38. Allohning payg'ambarga farz (halol) qilgan narsada unga tanglik bo'lmas. (Bu) ilgari o'tgan
(payg'ambarlar) haqidagi Allohning yo'lidir. Allohning ishi o'lchovli taqdirdir.
39. Ular (o'tgan payg'ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, Undan qo'rqadigan
va Allohdan o'zgadan qo'rqmaydigan zotlardir. Allohning O’zi yetarli hisobdondir.
40. Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va
payg'ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir.
Izoh: Bu yerda Alloh taolo Muhammad alayhissalomni "Payg'ambarlarning muhri" deb atagan. Zero, har bir
muhim yozma ish so'ngida muhr bosilgani kabi Payg'ambarimiz ham oxirgi payg'ambar bo'lganlari va
endilikda to qiyomatgacha boshqa payg'ambar kelmasligi aniq bo'lgani uchun payg'ambarlar kitobiga muhr
bosilgandek bo'ldi.
41. Ey, imon keltirganlar, Allohni ko'p zikr qilinglar
42. va erta-yu kech Unga tasbeh aytinglar!
43. U sizlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun sizlarga marhamat ko'rsatadigan zotdir. Uning
farishtalari ham (sizlarga mag'firat tilaydilar). U mo’minlarga mehribondir.
44. Unga (Allohga) ro'baro' bo'ladigan kundagi ularga (Allohning) istiqbol so'zi salomdir. Ular uchun
ulug' mukofot (jannat) tayyorlab qo'ygandir.
Izoh: Ya'ni, Alloh mo’min bandalariga jannatda "Assalomu alaykum" deb salom bilan kutib olajak, inshoallohu
taolo.
45. Ey, Payg'ambar, darhaqiqat, Biz Sizni (qiyomatda barcha ummatlarga) guvoh bo'luvchi, (jannat
xaqida) xushxabar beruvchi va (do'zax azobidan) ogohlantiruvchi etib yubordik.
46. Allohning izni bilan Unga (diniga) da'vat qiluvchi va (yo'l ko'rsatuvchi) nurli chiroq qilib ham.
47. Alloh tomonidan berilajak katta fazl (jannat) haqida mo’minlarga xushxabar bering!
48. Kofirlar va munofiqlarga bo'yin sunmang va ularning aziyatlariga parvo qilmang hamda Allohga
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
283
tavakkul qiling! Allohning O’zi yetarli vakil (homiy)dir.
49. Ey, mo’minlar, qachonki, sizlar mo’minalarni nikohlaringizga olsangizlar-u, so'ngra ularga
"tegish"dan ilgari ularni taloq qilsangizlar, u holda sizlar uchun ularning zimmasida sanaydigan idda
yo'qdir. Bas, sizlar ularni (ozgina) bahramand etib, chiroyli kuzatish bilan kuzatinglar!
50. Ey, Payg'ambar, albatta, Biz Sizga mahrlarini bergan juftlaringizni, Alloh Sizga o'lja qilib bergan
qo'l ostingizdagi cho'rilaringizni, Siz bilan birga hijrat qilgan amakingizning qizlarini va
ammalaringizning qizlarini, tog'angizning qizlarini va xolalaringizning qizlarini yana (har qanday)
mo’mina ayolni - agar u o'zini payg'ambarga tortiq etsayu, payg'ambar uni (mahrsiz) o'z niqohiga
olishni istasa, (mazkur ayollarni Siz uchun) halol qildik. (Mahrsiz uylanish barcha) mo’minlar uchun
emas, xolis siz uchundir. Biz (mo’minlarga) juftlari va qo'l ostilaridagi cho'rilari haqida farz qilgan
hukmlarimizni esa aniq bildik. Bu Sizga tanglik bo'lmasligi uchundir. Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.
51. Siz ulardan o'zingiz xohlagan ayolni qoldirib, o'zingiz xohlagan ayolni o'zingizga hamxona qilursiz.
O’zingiz chetlatgan ayollaringizdan birortasini (hamxonalikka) istasangiz, Sizga hech qanday gunoh
bo'lmas. Bu ularning ko'zlari quvonishiga, g'amgin bo'lmasliklariga va Siz ularga ato etgan narsaga
barchalari rozi bo'lishlariga yaqinroq (yo'l)dir. Alloh sizlarning dillaringizdagi narsani (ham) bilur.
Alloh bilimdon va halimdir.
52. (Ey, Muhammad,) Siz uchun bundan so'ng ayollar (ya'ni, uylanishingiz) halol bo'lmas. Garchi
(boshqa xotinlarning husni Sizni qiziqtirsa ham ularni (o'z ayollaringizga) almashtirish ham (halol
bo'lmas). Illo, Siz ega bo'lgan cho'rilar (haloldir). Alloh barcha narsa ustidan kuzatib turuvchi zotdir.
53. Ey, imon keltirganlar, Payg'ambarning uylariga faqat sizlarni biror taomga chaqirilsagina kiringlar.
(O’shanda ham) unga erishishga ko'z tutib turmangizlar, balki chaqirilganingizda kiringiz va taomdan
so'ng gapga berilib ketmay, tarqalingiz! Zero, bu Payg'ambarga ozor berur, u esa sizlardan iymanar.
Alloh haq (gap)dan tortinmas. Qachonki, sizlar ulardan (payg'ambar ayollaridan) biror narsa
so'rasangizlar, parda ortidan so'rangizlar! Mana shu sizlarning dillaringiz va ularning dillariga nisbatan
ham tozaroq (ish)dir. Sizlar uchun Allohning payg'ambariga ozor berish va undan keyin ayollariga
uylanishingiz hech mumkin emasdir. Chunki, bu Alloh nazdida ulkan (gunoh)dir.
54. Agar sizlar biror narsani oshkor qilsangizlar yoki yashirsangizlar ham, albatta, Alloh barcha narsani
biluvchi zotdir.
55. (Payg'ambar ayollari) o'z otalariga, o'g'illariga, og'a-inilariga, og'a-inilarining o'g'illariga, opa-
singillarining o'g'illariga, (mo'mina) ayollarga va qo'l ostilaridagi cho'rilarga (hijobsiz ko'rinishlarida)
ularga gunoh yo'qdir. (Ey, payg'ambar ayollari), Allohdan qo'rqingizlar! Albatta, Alloh barcha narsaga
guvohdir.
56. Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg'ambarga salavot ayturlar. Ey mo’minlar, (sizlar ham) unga
salavot va salom aytinglar!
57. Albatta, Alloh va Uning payg'ambariga ozor beradigan kimsalarni Alloh dunyoda ham, oxiratda
ham la'natlar va ular uchun xor qiluvchi azobni tayyorlab qo'ygandir.
58. Mo'min va mo'minalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar bo'hton va aniq
gunohni o'zlariga olibdilar.
59. Ey, Payg'ambar, xotinlaringizga, qizlaringizga va mo'minlarning xotinlariga ayting, ustlariga
yopinchiqlarini tashlab olsinlar! Mana shu ularning (kim ekanliklari) tanilib, ozorlanmasliklari uchun
eng yaqin (uslubdir). Alloh mag'firatli va rahmli zotdir.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
284
60. Qasamki, agar munofiqlar, dillarida buzuqlik bo'lgan kimsalar va Madinada mish-mish tarqatib
yuruvchilar (o'z qilmishlaridan) tiyilmasalar, albatta, Biz Sizni ularga qarshi qo'zg'aturmiz, so'ngra ular
(Madinada) ozchilikdan boshqasi Siz bilan yonma-yon tura olmay qolurlar,
61. la'natga duchor bo'lgan hollarida. (U paytda) ular qayerda topilsalar, ushlanurlar va qirib
tashlanurlar.
62. (Bu) ilgari o'tgan zotlar xususidagi Allohning yo'lidir. Allohning yo'lini esa sira o'zgartirilgan
topmassiz.
63. Odamlar Sizdan qiyomat (qachon bo'lishi) haqida so'raydilar. "U haqdagi ma'lumot faqat Allohning
huzuridadir", - deb ayting. Qayerdan bilursiz, ehtimol, qiyomat yaqinda bo'lar.
64. Albatta, Alloh kofirlarni la'natladi va ular uchun do'zaxni tayyorlab qo'ydi.
65. (Ular) na biror do'st va na biror yordamchi topmagan hollarida u joyda mangu qolurlar.
66. Yuzlari olovda aylantiriladigan kunda, ular: "Koshki edi, Allohga itoat etganimizda, payg'ambarga
itoat etganimizda", - derlar.
67. Yana ular: "Parvardigoro, darhaqiqat, bizlar boshliqlarimizga va kattalarimizga bo'yin sundik, bas,
ular bizlarni (to'g'ri) yo'ldan ozdirdilar.
68. Parvardigoro, ularga azobni ikki hissa qilib bergin va ularni katta la'nat bilan la'natlagin", -
deydilar.
69. Ey, mo'minlar, sizlar Musoga ozor bergan kimsalar kabi bo'lmangizlar! Bas, Alloh (Musoni) ular
aytgan narsa (ayblar)dan oqladi. U Alloh nazdida obro'li kishi edi.
70. Ey, mo’minlar, Allohdan qo'rqinglar va to'g'ri so'zlanglar!
71. (Shunda Alloh) ishlaringizni o'nglar va gunohlaringizni mag'firat etar. Kimki Allohga va Uning
payg'ambariga itoat etsa, bas, u ulug' yutuqqa erishibdi.
72. Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va tog'larga taklif etdik, ular uni
ko'tarishdan bosh tortdilar va undan qo'rqdilar. Inson esa uni o'z zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (o'ziga)
zulm qiluvchi va nodondir.
73. Alloh munofiq va munofiqalarni, mushrik va mushrikalarni jazolash uchun hamda mo’min va
mo'minalarning tavbalarini qabul qilish uchun (bu omonatni yukladi). Alloh mag'firatli va rahmli
zotdir.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
285
SABA' SURASI
Saba' - Yaman diyoridagi qadimiy shahar nomi. Unda Bilqis ismli malika hukmronlik qilgani va Sulaymon (a.
s.) bilan o'rtalarida kechgan mojarolar to'g'risida Naml surasida bayon qilingan edi. Bu surada mazkur Saba'
qabilasining noshukurliklari sababli noz-ne'matlardan mahrum bo'lganlari to'g'risida oyatlar kelgani uchun unga
shu nom berilgan. Surada Dovud va Sulaymon (a. s.) qissalari, haq bilan botilning o'zaro kurashi, ezgulikka
berilajak ajru savoblar, yovuzlikka atalgan uqubat va jazolar to'g'risida ham batafsil ma'lumotlar berilgan.
Ayniqsa, jin, dev, parilar ham inson kabi g'aybiy sirlarni mukammal bilmasligi haqida ibratli voqealar ushbu
surada o'z aksini topgan.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
1. Hamd Allohga (xos)dir. U shunday zotki, osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Unikidir. Oxiratda
ham hamd faqat Unga (xos)dir. U hikmatli va xabardor zotdir.
2. U Yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, samodan tushadigan narsalarni
ham, unga ko'tariladigan narsalarni ham bilur. U rahmli va mag'firatlidir.
3. Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlarga qiyomat kelmas", - dedilar. Ayting: "Yo'q! G'aybni biluvchi
Rabbimga qasamki, shak-shubhasiz, u (qiyomat) sizlarga kelur! Osmonlar va Yerdagi bir zarra
misolicha, undan ham kichik (yoki) katta biror narsa (Alloh)dan maxfiy bo'lmas, albatta, aniq Kitobda
(Lavhul-Mahfuzda u) mavjuddir".
4. Toki (Alloh) imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni mukofatlashi uchun (qiyomat qoyim
bo'lur). Ana o'shalar uchun mag'firat va farovon rizq (jannat) bordir.
5. Oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yurgan kimsalar uchun jazo alamli azobdir.
6. (Ey, Muhammad,) ilm berilgan zotlar Sizga Rabbingiz (tomoni)dan nozil qilingan (Qur'on)ning haq
(Kitob) ekanini va u qudratli, hamdga loyiq zotning yo'liga hidoyat qilishini bilurlar.
7. Kofir bo'lgan kimsalar derlar: "Sizlarga (chirib) titilib bo'lak-bo'lak bo'lib ketgan vaqtingizda,
albatta, sizlar yana yangitdan yaratilursizlar, deb xabar beradigan bir kishini ko'rsataylikmi?
8. U Alloh sha'niga yolg'on to'qidimi yoki unda jinnilik bormi?" - dedilar. Yo'q, (balki) oxiratga
ishonmaydiganlar azobda va (hidoyatdan) uzoq zalolatdadirlar.
9. Axir, ular oldilaridagi va ortlaridagi (atroflaridagi) narsalarga - osmonu zaminga boqmaydilarmi?!
Agar Biz xohlasak, ularni yerga yuttirib yuborurmiz yoki ustilariga osmondan parchalar tushirurmiz.
Albatta, bunda har bir (Allohga) qaytuvchi banda uchun dalolat bordir.
10. Biz Dovudga (ulug') fazl (martaba) ato etdik: "Ey, tog'lar va qushlar! (Dovud) bilan birga tasbeh
aytinglar!" Va uning uchun temirni (xamirdek) muloyim qilib qo'ydik.
Izoh: Demak, Dovud (a. s.)ga Alloh taolo payg'ambarlikdan tashqari yana xush ovoz va temirchilik
ne'matlarini ato etganki, Zabur kitobini tilovat qilganlarida qush-tuyurlar ham maftun bo'lib, unga jo'r bo'lar,
atrofdagi tog'u toshlar ham aks sado berib tilovatga qo'shilishar, tasbehni birga aytishar ekan. Ikkinchi ne'mat-
temirchilikda ham mislsiz imtiyozli bo'lganlaridan qo'llaridagi temir xamirdek erib, undan xohlagan asbobni
yasay olar ekanlar.
11. (Va unga dedik): "Sovutlar yasagin va (ularni) yasashda me'yorni bilgin! (Ey, Dovud oilasi), yaxshi
amal qilinglar! Zero, Men qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidirman".
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
286
12. Sulaymonga ertalab bir oylik, kechki payt bir oylik (masofani bosib o'tadigan) shamolni (bo'yin
sundirdik) va uning uchun mis bulog'ini oqizib qo'ydik. Yana jinlardan ham Parvardigorining izni bilan
uning qo'l ostida ishlaydigan (jin)larni (bo'ysundirib qo'ygandirmiz). Ulardan kim Bizning amrimizdan
chetlasa, Biz unga o't azobidan tottirib qo'yurmiz.
13. Ular (Sulaymonga misdan u) xohlagan narsalarni - mehroblar (ibodatxonalar), timsollar (haykallar,
suratlar), hovuzlar kabi (katta) laganlar va (o'choqlarga) o'rnashuvchi qozonlarni yasab berurlar. "(Ey),
Dovud oilasi, (bu ne'matlarning) shukronasi uchun amal (ibodat) qilinglar! Bandalarim orasida shukr
qiluvchisi ozdir".
14. Bas, qachonki, Biz (Sulaymonga) o'limni hukm qilganimizda, uning o'limiga faqat asosini yeyayotgan
kemiruvchi qurtgina dalolat qildi. Bas, qachonki, u qulab tushgach, jinlarga aniq bo'ldiki, agar ular
g'aybni biluvchi bo'lganlarida bu xor qiluvchi azobda (mehnatda) qolmagan bo'lur edilar.
Izoh: Sulaymon (a. s.)ga Alloh taolo insu jin, parrandayu darrandalar ustidan podshohlik qilish ne'matini ato
etgan bo'lib, bir mis buloq ham u kishiga musaxxar etib bo'yinsundirib qo'yilgan ekan. Payg'ambar itoatidagi
jinlar o'sha buloqdan mis eritmasini olib, Sulaymon (a. s.) aytgan buyum va shakllarni yasar ekanlar. Mazkur
oyatda jinlarning g'aybiy sirlardan hamisha ogoh bo'lavermasliklari isbotlangan. Zero, agar ular g'aybni
bilganlarida Sulaymon (a. s.)ning asoga suyangan holda vafot etganidan voqif bo'lar va majburiy qilayotgan
og'ir ishlarini to'xtatgan bo'lur edilar. Vaholanki, ular payg'ambar asosini qurt yeb, yerga qulab
tushganlaridan keyingina xabar topdilar. Shunday qilib, Sulaymon (a. s.) o'lib, devlar mehnatdan qutilgan
ekanlar.
15. Saba' (qabilasi) uchun o'z maskanlarida (Allohning fazliga doir) bir alomat bor edi- o'ng tomon ham,
so'l tomon ham bog'-rog' bo'lib, (Biz ularga): "Parvardigoringiz rizqidan bahramand bo'linglar va Unga
shukr qilinglar! (Shahringiz) pokiza shahar, (Parvardigoringiz) mag'firatli Parvardigordir" (degan
edik).
16. Bas, ular (shukrdan) yuz o'girgach, Biz ularning ustiga to'g'on bilan (to'sib qo'yilgan) selni (ochib)
yubordik va ularning bog'larini achchiq mevali, yulg'unzor va siyrak butazor "bog'lar"ga almashtirib
qo'ydik.
17. Kofir bo'lganlari sababli ularni mana shu (jazo bilan) jazoladik. Biz kofirdan o'zga kimsaga jazo
berarmidik?!
18. Biz ular bilan O’zimiz muborak qilgan shaharlarning orasida ko'rinib turadigan qishloqlarni barpo
qilib, ular orasida yurish (masofasi)ni ham o'lchab, (ularga): "Bu (qishloqlarda) kechalari ham,
kunduzlari ham tinchgina yuraveringlar!" (degan edik).
19. Ular esa (bu ne'matlarga noshukrlik qilib): "Parvardigoro, safarlarimiz orasidagi (masofani) yiroq
qilgin", - deyishib, o'zlariga zulm qildilar, bas, Biz ularni (odamlar og'zidagi) cho'pchakka aylantirib
qo'ydik va bo'lib-bo'lib tashladik. Albatta, bunda har bir sabrli va shukr qiluvchi uchun alomatlar
bordir.
20. Darhaqiqat, iblis ularning ustidagi ("Men ularni yo'ldan ozdira olurman", - degan) gumonini
ro'yobga chiqardi, bas, (Saba' qabilasi iblisga) ergashdilar, faqat bir guruh mo’minlargina (qoldilar).
21. (Iblisning) ular ustidagi hukmronligi faqat oxiratga imon keltiradigan kishilarni undan (oxiratdan)
shubhada turgan kimsalardan ajratib olishimiz uchun bo'ldi. Rabbingiz barcha narsani kuzatib
turuvchidir.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
287
22. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Sizlar Allohdan o'zga (ilohlar) deb gumon qilgan
butlaringizga iltijo qilaveringlarchi! Ular na osmonlarda va na Yerda bir zarra vaznicha (narsa)ga ega
emasdirlar va ular uchun sheriklik ham yo'qdir hamda ulardan Unga biror madadkor ham yo'qdir.
23. (Alloh) huzurida faqat U izn bergan kishilarning shafoati (oqlovi)gina foyda berur. To qachonki, (izn
berilib) dillaridan qo'rquv ketkazilgach, ular (bir-birlariga): "Parvardigoringiz nima dedi (izn
berdimi)?" - deb (savol qilishib), "Haqni (aytdi, shafoatga izn berdi), U oliy va buyuk zotdir", - deb
(javob qilurlar).
24. (Ey, Muhammad, mushriklarga) ayting: "Kim sizlarga osmonlardan va yerdan rizqlantirur?"
Ayting: "Alloh. Albatta, bizlar yoki sizlar hidoyat uzradirmiz yoki aniq zalolatdadirmiz".
25. Ayting: "Biz qilgan gunoh to'g'risida sizlar mas'ul bo'lmassizlar va sizlar qilayotgan amallar
to'g'risida bizlar mas'ul bo'lmasmiz".
26. Ayting: "Rabbimiz (qiyomat kuni) o'rtamizni jamlar, so'ngra o'rtamizda haqiqat (adolat) bilan
hukm qilur. Faqat Ugina (adolat bilan) hukm qiluvchi va (haqiqatni) biluvchidir".
27. Ayting: "(Ey, mushriklar,) sizlar Unga (Allohga) qo'shib olgan shirklaringizni menga ko'rsatingiz-
chi?! Yo'q. Balki Allohning O’zigina qudrat va hikmat egasidir".
28. (Ey, Muhammad,) Biz Sizni, haqiqatan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi
bo'lgan holingizda, (payg'ambar qilib) yubordik! Lekin, odamlarning aksariyati (bu haqiqatni)
bilmaslar.
29. Ular: "Agar rostgo'y bo'lsangizlar (aytinglar-chi), mana shu va'da (qiyomat) qachon bo'ladi?" -
derlar.
30. Ayting: "Sizlar uchun shunday bir kunning va'dasi borki, undan biror soat orqaga ham, ilgariga
ham sura olmassizlar".
31. Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlar bu Qur'onga ham, undan oldingi (Kitoblarga) ham sira imon
keltirmaymiz!" - dedilar. (Ey, Muhammad,) agar Siz o'sha zolim kimsalarni (qiyomat kuni) Parvardigor
huzurida tik turgizib qo'yilib, bir-birlariga gap qaytarayotganlarini ko'rsangiz edi?! (O’shanda) zaif
sanalgan kimsalar mutakabbir kimsalarga (o'z peshvolariga): "Agar sizlar bo'lmaganingizda, bizlar,
albatta, mo’minlar bo'lur edik", - deydilar.
32. Mutakabbir bo'lganlar zaif sanalganlarga: "Sizlarga hidoyat kelganidan so'ng, sizlarni (undan) biz
to'sdikmi? Yo'q, o'zlaringiz jinoyat qiluvchi edingizlar", - derlar.
33. Zaif sanalganlar mutakabbir bo'lganlarga: "Yo'q, kecha va kunduzgi makr(laringizchi)?! O’shanda
sizlar bizlarni Allohga kofir bo'lishga va Unga "teng sheriklar" qilishga buyurar edingizlar", - deydilar.
Azobni (o'z ko'zlari bilan) ko'rgan vaqtlarida ular ichlarida nadomat qiladilar va Biz kofir bo'lgan
kimsalarning bo'yinlariga kishanlar solurmiz. Ularga (dunyoda) qilib o'tgan qilmishlaridan o'zga jazo
berilarmidi?!
34. Biz qaysi bir qishloqqa biror ogohlantiruvchi (payg'ambar) yubormaylik, albatta, u joyning
maishatparastlari: "Biz sizlar elchi qilib yuborilgan (din)ga kofirmiz!" - dedilar.
35. Yana ular: "Bizlarning mollarimiz va farzandlarimiz ko'proq, (binobarin), bizlar azoblanuvchi
emasmiz", - dedilar.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur
www.ziyouz.com кутубхонаси
288
36. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Albatta, Rabbim O’zi xohlaganlarning rizqini keng qilur va (O’zi
xohlaganlarning rizqini) tang qilur. Lekin, ko'p odamlar (buni) bilmaslar".
Do'stlaringiz bilan baham: |