Marko Polo xotiralari
Yevropalik sayyoh Marko Polo (1254-1324 yy.)ning 1271-1275 yillari Mo’g’uliston va Xonbaliq (Xitoy)ga sayohat qilgan. U 17 yil davomida Xitoyning ko’p viloyatlarini borib ko’rgan. U Samarqandda ham bo’lgan va bu haqda mana bu ma’lumotlarni qoldirgan; «Samarqand katta, mashhur shahar. Unda sarasinlar bilan xristianlar ham istiqomat qiladilar». Marko poloning kitobida Oltin O’rda va Chig’atoy ulusiga qarashli shaharlar, ularning xalqi haqida ham qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Uning asari 1298 yili yozilgan va bir qancha Yevropa tillariga tarjima qilingan. Asarning ruscha nashri 1955 va 1990 yillari amalga oshirilgan.
«Iogann Shiltbergerning Yevropa, Osiyo va Afrika bo’ylab qilgan sayohati»
Bavariyalik ritsar, qurchi Iogann Shiltberger Amir Temur davriga oid o’z esdaliklarini yozib qoldirgan. U asli nemis jangchisi bo’lib, 1396 yilning 15 sentyabridagi Turklar va Yevropaliklar umumiy qo’shini o’rtasidagi jangda asir olingan va keyinchalik qariyb 8 yil Boyazid 1 ning xizmatida bo’lgan.
1402 yilgi Anqara yonida bo’lgan urushda Iogann Shiltberger Amir Temur tarafidan asir olindi va Samarqandga olib ketildi. Amir Temur vafotidan (1405 y.) keyin u dastlab Shohruh, so’ngra Mironshoh va uning o’g’li Abubakr mirzo xizmatida bo’ldi. Shundan boshlab uning Osiyo va Afrika mamlakatlari bo’ylab jahongashtaligi boshlandi. Iogann Shiltberger qariyb 31 yil mobaynida qilgan «sayohat»i paytida ko’rgan-bilganlarini esdalik sifatida yozib qoldirgan. Unda juda ko’p noaniqliklar, ayrim voqealarni bo’rttirib yoki kamsitib yozishlar bor. Shunga qaramay, Iogann Shiltbergerning kundaliklarida qimmatli tarixiy ma’lumotlar, muhim dalillarni uchratamiz. Bir-ikkita misol;
1)Temuriylar, xususan ularning Ozarbayjondagi noiblari, masalan Abubakr Mirzo Oltin O’rda hukmdorlarining o’zaro kurashlariga aralashib turganlar.
2)XU asrning boshida Oltin O’rdaning ichki ahvoli va bunda qudratli amir Yedigey (Idiku O’zbek)ning nomi ko’rsatib o’tiladi.
3)Ozarbayjon, Dashti qipchoq va uning xalqi haqida muhim ma’lumotlar keltiriladi. Masalan, Ozarbayjon haqida bunday ma’lumotlar bor; Tabriz Eronning bosh shaharlaridan. Uning savdodan oladigan foydasi tamom bir xristian davlati topadigan foydadan ortiq. «Sultoniya, Ray, Marog’a, Axlat, Gilon ham ushbu mamlakatning yirik shaharlaridan... Rayning xalqi boshqalardan shu bilan farq qiladiki, u Muhammadga emas, balki Aliga imon keltiradi. Ularni rofiziylar41 deb ataydilar». Dashti qipchoq va uning xalqi haqida Iogann Shiltbergerning «Esdaliklari» da mana bunday gaplar bor; «Men, shuningdek, Buyuk Tataristonda42 ham bo’ldim. Xalqi don ekinlaridan faqat tariq ekadi. Ular umuman non va vino istimol qilmaydilar. Vino o’rniga ot va tuyaning sutini ichadilar, shu va boshqa hayvonlarning go’shtini uydilar ...Yana shuni ham aytish kerakki, xon saylashda uni oq kigizga o’tqizib, uch marta ko’tarib yerga qo’yadilar, so’ng chodir atrofida aylantirib, keyin ichkariga olib kiradilar va taxtga o’tqazadilar.»
Umuman, bu kitob Sharqiy Yevropa, Kichik Osiyo, Eron, Movarounnahr, Dashti qipchoq, Iroq, Suriya va Misr mamlakatlari tarixi va xalqi haqida ayrim, diqqatga sazovor ma’lumotlar beradi. Iogann Shiltbergerning mazkur asari «Iogann Shiltbergerning Yevropa, Osiyo va Afrika bo’ylab qilgan sayohati (1394-1427 yy.)» deb ataladi va uning rus tilida (nemischa nashri 1859 yili amalga oshirilgan) uchta yaxshi nashri bor. Birinchis Odessa Universitetining profkssori F.K.Braun tarafidan 1867 yili, ikkinchisi Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi akademigi Z.M.Bunyodov 1984 yili va uchinchisi 1997 yili Toshkentda amalga oshirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |