mavzu. Xiva xonligi va Buxoro amirligining qizil armiya tomonidan tugatilishi.
XXSR va BXSRning tashkil topishi
Reja:
1917-1920 yillarda Xiva xonligidagi ijtimoiy - iqtisodiy ahvol. Siyosiy o'zgarishlar (Yosh xivaliklar partiyasi faoliyati). Xonlikda vaziyatning keskinlashib borishi. Asfandiyorxonning olib borgan ichki va tashqi siyosati. Junaidxonning (1857-1938)
faoliyati. Asfandiyorxonning o'ldirilishi va Said Abdulloni xon deb e'lon qilinishi va uning taxtdan voz kechishi.
Hokimiyatni muvaqqat inqilobiy hukumat qo'liga o'tishi. 1920-1924 yillarda Xorazmdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, Butunxorazm birinchi qurultoyi va Xorazm Xalq Sovet respublikasi tuzilganligini e'lon qilinishi (1920 yil 26 aprel). Hukumat raisi Polvonniyoz Xoji Yusupov, muovinlari - Jumaniyoz Sultonmurodov, Qo'shmamedxon Sapievlar faoliyati.
G'oyaviy siyosiy kurash. Xorazmda vatanparvarlar harakati. Xalq xo'jaligining ahvoli, aholining turmush darajasi. 1917-1920 yillarda Buxaro amirligidagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyat. «Yosh buxoroliklar» tashkiloti faoliyati.
1918 yil mart oyi voqealari. Vaziyatning keskinlashib borishi F.Kolesov voqeasi, Qizil tepa bitimi (1918 yil 25 mart). F.Xo'jaev, A.Fitrat va boshqalarni milliy harakatdagi faolliklari.
Adabiyotlar.
I.Karimov. Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch. Toshkent: Ma’naviyat, 2008.
Mustabid tuzumning O‘zbekiston boyliklarini talash siyosati: tarix shohidligi va saboqlari. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Sharq, 2000.
Usmonov Q., Sodiqov M., Oblomurodov N. O‘zbekiston tarixi. I qism. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002.
Tillaboyev S. Turkiston o‘lkasining boshqaruv tizimida mahalliy aholi vakillarining ishtiroki (Farg‘ona viloyati misolida). – Toshkent: Fan, 2008.
Yunusova X. Toshkentda 1892 yilgi xalq qo‘zg‘oloni. Sariog‘och, 1998.
Eshov B. O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi. – Toshkent: Yangi asr avlodi,
2012.
Shamsutdinov R., Karimov Sh., Ubaydullaev U. Vatan tarixi. (XVI-XX asr boshlari).
Ikkinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2010.
O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2003.
O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Akademiya, 2010.
O‘zbekistonning yangi tarixi. Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida. Birinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2000.
Musayev N. Turkistonda sanoat ishlab chiqarishining vujudga kelishi va rivojlanishi tarixidan (XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlari). – Toshkent: Iqtisod-moliya, 2011.
Ismoilova J. XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Toshkentning “Yangi shahar” qismi tarixi. – Toshkent: Fan va texnologiya. 2004.
1917 yil fevral inqilobi bo‘lib, podsho taxtdan ag‘darilgan vaqtda Asfandiyorxon Yaltada dam olayotgan edi. Bu xabarni eshitib, Asfandiyor Toshkentga, undan Chorjo‘y orqali, general Mirbadalov hamroxligida Xivaga qaytib keldi. Xonni kutib olishga chiqqanlar orasida bo‘lgan Polvonniyoz Hoji Yusupov «Vaqt» gazetasidan podshoning taxtdan ag‘darilganligi haqidagi xabarni bilib oladi va o‘z hamrohlarini ham bu xabar bilan tanishtiradi hamda ular mamlakatga bu voqeaning qanday ta’siri bo‘lishini muhokama qiladilar.
Yosh xivaliklarning dasturi, xalq orasida tayanchi, aniq bir maqsadlari bo‘lmagan. Shu sababdan ular xon yo‘qligida hokimiyatni qo‘lga olmaganlar. Xiva shahridagi rus askarlarining Muvaqqat hukumatga qasamyod qilish tantanasidan foydalanib, ulardan harbiy yordam olgan Yosh xivaliklar 1917 yil 5 aprelda namoyish qilib, Nurullaboy saroyiga kelib, qo‘rqib ketgan Asfandiyorxondan idorai mashruta (majlis) tuzishga rozilik olganda ham ularning qo‘llarida talabnoma yoki manifest yo‘q edi. Asfandiyorxon va uch qozi - domulla Ibroxim oxun alam, qozi- ul-quzot domulla Hikmatulla Xo‘ja oxun, qozi -ul-quzot domulla Xudoybergan oxunlar imzolagan manifest ham Nurullaboy saroyida shoshilinch yozilgan. Manifest mazmunini quyida to‘laligicha keltiramiz:
«Hijriy 1335 yil 25 -jumad -us -soni yoki Iso tug‘ilishining 1917 yil 5 aprelida, men -Xiva xoni Said Asfandiyor Baxodirxon quyidagi xohishimni e’lon qilaman;
1. Men o‘z fuqarolarimga konstitutsiyaviy boshqaruvni shuning uchun berdimki, ular davlatni o‘z xohishlari, muqaddas shariat qonunlari va zamon talabi bilan umumxalq kengashi orqali saylangan va davlat ishlarini boshqarishga tayinlangan adolatparvar va loyiq kishilar boshqarsinlar.
Mening fuqarolarim davlatni boshqarish ishida muqaddas shariat bilan kelishilgan holda adolatli harakat qilishlari shart.
Men fuqarolarimga birlik, tinchlik va ozodlikni shuning uchun berdimki, ular bir -birlari bilan aka -uka bo‘lib, tinch yashasinlar.
Xiva davlatida vazirlik va amaldorlik vazifalarini aholi tomonidan saylangan va tayinlangan vijdonli va adolatparvar kishilar bajarsinlar. Xalq xohlamagan vazir, amaldor va hokimlar ishdan olinib, jinoyati isbotlansa muqaddas shariat qonunlari asosida jazoga tortilsin.
Barcha amaldor va vazirlarga, davlat xizmatchilariga vazifalariga yarasha xazinadan maosh ajratilsin.
Xiva davlatining moliya ishlari uchun xazinachi joriy qilib, kirim - chiqimlarni nazorat qilish topshirilsin.
Vazirlar va amaldorlarni nazorat qilish hamda mening yuqoridagi buyrug‘imni bajarish uchun aholi o‘z vakillarini saylagunga qadar 30 kishidan iborat vaqtli qo‘mita tayinlansin. Xiva fuqarolari tinchlikni saqlab, o‘z ishlarini amalga oshirsinlar va boshqa madaniyatli xalqlar qatoridan o‘rin olish uchun bor kuchlarini sarflasinlar».Bu manifest Xiva xoni saroyida yozildi.
Agar e’tibor qilib qaralsa, manifest asosi Islomxo‘ja islohot rejasining bir qismidek bo‘lib ko‘rinadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilar bu hujjatlarni Yosh xivaliklar dasturi sifatida talqin qilishadi. Yosh xivaliklar hamisha ozodlik va taraqqiyot tarafdori bo‘lgan Bobooxun qozikalonni manifest asosida chaqirilgan majlisga birinchilardan bo‘lib taklif qildilar. Majlis va Nozirlar kengashini tuzish, uning faoliyatini tashkil qilish, xujjatlarini islom shariati asosida bo‘lishini ta’minlashda ulamo sifatida Bobooxun Salimov boshchilik qildi. Bu haqda Polvonniyoz Hoji Yusupov o‘z
«Xotiralar»ida shunday yozadi: «Ondin so‘ng Bobooxun eshon birlan maslaxat qilib, tamomi Xorazm qal’alariga ham Turkmaniston, qozoq, qaraqalpoq istansalariga vakil saylab kelmak uchun xatlar yuborildi». Joylarga yuborilgan kishilar xalq vakillarini saylab olib kelgach, manifestga asosan xon hokimiyati qoshida qonun chiqaruvchi organ ─ majlis va nozirlar kengashi tashkil etildi. Majlisning birinchi yig‘ini 1917 yil 26 aprelda bo‘lib o‘tdi. Unda majlis raisi etib Bobooxun Salimov, nozirlar kengashining raisi etib Husaynbek Matmurodov saylandilar. Bu tashkil qilingan davlat organlari tarkibida yosh xivaliklarning a’zolari ko‘pchilikni tashkil qilar edi. Shu bilan birga bu holat O‘rta Osiyo xalqlari davlatchiligi tarixida yagona konstitutsiyaviy monarxiya ko‘rinishidagi davlatning shakllanganini tasdiqlaydi. YA’ni 1917 yil apreldan to 1917 noyabr- dekabr oylarigacha Xorazmda konstitutsiyaviy monarxiya ko‘rinishidagi davlat faoliyat olib borgan.
Xonlikdagi kirim-chiqim daftarini nazorat qilish, xon va amaldorlarga maosh belgilash, maorif, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligidagi ahvolni yaxshilash uchun Rossiyadan mutaxassislar taklif qilish, miltiq so‘rab Toshkentga hay’at jo‘natish, turkmanlar bilan milliy munosabatlarni yaxshilash kabi masalalarni majlisda ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilishda Bobooxun Salimov va Yosh xivaliklarning xizmatlari katta bo‘ldi. Bu ishlar Asfandiyorxon bilan Bobooxun qozikalon o‘rtasidagi nizoni yanada kuchaytirdi. Natijada Toshkentga yuborilgan vakillar polkovnik Tarezna boshliq hay’at bilan Xivaga kelayotgani haqidagi xabarni eshitsa ham, Bobooxun Salimov majlis raisligidan iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan. Bugina emas, oliy diniy lavozim egasi Bobooxun Salimov ramazon oyi tugagunga qadar majlis a’zolariga ham ta’til bergan. Chunki majlis a’zolaridan xon tarafdorlari turli yo‘llar bilan Yosh xivaliklarni majlisdan chiqarish, ularni xon talabi bilan jazolashga harakat qilayotgan edilar. Hatto, xon tarafdorlari ko‘pchilik bo‘lganliklari uchun majlis tashkil topgan vaqtda hibsga olingan amaldorlar, maxramlarni hibsdan ozod etib, xonga fitna tayyorlayapti deb, Nozirlar kengashi raisi Husaynbek Matmurodovni xonga qarshi suiqasd uyushtirishda ayblab, hibsga oltshga erishgan edilar. Bobooxun qozikalon shunday og‘ir sharoitda «... Husaynbekni hibsdin chiqarib, uyiga yuborganlar».
Hay’at bilan Toshkentdan qaytib kelgan Polvonniyoz Hoji Yusupov ochiq siyosiy faoliyat olib borish uchun tayanch katta kuch zarur ekanligini his etib, hurriyatparvar Yosh xivaliklar va sobiq majlis raisi qozikalon Bobooxun Salimov bilan yashirin jamiyat tuzishni maslaxat qiladi; «Ul kishi ma’qul ko‘rib, Gurlan, Mang‘it, Qilichboy, Xitoylardin ko‘p a’zolar jamlab bermakka va’da qildi».
1917 yil kuzida xon tarafdorlari tomonidan majlis raisligiga saylangan Ortiq oxunni raislikdan tushirib, yana Bobooxun Salimovni rais qilib saylashga harakat qilgan Yosh xivaliklar qattiq qarshilikka uchradilar. Ular dinsizlikda ayblandilar. Polvonniyoz Hoji Yusupov, Nazir Sholikorovlar sud qilindi, Yosh xivaliklarning ba’zi a’zolari qamoqqa olindi. Ularning ko‘pchiligi soldatlar kazarmasidan panoh topdilar. Soldat sovetlari va polkovnik Zaytsev bilan bo‘lgan muzokaralarda ishtirok etgan va ular yordamiga umid qilib bo‘lmasligini anglagan Yosh xivaliklar 1917 yil oxirlarida yashirin faoliyat olib borishga o‘tdilar. Chunki oktabr to‘ntarishi sabab inqilobiy ruxdagi rus soldatlari xonlik hududidan chaqirib olingan, qolgan kazak otryadlari esa xon siyosatining tarafdorlari bo‘lib, yangicha fikrlovchilarni ta’qib etishda xonga to‘la yordam berar edilar.
Yosh xivaliklarning Polvonniyoz Hoji Yusupov, Nazir Sholikorov, Otajon Sapayev, Muxiddin Umarov, kabi a’zolari turli yo‘llar bilan Toshkentga qochdilar. Ular hibsga olingan Husayn Matmurodov va boshqalarni ozod qilishga yordam so‘rab, 1917 yil 30 dekabrda Turkiston o‘lkasi XKSga murojaat qiladilar va o‘zlarini Yosh xivalik sotsial inqilobchilar deb ataydilar. Xuddi shunday nom ostida keyinchalik Turkiston Sovet Respublikasi MIKga Xivadagi ahvol to‘g‘risida doklad topshiradilar. Polvonniyoz Hoji Yusupov xotiralarida yozilishicha, 1918 yil 10 yanvarda Qo‘qon shahriga borib, u yerdagi Turkiston muxtoriyati hukumatidan ham yordam so‘rashgan. Lekin harbiy yordam berish imkoniyati bo‘lmagan bu hukumatlar ham Xiva xoni Asfandiyorxon va rus askarlari komissari Zaytsevga zindonda yotgan Yosh xivaliklarni ozod qilib, To‘rtko‘lga o‘tkazib yuborish to‘g‘risida telegramma jo‘natish bilan cheklanadilar. Bu haqida Polvonniyoz Hoji Yusupov «Yosh xivaliklar tarixi» nomli xotiralarida shunday yozadi: «Bir kuni (1918 yilning mart oylari —P.N.) Yusuf afandi (Yusuf Ibragimov — favqulodda komissar) maslaxat berdi: «Sizlar Yosh xivaliklarning inqilobiy qo‘mitasini tuzing», deb. Man aytdim: «Bizlar 3 — 4 odammiz, nechuk qo‘mita ocharmiz?», Yusuf afandi aytdi: «Hech zarari yo‘q, 3 — 4 odam bas turur. Borib — borib a’zolaringiz ko‘p bo‘lib ketar»,- deb bizlar uchun qo‘mita ochmoqqa buyruq qildi. Mani rais sayladi. Otajon maxram Sapayevni sarkotib, Bobojonboyni muovin, Muxiddin Umarovni xazinachi saylab, qo‘mita uchun muhrlar, daftarlar tayyor qilmoqqa buyurdi». Fikrimizcha, ana shundan keyin Yosh xivaliklar partiyasi rasmiy faoliyatini boshlagan. O‘sha vaqtdan Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasi tashkil topib, «Istagan odamlarini a’zolikka qabul qilib» qayd qila boshlaganlar. Hakim Bobojon Muxammad o‘g‘li, Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov, Yusufjon Axmadjonov, Ismoilboy Solihoji o‘g‘li va boshqalarning Xivadan qochib kelishlari bilan Yosh xivaliklarning a’zolari Toshkentda ham ko‘paya bordi.
Darhaqiqat, arxiv hujjatlarida ham Yosh xivaliklarning siyosiy faoliyati to‘g‘risidagi rasmiy ma’lumotlar aynan shu davrdan boshlanadi.1918 yil iyul oyida Yosh xivaliklar o‘z dasturlarini ishlab chiqdilar. Bunda ular o‘zlarini Xiva inqilobiy partiyasi deb ataganlar. Manifest tarzidagi bu dasturning dastlab quyidagi punktlari bo‘lgan:
Xon va uning hukumati tomonidan mamlakatdagi yakka boshqaruvni butunlay tugatish; Xiva hududini Turkiston Respublikasiga qo‘shib, RSFSR tarkibiga kiritish;
Xiva xoni, to‘ralar, beklar va vazirlarning boyligi, har xil ko‘rinishdagi mol—mulklarini xalq boyligi deb e’lon qilish;
Yirik yer egalari mulklaridan kambag‘allar hayotini yaxshilashda foydalanish; Shariyat hukmi bilan vaqflarning barcha daromadini faqat xalq maorifi uchun sarflash; Xivadagi yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun Amudaryodan ariqlar chiqarish;
Bolalarni bepul o‘qitish uchun Xivada maktablar ochish;
Xivadagi shahar va qishloqlarda bepul davolovchi kasalxona va davolash muassasalarini ochish;
Xiva xoni hamda beklar tomonidan kambag‘al aholining majburan tortib olingan yer va boshqa boyliklarni o‘z egalariga qaytarish;
Asfandiyorxon hukmronligi davridagi xazinaga tushgan xalq boyligining nimaga sarflanganligini aniqlashtirish;
Ko‘priklar va aloqa yo‘llarini yaxshilashga kirishish; Majburiy tekin mehnat (begor)ni butunlay tugatish;
Xon va uning hukumatini tugatish, xalq hokimiyatini tuzish va yuqoridagi dasturni amalga oshirishga tezda kirishish, xalq hokimiyatiga qarshi bo‘lgan xon tarafdorlari, burjuaziya va aksilinqlobchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borish.
Polvonniyoz Hoji Yusupovning yozishicha, ushbu dastur Husayinbek Matmurotovning Toshkent shahridagi uyida Shokir Siddiqov raisligi va David Bakirov kotibligida o‘tkazilgan majlisda qabul qilingan. Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasi kotibi Otajon mahram Sapayev dasturning Xivani Turkiston respublikasining bir qismi, qilishdan iborat bo‘lgan 2 — moddasiga qarshi chiqib: «...ushbu hurriyatdan tamomi maxkum xalqlar istifoda qilib, o‘z istiqlolini olgan vaqtlarida, biz Yosh xivaliklar o‘zimizda bo‘lgan mustaqilligimizni yo‘q qilsak vatanga, millatga xiyonat qilgan bo‘lurmiz, tarixda yomon otli bo‘lurmiz»,-deydi. Lekin ko‘pchilik bu moddani olib tashlasak sho‘rolar hukumati bizga yordam bermas degan andisha bilan qolishiga ovoz berishdi.
Ushbu dasturning aniqlashtirilgan va RSFSRga qo‘shilish to‘g‘risidagi moddasi olib tashlanib, 12 moddadan iborat varianti «Xiva inqilobchilar partiyasining yaqin vazifalari» nomi bilan 1920 yil 8 yanvarda Toshkentdagi «Izvestiya» gazetasida bosib chiqarilgan.
1918 yil avgust boshlarida Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasining a’zolarini joylarda inqilobiy uyushmalar tuzish uchun jo‘natiladi. Buni Toshkentdagi Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasi a’zosi Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov nomiga 1918 yil 4 avgustda berilgan 12 —sonli mandat nusxasi ham tasdiqlaydi. Bu hujjat Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasining shtampi va muxri nusxasining yaxshi saqlanganligi bilan ham qimmatlidir. Yumaloq shakldagi muhrga aylana tarzda «Mlado — Xivinskiy Revolyutsyunniy Komitet’» deb doira ichiga arab harfida «Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasi» va kirillchada «Tashkent’» so‘zlari yozilgan. Demak, 1918 yil 5 iyunda Yosh xivaliklar inqilobiy partiyasi o‘z dasturi, tuzilishi, muhriga ega bo‘lgan rasmiy tashkilot sifatida to‘la shakllangan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, “Yosh xivaliklar” harakati 1904—1905 yillarda hamfikrlar, 1910 yil boshlarida manfaatlar guruhi sifatida shakllangan bo‘lsa, 1917 yilda amaldorlar, ma’rifatli boylar, milliy burjuaziya va ziyolilarning Xiva xoniga muxolifatdagi siyosiy kuch, 1918 yilda esa rasmiy siyosiy partiya sifatida namoyon bo‘lgan. Bular dunyoqarashining shakllanishi va tadrijiy rivojlanishida xonlikdagi mavjud ijtimoiy — siyosiy tuzum, Turkiya, Eron, Rossiya va Turkistondagi siyosiy o‘zgarishlar obyektiv sharoit sifatida katta ta’sir qilgan hamda rus inqilobchilari, soldat sho‘rolari va Turkistondagi mahalliy inqilobchilar ta’siri subyektiv omil sifatida katta rol o‘ynagan. Demak, jadidchilik harakatidan o‘sib chiqqan Yosh xivaliklar partiyasi 1918 yil iyun oyida Xorazm aholisi manfaatlarini himoya qiluvchi, o‘z dasturi va tashkiliy tuzilishiga ega bo‘lgan rasmiy siyosiy partiya sifatida to‘la shakllandi.
1919 yil 18 noyabrda BMIK Turkkomissiyasi va respublika inqilobiy harbiy kengashi reaksion rejimga qarshi ko‘tarilgan Xiva qo‘zg‘olonchilariga harbiy yordam berishga qaror qildi. 20 noyabrda esa G.B. Skalov RSFSRning Xivadagi to‘la huquqli vakili, N.M. Sherbakov esa Xiva askarlar guruhining bosh qo‘mondoni qilib tayinlandi. Ular 30 noyabrda Petro —Aleksandrovskka yetib keldilar. 11 dekabrda Amudaryo inqilobiy qo‘mitasi Soldatov raisligida qayta tashkil etildi. Uning a’zolari qilib, Skalov, M.Baljonov, Sh.Hasanov, A.Makayev, kotiblari Linde va Mitinlar tayinlandilar. (Keyinchalik G.B.Skalov, G.I. Broydo, A.Izmailov, Shakirov, Boshmakov, Safanov, Bik, Ioffe kabi RSFSR va Turkkomissiyaning Xivadagi muxtor vakillari Xorazmdagi o‘zgarishlarni to‘la boshqarib turdilar. Aynan ushbu vakillar Xiva xonligining ag‘darilishi va Xorazmda yangi hukumat tuzishda katta rol o‘ynaganlar. Jumladan, G.B. Skalov buyrug‘i bilan sovet qo‘shinlari 1919 yil 25 dekabrda mustaqil Xiva xonligiga bostirib kirdi. Bular bilan Yosh xivaliklar partiyasi inqilobiy qo‘shinining bo‘lganligi hamda Xiva ishchilari harakatini tashkil qilish bo‘yicha o‘lka byurosining vakolatli vakili Hasanovning 1919 yil 4 noyabrdagi xabari bolsheviklar uchun Xiva xonligini bosib olishdek asosiy maqsadlarini xaspo‘shlash, Xorazm mehnatkashlari talabi bilan ularga yordam berish, ularni zulm va zo‘rlikdan ozod qilish uchun Xorazm hududiga kirdik deb, aytishlariga asos bo‘ldi. Holbuki, bolsheviklar o‘z ittifoqchilariga yordam berish, yetarli o‘q —dori yetkazib berish narida tursin, hatto, oziq — ovqat bilan ham to‘liq ta’minlamaganlar. Turkman qabila urug‘ boshliqlari Qo‘shmamedxon, Nurgaldixon Muhammad Ayon, mulla Berkel, G‘ulom Alixon va boshqalar Skalov va Sherbekov otryadlari tomonga o‘tib, Junaidxonga qarshi kurashganlarida ularga o‘zlari bosib olgan hududlarida talonchilik qilishiga ham ma’lum ma’noda ruxsat berilgan edi. RSFSR hukumatining Xivadagi favqulodda va muxtor vakili G.I.Broydo 1920 yil mart oyida Petro — Aleksandrovsk (To‘rtko‘l) shahrida qizil armiya jangchilaridan 63 ta asirani ozod qilinganligi va 2 aprelda Qo‘shmamedxon, G‘ulom Ali Baxshi va boshqa sardorlar bilan bo‘lgan yig‘ilishda turkmanlar orasidagi o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq asiralari borligini aniqlab, ularni o‘z ixtiyorlari bilan joylariga qaytarib yuborishni talab qiladi. G‘ulom Ali Skalov va
Shaydakov bilan kelishganligini aytib, urush paytida ko‘plab olib kelingan turkman asirlarini qaytarilishini talab qiladi. Qo‘shmamedxon esa RSFSR vakillari bilan kelishganligi, shu asosda o‘ljalar olinganligini aytadi va ayollar qaytarilgani bilan oilalari qabul qilmasligini bahona qiladi. G.I.Broyda asiralarni Xivaga topshirishni, sud orqali istagiga qarab ularni oilalariga qaytarishni, bo‘lmasa tikuv sexi ochib, ularga alohida joy ajratilishini aytadi. Shu bilan birga, Taxta shahridagi Junaidxonning katta qo‘rg‘oni to‘la talon —taroj qilinib, vayron qilinadi.
Sovet davri tarixshunosligida qizil askarlar Xiva hududiga kirishdan oddin Amudaryo bo‘limi inqilobiy qo‘mitasi (Revkom) raisi Xorazm aholisiga qizil armiyaning do‘stona harakati to‘g‘risida murojaatnoma qabul qilgan deb yozilar edi. Aslida esa bu murojaatnoma 1920 yil 7 fevralda, Xiva xoni ag‘darilgandan so‘ng qabul qilingan. 8 fevralda esa «Izvestiya Turk SIKa» gazetasi RSFSR ishchi va dehqonlariga Yosh xivaliklar inqilobiy qo‘mitasining murojaatnomasi sifatida bosib chiqqan edi. Ittifoqchilar va qizil armiyaning Xiva hududida olib borgan harbiy harakatlari to‘g‘risida doimo Toshkentga xabar yuborib turilgani qayd qilinsa—da, Turkkomissiyaning, ayniqsa, tashqi aloqalar bo‘limi boshqaruvchisi G.I. Broydo uchun ham sovet qo‘shinlarining Xiva xonligiga bostirib kirganligi tasodifiy holdek bo‘lib tuyuldi.
Junaidxon qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratgan inqilobiy qo‘shinlar 1920 yil 1 fevralda Xiva shahriga kirdi. Bu paytda Said Abdullaxon va uning amaldorlari biron qarshilik ko‘rsatmadilar hamda Said Abdullaxon qizil askarlar va Yosh xivaliklar talabi bilan taxtdan voz kechganligi to‘g‘risida manifestni imzoladi. 2 fevralda manifest xalqqa o‘qib eshittirildi va majlis chaqirilgunga qadar hokimiyat Vaqtli inqilobiy hukumat qo‘liga o‘tganligi e’lon qilindi.
Xorazmdagi yangi muvaqqat hukumat tarkibi inqilob g‘alabalarini ta’minlashda ishtirok qilgan kishilardan, shu bilan birga Xiva xoni tavsiyasi ham inobatga olinib quyidagi tartibda tuzildi: Mulla Jumaniyoz Sulton Murodov — “Yosh xivaliklar” firqasi To‘rtko‘l qo‘mitasining raisi,
zavod egasi bo‘lgan, Muvaqqat inqilobiy hukumat raisi;
Matpanaboy Madraximov — shahar xalqi va savdogarlar nomidan a’zo, “Yosh xivaliklar” partiyasi a’zosi;
Odamoxun Ortiqov — ulamolar tomonidan a’zo;
Mulla O‘roz Xo‘jamuhammedov — Qo‘shmamedxon Sapiyev (Turkman qabila sardori) tomonidan a’zo;
Mulla Navro‘z Ro‘zibayev — G‘ulom Alixon Bahodir (Turkman qabila sardori) tomonidan a’zo.
Muvaqqat inqilobiy hukumat har haftada kamida ikkitadan majlis chaqirib, eng muhim masalalarni ko‘rib, muxokama qilib bordi. Bu qo‘mita 2 oy davomida ham qonun chiqaruvchi, ham ijro qiluvchi hokimiyat vazifasini rasmiy ravishda bajardi. Aslida esa, hukumat rahbarlari har bir qizil askar yugurdagiga aylanib, faqat qo‘shin ta’minoti bilangina shug‘ullanganlar. Muvaqqat inqilobiy hukumat rahbarlari davlat ma’muriy boshqaruv tuzimini ishlab chiqolmadilar. Chunki, hukumat ma’muriyatni saylash yoki tayin qilish masalasini hal etishda ikkilanib qoldi. Ayni paytda joylarda hokimiyatni boshqarishga layoqatli kadrlar ham yo‘q darajada edi. Shuning uchun ham xonlik davri ma’murlari, beklari joylardagi hokimlik lavozimlariga tayinlandilar. Hukumat davlat hokimiyatini qayta qurish ishlarini sekin bajardi.
Bu vaqtda Polvonniyoz Hoji Yusupov boshliq “Yosh xivaliklar” partiyasi Markaziy inqilobiy qo‘mitasi a’zolari Toshkentda edi. Ular G.I. Broydo bilan 4 martda Toshkentdan chiqib, mart oyining oxirlarida Xivaga yetib keldilar. G.I. Broydo joylardagi voqealar bilan tanishib, Vaqtli hukumat a’zolari va xalq ichida katta ta’sirga ega bo‘lgan Bobooxun Salimov, Qo‘shmamedxon Sapiyev va boshqalar bilan suhbatlashib, haqiqiy ahvolni o‘rgandi. Shundan keyin G.I.Broydo 7 aprelda Xiva vaqtli hukumat a’zolarining kengaytirilgan majlisida qatnashib, nutq so‘zlaydi va nozirliklar tayinlashni maslahat beradi. Chunki xon hokimiyati ag‘darilgani bilan joylarda hech qanday o‘zgarish qilinmagan edi.
G.I.Broydo o‘z nutqida Xorazmdagi mavjud ahvolga baho berib, muvaqqat inqilobiy hukumat hech ish qilmaganligini ta’kidlab, Sovet Rossiyasi xonlik tuzimini ag‘darishda qanday rol’ o‘ynagan bo‘lsa, yangi tuzumni o‘rnatishda ham shunday yordamini ayamasligini qayd qiladi va madaniyat va maorif, harbiy, xalq xo‘jaligi, moliya, oliy mufattish (nazorat), adliya, xorijiya nozirliklarini tuzish, ularning vazifalarini tushuntirishga harakat qiladi. Hukumat a’zosi Odam Oxunning: «Bu ishlari shariatga to‘g‘ri keladimi?» — deb bergan savoliga Qur’on kitobidan misollar keltirib, shariatga mosligini isbotlaydi. Polvonniyoz Hoji Yusupovning bizga qonunlar
tuzishda yordam berishingizni iltimos qilardik degan so‘roviga yordam bermasak, o‘z ishimizni oxiriga yetkazmagan bo‘lardik deb javob qaytaradi.
1920 yil 9 aprel kuni muvaqqat inqilobiy hukumat ishini yaxshilash maqsadida uning tarkibida nozirliklar tashkil qilindi. Ayrim hukumat rahbarlari nozir ham bo‘lgan edilar. Bunga sabab siyosiy vaziyatni anglab, davlat tashkilotlarini boshqarish salohiyatiga ega bo‘lgan, savodli kadrlar juda kam edi. Ularning tarkibi quyidagicha bo‘lgan: Muvaqqat inqilobiy hukumat raisi Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov xorijiya (tashqi ishlar) noziri vazifasini ham bajara boshladi, “Yosh xivaliklar” partiyasi rahbarlaridan; Odamoxun Ortiqov — muvaqqat inqilobiy hukumatning raisi yordamchisi, shahar ulamolaridan vakil; Mulla Navro‘z Ro‘zibayev — muvaqqat inqilobiy hukumatning kotibi, “Yosh xivaliklar” partiyasi a’zosi; Mulla O‘roz Xo‘jamuxammedov — muvaqqat inqilobiy hukumatning kotibi yordamchisi, “Yosh xivaliklar” partiyasi a’zosi; Matpanoboy Madraximov — moliya noziri, “Yosh xivaliklar” partiyasi a’zosi, shahar savdogarlari nomidan vakil; Shayhutdin Hasanov — harbiy nozir, Xiva inqilobiy komiteti a’zosi bo‘lib ishlagan; Polvonniyoz Hoji Yusupov —oliy mufattish (davlat nazorati) noziri, Yosh xivaliklar firqasining a’zosi va asoschilaridan biri; Eshchonqori Jabborqulov — xalq xo‘jaligi noziri. “Yosh xivaliklar” firqasi a’zosi; Mulla Bekchon Raxmonov — xalq madaniyati va maorifi noziri. “Yosh xivaliklar” firqasi a’zosi; Bobooxun Salimov — adliya noziri. “Yosh xivaliklar” firqasining a’zosi. Kundalik masalalarini hal qilishda tashkil qilingan prezidium 3 kishidan iborat bo‘lib, Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov — rais, Polvonniyoz Hoji Yusupov va Bobooxun Salimovlar uning muovinlari edilar. Ko‘rib turganimizdek, Muvaqqat inqilobiy qo‘mita tarkibi asosan “Yosh xivaliklar” partiyasi a’zolari edilar.
Xiva shahri va mamlakatni aksilinqilobchilardan himoya qilish maqsadida adliya nozirligi qoshida militsiya boshqarmasi tashkil qilindi. Uning boshqaruvchisi qilib ham “Yosh xivaliklar” partiyasi a’zosi Nazir Sholikorov tayinlandi. Shuningdek 1920 yil 9 aprelda Xiva xonligida mavjud bo‘lgan 20 ta beklik va 2 ta noiblik o‘rniga 22 ta tuman sho‘rolari tashkil qilish to‘ririsida qaror qabul qilindi. Beklik degan unvon va unga qarashli barcha lavozimlar bekor qilindi. Ularning o‘rniga 3- 5 kishidan iborat bo‘lgan, muvaqqat hukumat tasdiqlagan sho‘rolar ta’sis etildi.
Bu va 1920 yil 3 aprelda Xiva shahridagi Asfandiyorxon saroyida «Madaniyat uyi»ning tashkil qilinishi, 1920 yil 11 aprelda Xorazm Xalq muzeyining Mulla Bekjon Rahmonov boshchiligida Xiva xonining Eski Toshhovli binosida tashkil qilish to‘g‘risidagi qarori hamda, 1920 yil 25 martdan 25 aprelgacha Xivada bo‘lgan RSFSRning muxtor vakili G.I.Broydoning Respublika davlat tuzilishi, uning boshqarilishi va boshqaruv lavozimlari qanday bo‘lishi haqidagi maslahatlari xalq vakillarining I — Butunxorazm qurultoyini tayyorlashda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
G.I.Broydo Xorazmda bo‘lgan vaqt ichida N.Shaydakov, V.Uryadov, Xiva xonligi xududiga bostirib kirgan qizil armiyachilarning Shimoliy va Janubiy otryadlari komandirlari hamda, boshqa partiya va sovet xodimlari qamoqqa olindi. Uryadov 10 yilga, N. Shaydakov 2 yilga qamaldi. Vzvod komandiri Radionov esa talonchiligi uchun 25 aprelda otib o‘ldirildi. Shuningdek RSFSR muxtor vakilining bevosita yordami bilan qisqa vaqt ichida 8 ta birinchi bosqich maktabi, o‘qituvchilar kursi, siyosiy maktab, maorif uyi, bolalar bog‘chasi, kinomotografiya, tipografiya, qariyalar uyi, «bachcha»lar uchun mehnat guruhlari ochildi hamda Xalq banki tashkil qilinib, RSFSR 40 mln so‘m kredit berdi. Milliy pul chiqarila boshlandi. 4 ta ko‘prik qurilishi va kanallarni tozalash ishlari boshlandi. Chorjo‘y —Xiva telegraf aloqasi ishga tushirilib, Xiva qizil armiyasini tashkil qilish uchun 18ta musulmon harbiy komandirlari keltirildi. «Inqilob Quyoshi» gazetasi chiqarila boshlandi.
Muvaqqat inqilobiy hukumat davrida «Xonning mulki to‘g‘risida dekret», «Sudxo‘rlik ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida dekret», «Vaqf yerlarini boshqarish to‘g‘risida dekret», «Sud soliqlari va sudiyalarni oylik bilan ta’minlash to‘g‘risida dekret» kabi qonunlar qabul qilinib, Xiva xoni va amaldorlarining mulklari musodara qilindi va davlat ixtiyoriga o‘tkazildi. Jinoyatchilarga nisbatan xonlik davridagi jazolar bekor qilinib, odil sudlov joriy qilindi. Shikoyat va arizalar ham yozma ravishda olinadigan bo‘ldi. Yozishni bilmaydiganlar uchun ariza yozib beradigan kotiblar tashkil qilindi. Ushbu ishlarni amalga oshirish bilan birga Muvaqqat inqilobiy hukumat xalq vakillarining I — Butunxorazm qurultoyini tayyorlash ishlarini ham boshlab yubordi. Ammo qurultoyni tashkil qilishda bir qancha o‘ziga xos qiyinchiliklar namoyon bo‘ldi. Bu Xiva aholisining ijtimoiy tarkibi, iqtisodiy ahvoli hamda ijtimoiy harakat va siyosiy partiyalarning zaifligi bilan bog‘liq edi. Turkfrontning Birinchi inqilobiy armiya qo‘mondoniga berilgan ma’ruzaning «ijtimoiy
hayot» qismida Xiva aholisi haqida shunday ma’lumot mavjud:1. Oqsuyaklar — 5% bo‘lib, xon saroyi ahllari, katta mansabdorlar va amaldorlar edi. Hali o‘z mavqeini yo‘qotmagan bu amaldorlarning yer — suvi va qo‘rg‘onlari saqlanib qolgan edi. 2. Ruhoniylar — 3% ni tashkil qilgan machit imomlari, qozilar, mudarrislar, maktab domlalari edilar. Ular aholi orasida katta e’tiborga ega bo‘lib, vaqf yerlaridan va aholidan daromad olib turardilar. 3. Savdogarlar — 2% bo‘lib, chayqovchilar ham shu guruhga kiradi. 4. Shahar hunarmandlari —(10%) yo‘qsillardan farq qilib, kasbi, ustaxonasiga ega edi. Ular o‘z mehnati bilan kun ko‘rardilar. 5.Ishchilar —5% gacha bo‘lib, zavod va fabrika hamda hunarmandlar ustaxonalarida yollanib ishlaydilar. 6. Dehqonlar aholining to‘rtdan uch qismini tashkil qilgan bo‘lib ulardan 11% ga yaqini yersiz edi.
Ishlab chiqarishda feodal yer egaligining, o‘rta asr qoloqligining saqlanib qolingani, mulk muqaddasligi psixologiyasining, diniy targ‘ibotning kuchliligi, xalq ommasi ko‘pchiligining savodsizligi, mehnatkash xalqning amaldorlarga, ulamolarga hurmatining kattaligi, turkmanlar, qozoq va qoraqalpoqlar yashaydigan yerlarda urug‘chilik an’analarining kuchliligi va boshqalar I
— Butunxorazm qurultoyiga xalq vakillarini va undan hukumat rahbarlarini saylashga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
RSFSR va BMIKning Xiva xonligidagi vakolatli vakillari tomonidan zo‘rma — zo‘raki, rasmiy ravishdagini tashkil qilingan XKP va Xorazm inqilobiy yoshlar uyushmasiga kirgan a’zolarning o‘zlariga ham, butun aholiga ham, kommunistik g‘oyalar yot bo‘lib, bu g‘oyalarning ijtimoiy tayanchi yo‘q edi.
Xiva xonligidagi qurolli to‘ntarish, mustaqil mamlakat ichki ishlariga aralashuvi Sovet Rossiyasining jahon hamjamiyatida siyosiy mavqeiga ega bo‘lishida salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Shuning uchun Muvaqqat inqilobiy hukumat olib borgan ishlarda RSFSR, BMIKning muxtor vakillari va ularga bo‘ysungan Xivadagi qizil askarlar bu jarayonda yordamchi vazifasini o‘tadilar. Bu esa I — Butunxorazm qurultoyiga vakillarni saylash jarayonining demokratik ruhda o‘tishiga sabab bo‘ldi. Mazkur jarayon I — Butunxorazm qurultoyi vakillarining barcha tabaqalardan saylanganligida ko‘zga tashlanadi. Shunga ko‘ra, XXSRning birinchi hukumati tarkibi ham turli toifa, turli ijtimoiy harakat va siyosiy partiya vakillaridan iborat bo‘ldi. “Yosh xivaliklar” partiyasi a’zolaridan: Polvonniyoz Hoji Yusupov (nozirlar sho‘rosining raisi) —yirik savdogar, zavod egasi, katta obro‘ga ega, dindor; Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov (nozirlar sho‘rosi raisining birinchi muovini) — sanoatchi, zavod egasi, yaxshi ma’muriyatchi, chaqqon, siyosiy ongli; Muhammad Panoboy Abdullayev (moliya noziri) — savdogar, boy; Nazir Sholikorov (dohiliya — ichki ishlar noziri) — sanoatchi, zavod egasi; Bobooxun Salimov (adliya noziri) — qozikalon, katta yer egasi; Mulla Bekjon Raxmonov (maorif noziri) — Turkiyada o‘qib kelgan jadid, ziyoli; Eshchonqori Jobborqulov (xalq xo‘jaligi noziri) — ziyoli, savdogar; Xudoybergan Devonov (oliy mufattish—davlat nazorati noziri) — jadid, savdogar; Hakim Bobojonov (ziroat—qishloq xo‘jaligi noziri)—amaldor; turkman sardorlaridan Qo‘shmamedxon Sapiyev (nozirlar sho‘rosining ikkinchi muovini) — turkman urug‘ boshlig‘i, katta yer egasi; G‘ulom Alixon Bahodir (ijtimoiy ta’minot noziri)—turkman urug‘ boshlig‘i, kata yer egasi; Mulla O‘roz Xo‘jamuhammedov (xorijiya — tashqi ishlar noziri) — katta yer egasi; Mulla Navro‘z Ro‘ziboyev (nozirlar kengashi kotibi) — katta yer egasi; Shomurod Baxshi (sog‘liqni saqlash noziri)— katta yer egasi; Rizoaddin Shokirov (harbiy nozir) — harbiy qism komandiri, keyinchalik Turkkkomissiyaning Xivadagi vakili.
Yangi hukumatning milliy tarkibi ham millatlarning o‘lkadagi siyosiy jarayondagi o‘rnini bildiradi. 15 ta hukumat a’zosidan 9 tasi o‘zbek, 5 tasi turkman, bittasi esa tatar millatiga mansub edi. Oddiy xalq, mehnatkash aholi hamisha siyosatdan uzoqda bo‘lgan. Ayniqsa, savodxonlik darajasi orqada qolgan mamlakatlarda xalqning savodsizlik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, uning siyosiy jarayonlardagi ishtiroki ham shunchalik past bo‘ladi. Xorazmda xonlik tuzumi ag‘darilib, sovet tuzumi o‘rnatilayotgan bir jarayonda mehnatkash aholi savodxonligining pastligi yangi hukumat tarkibining shakllanishida katta rol o‘ynadi. Hukumat tarkibiga ishchi va dehqonlardan birorta ham vakil saylanmadi.
Katta tortishuvlar bilan saylangan hukumat a’zolarining ko‘pchiligi o‘z vazifalarining mohiyatini chuqur anglab yetmaganliklari sabab bu lavozimlarga qiziqmadilar. Qo‘shmamedxon va G‘ulom Alixonlar o‘z o‘rinlarida faoliyat olib bormaganlari uchun ular hukumat tarkibidan chiqarildilar. Mulla Bekjon Raxmonov, Rizoaddin Shokirov, Nazir Sholikorovlar boshqa ishga o‘tganliklari sababli ularning o‘rniga yangi kadrlar kiritildi.
1920 yil 27 - 30 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan xalq vakillarining I Butunxorazm qurultoyida XXSR ning birinchi konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiya Kirish so‘z, 13 bob, 37 moddadan iborat edi. Konstitutsiyaning kirish qismi 2-moddasida Xivada sanoat yaxshi rivojlanmaganani, sinfiy kurash ham Xiva xalqi o‘rtasida avj olmaganligi ta’kidlanib, davlat qurilishi haqidagi bobning 5-moddasida «...mamlakatni barcha Xorazm xalqi o‘z vakillari orqali bilvosita boshqaradi» deb qayd etiladi. Oliy organ yilda bir marotaba chaqiriladigan qurultoy bo‘lib, u mamlakatni boshqaruvchi Xalq Nozirlar Sovetini saylaydi. Mahalliy hokimiyat organlari rayon soveti — tuman sho‘rolari bo‘lib, ularning mamlakatdagi soni 22 ta. Qurultoy va mahalliy sho‘rolarga 18 yoshga to‘lgan har bir fuqaro saylash va saylanish huquqiga ega bo‘lib, faqat aksilinqilobchilar, xoinlar, jinnilar, xon, uning oilasi, katta yer egalari, yirik ruxoniylar, umuman konstitutsiyaga qarshi chiquvchilar saylov huquqidan mahrum qilingan edi.
Mahalliy sho‘rolarning 14 tasi o‘zbeklar yashaydigan tumanlarga, 5 tasi turkmanlar yashaydigan tumanlarga va 3 tasi qozoqlar hamda qoraqolpoqlar yashaydigan tumanlarga to‘g‘ri kelar edi. Shuningdek har bir tumanning machitqomida (mahallasida) oqsoqollar saylandi. Bu oqsoqollar 6 oygacha saylanar va o‘z saylovchilariga oyda bir marta hisobot berib turar edilar. Yangi saylangan oqsoqollarning oldingi oqsoqollardan farq qildirish uchun «qizil oqsoqollar» deb yuritganlar. 1920 yil may oyida bunday oqsoqollarning soni 430 kishini tashkil qildi.
Qizil oqsoqollarning tashkil qilinishi shaharda machitqomlarga qarab yoki ma’lum bir hududga qarab saylansa, turkmanlar, qozoqlar va qoraqalpoqlar yashaydigan ovullarda urug‘ qabilachilik odatlariga qarab saylandi.
“Yosh xivaliklar” partiyasi rahbari Polvonniyoz Hoji Yusupov hukumati davrida xalq orasida katta e’tibor va martabaga ega bo‘lgan kishilar hukumatning rahbar organlariga ko‘proq tayinlanganlar. Hatto xonlik davrida hokim va oqsoqollik lavozimida bo‘lgan ko‘pgina kishilar ham o‘z o‘rnilarida qoldirilganlar. Masalan, Xonqa hokimi Muhammadxoji Aminaddin o‘g‘li Yosh xivaliklar davrida o‘z mansabida qoldirilgan.
1920 yil yozida Madaniyat va maorif nozirining 18 yoshgacha bo‘lgan qizlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qaroridan norozi xalq va xivalik ulamolarning Olloqulixon madrasasi oldiga to‘planib, hali ham ruslarning davlat boshqaruvidagi ta’siri kuchliligi haqidagi norozilik chiqishlari bahonai sabab bo‘lib, Xivaning so‘ngi xoni Said Abdulloxon va uning yaqinlari, ko‘plab ulamolar Xorazm Xalq Sovet Respublikasi hududidan chiqarib yuborilib, hammasi Rossiya va Ukraina hududlariga surgun qilindi. Bu Xorazm Respublikasida qizil askarlar tomonidan amalga oshirilgan qatog‘onliklarning dastlabki ko‘rinishlaridan biri bo‘ldi. 1920 yil sentabr oyida Qo‘shmamedxon va yigitlarining Xivada RSFSRning XXSRdagi vakillari Dubyanskiy va R. Shakirovlar buyrug‘i bilan otib tashlanishi, turkmanlar va o‘zbeklar orasiga nizo solish, Yosh xivaliklar hukumati boshqaruviga xalal berish, turli yo‘llar orqali mustaqil Xorazm Respublikasini yo‘q qilish uchun qilingan ig‘vogarlik harakatlari edi. Holbuki, 1920 yil 13 sentabrda RSFSR bilan mustaqil XXSR o‘rtasida o‘zaro tenglik, do‘stlik va hamkorlik haqidagi shartnoma imzolangan edi.
Ushbu shartnomani tayyorlanish va imzolanishida o‘z davrining bilimdon davlat arbobi, xalqining jonkuyari, vatan istiqloli fidoyisi Bobooxun Salimovning xizmatlari katta bo‘ldi. Shu bilan birga ushbu shartnoma RSFSRning sharq xalqlari orasida obro‘sining oshishiga ham yordam berdi. Chunki bu kecha o‘z mustamlakasi bo‘lgan davlatni bugun mustaqil deb tan olish edi. RSFSRning 1920 yil may —iyul oylarida Xorazmdagi muxtor vakili A. Izmailov ittifoq shartnoma imzolanishi arafasida Moskvaga kelib, u bilan tanishgach, «... bu shartnomadagi so‘zlar aslo Xiva xalqi va hukumatining yodu —xayollarida yo‘q turur. Olarga bu tariqa ko‘p huquq bermak lozim ermas. Bu tariqa muhim huquqlar va yordamlarida talab qilmoqni Xorazm vakillarining o‘zlari topib yurgandir», deb aytadi. Shundan keyin RSFSR hukumati ittifoq shartnomasiga ilovalar qo‘shishga harakat qildi. Faqatgina Bobooxun Salimovning qat’iyati shartnomaning o‘zgarishsiz imzolanishiga sabab bo‘ldi. Ushbu ittifoq shartnoma XXSR hukumati tamonidan 1920 yil 26 oktabrda tasdiqlangan.
“Yosh xivaliklar” partiyasi a’zolari ko‘pchilikni tashkil qilgan birinchi XXSR hukumati qabul qilgan qarorlari va amaliy ishlarida keng xalq ommasining manfaatlarini himoya qildi. Uning faoliyatiga RSFSR hukumati muxtor vakillari bevosita va suniy tarzda o‘zlari tashkil qilgan “Xiva ishtrokiyun” firqasi — Xorazm Kommunistik partiyasi, kasaba ittifoqlari hamda Xorazm inqilobiy yoshlari ittifoqi a’zolari orqali bilvosita doimo aralishib turdi. Xiva xonini taxtdan ag‘darishda Rossiya bolsheviklari va “Yosh xivaliklar” partiyasining siyosiy ittifoqi yangi sharoitda o‘z
ahamiyatini yo‘qotdi. Hatto “Yosh xivaliklar” partiyasi tutatilib, ko‘pchilik a’zolari “Xorazm ishtirokiyun” firqasi safiga 1920 yil may oyida o‘tkazilgani, 1920 yil 22 noyabrda XKP birinchi kotibi A.Akchurin Xivadan ketgach, uning o‘rniga Yosh xivaliklar partiyasi rahbarlaridan Jumaniyoz Sultonmurodov tayinlangani bilan vaziyat o‘zgarmadi. RSFSRning muxtor vakillari turli yo‘llar bilan XXSR hukumati ichki ishlariga aralasha boshladilar. Ayniqsa, 1920 yil 19 oktabrdan RSFSRning Xorazmga Turkkomissiya tomonidan tayinlangan muxtor vakili M.Safanov 1921 yil may -iyun oylarida Sh.Siddiqov, 1921 yil iyun-oktabr oylarida Bik, 1921 yil oktabrdan tayinlangan A.Ioffelar mustaqil XXSR hukumati ishlariga aralashib, siyosiy va iqtisodiy hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishga harakat qildilar.
XXSR hukumati II qurultoyi oldi saylov mashvarati (kompaniyasi) davrida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tashviqot ishlarining loyihasida shunday yozilgan edi: «Biz hukumat boshida o‘tirgan kishilar xonga qarshi kurashib, hurriyatni barpo qilgan inqilobchilarmiz, hukumat manfaatlarini, din va shariatni hamisha himoya qilib kelmoqdamiz, shunga qaramay ba’zi kishilar shahar va qishloqlarda ishtirokiyun firqa nomidan gapirib, hukumatning tutgan siyosatiga, umuman qonunlariga, muqaddas vaqf qoidalariga qarshi ish ko‘rmoqdalar. Joylarda shunday odamlarni hukumatga dushman ekanligini, ularning so‘zlariga ishonmaslik zarurligini xalqqa tushuntirish zarur». 1920 yilning oxiri va 1921 yilning boshlariga kelganda bir tomondan XXSR hukumati va Xorazm ishtirokiyun firqa rahbarlari, ikkinchi tomondan RSFSRning XXSRdagi muxtor vakili M.Safonov, Purxiv boshlig‘i Xamza Musayev, harbiy nozir Shayhutdin Hasanov, Xorazm qizil armiyasi siyosiy xodimi F.Vaisovlar singari rahbarlar o‘rtasida kurash kuchayib bordi. Hatto 1921 yilning boshida H.Musayev, Sh.Hasanov, F.Vaisovlar tezda davlat to‘ntarishi qilib, Polvonniyoz Xoji Yusupov rahbarligidagi barcha hukumat rahbarlarini qamoqqa olish va otish lozimligi haqida ham takliflar kiritgan edilar. Ular bu «takliflar»ni 1921 yil mart oyida amalga oshirishdilar. 1921 yil
6 mart kunidagi XXSRning Polvonniyoz Xoji Yusupov boshchiligidagi qonuniy hokimiyatni ag‘darib, davlat to‘ntarishni amalga oshirgan M.Safanov bo‘lsa, 1921 yil 27 noyabrdagi Otamaxzum oxun Muhammadrahimov boshliq hukumatni badnom qilish va davlat to‘ntarishni amalga oshirishda Bikning «xizmat» lari katta bo‘ldi.
Bu ishlarni Rossiya vakillari XKP a’zolari, Xorazm kommunistik yoshlar ittifoqi a’zolarining qo‘li bilan amalga oshirar, ko‘pincha vakillarning asosiy tayanchi qizil armiya bo‘lgan. Xorazm armiyasini tashkil qilish ishlari ham asta sekin yo‘qqa chiqarildi. 1922 yildan XXSRning iqtisodiy mustaqilligi ham tugatila boshlandi.
Keyinchalik XXSR MIK raisi bo‘lgan Otamaxzumxon Muxammadraximov hukumat ishlariga ishtirokiyun firqa a’zolarini rahbarlik qilishiga chek qo‘yishga harakat qiladi. U bir mamlakatda ishtirokiyun firqa Markaziy komiteti va respublika Markaziy Ijroiya Komitetidan iborat ikki rahbar hukumat organi bo‘lishi mumkin emas, degan edi. Albatta, Xorazmda amalga oshirilayotgan bunday ishlar Markazdan kelgan «o‘rtoqlarga» yoqmas edi. Shuning uchun ham RSFSR MIK va Xalq Komissarlar Soveti 1921 yil noyabrda RKP (b) MK Turkiston Byurosi RSFSR MIK va XKS Turkiston komissiyasi raisi V.I.Leninning topshirig‘iga binoan O‘rta Osiyoga AA.Ioffe rahbarligida XXSR favqulodda komissiya yubordi. Komissiya Xorazmda amalga oshirilayotgan ishlarni bekor qilishga harakat qildi. Bunga qarshi Xorazm respublikasi MIKning o‘sha paytdagi raisi Otamaxzumxon Muxammadraximov komissiya raisi A.A. Ioffega, Xorazm respublikasining ichki ishlariga aralashadigan bo‘lsa, 24 soat ichida Xorazmni tashlab chiqib ketishi haqida ultimatum topshirdi. XXSR ni mustaqil respublika sifatida o‘z ichki ishlarini o‘zi mustaqil ravishda amalga oshirayotganligi RSFSRning XXSRdagi muxtor elchisi I.M.Bik va Xorazm ishtirokiyun firqasi rahbarlari nomi bilan ish olib borayotgan boshqa ayrim kishilarga yoqmas edi. Ular o‘sha paytdagi Xorazmda mavjud murakkab siyosiy vaziyatdan foydalanib, doimiy ravishda davlat to‘ntarishlari va hukumat rahbarlarini o‘zgartirib, turish siyosatini amalga oshirib turganlar. RSFSR ning Xorazmdagi muxtor vakili I.M.Bik 1921 yil 10 noyabrda RSFSR tashqi ishlar xalq komissarligiga yozgan xatida: Hozirgi Xorazm respublikasining hukumat rahbarlari Xorazm uchun kerak emas. Hukumat butunlay Menglixo‘ja Ibniyaminov va Otamaxzumxon Muxammadraximov qo‘liga o‘tgan. Milliy masala bilan ayrim ziyolilar shug‘ullanadi, xolos. Xalqning ruslarga ixlosi katta va ijobiy bo‘lib, ular o‘z taqdirini faqat RSFSR hal qilishiga ishonadi», deb noto‘g‘ri xabar bergan edi. Ana shunday fikrga tayangan holda, 1921 yil 27 noyabrda Xorazm ishtirokiyun firqasi Markaziy komiteti, XXSR Markaziy Ijroiya komiteti va Nozirlar Sho‘rosining kengaytirilgan qo‘shma majlisida Xorazm respublikasi Markaziy Ijroiya Komitetining raisi Otamaxzumxon
Muhammadrahimov, Xorazm respublikasi Nozirlar Sho‘rosining raisi Menglixo‘ja Ibniyaminov, Markaziy Ijroiya Komitetining ish boshqaruvchisi mulla Bekchon Raxmonov, Markaziy Ijroiya Komitet ijroiya bo‘limining boshlig‘i Muxammad Abdalov, moliya noziri Muxdmmad Yusuf Otajonov, dohiliya noziri Hasan Ermatov, xorijiya noziri Mulla O‘roz Xo‘jamuxamedov, harbiy ishlar noziri Mirkomil Mirsharopov, turkman sho‘basi raisi Yangiboy Murodov shuningdek, Trigulov, Agaydarov, Yungirovni Xorazm xalqining dushmani deb e’lon qilindi. Ularni ishdan olib tashlash va qamashga qaror qilindi. Otamaxzumxon Muxammadraximov majlisga chaqirilmadi. U o‘z ustidan chiqarilgan hukmdan xabar topgach, Olloqulixon madrasasida yashirinib, jon saqlashga harakat qilgan edi. Ammo uni shu madrasaning ichida otib o‘ddirdilar. Mengilxo‘ja Ibniyaminov, Mulla Bekchon Rahmonovlar qamoqqa olindi. Shuningdek qamoqqa olingan Mirkomil Mirsharopov, Hasan Ermatov, Yangiboy Murodov, Yungirov, Ogaydarov, Trigulovlar RSFSRning Xivadagi vakolatxonasi ixtiyoriga berilib, Xorazmdan chiqarib yuborildi. Muxammadjon Abdalov bir yil, Muxammad Yusuf Otajonov besh yil qamoqqa, Menglixo‘ja Ibniyaminov va Mulla Bekejan Rahmonovlar Oliy jazo — otib o‘ldirishga hukm qilindi. Mazkur hukmning qarori XXSR MIKning Prezidumida ko‘rilib, Mengilxo‘ja Ibniyaminov va Mulla Bekchon Rahmonovlarning o‘lim jazolari 10 yildan qamoq jazosiga o‘zgartirilib, hukm tasdiqlangan edi. Biroq keyinchalik M.Ibniyaminov va B.Rahmonov qamoqdan ozod qilindilar. Mulla O‘roz Xo‘jamuxammedov turkman urug‘i sardorlaridan biri — Qo‘shmamedxon Sapiyevning va uning 100 kishilik otliq qo‘shini otib tashlangan vaqtda, shuningdek Polvonniyoz Hoji Yusupov va Otamaxzumxon Muxammadraximovga qo‘yilgan ayblarga aloqasi yo‘qligi hamda bu davrda Xorazm Xalq Sovet Respublikasining RSFSRga yuborgan delegatsiyasi tarkibida Moskvada bo‘lganligi sababli tez orada ozod qilindi. Lekin, u ham tayziq ostiga olingach, Junaidxon tomonga qochib ketdi. Turkiston ASSR hukumati Mirkomil Mirsharopov va Hasan Ermatovlarni Xorazm respublikasi hududidan chiqib ketishi bilan ularga qo‘llanilgan jazo choralarini o‘zgartirdilar va ular harbiy o‘qishga yuborildi. Keyinchalik Mirkomil Mirsharopov (1924 yil fevral oyida) XXSRga qaytib kelib, harbiy nozir o‘rinbosari vazifasida ishladi va Junaidxonga qarshi kurashdi. Hukm qilinganlarning bir qanchalari 1921 yilning oxiri va 1922 yilning boshlarida XXSR ishtirokiyun firqasi va hukumat rahbarligi lavozimlarida foydalanish uchun ozod qilindi. Jumladan, Mulla Bekchon Raxmonov — maorif va madaniyat ishlariga, Muxammadjon Abdalov — moliya, bank ishlariga, Menglixo‘ja Ibniyaminov XXSR MIKga qayta ishga tiklandilar. Ozod qilinganlardan moliya nozirligi vazifasida ishlagan — Muhammad Yusuf Otajonov ko‘p o‘tmay Junaidxon tomonga qochib o‘tdi va g‘oyib bo‘ldi. Aslida Xorazm ishtirokiyun firqasining I qurultoyi bu voqealar o‘tgandan keyin, aniqrog‘i 1921 yil 4—12 dekabrda Xorazm yersiz va kam yerlik dehqonlarning I qurultoyi bilan birga o‘tdi. Xorazm ishtirokiyun firqasi Markaziy Komitetining a’zolari Vais Raximiy, Hasan Ermatov, R.Abdullayev, Bahri Fayziy singari rahbarlari XXSR hukumati olib borayotgan siyosatni qo‘llab — quvvatlab turgan edilar. Shuningdek Xorazmdagi ishtirokiyun firqa a’zolari o‘sha davrda Xorazm xalqi tomonidan saylab qo‘yilgan XXSR Markaziy Ijroiya Komiteti va XXSR Nozirlar Sho‘rosini tarqatib yuborib, ularning rahbarlarini xalq dushmaniga aylantirib, hibsga olish imkoniyatiga ega emas edi. Bu markazdagi rahbarlarning ishi bo‘lib, ayrim xorazmlik ishtirokiyun firqa a’zolari qo‘li bilan qizil askarlar ishtirokida amalga oshirilgan.1922 yil 1 fevralda Xorazm ishtirokiyun firqasi RKP (B) tarkibiga kirdi. 1922 yil 4 martda RKP (b) MK Turkbyuro raisi S.I.Gusevning Xorazm ishtirokiyun firqasi nomiga yuborilgan telegrammasida Xorazm ishtirokiyun firqasi ham Gruziya va Ozarbayjon ishtirokiyun firqalari singari RKP (b) ga mustaqil a’zo bo‘lib kirdilar, deb xabar qilingan edi.
1922 yil mart oyida RKP (b) MK Xorazm ishtirokiyun firqasiga uning iltimosiga binoan qaytarib bermaslik sharti bilan 300 million rubl mablag‘ berdi va 1922 yil 5 martdan boshlab esa Xorazm ishtirokiyun firqasini moliyaviy jihatdan to‘la ta’minlash, uning shtatlarini belgilash hamda ikki baravar o‘stirish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Xorazmda ishtirokiyun firqa a’zolarini, kommunistik mafkura asosida tarbiyalash uchun Markazdan I.M.Bik, YE.Gladko, V.Aniskin, I.A.Yermakov, Samoxvalov, S.S.Chernik va boshqalar kelib tinimsiz targ‘ibot ishlarini olib bordilar. XXSR MIK va hukumat rahbarligiga saylanganlarning deyarli hammasi ishtirokiyun firqa a’zolari edi. XXSR MIK tarkibida Xorazm ishtirokiyun firqasi ma’sul kotibi G.Sharafitdinov rahbarligida Xorazm ishtirokiyun firqa fraksiyasi tuzildi.1922 yil 15 noyabrda XXSR Nozirlar Sho‘rosi qoshida Davlat siyosiy boshqarmasi tashkil qilindi. Siyosiy boshqarma raisi qilib Xorazm ishtirokiyun firqasi Markaziy Komiteti a’zosi Bobo Muhammadjonov, harbiy tribunal raisi qilib
I.Mansurov belgilandi. Shuningdek, uchinchi a’zo qilib qozoq bo‘limining boshlig‘i, Xorazm ishtirokiyun firqa Markaziy komiteti a’zosi — Tagan Abdullayev tayinlandi. Ularga katta huquq berilgan. Ular davlatga ishonchsiz deb hisoblangan kishilarni 24 soat ichida o‘g‘rilik va
«bosmachilik»da ayblab otishga hukm qilishlari mumkin edi. Davlat siyosiy boshqarmasi qoshida esa 70 kishilik kommunistik otryad tashkil qilindi. Unga ishtirokiyun firqa a’zolari, yoshlar tashkiloti a’zolari va harbiylar kiritildi. Otryadga 3 kishilik komissiya rahbarlik qildi. Ularning raisi qilib Aniskin, a’zolari qilib Muxammadyarov va S.V. Malishevlar saylandilar. Bu jarayonlar RKP
(b) MK O‘rta Osiyo byurosi orqali Xorazm ishtirokiyun firqasiga katta ta’sir ko‘rsatish imkonini berdi. RKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosi Xorazmda ishtirokiyun firqa qo‘li bilan ishni
«tozalash»dan boshladi. 1923 yilgi «tozalash» natijasida Xorazm ishtirokiyun firqasi safidan 50% dan ziyodroq kishi savdogar va mulla deb chiqarildi. Bu ishtirokiyun firqada a’zo bo‘lgan xatli, savodli Xorazm ziyolilarining asosiy qismi bo‘lib, ishtirokiyun firqadan va hukumatdan chetlashtirildi, degan gap edi. Bunday tozalash ishlari hukumat tarkibida va boshqa jamoat tashkilotlarida ham amalga oshirilgan edi.
RKP MK O‘rta Osiyo byurosi 1923 yil 14 martda Xorazm ishtirokiyun firqasiga yuqoridan turib berilgan topshiriqlarini bajarish uchun rahbar va mutaxassislar yubordi. Masalan, Kozlovskiy, Yankovskiy, Ditman va Shermuhammedovlar xo‘jalik tashkilotlaridagi ishlarni qayta qurish uchun; Troitskiy, Zubkov, Sultonxo‘jayevlar kooperatsiyalar tuzish uchun yuborildi. Keyinchalik qishloq xo‘jaligida qanday ekinlar ekishni o‘rganish uchun Belyayev, Seleznev, Chernov, Shimnevich va boshqalar yuborildi. Ishtirokiyun firqa ruxsatisiz davlat ishlarini boshqarish, buyruq va ko‘rgazmalar berish taqiqlab qo‘yildi. Ishtirokiyun firqa a’zolari va tashkilotlari miqdori ko‘paytirilayotgan bir paytda XXSR MIK va Nozirlar Sho‘rosi a’zolari, shuningdek, joylardagi hukumat xizmatchilarining soni qisqartirildi. Masalan, 1923 yil avgust oyida hukumat a’zolari va xizmatchilar soni 3474 kishidan 1128 kishiga kamaytirildi. Bu hukumat a’zolari soni deyarli 3 marta qisqartirildi, degan gap edi.
Hukumat a’zolarining tez —tez o‘zgartirilib, badnom qilinishi, XKP ichidagi amalga oshirilgan tozalashlar, XXSRning XSSR deb nomining o‘zgartirilishi, 1923 yil 18 — 20 oktabrda o‘tkazilgan Butunxorazm Sovetlarining IV qurultoyida qabul qilingan yangi Konstitutsiya asosida bu mustaqil davlat Rossiyaga qaram dehqon deputatlari respublikasiga aylandi. 1923 yil kuzidan boshlab Xorazm respublikasidagi demokratik o‘zgarishlarga butunlay chek qo‘yildi. Xorazmni sovetlashtirish jarayoni o‘zining yuqori bosqichiga ko‘tarildi. Bu holat 1924 yilning oxirigacha davom etdi.
Butun Xorazm sovetlarining IV qurultoyi asosida amalga oshirilayotgan ishlar uzoqqa bormadi. Unda oldinga qo‘yilgan ko‘pgina ishlar ham mahalliy sharoit bilan hisoblashmasdan, yuqoridan berilgan ko‘rsatmalar asosida amalga oshirilganligi sababli ko‘pgina noroziliklarga olib keldi. Bu esa, 1923 yil oxirlari—1924 yil boshlarida Xorazmda Junaidxon rahbarligida qo‘zg‘olon ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Qo‘zg‘olonni bostirish maqsadida 1924 yil 16 yanvarda XSSR MIKning qaroriga binoan respublikada harbiy holat e’lon qilindi. 17 yanvarda Xorazm ishtirokiyun firqa ijroiya byurosi qaroriga binoan respublikada harbiy inqilobiy komitet tashkil qilindi. Unga Matkarim Abdusalomov raislik qildi. Shuningdek, Matyoqub Otajonov rahbarligida favqulodda (CHK) komissiya tashkil qilindi va unga GPU va harbiy tribunal xodimlari bo‘ysundirildi. Yanvar qo‘zg‘olonidan keyin markazdan XSSRga bir qancha tajribali ishtirokiyun firqa a’zolari rahbarlik qilish uchun yuborildi. Faqat 1924 yil fevral —mart oylari ichida XSSR ga 60 kishi yuborildi. Ular qatorida TASSRda eng ko‘zga ko‘ringan ishtirokiyun firqa (Turkiston Kompartiyasi) a’zolaridan Nizomiddin Xo‘jayev va Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayevlar ham bor edi. Nizomiddin Xo‘jayev ishtirokiyun firqada kadrlarni tanlash va joyiga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy bo‘limga rahbarlik qildi. Shuningdek, markazdan, uzoq yillar davomida Turkiston ASSR Zakaspiy viloyati ishtirokiyun firqasida ma’sul kotib bo‘lib ishlagan Boyarshinov ham yuborildi. U RKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosining doimiy vakili sifatida ishladi. Chari Perliyev — Xorazm ishtirokiyun firqasi, Toshxovuz viloyati partiya kotibligiga yuborildi. U Buxoro ishtirokiyun firqasi aktiv xodimlaridan biri bo‘lib, Buxoro ishtirokiyun firqasi Karki viloyat kotibi bo‘lib ishlagan edi. RSFSRning XXSRdagi muxtor elchisi bo‘lgan G.I. Broydo rahbarligida (Sanjar Asfandiyorov va Sedovlar ham kirgan) maxsus komissiya yuborildi va bu komissiya RKP (b) MK ning komissiyasi sifatida ishladi va Markaz bilan uzluksiz aloqada bo‘ldi. 1924 yil fevral oyida Turkiston fronti (Turkfront) harbiy inqilobiy kengash a’zosi E.P. Berzin rahbarligida RKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosi komissiyasi
Xivaga yuborildi. 1924 yil 13 martda RKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosi raisi muovini A.Y.Karklin, Turkfront qo‘mondoni Pugachev, shuningdek, Abdulla, Raximboyev, Qayg‘isiz Otaboyev, Nodirboy Oytoqov, Isoq Xonsuvorov, I.M.Mejlauk, X.Xanov, V.V.Shaxetov va boshqalar yuborildi. Ular Xorazm ishtirokiyun firqasi, yoshlar va kasaba uyushmalarida, keng xalq ommasi o‘rtasida g‘oyaviy - siyosiy tashviqot olib bordilar. XSSRda asta - sekinlik bilan vaqf yer egaligidan foydalanish, soliq siyosatida va boshqa ishlarda yo‘l qo‘yilgan xatolarga chek qo‘yila boshlandi. Ishtirokiyun firqa va xalq o‘rtasidagi munosabatlar, din va ulamolarga bo‘lgan munosabatlar yaxshilandi, hatto XSSR MIK tarkibida ulamolardan vakil ham kiritiladigan bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, Xorazm hududida ham butun Rossiya imperiyasi hududlaridagi kabi 1917 – 1924 yillarda shiddatli siyosiy jarayonlar, katta o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. Fevral inqilobi ta’sirida O‘rta Osiyo davlatchiligi tarixida yagona konstitutsiyaviy monarxiya boshqaruv tuzimi Xorazmda o‘rnatildi va 1917 yil aprel – noyabr oylarida faoliyat olib bordi. Imperiyada tashkil topgan sovet hukumati dastlab mustaqil davlat deb tan olgan Xorazm hukumatining hududiga qurolli bosqin uyushtirib, u hukumat boshqaruv tizimini o‘zgartirdi. 1920 yil 13 sentabrdagi shartnoma asosida XXSRni mustaqil davlat deb tan olib, doimo uning ichki ishlariga aralashib turdi va uch ming yillik davlatchilik asoslariga ega bo‘lgan davlatni parchalab tashladi.
1917 yil Buxoro amirligi ham muhim o‘zgarishlar arafasida turardi. Bu davrda Buxoroda jadidchilik harakati va undan o‘sib chiqqan yosh buxoroliklar partiyasining faoliyati kuchaydi. Yosh buxoroliklar 1910 yildayoq o‘zlarini alohida tashkilot sifatida e’lon qilgan edi. Ular dastavval mavjud monarxiya tuzumi doirasida demokratik islohotlar o‘tkazish, konstitutsion monarxiyani o‘rnatish orqali amirning mutlaq hokimligini cheklab qo‘yish tarafdori bo‘lishgan.
1917 yil 7 aprelda Buxoro amiri Sayid Olimxon mamlakatda islohotlar o‘tkazish to‘g‘risida farmon chiqarsa ham amalda uni joriy qilmadi. Jadidlar Buxoro shahrida namoyish uyushtirganlaridan so‘ng mamlakatda ularni yoppasiga ta’qib etish boshlandi.
Buxorodagi aprel voqealarining yakuni shu bo‘ldiki, hukumatda konservativ kuchlar yana ustunlikka erishdilar. Sayid Olimxon qozikalon Sharifjon Maxdumni lavozimidan bo‘shatdi, g‘azablangan mutaassiblar rais Abdusamadxo‘jani olomon qilib o‘ldirdilar. Nasrullobek qo‘shbegining buyrug‘i bilan yosh buxorolik jadidlarning mashhur namoyandasi Sadriddin Ayniy va boshqalar 75 tayoq urib jazolandilar. Islohotchilik harakatining bu bosqichi mana shunday salbiy natija bilan yakunlandi.
Oktabr to‘ntarishidan keyin sovet Rossiyasi bilan Buxoro amirligi o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Turkiston respublikasining bolsheviklardan iborat rahbariyati Buxoro amirligining davlat mustaqilligini rasmiy ravishda tan olishiga qaramay, amalda uning ichki ishlariga doimiy ravishda aralashib turdi.
Yosh buxoroliklar amirlik istibdodiga qarshi kurashni davom ettirdi. Partiya ichida turli guruhlarning borligi, qarashlarning xilma-xilligi tufayli yagona dastur tuzishga ehtiyoj tug‘ildi. Markaziy qo‘mita bu vazifani 1917 yil noyabrda Fitratga topshirdi. Fitrat tomonidan 1918 yil yanvarda yozilgan yosh buxoroliklar partiyasining dasturi Markaziy qo‘mita tomonidan tasdiqlandi va islohot loyihasi sifatida e’lon qilindi. Unda Buxoroda konstitutsiyaviy monarxiya o‘rnatish, Buxoroning iqtisodiy, siyosiy va harbiy mustaqilligini ta’minlash, madaniy taraqqiyotga erishish lozimligi, dehqonchilik va soliq tizimiga alohida e’tibor berildi. Buxoroda zamonaviy armiyani tashkil etish, 2 yillik majburiy harbiy xizmatni joriy qilish, davlat hisobidan maktablar va oliy o‘quv yurtlari ochish zarurligi ta’kidlandi. Loyihada Buxoroda 10 ta nozirlikdan iborat Nozirlar Sho‘rosi tuzish taklif etildi. Keyinchalik Fayzulla Xo‘jayev Fitrat loyihasining ancha cheklanganligini tanqid qilib, unda boshqaruvning respublika usulini joriy etish talab qilinmaganligini ko‘rsatgan edi.
Turkiston XKS Buxoro davlatiga g‘animlik qilib, amir hukumatini kuch bilan ag‘darishga urindi. Bolsheviklar shu maqsadda yosh buxorolik jadidlarni qo‘llab-quvvatlashdi. 1918 yil mart oyida Turkiston o‘lkasi XKS raisi F.Kolesov qo‘mondonligidagi qizil askarlar mamlakat poytaxti Buxoro shahriga hujum uyushtirdilar. Ularning hujumi muvaffaqiyatsiz tugagan bo‘lsa ham, Buxorodagi siyosiy tuzumni o‘zgartirish uchun urinish to‘xtamadi. Afsuski, amir Olimxon mamlakat taqdiri hal qilinayotgan ushbu fursatda muxolifatdagi yosh buxoroliklar partiyasi arboblari bilan til topisha olmadi. U mamlakatla konstitutsion monarxiya va demokratik tartibotlarni o‘rnatmoqchi bo‘lgan jadidlar - yosh buxoroliklarni yo‘qotish yo‘lini tutdi. Fayzulla Xo‘jayevning ta’kidlashicha, Kolesov voqeasidan keyin amir mamlakatda 3000 kishini qatl qilgan. Sadriddin Ayniyning yozishicha faqat poytaxt-Eski Buxoro emas, balki G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent,
Qorako‘l, Chorjo‘y, Xatirchi, Karmana, Qarshi, Shahrisabz bekliklarida ham minglab kishilar jadidlikda ayblanib, nohaq o‘ldirildi. Buxorolik jadidarning tirik qolgan vakillari Samarqand, Toshkent va Moskvaga jo‘nab ketishga majbur bo‘lishdi.
Yosh buxoroliklarning bir qismi 1918 yilning yozida Toshkentda Buxoro kompartiyasini tuzishdi. Fayzulla Xo‘jayev Moskvadagi muhojirlik davrida, 1918 yil oktabrda Turkiston respublikasining RSFSR hukumati huzuridagi muxtor vakolatxonasi qoshida yosh buxoroliklar partiyasi bo‘limini tashkil qildi. 1920 yil yanvarda Toshkentda Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi tuzildi. Bolsheviklar yosh buxoroliklardan amirlik hokimiyatini ag‘darishda foydalandilar. Ular ham taktik maqsadlarni ko‘zlagan holda bolsheviklarga yaqinlashishdi.
Yosh buxoroliklar partiyasining Turkiston Markaziy byurosi 1920 yil 13-14 iyunda bo‘lgan birlashgan konferensiyasida Fayzulla Xo‘jayev tuzgan dasturni qabul qildi. Dastur “Zulmga qarshi birlashingiz!” degan shior va kirish qismi bilan boshlanadi. Bu qismda Buxoroning umumiy ahvoli va yosh buxoroliklarning asosiy maqsadlari, ikkinchi qismida esa yosh buxoroliklarning amaliy takliflari, islohot va mamlakatning idora qilishni tashkil qilish rejasi bayon etildi. Shariat-adliya ishlarini olib borishning negizi, deb quyidagicha e’tirof qilindi: ”Shariat-adolatni talqin qiluvchi va kambag‘allarni himoya etuvchidir”. Dasturda amirlikni qurol kuchi bilan ag‘darib tashlash va Buxoroni demokratik xalq respublikasi deb e’lon qilish talabi qo‘yildi. Yosh buxoroliklar katta boylar qo‘lidagi yerlarni musodara qilish, bepul boshlang‘ich ta’lim joriy etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik sanoati, ichki va tashqi savdoning ahvolini yaxshilash yo‘lida amaliy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidlashdi.
1917-1920 yillarda Buxoro amirligi ijtimoiy-siyosiy hayotida yuzaga kelgan murakkab vaziyat, boshqaruv tizimidagi tartibsizliklardan foydalangan sovet hukumati rahbariyati, jumladan, Turkiston fronti qo‘mondoni M.V.Frunze 1920 yil 25 avgustda qizil askarlarga Buxoroni bosib olish uchun buyruq berdi. Keskin janglardan so‘ng, 2 sentabrda Buxoro shahri bosib olinib, Sayid Olimxon hokimiyatdan ag‘darib tashlandi. Qizil askarlar Sharqning eng qadimgi shaharlaridan biri, “Islom dinining gumbazi” va “sharif shahar” hisoblangan muqaddas Buxoroni vayron qildilar. Qadimiy Buxoro o‘t va harobalar ichida qoldi.
Shafqatsiz o‘q yomg‘iri va bombardimon natijasida shahar obidalarining bir qismi vayron etilib, minglab begunoh odamlar nobud bo‘lgan. O‘sha davr voqealarining bevosita shohidi bo‘lgan mahalliy tarixchi Muhammad Ali Baljuvoniy o‘zining “Tarixi Nofeiy” (“Foydali tarix”) asarida qizil askarlar tomonidan qilingan Buxoro bosqini oqibatlarini quyidagicha tasvirlaydi: “Buxoroni bosib olish natijasida 34 guzar, 3000 dan ortiq do‘kon, 20 ta saroy, 29 ta masjid yonib xarob bo‘ldi. Minorai Kalonga ham zarar yetib, Olimxon va Mir Arab madrasalari yonib ketdi... Hazrati Imom darvozasidan Guzari Nazargacha, Kofirobod, O‘g‘lon darvozasi, Masjidi Kalon, Zindondan To‘qimdo‘ziy hammomigacha, minora ostidan to So‘zangaron dahasi, Gul bozor, Lattafurushlar rastasi, Registondan to Puli oshiqonning boshigacha batamom yonib ketdi. Qarshi darvozasi ham yonib ketdi... Shaharda 3000ga yaqin hovli yonib kul bo‘ldi. Buxoro shahri qariyb 20 kun yongandi. Buxoroning shu darajada xarob bo‘lganini hech bir tarix ko‘rmagan edi”. Buxoroliklar bu kunlarni “kichik qiyomat” deb atashgan.
Shaharga kirgan qizil askarlar arkdagi amir xazinasini, Buxoro qozikaloni, qo‘shbegi va boshqa amaldorlarning boyligini musodara qilganlar. askarlar va qo‘shin rahbarlari katta boylik orttirganlar. Hatto Frunze xazinadagi qimmatbaho boyliklarning bir qismini o‘zi uchun saqlab qo‘ygan. Turkiston harbiy-inqilobiy byuro “uchligi”ning a’zosi A.Mashitskiyning 1920 yil sentabrda V.I.Leninga yozgan ma’lumotnomasida shahar markazi yakson qilinganligi, Registon va ark yondirilgani, ark yerto‘lalari va omborxonalaridagi boyliklar-oltin, kumush, brilliantlar talangani, bunda qizil armiya bevosita qatnashgani haqida xabar bergan.
Sentabr oyining boshida amirlik xazinasi va boshqa boyliklar ortilgan 2 eshelon yuk Samarqand va Toshkent orqali Moskvaga yo‘l oldi. Qariyb 15 sentabrgacha davom etgan Buxoro talovining guvohi bo‘lgan Turkbyuro raisi o‘rinbosari G.Safarov quyidagicha yozgan edi: “Buxoroga kelgan qizil qo‘shinlar eng avvalo talonchilik bilan shug‘ullandilar. Ular hammani va hamma narsani taladilar. Umuman qizillar Buxoroni talash uchun kelgan edilar”. Buxoro shahridan so‘ng qizil armiya 27 beklikni ham birin-ketin egallab, Buxoro amirligiga barham berishdi.
1920 yil 14 sentabrda bo‘lgan Xalq Nozirlar Sho‘rosi, Revkom va Buxoro Kompartiyasi MKning umumiy yig‘ilishida 9 kishidan iborat Butun Buxoro inqilobiy qo‘mitasi (raisi-Abdulqodir
Muhitdinov) va respublika hukumati-11 kishidan iborat Xalq Nozirlar Sho‘rosi (raisi-Fayzulla Xo‘jayev) tuzildi. Mamlakatni boshqarish maqsadida tuzilgan Buxoro Xalq Nozirlar Sho‘rosi tarkibi quyidagicha edi: rais va xorijiy-tashqi ishlar (nozir-Fayzulla Xo‘jayev), maorif (Qori Yo‘ldosh Po‘latov), doxiliya-ichki ishlar (Muxtor Sayidjonov), moliya (Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev), davlat nazorati (Najib Husayinov), favqulodda komissiya (Cheka raisi-Yusuf Ibrohimov), adliya (Mukammil Burhonov), harbiy ishlar (Bahovuddin Shihobuddinov), yer-suv ishlari-dehqonchilik (Abdulqodir Muhitdinov), savdo va sanoat (Mirzo Muhitdin Mansurov) nozirliklari. Bu paytga kelib inqilobchilik ta’sirida bo‘lgan yosh buxoroliklar partiyasi a’zolari Buxoro kompartiyasi safiga kirishga majbur bo‘lgan edilar. Ushbu o‘rinda ta’kidlash joizki, asosan jadidlardan tashkil topgan Buxoro hukumati o‘sha paytda ma’lumotli kishilar yig‘ilgan hukumatlardan biri hisoblangan. Buxoro jadidlari o‘zlarining islohotchilik g‘oyalarini yangi hukumatdagi faoliyatlari davomida amalga oshirishga harakat qildilar.
1920 yil 6-8 oktabrda amirning yozgi saroyi-Sitorai Mohi xosada chaqirilgan Butun Buxoro xalq vakillarining I qurultoyida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilganligi tantanali ravishda e’lon qilindi. Bu davlat tuzumi jihatidan xalq demokratik hokimiyati edi. Uning zimmasiga qisqa muddat ichida o‘rta asrchilik an’analaridan meros qolgan amirlik Buxorosini demokratik davlatga aylantirishdek tarixiy vazifani bajarish tushdi. Qurultoy davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi oliy organi bo‘lgan Buxoro inqilobiy qo‘mitasi (Markaziy Revkom), Buxoro Xalq Nozirlar Sho‘rosi-dastlabki hukumat tarkibini uzil-kesil tasdiqladi. Ularning vakolat muddati II qurultoygacha uzaytirildi. 1920 yil oktabr-noyabr oylarida BXSR bilan RSFSR o‘rtasida muvaqqat harbiy-siyosiy ahdlashuv va shartnoma tuzildi. 1921 yil 4 martda har ikki davlat o‘rtasida ittifoq shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnomalar mustaqil siyosat yuritishga harakat qilayotgan yosh Buxoro davlati arboblari faoliyatini muayyan darajada cheklashga olib keldi. Ittifoq shartnomasi mustaqil Buxoro davlati hududida sovet qo‘shinlari turishini “qonuniy” asoslab berdiki, mazkur hol BXSR ichki ishlariga Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy jihatdan qurolli aralashuvidan boshqa narsa emas edi.
Buxoro hukumati oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri yer-suv masalasini hal qilish edi. 1920 yil 30 sentabrda Buxoro Markaziy Revkomi «Yer to‘g‘risida»gi dekretni qabul qildi. Dekretga muvofiq, sobiq amir, uning qarindoshlari va amaldorlari qo‘lidagi butun yer-mulk kambag‘al va yersiz dehqonlarga berilishi kerak edi. Shuningdek, dekretga ko‘ra, «xiroj», «amlok» va boshqa soliqlar bekor qilindi. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, faqat Eski Buxoro tumanlari va Chorjo‘y bekligida sobiq amir va beklarga qarashli 10000 tanob yer musodara qilinib, kambag‘al dehqonlarga taqsimlab berildi.
Avval boshida Buxorodagi yangi tuzum va uning ijobiy chora-tadbirlarini aholi ma’qullab kutib oldi. Biroq yangi hokimiyat tomonidan mulkdorlar tabaqasiga nisbatan ko‘rilgan qattiq choralar, ularga tegishli butun mol-mulkning musodara qilinishi, saroy ayonlari va amir amaldorlarining yoppasiga hibsga olinishi va otib tashlanishi, amir xazinasining Moskvaga olib ketilishi, majburiy oziq-ovqat razvyorstkasi, uning qattiqqo‘llik bilan amalga oshirilishi, islom dini va ulamolarga nisbatan dushmanlik siyosati, respublika hududida turgan qizil armiya ta’minotining aholi zimmasiga yuklatilishi buning ustiga, qizil askarlarning bosqinchilik va talonchilik faoliyati haqqoniy ravishda xalqning kuchli noroziligiga sabab bo‘ldi. Respublikadagi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar ham keskinlashdi. Buxoroda amir hokimiyati ag‘darib tashlangan dastlabki haftalardayoq mamlakatning g‘arbiy, markaziy va sharqiy qismlarida qizil armiyaning bosqinchilik siyosati va bolsheviklar zulmiga qarshi boshlangan qurolli qarshilik harakati avj olib ketdi.
Buxoro hukumati ichida siyosiy bo‘linish kuchaydi. Bir tarafdan, Buxoro kompartiyasi ichidagi so‘l va o‘ng kommunistlarga qarshi g‘oyaviy jihatdan kurash olib borishga to‘g‘ri kelsa, ikkinchi tarafdan, RSFSR va uning favqulodda organlari bo‘lgan Turkkomissiya, Turkbyuro, O‘rta Osiyo byurosi yosh mustaqil davlatning bosgan har bir qadamini sergaklik bilan nazorat qilib turar edi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan F.Xo‘jayev, U. Po‘latxo‘jayev, Otaulla Xo‘jayev, Fitrat, Muinjon Aminov, Muxtor Sayidjonov, Sattor Xo‘jayev, M.Mansurov, A. Muhitdinov va boshqalar hukumatda demokratik yo‘l tutib, mo‘tadil mavqeda turdilar. Ular BXSRning amalda mustaqil bo‘lishi, islohotlar o‘tkazish zarurligini yoqlab chiqdilar.
1921 yil 18-23 sentabrda bo‘lgan Butun Buxoro xalq vakillarining II qurultoyida demokratik ruhdagi BXSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. Buxoro tarixidagi dastlabki Konstitutsiya fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklarini qonun yo‘li bilan mustahkamladi. Konstitutsiyada
davlatni idora etish uchun xalqning barcha tabaqa vakillarining ishtiroki ta’minlandi. Xususiy mulk va savdo-sotiq erkinliklari unda o‘z ifodasini topdi. BXSR Konstitutsiyasi barcha fuqarolarga teng siyosiy huquq berdi, milliy tengsizlikni yo‘qotdi.
II qurultoyda Butun Buxoro MIK tashkil qilinib, uning raisi qilib Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev (1887-1968) saylandi. 1922 yil avgustda bo‘lgan III qurultoyda bu lavozimni Porso Xo‘jayev egalladi.
Buxoro Respublikasidagi iqtisodiy siyosat va xo‘jalik sohasidagi islohotlar ziddiyatli tarzda kechdi. Buxoro inqilobiy qo‘mitasining 1921 yil 2 fevraldagi dekreti hamma yerlarni umumxalq mulki deb e’lon qildi. Vaqf yerlari tugatildi, ayrim toifadagi xo‘jaliklarning chorva mollari va mulklari musodara qilindi. Sug‘orish tizimi izdan chiqdi. Ekin maydonlari qisqarib chorva mollarining soni kamayib ketdi. Shu bilan bir vaqtda ko‘plab ijobiy ishlar ham amalga oshirildi. 1921 yil kuzida yerni tortib olish bekor qilindi. BXSR MIKning umumiy avf to‘g‘risidagi 1922 yil 25 may dekreti vaqflarni tugatishni to‘xtatish, qozixonalar ishini, shariat ko‘rsatmalarini tiklash va boshqalarni e’lon qildi. O‘sha yilning noyabr oyida yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ga o‘tish e’lon qilindi. Buxoro davlat banki tuzilib, «pul islohoti» amalga oshirildi. Dehqonlarni moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘rildi. Bu qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlanishiga olib keldi. 1923 yili sug‘oriladigan yerlar maydoni 1913 yildagi darajaga yaqinlashib qoldi. Temir yo‘l tiklanib, zavod va fabrikalar qaytadan ishga tushdi. Bu paytga kelib Buxoro Respublikasida 19 ta korxona, 500 dan ortiq bozor ishlab turdi. Xususiy sarmoya 12000 savdogarlar mablag‘idan iborat bo‘ldi.
1923 yil mart oyida Turkiston, Buxoro va Xorazm iqtisodiy jihatdan birlashtirildi va uni boshqarish uchun O‘rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi (Sredaz EKOSO) tuzildi. BXSR hukumati raisi Fayzulla Xo‘jayev O‘rta Osiyoning iqtisodiy jihatdan birlashuvi to‘g‘risidagi fikrni boshida qo‘llab- quvvatlamadi. Chunki u iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish, hatto mintaqa xalq xo‘jaligi istiqbollari to‘g‘risida qaror qabul qilishgacha bo‘lgan barcha ishlar markaz qo‘liga o‘tayotganligini anglab, bu siyosatning mash’um oqibatlarini mushohada qila olgan edi. Buxoro hududida joylashgan sovet Rossiyasi qo‘shinlari Buxoro davlatining oziq-ovqati va yem-hashagi bilan ta’minlanar edi. Hukumat boshlig‘i F.Xo‘jayev sovet qo‘shinlari sonini 15000 kishigacha qisqartirish to‘g‘risidagi masalani Moskva oldiga bir necha marta qo‘ydi.
Biroq Buxoro respublikasidagi demokratik jarayonlarga mamlakat tashqarisidan tazyiq tobora kuchayib bordi. 1923 yil 3 iyunda Buxoroga SSSR Qurolli kuchlarining Bosh qo‘mondoni S.S.Kamenev, Turkfront Inqilobiy harbiy kengashi raisi A.I.Kork, RKP (b) MK O‘rta Osiyo byurosi a’zosi Mixaylov va boshqalar kelishdi. Ular Buxoro hukumati faoliyatidan qoniqmayotganliklarini ochiq aytib, sotsialistik o‘zgarishlarni jadallashtirish kerakligini ta’kidlashdi. Oradan ko‘p o‘tmay 12 iyunda RKP (b) MK Siyosiy byurosi maxsus qaror qabul qilib, Buxoro hukumatini sovetlashtirish chora-tadbirlarini belgilab berdi. Sovet hukumati o‘z buyruqlarini tez va qarshiliksiz amalga oshirish uchun RKP (B) MK kotibi Y.E.Rudzutakni Buxoroga jo‘natdi. 23 iyunda BKP MK yopiq plenumida Rudzutak ishtirok qilib, Buxoro hukumati rahbarlari va mahalliy kommunistlar oldiga qat’iy talablarni qo‘ydi. Fayzulla Xo‘jayevning eng yaqin safdoshlari bo‘lgan sobiq yosh buxorolik jadidlar Otaulla Xo‘jayev (tashqi ishlar noziri), Fitrat (maorif noziri), Sattor Xo‘jayev (moliya noziri), Muinjon Aminov (Buxoro EKOSO raisi) lavozimlaridan chetlashtirilib, Buxoro davlati hududidan chiqarib yuborildi. Qori Yo‘ldosh Po‘latov, Abduraxim Yusufzoda, Muzahar Maxsum Burhonov, Hoji Hamro Yo‘ldoshev ham ma’sul lavozimlardan olib tashlandi. Buxoro hukumati Moskva va Toshkentning “kommunistcha sabog‘i”ni olgan “tajribali sovet xodimlari” bilan to‘ldirildi.
Buxoro hukumatida Turkistondan yuborilgan emissarlarning ta’siri tobora kuchayib bordi. Kommunistik unsurlar bu bilan cheklanib qolmasdan 14 avgustda bo‘lgan Buxoro MIK favqulodda sessiyasida Konstitutsiya matniga o‘zgartirish kiritishga ham muvaffaq bo‘ldilar. 1923 yil 11-17 oktabrda bo‘lgan Butun Buxoro xalq vakillarining IV qurultoyi Konstitutsiyani o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Unga binoan barcha savdogar, mulkdor va sobiq amaldorlar saylov huquqidan mahrum qilindi. Ammo ishchi va kosiblarning saylov huquqi kengaytirildi. Shuningdek, qurultoy jamiyatda ijtimoiy beqarorlikni kuchaytiradigan “Sovet kurilishi to‘g‘risida” nomli maxsus qaror qabul qildi. Jamiyat tobora siyosiylashib bordi. Buxoroda o‘tkazilayotgan demokratik islohotlarning taqdiri xavf ostida qoldi. Markazning talabi bilan mamlakatda sun’iy ravishda sotsialistik qayta qurishlarni amalga oshirishga kirishildi. Respublikadagi bu keskin vaziyat qurolli muxolifat harakatining kuchayishida ham o‘z ifodasini topdi.
Shunday qilib, 1923 yil yozida mustabid sovet tuzumi Buxoroda o‘ziga xos davlat to‘ntarishini amalga oshirdi. Milliy qo‘shin va milliy valyuta bolsheviklar tomonidan tugatildi. Bu holat Buxoro mustaqilligiga katta xavf tug‘dirdi. Biroq Xorazm respublikasidan farqli ravishda, faqat 1924 yil kuzidan boshlab Buxoroda sotsialistik taraqqiyot tomon yo‘nalish boshlandi.
1924 yil 18-20 sentabrda bo‘lib o‘tgan Butun Buxoro xalq vakillarining V qurultoyida BXSR Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi (BSSR)ga aylantirildi. BSSRning tuzilishi yuqoridan turib sun’iy tarzda amalga oshirilgan xodisa edi. Natijada taraqqiyotning demokratik yo‘li inkor qilinib, sotsialistik yo‘nalishi tanlandi. Markazdagi bolshevik rahbarlarining Buxoro va Xorazm respublikalarini sotsialistik respublikalarga aylantirishdan ko‘zda tutgan asosiy maqsadi mahalliy xalqlarni tezroq sovetlashtirish, xalq ongiga kommunizm mafkurasini majburan singdirish edi. 1924 yil noyabr oyi oxirida xuddi Xorazm respublikasi singari Buxoro SSR ham tugatilib, uning hududi 1925 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston SSR (1929 yilgacha tarkibida Tojikiston ASSR ham bo‘lgan) va Turkmaniston SSRga kiritildi.
Xulosa qilib aytganda, Buxoro va Xorazm Xalq respublikalarining demokratik islohotlar tomon bosib o‘tgan yo‘li o‘sha davr uchun ham, bugungi kun nuqtai nazaridan olib qaralganda ham mashaqqatli bo‘ldi. Buxoro va Xorazm respublikalari atigi 4-5 yil ichida dunyoviy islohotlar joriy qilinayotgan demokratik davlatga aylana boshlagan edi. Lekin, bu jarayonlar mustabid sovet tuzumi tomonidan sun’iy ravishda to‘xtatib qo‘yildi va nisbatan mustaqil bo‘lgan bu davlatlarning mavjudligiga ham barham berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |