Tarixi kafedrasi o’zbekiston tarixi



Download 0,91 Mb.
bet22/95
Sana08.07.2022
Hajmi0,91 Mb.
#756670
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   95
Bog'liq
O`zbekiston tarixi kafedrasi o’zbekiston tarixi

mavzu. Turkiston muxtoriyati - milliy demokratik davlatchilikning dastlabki

tajribasi
Reja:

  1. Toshkentdagi Xalq Komissarlari Kengashi va «Markaziy Sho’royi Islom» tashkilot o’rtasidagi xokimiyat masalalariga doyr ziddiyatlarning keskin tus olishi. Milliy Markazning o’z faoliyatini Qo’qondan turib davom ettirishga qilgan qarori.

  2. 1917 yil Qo’qon shaxrida o’lkamusulmonlarining IV favqulodda syezdining ish boshlashi va Turkistonni Rossiya Federativ Respublikasi tarkibida xududiy jixatdan muxtor deb e’lon qilinganligi. Turkiston muxtoriyati raxbarlari va ularning faoliyati.

  3. Turkistonda xalq xukumatini keng jamoatchilik tomonidan olqishlanishi. Turkiston muxtoriyati xukumati tuzilganidan keyingi siyosiy kurashlar.

  4. Turkiston xukumatini muxtoriyatining sovet xukumati tomonidan tor-mor etilishi. Qo’qon fojeasi, uning ayanchli oqibatlari va sovetlarning o’lkada yakka xukmron bo’lib qolishlari. Sovetlarning iqtisodiy tadbirlari va ularning oqibatlari.



Adabiyotlar.


    1. I.Karimov. Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch. Toshkent: Ma’naviyat, 2008.

    2. Mustabid tuzumning O‘zbekiston boyliklarini talash siyosati: tarix shohidligi va saboqlari. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Sharq, 2000.

    3. Usmonov Q., Sodiqov M., Oblomurodov N. O‘zbekiston tarixi. I qism. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002.

    4. Tillaboyev S. Turkiston o‘lkasining boshqaruv tizimida mahalliy aholi vakillarining ishtiroki (Farg‘ona viloyati misolida). – Toshkent: Fan, 2008.

    5. Yunusova X. Toshkentda 1892 yilgi xalq qo‘zg‘oloni. Sariog‘och, 1998.

    6. Eshov B. O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi. – Toshkent: Yangi asr avlodi,

2012.

    1. Shamsutdinov R., Karimov Sh., Ubaydullaev U. Vatan tarixi. (XVI-XX asr boshlari).

Ikkinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2010.

    1. O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2003.

    2. O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Akademiya, 2010.

    3. O‘zbekistonning yangi tarixi. Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida. Birinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2000.

    4. Musayev N. Turkistonda sanoat ishlab chiqarishining vujudga kelishi va rivojlanishi tarixidan (XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlari). – Toshkent: Iqtisod-moliya, 2011.

    5. Ismoilova J. XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Toshkentning “Yangi shahar” qismi tarixi. – Toshkent: Fan va texnologiya. 2004.

1917 yil 25 oktabrda Petrogradda qurolli qo‘zg‘alonni amalga oshirib, bolsheviklarning hokimiyat tepasiga kelishi Turkiston siyosiy hayotida murakkab jarayonlarga sabab bo‘ldi. Bolsheviklaring o‘lkaga taqdiriga aralashib, boshqarishga intilishi, xalqqa qarshi qaratilgan siyosati javobsiz qolmadi. O‘lkada milliy huquqlarni zo‘ravonlik bilan kamsitilishi milliy harakatlarning faollashuviga olib keldi.
Fevral voqealaridan keyin Turkiston milliy harakatining yo‘lboshchilari o‘zlarining ozodlikka intilishlarini Rossiya demokratik tashkilotlarini siyosiy qo‘llab –quvvatlash hamda Muvaqqat hukumatining islohotchilik faoliyati bilan bog‘lamoqchi ham bo‘ldilar. 1917 yil fevral oyida Petrogradda bo‘lgan taraqqiyparvarlarining vakillari hamda davlat Dumasiga Turkistondan saylangan vakillar musulmon ahaolisining o‘z taqidirini o‘zi belgilash huquqiyni talab qilish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqishga darhol kirishdilar. Bu rejaga ko‘ra, o‘lkada konfederatsiya tarkibida tashkil etish taklif qilindi.
Muvaqqat hukumat esa buyuk davlatchilik fikrlardan voz kecha olmagan holda xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashiga qarshi chiqdi. Bu masalada markazning asosiy siyosiy partiyalari ham, fevral voqealari asosda tashkil etilgan turli sovetlar ham qarshi chiqdilar. Prof. S.Agzamxodjayevning yozishicha, Turkistonlik vakillardan biri 1917 yil martida Petrograddan Turkistonga jo‘nab ketish oldidan Petrograd ishchi va soldat deputatlari Soveti raisi, VI Davlat Dumasi sotsial – demokratik fraksiya yo‘lboshchisi N.S.Chxeidze oldiga kiradi. Chxeidze kelgusi rejalar haqida so‘raganida, vakil turkistonliklar muxtoriyatga erishishga intilayotgani va tayyorgarlik ishlari bilan mashg‘ulliklarini aytadi. Chxeidze bu javobdan qo‘rqib ketib; “Xudo haqqi, o‘rtoq vakil, vatandoshlaringizga muxtoriyat haqida gapirmang, chunki, birinchidan, hozir buni gapirish payti emas, ikkinchidan. Aholiga butunlay boshqa madaniyat, til, dinga ega bo‘lgan Turkistondek sizning mamlakatingizda muxtoriyat separatizmga olib keladi, inqilobiy va demokratik Rossiyadan tashqaridagi seperatizm esa sizning xalqingiz foydasiga bo‘lmaydi”, deb javob beradi.
Nihoyat, 1917-yil 26-noyabrida Qo‘qonda Umumturkiston musulmonlarining IV-favqulodda qurultoyi chaqirildi. Unda o‘lkaning 5 viloyatidan 200 nafardan ziyodroq vakillar ishtirok etdi. Qurultoy ishida “Sho‘roi Islomiya”, “Sho‘roi Ulamo”, Musulmon harbiylari Sho‘rosi, O‘lka yahudiylar jamiyati namoyondalari qatnashdilar. Qurultoy hay’atiga o‘lka xalqlarining taniqli kishilari – M.Cho‘qayev, U.Asadullaxo‘jayev, Y.Agayev, S.Akayev, O.Mahmudov, A.O‘razayev, I.Shoahmedov, Kamol qozi, Karimboyev va boshqalar, jami 13 kishi saylandi. Mazkur Qurultoyning uch kun davom etgan faoliyatining yakuni o‘laroq Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Turkiston Muxtoriyatini tuzishga muvaffaq bo‘lindi. Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat to‘lig‘icha tarkibi 12 kishidan iborat Muvaqqat Kengash va 54 kishidan iborat Xalq Majlisi qo‘lida bo‘lishligi ta’kidlandi.
Xalq Majlisi (parlament) tarkibiga saylanganlar orasida Muvaqqat hukumat a’zolaridan tashqari o‘sha davrning atoqli arboblari M.Behbudiy, T.Norbo‘tabekov, S. Sharifxo‘jayev, Nosirxonto‘ra Kamolxonto‘ra o‘g‘li, T.Musaboyev, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov va boshqa yurt peshvolari bor edi
Turkiston mahalliy aholisining o‘z taqidirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlashga bo‘lgan siyosiy irodasi, Sovet hokimiyatiga qarshi keskin noroziligi 1917 yil 26-28 noyabrda Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi yaqqol ko‘zga tashlandi. Qurultoyga tayyorgarlik ishlari faol olib borilib, taklifnomalar ancha oldindan yuborildi. Gazetalarda qurultoy haqida xabarlar oldindan berildi. Prof. S.Agzamxodjayevning yozishicha, musulmonlar qurultoyi ochilishi arafasida 25 noyabr kech soat yettida “Sho‘roi Islomiya”ning Qo‘qondagi qarorgohida majlis bo‘lib o‘tadi. Unda mandat komissiyasi hay’atining taxminiy tarkibi masalalari ko‘rib chiqilib, o‘lkada boshqaruv tizimi, Turkiston ijroiya qo‘mitalariga saylovlar, Turkiston Markaziy Musulmonlar sho‘rosini qayta saylash, Turkistonda qonunchilik hokimiyatini yaratish, Turkiston Ta’sis Majlisini chaqirish va boshqa masalalarni ko‘rib chiqdi.
1917 yil 26 noyabrda tashkiliy byuro a’zosi Mustafo Cho‘qay qurultoyni ochib beradi. Qurultoyda mandat komissiyasi a’zosi Toshpo‘lat Norbo‘tabekov ishtirokchilarni delegatlar tarkibi bilan tanishtirib, syezdda: Farg‘onadan 150 nafar kishi, Sirdaryodan – 22, Samarqanddan – 21, Kaspiy ortidan 1 nafar, Buxorodan 4 nafar delegat qatnashayotganligi haqida ma’lumot beradi. Keyinchalik syezd ishtirokchilari soni 250 nafar kishiga yaqinlashadi.
Delegatlar orasida shahar Dumasi vakillari ham, tatarlarning Turkiston byurosidan ham, o‘lka yahudiy tashkiloti – Paoley Siondan ham, shuningdek, mahalliy yahudiylardan ham vakillar ishtirok etdi. “Ulug‘ Turkiston” gazetasida mazkur syezdni faqat “musulmon” syezdi emas, balki Turkiston xalqlari syezdi deb atash lozimligi yozilgan. O‘lka musulmon ishchilari, krestyanlari, soldatlari deputatlari Sho‘rosining organi bo‘lgan “Ishchilar dunyosi” jurnalida qayd etilishicha: “Syezdda Turkiston o‘lkasining har bir jamiyati, ittifoqi va milliy sho‘rolari vakillari yig‘ilgani uchun, u o‘lkaning o‘n millionli musulmon aholisi manfaatlariga javob beruvchi qarorlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘ldi”. Sovetlarning III o‘lka syezdining shovinistik qarorlariga qarama-qarshi o‘laroq musulmon qurultoyi o‘z ishining barcha bosqichlarida chinakam baynalminalchilik tamoyili, o‘lkaning ko‘p millatli, shu jumladan aholining yevropalik qismi manfaatlarini hisobga olishdan kelib chiqdi. Bunday insonparvarlik yondashuvi IV musulmon qurultoyi ochilgan paytdayoq namoyon bo‘ldi. Ma’lumki, musulmonlarning ushbu nufuzli qurultoyi va unda qabul qilingan qarorlar o‘n yillar davomida millatchilar guruhining yig‘inidan e’lon qilingan “burjua
muxtoriyati” deb noto‘g‘ri talqin qilib kelindi. Hujjatlar esa ushbu holning aksi bo‘lganligini isbotlaydi. Masalan, Turkiston jadidlarining taniqli namoyondasi Behbudiy o‘z ma’ruzasida qurultoyning Turkiston xalqlari tarixida ulkan ijobiy, tarixiy hodisa va burilish davri ekanligini ta’kidlab, “Qurultoyimiz qabul qilayotgan qarorlar shuning uchun ham ahamiyatliki, unda Turkiston aholisining yevropalik vakillari ham ishtirok etmoqdalar”, deydi. Behbudiy va Obidjon Mahmudov qurultoy hay’atida musulmonlar bilan bir qatorda boshqa milliy guruhlarning ham vakillari bo‘lishini yoqlab chiqdilar. Ana shunday munozaralardan so‘ng 13 kishidan iborat hay’yat tarkibi saylash kelishib olinib, saylovdan avval 15 daqiqalik tanaffus e’lon qilindi. Tanaffusdan so‘ng syezd hay’yati ochiq ovoz berish yo‘li bilan quyidagi nomzodlardan iborat qilib saylandi: Ubaydulla Xo‘jayev, Mustafo Cho‘qayev, Yurali Agayev, Serikbay Akayev, Solomon Gersfeld, Obidjon Maxmudov, Islom Shoahmedov, Kishchinbayev, Kamol qozi, Abdul Badin, Abdurahmon O‘razayev, Tiliyev, Karimboyev.
Turkistonni boshqarish shakli masalasi uch kun davom etgan qurultoyda ko‘rilgan asosiy masala bo‘ldi. Bu masala muhokamasida so‘zga chiqqanlarning ko‘pchiligi Turkistonning muxtor respublika deb e’lon qilinishi o‘lka aholisining ijtimoiy maqsadlaridan kelib chiqishini va unga mos tushishini ta’kidlab o‘tdilar. Muxtoriyat va mustaqillik e’lon qilish fikrini hamma qo‘llab- quvvatladilar.
Shu tariqa syezd ishtirokchilari Turkiston o‘lkasining bo‘lg‘usi siyosiy tuzilishi haqidagi o‘z qarashlarini belgilab olishdi, xususan 27 noyabrda quyidagi mazmunda deklaratsiya qabul qilindi: “Yashasun Turkiston Muxtoriyati!”. Jumladan, qurultoyda shu kuni qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o‘z huquqlarini o‘zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi. Shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis Majlisiga havola etadi”. Qurultoy Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qildi.
28 noyabr (yangi hisob bilan 11 dekabr)da tarkib topayotgan mazkur davlatning nomi aniqlanib, Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo‘ldi. Qurultoy o‘sha kuni yig‘ilishda Butunrossiya Ta’sis Majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Millat) Majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak, deb qaror qabul qiladi. Umummusulmon syezdining Turkiston Muxtoriyatini tashkil qilganligi haqidagi qarori o‘lka xalqlarini ruhlantirib yubordi. Turkiston xalqlari muxtoriyatni qo‘llab-quvvatlab mitinglar, yig‘inlar uyushtirdilar. 1917 yil 6 dekabrida Toshkentdagi Jome’ masjidida o‘tkazilgan mitingda jami 60 ming kishi qatnashgan edi. Bunday yig‘inlar Turkiston o‘lkasining boshqa hududlarida ham o‘tkazilgan bo‘lib, 1 dekabrda Namangan uyezdida 100 mingga qadar kishi ishtirok etgan namoyish bo‘lib o‘tdi. Unda namoyishchilar bayroqlariga “Yashasun muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” deb yozilgan so‘zlar hilpirab turar edi.

  1. dekabrda Jalolobod volostiga qarashli Xonobod qishlog‘ida ham muxtoriyat e’lon etilishi munosabati bilan namoyish o‘tkazildi. Bir necha mingdan ortiq kishi yig‘ilgan namoyishda Abdulla eshon va Xuseyn Validiy so‘zga chiqib, xalqqa muxtoriyatning tashkil etilishi va maqsadlarini tushuntirishdi.

  2. dekabrda Qo‘qon shahrining 42 jamoat tashkilotlari nomidan yig‘ilgan vakillarning qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qabul qilingan qarorda ko‘p millionli Turkiston xalqiga tabriklar yo‘llandi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan viloyat soveti syezdida yig‘ilganlar Turkiston Muxtoriyatiga qo‘shilishga qaror qildilar va Xalq Majlisi tarkibiga 5 vakil sayladilar.
Kaspiyorti viloyatida ham syezd chaqirilib, unda Turkiston Muxtoriyatiga qo‘shilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu tariqa, Qo‘qonda o‘tkazilgan umummusulmon qurultoyida Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinishi va bu qurultoyda qabul qilingan qarorlar o‘lka xalqlarning barcha qatlamlarining manfaatlarini o‘zida mujassamlashtirgani, uning o‘lka xalqlari orasidagi mavqeini oshirib yubordi.
1917 yil 26-28 noyabrda bo‘lib o‘tgan qurultoyda Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolaridan

  1. kishidan iborat tarkibda Turkiston Muxtoriyati hukumati tuzildi. Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati tarkibiga muxtoriyatchilik harakatining faol ishtiriokchilari kirdi. Quyidagi kishilar hukumat a’zolari bo‘ldilar:

Muhammadjon Tinishboyev – bosh vazir, ichki ishlar vaziri, 2-chaqiriq davlat dumasining a’zosi, Muvaqqat hukumati Turkiston komitetining a’zosi, yo‘l muhandisi.
Islom Sulton Shoahmedov – bosh vazir o‘rinbosari, Butunrossiya musulmonlari kengashi Markaziy qo‘mitasining a’zosi, huquqshunos.
Mustafo Cho‘qayev – tashqi ishlar vaziri, Turkiston Musulmonlari Markaziy Sho‘rosi raisi, huquqshunos.
Ubaydulla Xo‘jayev – harbiy vazir, Butunrossiya Musulmonlari kengashi MK a’zosi, huquqshunos.
Yurali Agayev – yer va suv boyliklari vaziri.
Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qo‘qon shahar Dumasining rais o‘rinbosari, tog‘-kon sanoati mutaxasssisi.
Abdurahmon O‘rozayev – ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, huquqshunos. Solomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri, huquqshunos.
Hukumat tarkibida keyinchalik ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. Muhammadjon Tinishboyev iste’foga chiqqach, Mustafo Cho‘qay Bosh vazir lavozimini bajarishga kirishadi . Vazirlardan uch kishi oliy ma’lumotli huquqshunos, ikki kishi o‘rtacha malakali huquqshunos ekanligi muxtoriyat hukumati a’zolari bilim darajasining naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi. Muvaqqat hukumat tarkibiga 12 a’zo o‘rniga 8 kishi saylanganligining sababi yana to‘rt kishi – yevropalik aholi vakillari ichidan nomzodlar ko‘rsatilgach, qayd etilishi ko‘zda tutilgan edi.
Qurultoyda 28 noyabr kuni Turkiston Millat Majlisi ochilishi to‘g‘risidagi qaror ham tasdiqlandi. Millat Majlisi 54 nafar a’zodan iborat bo‘lib qurultoy qaroriga binoan “36 nafar musulmonlar va 18 nafar g‘ayri musulmonlardan saylanadur. 36 musulmon vakillari Turkistonning 5 viloyatidan bo‘lib: Farg‘ona-10 nafar, Samarqand-5 nafar, Sirdaryo-9 nafar, Yettisuv-6 nafar, Zakaspiy-2 nafar; 4 nafar esa butun Turkiston shahar dumalari tarafidan tayin bo‘lurlar”. 18 nafar o‘rin esa o‘lkaning yevropalik tashkilot va fuqarolariga, jumladan, temir yo‘lchilar ittifoqi, ishchi va soldat deputatlari soveti, sotsial demokratlar, dashnoqsutyun, yerlik juhudlar, yahudiylar, eserlar, ukrainlar, polyaklarning vakillari va boshqalarga berilishi ko‘zda tutilgan edi. Demak, tashkil etilayotgan hukumat tarkibiga turli siyosiy va milliy guruhlar vakillarining qatnashuvi ko‘zda tutildi. Demokratik ruhdagi milliy ziyolilar qurultoyda qabul qilingan dasturiy hujjatlarga o‘ziga xosligi bilan ajralib turadigan xalqchil va demokratik g‘oyalarni kiritishdi.
Qurultoy jarayonida Turkiston Millat Majlisi 32 kishidan iborat qilib saylandi. “Sho‘roi Ulamo”ning rahbari Sherali Lapin Millat Majlisi tarkibiga, uning raisi sifatida kiritilgan bo‘lsa ham, ammo uning o‘zi bu taklifni rad etdi.
Qurultoy tugagach, 1 dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati a’zolari (barcha 8 kishi) imzolagan maxsus Murojaatnoma e’lon qilindi. Ushbu Murojaatnomada Turkistondagi barcha aholi: irqi, millati, dini, jinsi, yoshi va siyosiy e’tiqodlaridan qat’iy nazar, ular yakdillik va hamjihatlikka da’vat etilgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay Millat Majlisi tomonidan tasdiqlangan qonunlar e’lon qilindi, shuningdek, yangi hukumat mamlakat Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb qildi. “El bayrog‘i”, “Birlik tug‘i”, “Svobodniy Turkestan”, “Izvestiya Vremennogo Pravitelstva Avtonomnogo Turkestana” kabi hukumat gezatalari o‘zbek, qozoq va rus tillarida nashr qilina boshlandi. Avval chiqayotgan “Ulug‘ Turkiston” gazetasi ham o‘z sahifalarida muxtoriyat hukumati faoliyatiga alohida o‘rin berdi. Nashr ishlarini yaxshilash uchun O.Mahmudovning bosmaxonasi hukumat ixtiyoriga o‘tdi.
Muxtoriyat hukumati milliy qo‘shinni tashkil qilishga kirishdi. 1918 yil boshida bu qo‘shin saflarida bir mingdan ortiq askar bo‘lgan. Harbiy vazir Ubaydulla Xo‘jayev ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik-parad vaqtida askarlar soni 2000 kishiga yetgan. Bundan tashqari Qo‘qonda taxminan shuncha mirshablar ham bor edi. Hukumat iqtisodiy sohada 30 million so‘m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Chunki gazetalarni nashr qilish, muxtoriyat qo‘shinlarining ta’minoti va hukumatning ichki xarajatlari uchun mablag‘ zarur edi. Shuningdek, hukumat a’zolari ochlik changalida qolgan Turkiston aholisiga Orenburg orqali g‘alla keltirish muammosini hal qilish uchun ham amaliy qadamlar tashladi. Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Uning faoliyati faqat Qo‘qonda yoxud Farg‘ona vodiysida emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Fitrat,
Cho‘lpon, Hamza muxtoriyat hukumatini alqab, o‘tli she’rlar bitishdi. Fitrat muxtoriyat e’lon qilingan 27 noyabr tunini “Milliy Laylatulqadrimiz” deb atadi
Turkiston xalqining muxtoriyat uchun olib borgan kurashida 1917 yil 13 dekabrda bo‘lib o‘tgan fojeali voqealar muhim o‘rin tutadi. O‘sha kuni Toshkentda eski shahar aholisi “Muxtor Turkiston uchun!” shiori ostida tinch bayram namoyishini o‘tkazdilar. Ammo, Toshkent sovetidagi bolsheviklar shaharda qurolli kuch bilan “tartib” o‘rnatishga buyruq beradilar. Oqibatda tinch namoyish qatnashchilari pulemyotdan o‘qqa tutildi, eski shaharlik 16 kishi ana shu to‘qnashuv qurboni bo‘ldi. 15 dekabr kuni Turkiston Muxtoriyati yo‘lboshchilari bu voqealar yuzasidan o‘lkaning barcha fuqarolariga maxsus murojaatnoma bilan chiqishdi. Unda jumladan quyidagilar aytiladi: “Biz Xalq Majlisi va Turkiston Muxtoriyati Muvaqqat hukumatining a’zolari chin yurakdan taassuf bildiramiz va turkistonlik musulmonlarning ezgu his-tuyg‘ularini haqoratlovchi bu voqealarga qarshi chiqamiz. Ana shu munosabat bilan bizlar mamlakatda tartib va osoyishtalik o‘rnatilishi uchun zaruriy choralar ko‘rilishi yo‘lida barcha kuchlarimizni ishga solamiz. Hozircha esa Turkiston xalqidan sobitlik va xotirjamlik ko‘rsatishlarini so‘raymiz. Bu eng og‘ir kunlarda musulmonlarning tinchlikni saqlab qolishlari nihoyatda zarurdir”. Bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng o‘lka Xalq Komissarlari Soveti raisi lavozimini egallab turgan Kolesovdan Petrogradga, Xalq Komisarlari Sovetiga quyidagi mazmunda telegramma yuborildi: “Qo‘qonda reaksion burjuaziya tomonidan tayyorlangan musulmonlar syezdi Turkiston Muxtoriyatini e’lon qildi, endi vujudga kelgan Muxtoriyat hukumati Turkiston proletar ommasi tomonidan tan olingani holda, bor kuchi bilan o‘lkaning ayrim shaharlarida muxtoriyatni e’lon qilishga tayyorlanmoqda”. Bu telegrammaga Petrograddan: “Joylarda hokimiyat siz o‘zingiz, demak, siz o‘zingiz buyruqlarni ishlab chiqing”, degan mazmunda javob keladi. Toshkentdagi sovet hukumati Turkiston Muxtoriyatini o‘zi uchun xavfli deb bildi va qanday bo‘lmasin uni yo‘qotishga tayyorgarlikni boshladi. Ular Qo‘qondagi voqealarni diqqat bilan kuzatib, uning rivojiga o‘z ta’sirini o‘tkazishga urindilar.
Muxtor hukumatning xalq o‘rtasidagi obro‘-e’tibori va nufuzi bolsheviklarni tashvishga solib qo‘ydi. 1918 yil 19-26 yanvarda Toshkentda bo‘lgan Turkiston o‘lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining favqulodda IV syezdida muxtoriyat masalasi asosiy o‘rinda turdi. Syezd Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb hukumat a’zolarini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bolsheviklar o‘zlarining bu qabih va mudhish “hukmi”ni amalga oshirishga zudlik bilan kirishdilar.
30 yanvarda Turkiston XKS muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Qizil gvardiya tomonidan 1918 yil 19 yanvarda Orenburgning egallanishi Moskva bilan aloqani vaqtincha yaxshiladi va Turkistonga boradigan yo‘lni ochdi. Shundan keyin Toshkent o‘zini qurol-yarog‘ bilan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlar bilan birga, avstro-vengr harbiy asirlari va armanlarning “Dashnoqsutyun” partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli to‘dalardan ham foydalandi. Tinch yo‘l bilan hokimiyatni olishga ishongan Turkiston Muxtoriyati o‘zini himoya qilishga yetarli tayyor bo‘lmadi. Shunga qaramay, muxtoriyatchilar sovet qo‘shinlari hujumini qaytarishga urindi. Ularga qarshi dastlabki jangda muxtoriyatning milliy qo‘shinidan tashqari qo‘qonlik tinch aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho‘kich, tayoq ko‘targan xaloyiqning soni 10000 kishiga yetdi. “Turkiston– turkistonliklar uchun!” shiori bilan chiqqan muxtoriyatchilar muqaddas urush – g‘azovot e’lon qildilar va viloyatlardan yordam kutdilar. Biroq, afsuski, muxtoriyatchilar boshqa joylardan yetarli darajada harbiy yordam olishmadi. 13 fevral kuni Farg‘onadan 4 ta zambarak va 4 pulemyot bilan qurollangan 120 dan ortiqroq kishilik harbiy qism yetib keldi. Bundan so‘ng inqilobiy qo‘mita Muxtoriyat hukumatiga talabnoma yo‘llab, sovet hukumatini tan olish shartini qo‘ydi. Muxtoriyat a’zolari bolsheviklar talabini javobsiz qoldirdilar. Shundan keyin inqilobiy qo‘mita Muxtoriyat hukumat a’zolarini hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. 19 fevral kuni sovet qo‘shinlari Qo‘qonni uch tarafdan qurshovga oldi. Toshkentdan yuborilgan Turkiston o‘lkasi harbiy komissari YE.L.Perfilyev 12 ta zambarakdan Qo‘qon aholisi ustiga o‘t ochishni, shu jumladan yondiradigan snaryadlardan foydalanishni buyurdi. Turkiston Muxtoriyati hukumati qizil askarlar va dashnoqlarning qonli hujumlari oqibatida ag‘darib tashlandi. 20 fevral kuni vayron etilgan Eski shaharga piyoda qo‘shinlar va dashnoqlarning jangovar qismlari kirdi. Ular shaharga bostirib kirib, o‘g‘irlik va talonchilik bilan shug‘ullandi. Muxtoriyat qo‘shinining tirik qolgan qismi Kichik Ergash qo‘rboshi boshchiligida shahardan chiqib ketdi. Ammo Qo‘qon va uning atrofidagi tinch
aholini talash, o‘ldirish avjiga chiqdi. Faqat Qo‘qonning o‘zida uch kun davomida 10000 kishi o‘ldirildi, shahar vayronaga aylantirildi, uylar, gazlama omborlari, non do‘konlari kuyib kul bo‘ldi.
O‘sha kunlari qamoqqa olishlar ham boshlandi. Ayrim qamoqqa olinganlar sud va tergovsiz otib tashlandi. Ma’lumotlarda keltirilishicha, Muxtoriyat hukumati a’zolaridan Hidoyatbek Yurali Agayev va Mirodil Mirzaahmedovlar qatl etilgan, tasodifan omon qolganlari qamoqqa olingan. Hukumat boshlig‘i Mustafo Cho‘qay shahardan chiqishga muvaffaq bo‘ladi va Gruziyaga borib Kavkaz xalqlarining demokratik harakatiga qo‘shiladi. Nosirxonto‘ra bolsheviklar tomonidan Namanganda, S.Gersfeld Samaqandda, Obidjon Maxmudov Buxoroda qo‘lga olinadi.
“Ulug‘ Turkiston” gazetasi chuqur qayg‘u bilan xabar berganidek, “20 fevral Ho‘qand (Qo‘qon) tarixining eng dahshatli kuni edi. Armanilar ayricha faoliyat ko‘rsatganlar ...” Gazetadagi ushbu maqola “Ho‘qand hozir o‘liklar shahri” degan dahshatli ibora bilan tugaydi.
Nihoyat, 1918 yil 22 fevralda Qo‘qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan “tinchlik sharnoma”si Qo‘qon ahli vakillari bilan imzolandi. Shu tariqa vatanparvarlar tomonidan tashkil etilgan, demokratik tamoyillarni o‘zida mujassamlashtirgan milliy davlatchilik faoliyatiga chek qo‘yildi. Garchi qisqa muddat ichida davlat boshqaruvi tashkilotlari va milliy qo‘shin tuzilgan bo‘lsada, kuchlar nisbati, harbiy salohiyat masalasida bolsheviklarning imkoniyatlari ustun edi.
1918 yilning erta bahorida avval Farg‘ona vodiysida, so‘ngra butun Turkistonda qurolli qarshilik harakati boshlandi. Ammo, bu davrga kelib Turkiston Muxtoriyatini tor-mor etib, o‘lkada yakka hukmron bo‘lgan, qurol va zo‘ravonlikka tayangan bolsheviklar Toshkentda sovetcha andozadagi avtonomiya (muxtoriyat)ni tashkil etishga kirishgan edilar.
1918 yil yanvar oyidayoq bolsheviklar Turkiston Muxtoriyatiga qarshi Turkiston avtonomiyasini tuzish masalasini ko‘tarishgan edi. Turkiston bolsheviklari markaziy hokimiyat ta’sirida Turkistonni Rossiya bilan mustahkam bog‘lashning yagona vositasi o‘lka avtonomiyasini joriy etish ekanligini anglay boshladilar. Mahalliy bolshevik rahbarlar Turkiston avtonomiyasi haqidagi masalani, u garchi partiya organlarida bir necha bor muhokama qilingan bo‘lsa ham, har tomonlama cho‘zib keldilar. 1918 yil 20-26 yanvarda bo‘lib o‘tgan o‘lka Sovetlarining IV syezdida “Milliy o‘z taqdirini o‘zi belgilash” masalasi muhokama etildi. Bu paytda hali “ikkihokimiyatchilik” saqlanib turgan edi. Bolsheviklashgan XKS bilan birgalikda Qo‘qonda demokratik asosda saylangan milliy muxtor hukumat ham amalda edi. Ayni paytda, keng musulmon ommasidan tashqari Turkiston Muxtoriyatini menshevik va eserlar ham qo‘llab- quvvvatlar edi. “Qo‘qon hukumati” rahbariyati “Toshkent hukumati” bilan muzokaralarni yo‘lga qo‘yishga bir necha bor urindi. Biroq bolsheviklar o‘z gapida turaverdi. Ular Turkistonga muxtoriyat maqomini berish zaruriyatini rad etmagan xolda, ayni paytda unga faqat “proletariat diktaturasi” mafkurasi jihatidan qaradilar. Sovetlarning IV syezdida qabul qilingan qarorda: “musulmon proletar ommasining kasaba uyushmalari, musulmon deputatlarining sovetlarini tashkil etish mo‘ljallandi, ular mexnatkash musulmonlar orasida “sinfiy onglilik”ni ko‘tarishga da’vat etishi ko‘zda tutildi”. Natijada Muvaqqat hukumatning tugatilgan organlari o‘rniga shahar va qishloqlarda Sovetlar, shu jumladan musulmon sovetlari faol tashkil qilina boshladi. Buning natijasida sovetlardan, bir tomondan, eserlar va mensheviklarning vakillari siqib chiqarildi, ularning o‘rnini bolshevik deputatlar va so‘l eserlar egalladilar, ikkinchi tomondan, sovetlarga “mexnatkash qatlamlar” dan bo‘lgan mahalliy aholi vakillari jalb qilindi. Mahalliy sovetlarni qayta saylash natijasida mahalliy millat vakillari Andijon kengashi a’zolari orasida 50 foizni, Namangan kengashi a’zolari orasida 40 foizni, O‘sh kengashi a’zolari orasida 30 foizni tashkil etdi, Toshkent kengashining tarkibida esa o‘zbek “proletariati”ning 100 dan ortiq vakili bor edi.
1918 yil 20 aprelda faqat Turkiston sovetlarining V-syezdi ish boshladi. Unda “proletar demokratiyasi” tegishli tamoyillari bo‘yicha tanlab olingan 263 ta delegat qatnashdi. To‘g‘ri, ilgarigi bunday yig‘inlardan farqli o‘laroq delegatlarning ma’lum qismi (50 kishi, 20 foizga yaqini) mahalliy millatlar vakili edi. Turkistonda sovet mafkurasiga asoslangan bolshevikcha muxtoriyatni yaratish V-syezd kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi. 1918 yil 30 aprelda syezd delegatlari sovet Rossiyasi hukumati rahbarlari V.I.Lenin va I.V.Stalinning ko‘rsatmasi asosida “Turkiston Sovet Muxtor Respublikasi haqidagi Nizom”ni tasdiqladi. Unda Turkistonda davlat qurilishi asoslari, uning hududi, oliy qonunchilik va ijroiya organlari, mahalliy organlar tuzilishi, vazifalari va ularning RSFSR bilan o‘zaro munosabatlari belgilab berildi. “Nizom”ga muvofiq, Buxoro va Xivadan tashqari, Turkiston o‘lkasining geografik chegaralaridagi butun hudud Rossiya Sovet
Sotsialistik Federatsiyasining Turkiston Sovet Respublikasi deb e’lon qilindi. “Nizom”da “Turkiston respublikasi avtonom ravishda boshqarilib, o‘z xatti-harakatlarini Rossiya Sovet Federatsiyasi markaziy hukumati bilan muvofiqlashtiradi”, deya qayd etiladi.
Syezdda Turkiston Markaziy Komiteti saylandi. U sovetlar syezdlari oralig‘idagi davrda o‘lkada oliy hokimiyat vazifasini bajaruvchi oliy qonunchilik organi bo‘ldi. Turkiston MIK partiyaviy tegishliligi bo‘yicha 30 kishi miqdorida tuzildi, ulardan 18 nafari bolsheviklar va 18 nafar so‘l eserlar edi. Turk MIK raisi P.A.Kobozev edi. Shuningdek, syezdda Xalq Komissari Soveti ham tashkil etilib, rais qilib F.I.Kolesov saylandi. Umuman Turkrespublika hukumati tarkibiga tenglik asosida 16 - 8 nafar bolshevik va 8 nafar so‘l eser kirdi.
Turkiston Respublikasi Sovetlarining favqulodda VI syezdida (1918 yil 5-14 oktabr) da RSFSR Konstitutsiyasi andozasidagi Turkiston Sovet Respublikasi (TSR) Konstitutsiyasi qabul qilindi. Turkiston Sovetlarining IX syezdida (1920 yil 19-25 sentabr) TSR ning nomi Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasi (TSSR) deb o‘zgartirildi.
Turkiston o‘lkasida sovet avtonomiyasi e’lon qilingach (1918 yil 30 aprel), mintaqani sovetlashtirishning yangi davri boshlandi. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, mana shunday sharoitda davlat organlari va hukumat tarkibi bolsheviklar va so‘l eserlardan iborat bo‘lishi rasmiy tarzda tantanali ravishda e’lon qilindi.
Biroq Turkiston ASSR MIK va XKS tarkibini har ikki partiya a’zolaridan proporsional holatda tuzilganligi, bolsheviklarning so‘l eserlar bilan hukmronligi uzoq vaqt davom etmadi. Siyosiy e’tiqodning o‘zgachaligi, so‘l eserlarning ijtimoiy kelib chiqishi (ularning ko‘pchiligi mulkdorlar sinfiga taalluqli edi) bolsheviklarning jazo organlari tomonidan ularni jazolashga asos bo‘ldi.
Farg‘ona oblasti maxsus bo‘limiga 1919 yil 24 sentabrda yuborilgan “mutlaqo maxfiy” telegrammada ko‘rsatilishicha, Qo‘qonda maxsus bo‘limning front sho‘basi tomonidan ommaviy ravishda tintuv qilish va qamoqqa olishlar amalga oshirilgan. Qo‘qonda qamoqqa olingan 64 nafar kishiga “sovet tuzumiga qarshi targ‘ibot olib bordi”, “siyosiy jihatdan ishonchsiz”, “josus”, “Ergash qo‘rboshining guruhida bo‘lgan va qurol sotish bilan shug‘ullangan”, “burjuy bo‘lgan”, “ofitser bo‘lgan”, “eserlar partiyasining a’zosi”, “turli siyosiy partiyalarning a’zosi” kabi turli siyosiy ayblar qo‘yilib, qatag‘on qilingan. Bolsheviklar tomonidan jazolangan ushbu jabrdiydalar orasida Nizomiddin Toshmuxamedov, Oxunjon Tursunmuxamedov, Muhammad Murod Olim, Oxun Muhammad Boboyev, Mulla Abdul, Eshon Zokirboyev, Oxunjon hoji Dadajon Karimqulov, Sodiq Hoji Aminboyev kabi mahalliy aholi vakillari bilan birgalikda Burov, Cherkashev, Edvard Novitskiy, Nikolay Minin, Konstantin Medvedev, Medinskiy, Prokofyev singari yevropalik aholi vakillari ham bo‘lgan.
1918 yil 17-25 iyunda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston bolsheviklarining o‘lka konferensiyasi Turkiston bolsheviklar (Kommunistlar) partiyasining I syezdi deb nomlandi. O‘lkadagi kommunistik guruhlar ushbu syezdda ilk marta tashkiliy jihatdan rasmiylashib, Turkiston Kommunistik partiyasi - TKP ga (RKP(b) tarkibida) asos solindi. Syezdda I.Tobolin raisligida 7 kishidan iborat Markaziy Komitet saylandi. TKP MK tarkibiga mahalliy kommunistlardan Nizomiddin Xo‘jayev ham kiritildi. Respublika siyosiy hayotida Turkiston Kommunistik partiyasi yetakchilik mavqeini egalladi.
1918 yil 5-14 oktabrda bo‘lgan Turkiston Respublikasi Sovetlarining favqulodda VI syezdida yangi tarkibdagi Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (raisi – V.Votinsev) va Turkiston Xalq Komissarlari Soveti (raisi – V.D.Figelskiy) saylandi. Turkistonda Sovet hukumati ilk bor faqat kommunistlardan iborat ravishda tuzildi. Holbuki, Turkistondagi avvalgi sovet hukumati tarkibida bolsheviklardan tashqari so‘l eserlar, mensheviklar, maksimalistlar, internatsionalistlar kabi siyosiy partiyalarining vakillari ham bor edi. Bu holat Turkiston Respublikasidagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirib yubordi. Chunki bu paytda o‘lkadagi siyosiy va iqtisodiy ahvol o‘ta qaltis darajada edi. Shunday ahvolda nizo armiya qismlariga ham o‘tib ketdi.
Nazariy va siyosiy jihatdan yetilmagan, chalasavod bo‘lgan kompartiya yetakchilari va komissarlar hokimiyat uchun bo‘layotgan kurashda o‘zlarining shovinistik kayfiyati va manmanlik darajalarini yaqqol namoyon etdilar. Sovetlarning V syezdida yetakchi lavozimlardan chetlatilgan I.Tobolin (Turkiston MIK raisi) va F.Kolesov (Turkiston XKS raisi) – “eski kommunistlar” guruhi bilan Markazdan kelgan xodimlar – “yangi kommunistlar” guruhi o‘rtasida qattiq kurash avj olib ketdi. Ulug‘ davlatchilik siyosati va shovinizmning ashaddiy tarafdori bo‘lgan I.Tobolin syezdda
alamzadalik bilan shunday degan edi: “Turkistonda inqilobni men amalga oshirdim. Sizlarni bolshevik qilgan ham men. Sizlarga bo‘ysunishni istamayman”.
Turkiston Respublikasining Farg‘ona, Samarqand, Sirdaryo viloyatlaridagi 3 mln aholining aksariyat qismi dehqonlar edi. Dastlabki yillarda sovet hokimiyatining boshqaruvi o‘lkaning chekka joylariga yetib bormadi. Asosan, shaharlar va ular atrofidagi aholi siyosiy voqealar girdobiga tortilgan. Siyosiy ziddiyatlar keskinlashgan va harbiy harakatlar kuchaygan joylarda, jumladan, Farg‘ona viloyatida hokimiyatni favqulodda organlar – inqilobiy qo‘mitalar (revkomlar) harbiy sharoit qoidalari bo‘yicha boshqardi. 1920 yilda xam sovet qurilishi aholining arzimas qismini qamrab olgan edi.
Turkistonda sovet hokimiyati qurila borishi bilan ijtimoiy munosabatdagi ziddiyatlar kuchaydi. Turkiston Respublikasi “xalq” komissarliklarida kuchli byurokratiya avj olib ketdi. Sovet byurokratiyasining tabiatini atoqli rus faylasufi N.A.Berdyayev shunday izohlaydi: “Proletariat diktaturasi davlat hokimiyatini kuchaytirar ekan, butun mamlakatni o‘rgimchak to‘ri singari bosib ketgan haddan tashqari ulkan byurokratiyani vujudga keltirdi. Bu yangi sovet byurokratiyasi imperiya byurokratiyasidan kuchli bo‘lib, yangi imtiyozli kishilar tabaqasini yetishtirdiki, ular xalq ommasini shafqatsiz ezishi mumkin”.
Amaldorlarning sabotajlarini qiyinchilik bilan yenggan bolsheviklar qaytadan ularni davlat boshqaruviga ommaviy jalb etishga majbur bo‘lishdi. Natijada, V.D. Bonch-Bruyevich yozganidek,
«Yangi hayotning boshlanganiga bir necha oy bo‘lmay turib, Moskva va Petrograd so‘ngra uning orqasidan barcha shaharlar va bepoyon Rossiya yangi amaldorlar qatlami bilan to‘lib toshdi. Xuddi dunyo yaralgandan beri bizning kunlarimizgacha, ya’ni oktabr revolyutsiyasidan keyingi kunlardagidek quyosh nurlari taraladigan biror yerda bizdagidek qudratli, to‘lib toshgan amaldorlar oqimi bo‘lmagandek». Ushbu byurokratiya Rossiya imperiyasi general-gubernatorligi apparatidan hajmi va savod darajasi bilan ajralib turar edi.
Xullas, Turkistonda diktaturani o‘z qo‘lida mustahkam tutib turishi mumkin bo‘lgan proletariat qatlami mahalliy aholi orasida shakllanmadi. Yevropali millatlariga mansub ishchilar avvalgi hukumatning imperiyacha siyosatidan zaharlanganligi bois siyosiy elita uchun da’vogarlik qila olmadi. Bolsheviklarning fikricha, Turkistonda sovet hokimiyati qurilishida Rossiya proletariati va uning asosiy kuchi Rossiya Kommunistik partiyasiga tayanish zarur edi.
1920 yil 5 mayda Turkiston Kompartiyasi MK va Butunrossiya MIK hamda RSFSR XKS huzuridagi Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya)ning qabul qilingan “mutlaqo mahfiy” rezolyutsiyalarining birida Turkistondagi partiya va sovet organlariga quyidagicha ko‘rsatma berilgan:

  1. Turkistonda alohida guruhlarning RKP(b) asosiy yo‘nalishiga qarshi chiquvchi har qanday urinishlarining ildizini quritish; hususan sovet hokimiyatining tadbirlariga qarshilik qiluvchi turli xil tashkilotlarning partiyasiz va partiyaviy unsurlari: imperiya amaldorlari, qishloq quloqlari, so‘l eserlar, boylar, ruhoniylarga qarshi kurash olib borish; bundan tashqari yevropali aholi qatlamlaridan mustamlakachilik qoldiqlarini tugatish hamda O‘lka komitetining Yettisuv bo‘yicha qabul qilgan qarorlarini amalga oshirish;

  2. Turkiston Kommunistik partiyasi saflarida sinchiklab tozalash o‘tkazish kerak. Bunda ularning orasidan antikommunistik unsurlar, asosan so‘l eserlarni yulqib tashlash lozim;

  1. qizil armiya saflarini mustamlakachilik og‘usiga chalingan qatlamdan tozalash lozim. Hozirgacha qog‘ozda qolib kelayotgan musulmon aholisini muntazam armiyaga olish haqidaga qarorlarni amalga oshirish kerak;

  2. keng tarqalgan poraxo‘rlik va byurokratizmga qarshi kurashish uchun ijroiya qo‘mita, inqilobiy qo‘mitalar va Turkistondagi boshqa tashkilotlar shtatini imkoniyat darajasigacha qisqartirish kerak;

  3. O‘lka Komiteti va RKP(b) komitetlari amaldorlar qatlamiga aylanib ulgurgan va mahalliy aholi bilan ishlashni istamaydigan Turkiston Kompartiyasi a’zolarining yevropali qismini tub aholining (urf-odatlari, til va haq-huquqlarni bilmaydigan) ezilgan mahalliy aholi bilan ommaviy faoliyatni tashkil etishga majbur etish; barcha kommunistlarga mahalliy tillardan birini o‘rgatishni shart qilib qo‘yish.

Turkiston ASSRdagi Ishchi-dehqon militsiyasi va Ishchi-dehqon inspeksiyasi singari nazorat organlarining 1917-1924 yillardagi faoliyati sinchiklab tahlil qilinsa, partiya tashkilotlarida mavjud bo‘lgan ko‘plab illatlar ularda ham borligini ko‘rish mumkin.
Turkiston MIK raisi qilib Markazdagi hukumatning favqulodda komissari P.A.Kobozev (hamrais qilib A.Solkin) saylangan. Shuningdek, Turkiston Sovet Respublikasi Xalq Komissarlari Soveti (TSR XKS) tarkibiga 16 kishi (9 ta bolshevik va 7 ta so‘l eser) kiritildi. F.Kolesov Turkiston XKS raisi qilib saylandi. Birinchi marta mahalliy millat vakillaridan 4 kishi S.Jo‘raboyev, S.Yusupov, Sh.Ostonboyev, S.Azimboyevlar Turkiston MIK a’zoligiga saylandi. Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev (TSR Sog‘liqni saqlash xalq komissari), Toshxo‘ja Ashurxo‘jayev (TSR Millatlar ishlari xalq komissari) - tub xalqlarning dastlabki vakillari sifatida sovet hukumati tarkibiga kiritildi. Shuningdek, tatarlardan Ismoil Obidiy TSR Ichki ishlar xalq komissari va H.Ibrohimov Adliya xalq komissari qilib saylandi.
Markaz Turkiston o‘lkasini sovetlashtirish jarayonini amalga oshirish uchun barcha vositalarini ishga soldi. Birinchidan, sovet Rossiyasining Turkistondagi siyosiy hukmronligi o‘lkada sovet asosidagi avtonomiyaning o‘rnatilishi (1918 yil aprel) bilan yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, bu jarayonning ikkinchi bosqichi, davlat boshqaruvi asosiy funksiyalarining federal “qonuniy” hukumatga topshirilishini konstitutsiya yo‘li bilan rasmiylashtirilishi (1918 yil oktabr) bo‘ldi.
Turkiston respublikasi XKS va MIK ichida hokimiyat uchun o‘zaro kurashlar, mojarolar va janjallar avjiga chiqdi. Oktabr oyida Turkiston XKS raisi F.Kolesov va boshqa ayrim amaldorlar egallagan lavozimidan bo‘shatildi.
1919 yilning mart oyida Turkiston respublikasi sovetlarining Favqulodda VII syezdi bo‘lib o‘tdi. Unga qadar 1918 yil 10 avgustda (V o‘lka syezdida) Milliy ishlar xalq komissarligi bo‘yicha maxsus Nizom qabul qilingan edi. Ushbu Nizomga ko‘ra, Milliy ishlar xalq komissarligida statistika, tashkiliy-tashviqot va madaniy oqartuv bo‘limlari tashkil qilingan edi. Ammo, Turkiston hukumati a’zolaridan Kazakov, Uspenskiy, Salkin kabilar Turkiston MIK qoshidagi milliy ishlar seksiyasini tarqatib yuborishni so‘rab VII syezdga loyiha taqdim etdilar. Ular mazkur seksiyani “millatchilikning bir ko‘rinishi” sifatida baholadilar.
Shunga qaramasdan, milliy masaladagi murakkab vaziyatni hisobga olgan RKP (b) MK 1919 yil 3 iyulda “Hokimiyatga mutanosib vakillik to‘g‘risida” degan qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. Ushbu qarorda Turkiston mahalliy aholisining partiyaga mansubligi shart qilib qo‘yilmasdan, ularni mutanosib ravishda davlat qurilishi ishlariga keng jalb qilish zarur deb ko‘rsatilib, mahalliy aholining mol-mulkini majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olishni (rekvizitsiya) to‘xtatish vazifasi ham qo‘yilgan edi. Turkiston respublikasi hukumati bu qarorni yashirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, shov-shuvlardan so‘ng uni e’lon qilishga majbur bo‘ldilar. Ammo, ushbu qaror bo‘yicha e’tiborga molik biror-bir amaliy ish qilinmadi.
Sovetlar tuzumi Turkistondagi boshqaruvni tashkil etishda katta byurokratik apparatning paydo bo‘lishiga zamin yaratgan edi. Biroq, tadqiqotchilarning fikricha, bolsheviklarning kadrlar masalasidagi siyosati nafaqat milliy sohada, balki uquvsizligi bilan ham ajralib turadi. Misol uchun, davlatning mas’ul lavozimlarida mutlaqo savodsiz odamlarning ishlashi tabiiy hol edi. Bu xodim bolsheviklar manfaatini himoya qilishi kifoya edi. Undan tashqari, Turkistondagi oliy hokimiyat – Turkiston MIK, hukumat – Turkiston XKS, g‘oyaviy rahnamo – Turkiston KP kabi o‘lka boshqaruvida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tashkilotlar mahalliy aholi ixtiyorida bo‘lmagan. Tadqiqotlarga ko‘ra, Turkiston XKS va Turkiston Iqtisodiy Kengashidek yuqori vakolatli organlarda o‘zbeklar ishlamagan. O‘lka boshqaruvidagi barcha yirik tashkilotlar, komissarlik-larning milliy tarkibi umumiy ko‘rsatkichlarda quyidagicha edi1:
1919 yilning 8 oktabrida V.Lenin Butunrossiya MIK va RSFSR XKSning Turkiston ishlari bo‘yicha komissiya (Turkkomissiya) tuzish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi. Bu komissiya tarkibiga Sh.Z.Eliava – rais, M.V.Frunze, V.V.Kuybishev, Y.Rudzutak, F.I.Golosheykin, T.I.Bokiylar kirdilar. Ushbu komissiya juda katta vakolatlarga ega bo‘lib, jumladan, Butunrossiya MIK va XKSning vakolatiga, Turkiston hududlarida va qo‘shni davlatlarda ularning nomidan ish ko‘rish huquqiga, RKP (b) MK nomidan respublikada oliy partiya nazorati va rahbarligini amalga oshirishga, o‘lka partiya tashkilotlarini tarqatib yuborish, favqulodda syezdlar va konferensiyalar chaqirish hamda partiya MK qarorlarini qat’iy bajarishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish huquqlariga ega edi. Ushbu komissiyaning asosiy maqsadi – mahalliy aholi manfaatlari yo‘lida ishlash emas, balki Turkistonda sovet hokimiyatining mavqeini mustahkamlash, imperiyaviy markaz bilan lenincha rahbariyatning go‘yo “strategik to‘g‘ri yo‘lini buzgan”, yangi hokimiyatning maqsad va mohiyatlarini “buzib” ko‘rsatgan mahalliy arboblar faoliyatini nazorat qilish hamda ular o‘rtasidagi masofani uzoqlashtirishdan iborat edi.
Turkiston komissiyasi amalda mintaqadagi barcha partiya, sovet, xo‘jalik va partiya tashkilotlariga rahbarlik qilib, Markazdagi bolshevikcha siyosatni qat’iy ravishda amalga oshirishga kirishdi. Turkkomissiya o‘lkadagi butun hokimiyatni to‘laligicha o‘z qo‘lida to‘plab, faqat markaz manfaatlarini amalga oshiruvchi “davlat ichidagi davlat” vazifasini bajardi.
Sovet hokimiyatining Turkiston respublikasida hayotga tatbiq etgan dekret va qarorlari mahalliy xalqlarni mustamlakachilik asoratida tutib turish uchun xizmat qilgan edi. Xususan, Butunrossiya MIKning 1920 yil 10 apreldagi “Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasi to‘g‘risidagi” qarorida, 1921 yil 11 apreldagi “Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasini ta’sis etish to‘g‘risidagi” dekretda, RKP (b) MK 1920 yil 19 iyunda qabul qilgan “Turkiston Respublikasi to‘g‘risidagi” Nizomda, umuman, RKP (b) tomonidan e’lon qilingan ko‘plab dekretlar, chaqiriqlar, murojaatnomalarda ko‘zda tutilgan xalqlarga erkinlik berish, o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash, ajralib chiqib mustaqil davlat tuzish huquqi o‘rniga Turkiston o‘lkasiga yarim huquq va erkinliklar berish, uni Rossiya tarkibidagi avtonom respublika shaklida saqlash siyosati izchillik bilan amalga oshirildi. Turkiston o‘lkasi mustamlakachilikning yangi “sovet” shakliga aylandi.
Sovet hokimiyatining Turkistonda olib borgan mustamlaka boshqaruv siyosati hamda markazlashtirish harakatlari TSR boshqaruv organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan milliy rahbar xodimlarning kuchli noroziliklariga sabab bo‘ldi. Milliy kommunistlar o‘lkadagi bolsheviklar siyosatiga ochiqdan ochiq qarshi chiqa boshladilar. Milliy rahbar xodimlarning norozilik kayfiyatlarini yuzaga chiqishida 1919 yil martda tuzilgan o‘lka Musulmonlar byurosi (Musbyuro) muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunonchi, Qayg‘usiz Otaboyev, Yusuf Aliyev, Abdulla Rahimboyev, Sanjar Asfandiyorov, Nazir To‘raqulov, Inomjon Xidiraliyev kabi ko‘plab milliy rahbar xodimlar Turor Risqulov raisligidagi Musbyuro atrofida birlashgan edilar.
1920 yil yanvar oxirlarida Musbyuroning III konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada Turkistondagi uchta partiyaviy tashkilot – TKP O‘lka komiteti, Musbyuro va ajnabiy kommunistlar partiyasi yagona kommunistik partiyaga birlashtirildi. Konferensiya qarorida “Turkiston turkiy xalqlarining kommunistik partiyasi” deb rasmiy nomlangan ushbu partiya keng mehnatkashlar ommasining partiyasi bo‘lishi, RKP (b) MKga nisbatan viloyat (o‘lka) komiteti huquqlaridan foydalanuvchi va unga bo‘ysunuvchi o‘z MK tomonidan boshqarilishi kerak edi. Shuningdek, konferensiyada T.Risqulov tomonidan Turkiston Sovet Respublikasi nomini o‘zgartirib, uni Turkiston respublikasi deb atash taklif qilinganda bu taklif konferensiya ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Taklif etilgan Turk respublikasiga TSR dan tashqari qo‘shni milliy respublikalarda (hoz. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlari) yashovchi turkiy xalqlar kirishi kerak edi. T.Risqulov o‘z ma’ruzasida Turkiston respublikasi Konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish, musulmonlarning alohida armiyasini tuzish hamda qizil armiyaning musulmon bo‘lmagan barcha qismlarini Turkistondan olib chiqib ketish masalasini ham ko‘targan edi. T.Risqulovning ushbu g‘oyalari TKPning V o‘lka konferensiyasi (1920 yil yanvar) da ham ma’qullandi. Musbyuroning III konferensiyasi “Turkiston muxtoriyati va Konstitutsiyasi haqidagi rezolyutsiya” qabul qildi. Ushbu hujjatda quyidagi takliflar bor edi1:
Besh viloyat – Sirdaryo, Yettisuv, Farg‘ona, Samarqand, Kaspiyorti viloyatlaridan iborat Turkiston qirg‘iz, o‘zbek, qoraqalpoq, qipchoq, taranchi, tatar, dungan va boshqalardan iborat turkiy xalqlar (shuningdek, tojik, kelib chiqishi turk bo‘lmagan mahalliy yahudiylar hamda boshqa chetdan kelgan rus, armani, yahudiylar) mamlakatidir.
RSFSR Konstitutsiyasining 2-moddasiga muvofiq, Turkiston muxtor respublikasi milliy sovet respublikasi hisoblansin, unda o‘z taqdirini o‘zi belgilovchi mahalliy xalq turkiy xalqlardir. Shu tufayli hududiy mazmun kasb etuvchi “RSFSR Turkiston Respublikasi” nomli “RSFSR Turk respublikasi” deb o‘zgartirilsin.
Sovet Turk respublikasi o‘z davlat faoliyati va Konstitutsiyasini mahalliy aholining tarixiy, iqtisodiy turmush talablariga javob bera oladigan asosda qurishi lozim.
Turkistonning besh viloyati o‘rtasidagi geografik chegaralar to‘siq hisoblanmasin.
Turkiston Respublikasi Sovetlarining VI syezdida tasdiqlangan Konsitutsiyasi qayta ko‘rib chiqilsin..., mahalliy hayotga muvofiq keladigan, RSFSR mehnatkashlari va ezilgan xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi asosidagi yangi Kostitutsiya ishlab chiqilsin.
Ezilgan xalqlar mehnatkashlarini baynalmilal jipslashtirish manfaatlarini ko‘zlab, turkiy xalqlarni tatar, qirg‘iz, boshqird, o‘zbeklarga ajratib bo‘lib tashlash va alohida mayda respublikalar tuzish uchun intilishlarga kommunistik tashviqot yo‘li bilan barham berilsin...
T.Rizqulov Moskvaga, RKP (b) MK va V.Lenin nomiga bir necha marta radiogramma orqali xabar yuborib bu rezolyutsiyani tasdiqlashni so‘radi. Ammo, ushbu rezolyutsiya Turkkomissiya tomonidan keskin qoralanib, T.Rizqo‘lov va uning tarafdorlari “milliy og‘machilik”da ayblanib, ularga “panturkist” tamg‘asi bosildi. 1920 yil 8 martda RKP (b) ning maxsus qarori bilan “Turkiston turkiy xalqlarining kommunistik partiyasi va Turk respublikasi” tuzish haqidagi qaror noqonuniy ravishda rad qilindi. T.Rizqulovning Moskvaga, Lenin huzuriga shaxsan borib “Turkistonda davlat qurilishi to‘g‘risidagi Nizom” loyihasini taqdim etishi ham samarasiz tugadi.
1920 yilning iyun oyida Turkkomissiya tarkibidan RKP (b) Turkiston byurosi (Turkbyuro) ajralib chiqdi. Turkbyuro partiya tashkilotlari faoliyatini nazorat qilib, Turkkomissiyaning izdoshi sifatida mintaqada Markazning mustamlakachilik siyosatini olib bordi. Turkbyuro faoliyatini 1921- 1922 yillarda Y.Rudzutak, A.Ioffe, S.Gusev boshqardilar. 1922 yil may oyida Turkbyuro RKP (b) tomonidan O‘rta Osiyo byurosi qilib qayta tuzildi.
1920 yilning yozidan boshlab Turkiston respublikasida vaziyat keskin o‘zgardi. T.Rizqulov hamda uning tarafdorlari hukumatdagi mas’ul lavozimlaridan iste’foga chiqdilar. Hokimiyat tepasiga esa Turkkomissiya va Turkbyuroning xohishi bilan hisoblashadigan shaxslar keldilar. Faqat Markazning ko‘rsatmalari bilan ish olib boradigan Turkkomissiya Turkistondagi butun hokimiyat organlarini o‘z qo‘liga olib, respublikada yangi sovet mustamlakachilik tizimini o‘rnatishga harakat qildilar va afsuski bunga erishdilar. Natijada Turkiston ikkinchi marta Rossiyaning xom ashyo bazasiga aylandi.
Bolsheviklar o‘rnatgan sovet rejimi Turkiston xalqlariga nafaqat mustaqillik, hatto milliy mustaqillikni ham bermadi. Mustaqillik osonlikcha qo‘lga kiritilmasligini anglab yetgan milliy vatanparvarlar qo‘lga qurol olib bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi istiqlolchilik harakatini boshlab yubordilar1.
Shunday qilib, o‘lkada milliy ma’rifatparlar tomonidan tashkil etilgan muxtoriyat bolsheviklarning harbiy harakatlari oqibatida ag‘darib tashlanganidan so‘ng, Turkistonda sovetcha andoza asosida boshqariladigan hukumat tashkilotlari, jazo va nazorat organlari tashkil etildi.



  1. Download 0,91 Mb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   95




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish