Buxoro XSRning tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]
1920-yil 14-sentabrda boʻlgan Xalq Nozirlar Shoʻrosi, Revkom va BKP MKning umumiy yigʻilishida 9 kishidan iborat Butun Buxoro inqilobiy qoʻmitasi (raisi Abdulqodir Muhitdinov) va respublika hukumati – 11 kishidan iborat Xalq Nozirlar Shoʻrosi (raisi Fayzulla Xoʻjayev) tuzildi. Buxoro inqilobiy qoʻmitasining aʼzolari qilib Muinjon Aminov, Olimjon Akchurin, Abdulhamid Oripov, Sobir Yusupov, Hoji Hasan Ibrohimov, Fayzulla Xoʻjayev, Qulmuhamedov tayinlandi. Mamlakatni boshqarish maqsadida tuzilgan Buxoro Xalq Nozirlar Shoʻrosi tarkibi quyidagicha edi: rais va xorijiy tashqi ishlar (nozir – Fayzulla Xoʻjayev), maorif (Qori Yoʻldosh Poʻlatov), ichki (doxiliya) ishlar (Muso Saidjonov), moliya (Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev), davlat nazorati (N. Husainov), favqulodda komissiya (raisi – Ibrohimov), adliya (Mukammil Burhonov), harbiy (Shihobuddinov), savdo va sanoat (M. Mansurov) nozirliklari. Bu paytga kelib inqilobchi yosh buxoroliklar firqasi aʼzolari Buxoro Kompartiyasi safiga kirishga majbur boʻlgan edilar. Ushbu oʻrinda taʼkidlash joizki, asosan jadidlardan tashkil topgan Buxoro hukumati oʻsha paytda maʼlumotli kishilar yigʻilgan hukumatlardan biri hisoblangan. Nozirlar Buxoro, Istanbul, Moskva va boshqa shaharlarda taʼlim olishgan edi. Buxoro jadidlari oʻzlarining islohotchilik gʻoyalarini yangi hukumatdagi faoliyatlari davomida amalga oshirishga harakat qildilar.
Qizil armiyaning Buxoro operatsiyasi (1920-yil)
1920-yil 6–8-oktabr kunlarida amirning yozgi saroyi – Sitorai Mohi Xosada chaqirilgan Butun Buxoro xalq vakillarining 1-qurultoyida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilganligi tantanali ravishda eʼlon qilindi. Bu davlat tuzumi jihatidan xalq demokratik hokimiyati edi. Uning zimmasiga qisqa muddat ichida oʻrta asrchilik anʼanalari meros qolgan amir Buxorosini demokratik davlatga aylantirishdek tarixiy vazifani bajarish tushdi. Qurultoy davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi oliy organi boʻlgan Buxoro inqilobiy qoʻmitasi (Markaziy Revkom), Buxoro Xalq Nozirlar Shoʻrosi – dastlabki hukumat tarkibini uzil-kesil tasdiqladi. Ularning vakolat muddati 2-qurultoygacha uzaytirildi. Ushbu qurultoyda Isidor Lyubimov Rossiya SFSR hukumati Buxoro Respublikasining mustaqilligini tan olganligini aytishga shoshildi. 1920-yil oktabr–noyabr oylarida Buxoro XSR bilan Rossiya SFSR oʻrtasida muvaqqat harbiy-siyosiy ahdlashuv va shartnoma tuzildi. 1921-yil 4-martda har ikki davlat oʻrtasida „Ittifoq shartnomasi“ imzolandi. Ushbu shartnomalar mustaqil siyosat yuritishga harakat qilayotgan yosh Buxoro davlati arboblari faoliyatini muayyan darajada cheklashga olib keldi. „Ittifoq shartnomasi“ mustaqil Buxoro davlati hududida sovet qoʻshinlari turishini „qonuniy“ asoslab berdiki, mazkur hol Buxoro XSR ichki ishlariga Rossiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy jihatdan qurolli aralashuvidan boshqa narsa emas edi. Buxoro hukumati oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri yer-suv masalasini hal qilish edi. 1920-yil 30-sentabrda Buxoro Markaziy Revkomi „Yer toʻgʻrisida“gi dekretni qabul qildi. Dekretga muvofiq, sobiq amir, uning qarindoshlari va amaldorlari qoʻlidagi butun yer-mulk kambagʻal va yersiz dehqonlarga berilishi kerak edi. Shuningdek, dekretga koʻra, „xiroj“, „amlok“ va boshqa soliqlar bekor qilindi. Arxiv hujjatlarida keltirilishicha, faqat Eski Buxoro tumanlari va Chorjoʻy bekligida sobiq amir va beklarga qarashli 10 000 tanob yer musodara qilinib, kambagʻal dehqonlarga taqsimlab berildi. Yangi tuzum va uning ijobiy chora-tadbirlarini aholi maʼqullab kutib oldi. Joylarda inqilobiy qoʻmitalar tuzildi. Biroq yangi hokimiyat tomonidan mulkdorlar tabaqasiga nisbatan koʻrilgan qattiq choralar, ularga tegishli butun mol-mulkning musodara qilinishi, saroy aʼyonlari va amir amaldorlarining yoppasiga hibsga olinishi va otib tashlanishi, amir xazinasining Moskvaga olib ketilishi, majburiy oziq-ovqat „razvyorstkasi“ va uning qattiqqoʻllik bilan amalga oshirilishi, Islom dini va ulamolarga nisbatan dushmanlik siyosati, respublika hududida turgan qizil armiya taʼminotining aholi zimmasiga yuklatilishi, buning ustiga, qizil askarlarning bosqinchilik va talonchilik „faoliyati“ haqqoniy ravishda xalqning kuchli noroziligiga sabab boʻldi. Respublikadagi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar ham keskinlashdi. Yosh davlat yetakchisi Fayzulla Xoʻjayev murakkab va ogʻir sharoitda ishlashga majbur boʻldi. Buxoro hukumati ichida siyosiy boʻlinish kuchaydi. Bir tarafdan, Buxoro Kompartiyasi ichidagi „soʻl“ va „oʻng“ kommunistlarga qarshi gʻoyaviy jihatdan kurash olib borishga toʻgʻri kelsa, ikkinchi tarafdan, Rossiya SFSR va uning favqulodda organlari boʻlgan Turkkomissiya, Turkbyuro yosh „mustaqil davlat“ning bosgan har bir qadamini sergaklik bilan nazorat qilib turar edi. Shunday boʻlishiga qaramasdan Fayzulla Xoʻjayev, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, Otaulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, M. Aminov, Muso Saidjonov, Sattor Xoʻjayev, M. Mansurov, Abdulqodir Muhitdinov va boshqalar hukumatda demokratik yoʻl tutib, moʻtadil mavqeda turdilar. Ular Buxoro XSRning amalda mustaqil boʻlishi, eʼtiqod erkinligi, islohotlar oʻtkazish zarurligini yoqlab chiqdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |