E.Dyurkgeym. E.Dyurkgeym (1858-1917), jamiyatni tushunishni qadriyatlar tizimi bilan bog‘lagan, faqat shu yo‘l bilan tarixni uning o‘ziga xos xususiyatiga muvofiq tarzda o‘rganish mumkin, deb hisoblagan. E.Dyurkgeym ham qadriyatlarni jamiyat tuzilishini belgilovchi muhim omil deb bilgan. Jamiyat tuzilmasini o‘rganishga nisbatan u strukturaviy funksionalizm nuqtai nazaridan yondashgan. Jamiyat borliqning alohida sohasi bo‘lib, u o‘z qonunlariga muvofiq rivojlanadi. Noijtimoiy xususiyatga ega bo‘lgan omillar jamiyat hayotiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishga qodir emas. Jamiyat tuzilmasiga Dyurkgeym o‘zaro ta'sirga kirishadigan va bir-birini vujudga keltiradigan ijtimoiy dalillar majmui sifatida qaraydi. Ijtimoiy dalillar sababini ongdan emas, balki bundan oldingi ijtimoiy dalillardan qidirish lozim. Ijtimoiy tuzilma dalillarning ikki guruhidan tarkib topadi: birinchidan, u moddiy va ma'naviy qadriyatlarni, ikkinchidan, ijtimoiy jamoalarni o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy jamoalarni tahlil qilar ekan, Dyurkgeym oila, kasbiy guruh kabi jamoalarni, shuningdek mehnat taqsimotiga muvofiq vujudga keladigan, ijtimoiy birlik (axloq, din)ni ifoda etadigan ijtimoiy institutlarni farqlaydi. Ijtimoiy jarayonda sababiyat ijtimoiy muhitning yuqorida zikr etilgan elementlarining u yoki bu hodisani vujudga keltiradigan o‘zaro ta'siridir.
Dyurkgeym ijtimoiy evolyusiya mavjudligini qayd etadi va uni mehnat taqsimoti bilan bog‘laydi. U rivojlangan mehnat taqsimoti, ixtisoslashuv va kooperatsiyani yuksak darajada uyushgan jamiyatning belgisi deb hisoblaydi. Mazkur jamiyat mehnat taqsimoti mavjud bo‘lmagan arxaik jamiyatlardan ayni shu belgiga ko‘ra farq qiladi. Mehnat taqsimoti individlar o‘rtasidagi farqlarni belgilaydi va shaxs shakllanishining omili hisoblanadi. U odamlarni o‘zaro aloqadorlik tizimi bilan birlashtirib, ijtimoiy aloqalarga uyg‘un tus beradi.
Dyurkgeym shaxs va jamiyatning uzviy aloqasini qayd etadi. Uning fikricha, jamiyatning tubanlashuvi muqarrar tarzda shaxsning tubanlashuviga sabab bo‘ladi. Ne'matlar va xizmatlarni ayirboshlashning buzilishi natijasida yuzaga keladigan tengsizlik, shuningdek shaxs o‘z kasbiy roliga moslashmagani jamiyatda sinfiy kurashni keltirib chiqaradi. Mehnat taqsimotini muvofiqlashtirishning maqbul vositalarini topish, imkoniyatlar tengligini ta'minlaydigan qoidalarning aniq majmuini belgilash talab etiladi. Dyurkgeym bu jarayonda sotsiologiya fan sifatida ayniqsa muhim rol o‘ynaydi deb hisoblagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |