uchun ushbu standart moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish qoidalarida (BHMS “Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asos” BHMSi) belgilangan mezonlaridan foydalanadi.
HARAKAT DOIRASI
3. Ushbu standart kapital qurilish uchun pudrat shartnomalari bo‘yicha natijalarni tayyorlash va moliyaviy hisobotga kiritish maqsadida pudratchilar tomonidan qo‘llaniladi.
Mazkur standart o‘z ehtiyojlari uchun kapital qurilishni amalga oshirayotgan (xo‘jalik hisobi usuli) subyektlar — quruvchilarga taalluqli emas, chunki ular bunday faoliyatdan daromad olmaydilar, ular qilgan xarajatlarning hammasi esa kapitallashtiriladi.
TUShUNChALAR
4. Ushbu standartda foydalaniladigan tushunchalar:
Kapital qurilish uchun pudrat shartnomasi (keyingi o‘rinlarda “Qurilish pudrati shartnomasi”) — ushbu shartnomaga
asoslanib pudratchi, buyurtmachining topshirig‘iga ko‘ra qurilish ishlarini bajarish majburiyatini tavakkal qilib zimmasiga oladigan, buyurtmachi esa bajarilgan ishni qabul qilib oladigan va haqini to‘laydigan shartnomadir. Qurilish pudrati shartnomasi bir-biri bilan mustahkam bog‘langan yoki ularni loyihalash va ulardan foydalanish shartlari bo‘yicha o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bitta obyektni yoki obyektlar guruhini qurish maqsadida tuzilishi mumkin. Bundan tashqari, qurilish pudrati shartnomalariga obyektlarni qurish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatish ishlari kiritilishi mumkin (ya’ni qurilayotgan obyektlar rahbariyatining va me’morlarning xizmatlari va h.k.).
Belgilangan narxdagi qurilish pudrati shartnomasi — ushbu shartnomaga ko‘ra taraflar qurilish ishlarining belgilangan narxiga (qiymatiga) yoki o‘zgaruvchan narx haqida qayd etgan holda bajarilgan ishlar birligining belgilangan stavkasiga rozilik bildiradigan shartnomadir.
Kelishilgan narx bo‘yicha qurilish pudrati shartnomasi — ushbu shartnomaga ko‘ra qurilish ishlarini bajarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan buyurtmachi yo‘l qo‘yadigan miqdordagi haqiqiy
xarajatlar, shu jumladan shartnomada qayd etilgan mukofot puli bilan birga pudratchiga to‘lanadi.
OBYEKTLAR BO‘YIChA ShARTNOMALAR VA QURILISh PUDRATI ShARTNOMALARI GURUHLARI
5. Ushbu standart talablari har bir qurilish pudrati shartnomasiga nisbatan alohida qo‘llaniladi. Muayyan vaziyatlarda standartni pudrat shartnomasining yoki shartnomalar guruhining mohiyatini aks ettirish maqsadida bitta pudrat shartnomasining ayrim qismlariga nisbatan yoki pudrat shartnomasining butun bir guruhiga nisbatan qo‘llanish zarur.
6. Agar bir necha obyektga bitta pudrat shartnomasi tuzilayotgan bo‘lsa, u holda har bir obyektning qurilishini alohida qurilish pudrat shartnomasi
deb hisoblash kerak, agar quyidagi shartlar bajarilgan bo‘lsa:
— har bir obyekt bo‘yicha qurilish ishlarining shartnomaviy qiymatiga doir alohida taklif mavjud bo‘lsa;
— har bir obyekt bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lsa va pudratchida ham, buyurtmachida ham ayrim obyektlarni qabul qilish yoki qabul qilishdan bosh tortish imkoniyati bor bo‘lsa;
— daromadlar va xarajatlar har bir obyekt bo‘yicha aniqlash imkoniyati bo‘lsa.
7. Qurilish pudrat shartnomasi buyurtmachining xohishiga qarab qo‘shimcha obyekt qurilishini ko‘zda tutishi yoki qo‘shimcha obyekt qurilishi bilan to‘ldirilishi mumkin. Qo‘shimcha obyekt qurilishini quyidagi hollarda alohida shartnoma deb hisoblash kerak:
— obyekt dastlabki shartnomaga kiritilgan obyekt yoki obyektlar loyihasidan, texnologiyasi yoki vazifalari bilan tubdan farq qilsa;
— qo‘shimcha obyekt uchun shartnomaviy qiymat dastlabki shartnoma bo‘yicha shartnomaviy qiymatni hisobga olmagan holda kelishilsa.
QURILISh PUDRAT ShARTNOMALARI BO‘YIChA DAROMADLAR
8. Pudratdan olinadigan daromad quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
— qurilish ishlarining dastlabki
shartnomaviy qiymatini;
— shartnomani o‘zgartirishdan olinadigan daromadlar, e’tirozlar bo‘yicha daromadlar va rag‘batlantirish to‘lovlarini.
9. Qurilish pudrat shartnomasidan olinadigan daromad hisoblab chiqarish paytida joriy qiymat bo‘yicha belgilanadi. Kelgusidagi ishlarning natijalariga bog‘liq bo‘lgan ko‘zda tutilmagan har xil ishlar pudrat shartnomasidan olinadigan daromadning o‘zgarishiga ta’sir o‘tkazadi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Qurilish pudrat shartnomasining o‘zgarishi amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lgan o‘zgarishdir.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
11. O‘zaro e’tirozlar (da’volar) bo‘yicha daromadlar pudratchi pudrat shartnomasini buzgan buyurtmachidan olmoqchi bo‘lgan mablag‘lardir.
12. Rag‘batlantirish to‘lovlari pudrat shartnomasida belgilangan ishlarni bajarganda yoki oshirib bajarganda pudratchiga to‘lanadigan qo‘shimcha summalardir. Rag‘batlantirish to‘lovlari hisoblash usuli bilan daromadga kiritiladi.
QURILISh PUDRAT ShARTNOMALARI BO‘YIChA XARAJATLAR
13. Pudrat shartnomasi bo‘yicha xarajatlarga quyidagilar kiradi:
— xarajatlar tarkibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ushbu pudrat shartnomasi bilan bog‘liq bo‘lgan bevosita xarajatlar;
— xarajatlar tarkibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq pudrat shartnomasi bo‘yicha umumiy qurilish ishlariga taalluqli bo‘lgan va pudrat shartnomasi bo‘yicha taqsimlanishi va shartnoma qiymatiga kiritilishi mumkin bo‘lgan bilvosita xarajatlar (qo‘shimcha sarflar);
— shartnoma shartlarida xarajatlarini qoplash qayd etilgan tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari singari qurilish pudrat shartnomasi shartlari bo‘yicha buyurtmachi tomonidan qoplanadigan boshqa xarajatlar.
14. Pudrat shartnomasi bo‘yicha faoliyatga kiritilmaydigan va taqsimlanmaydigan xarajatlar qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha xarajatlardan chiqarib yuboriladi (masalan, pudrat shartnomasi shartlarida qoplanishi qayd etilmagan ma’muriy xarajatlar, tajriba-konstruktorlik ishlari xarajatlari, sotish xarajatlari va hokazo).
QURILISh PUDRATI ShARTNOMALARI BO‘YIChA DAROMADLAR VA XARAJATLARNING E’TIROF
ETILIShI
15. Daromadlar va xarajatlarni buxgalteriya balansini tuzish sanasiga pudrat bo‘yicha qurilishni yakunlash darajasini hisobga olgan holda daromadlar va xarajatlar sifatida e’tirof etish kerak (ya’ni pudrat bo‘yicha ishlarni yakunlash foiziga tayangan holda). Daromadlar va xarajatlar ular paydo bo‘lgan hisobot davrlarida e’tiborga olinishi kerak.
16. Belgilangan narxdagi qurilish pudrat shartnomasining natijasi quyidagi barcha shartlarga rioya etilganda baholanadi, agar:
— pudrat shartnomasi bo‘yicha umumiy daromad aniqlash mumkin bo‘lsa;
— pudratchi iqtisodiy foyda olsa;
— qurilish ishlarini bajarish xarajatlarini va foizini aniqlash hamda buxgalteriya balansiga kiritish mumkin bo‘lsa;
— pudrat shartnomasi bo‘yicha qilingan haqiqiy xarajatlarni smeta me’yorlari bilan qiyoslash mumkin bo‘lsa.
17. “Shartnoma narxdagi” qurilish pudrat shartnomasining natijasi quyidagi barcha shartlarga rioya
etilganda baholanishi mumkin, agar:
— pudratchi iqtisodiy foyda olsa;
— qurilish ishlarini bajarish xarajatlari va foizini aniqlash va buxgalteriya balansiga kiritish mumkin bo‘lsa.
18. Agar qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha daromadga kiritib bo‘lingan va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda aks ettirib bo‘lingan mablag‘ni olish paytida noaniqlik yuzaga keladigan bo‘lsa, u holda to‘liq olinmagan mablag‘ yoki olish ehtimoli yo‘qqa chiqqan mablag‘ qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha daromad miqdorini tuzatish sifatida emas, balki xarajat sifatida hisobga olinadi.
19. Qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha bajarilgan ishlar foizi shartnoma turiga qarab quyidagi usullarda o‘lchanadi:
— muayyan sanaga bajarilgan qurilish ishlari bo‘yicha xarajatlar miqdorini shartnoma bo‘yicha umumiy smeta xarajatlariga nisbatan;
— nazorat o‘lchovini o‘tkazish;
— qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha ishlarning jismoniy (fizik) qismini yakunlash.
Buyurtmachidan olingan oraliq to‘lovlar va bo‘nak to‘lovlari bajarilgan ishlar darajasini aks ettirmaydi.
20. Qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha natijani ishonchli tarzda aniqlash mumkin bo‘lmagan hollarda:
— daromad pudrat shartnomasi bo‘yicha qilingan chiqimlar qoplanishi ehtimoli bo‘ladigan darajadagina e’tirof etilishi kerak;
— qurilish bo‘yicha xarajatlar ular haqiqiy qilingan davr mobaynida boshlang‘ich hisob-kitob ma’lumotlari bo‘yicha xarajatlar sifatida e’tirof etilishi kerak.
MO‘LJALDAGI ZARARLARNING E’TIROF ETILIShI
21. Umumiy xarajatlar qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha daromadlardan oshib ketgan hollarda mo‘ljaldagi zararlar mazkur hisobot davri xarajatlari deb e’tirof etilishi kerak.
Bunday zararlar miqdori:
— pudrat shartnomasi bo‘yicha ishlar boshlanganligiga;
— pudrat shartnomasi bo‘yicha ishlarning bajarilish foiziga;
— qurilish pudratining yagona daromadi deb qabul qilinayotgan boshqa pudrat shartnomalari bo‘yicha kutilayotgan yalpi daromad summasiga bog‘liq bo‘lmagan holda belgilanadi.
YORITIB BERISh
22. Pudratchi quyidagilarni ochib oshkor qilishi shart:
— hisobot davrida har bir qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha daromad miqdorini;
— hisobot davrida e’tirof etiladigan qurilish pudrat shartnomasi bo‘yicha daromadni aniqlashda
foydalaniladigan usullarni;
— qurilish pudratining tugallanmagan shartnomasi bo‘yicha ishlarning bajarilish bosqichi foizini aniqlashda foydalaniladigan usullarni.
Qurilish pudrat shartnomalari bo‘yicha daromadlar va xarajatlarni baholash usullaridagi o‘zgarishlar ham hisobot davridagi va keyingi davrlardagi moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda (3-BHMS) e’tirof etiladigan hisob-kitob baholashlaridagi o‘zgarishlar kabi ochib berilishi kerak.
23. Hisobot sanasiga tugallanmagan qurilish pudrat shartnomalari bo‘yicha pudratchi quyidagi axborotlarni oshkor qilishi kerak:
— haqiqiy qilingan chiqimlarning va e’tirof etilgan daromadning (e’tirof etilgan zararlarni chiqarib tashlagan holda) jami miqdorini;
— oldindan to‘langan va olingan mablag‘ni;
— ushlab qolingan summalarni.
24. Pudratchi moliyaviy hisobotlarda quyidagilarni aks ettirishi shart:
— buyurtmachilarning qurilish ishlari bo‘yicha debitorlik qarzlarini;
— buyurtmachilarning qurilish ishlari bo‘yicha kreditorlik qarzlarini.
AMALGA KIRITISh SANASI
25. Ushbu Buxgalteriya hisobi milliy standarti O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab amalga kiritiladi.