1.2.Sosoniylar davrida Eronning ijtimoiy va iqtisodiy tuzumi.
Sosoniylar davlatida qadimdan mavjud bo‘lib kelgan aholining tabaqalanishida o‘zgarishlar ro‘y berdi. Agar Sosoniylargacha Qadimgi Eronda erkin kishilar uch toifaga - kohinlar, jangchilar, dehqonlarga bo‘lingan bo‘lsa, IV asrga kelib aholi to‘rt guruhga: kohinlar, jangchilar, ulamo (o‘qimishli kishi)lar, soliq to‘lovchilar – raiyatga bo‘lindi. Ular tepasida Shahanshoh turgan. Unga zardusht kohinlari boshlig‘i – mobedan-mobed, qo‘shin qo‘mondoni eran-spaxbed, ulamolar boshlig‘i - dagirbed, soliq to‘lovchilar tabaqasi boshlig‘i - vastrioshan-salarlar davlatni boshqarishda yaqin hamkor va yordamchilar bo‘lgan.
Tabaqalar ham o‘z ichida ierarxik tarzda bo‘lingan. Ruhoniylarning oliy toifasini mobedlar tashkil etgan. Ular hududlardagi maglar (zardo‘sht kohinlari) faoliyatini nazorat qilib borgan. Mobedan-mobed hukmdordan keyingi birinchi o‘rinda turgan. Harbiy tabaqada eran-spaxbeddan so‘ng shahdor – viloyatlarning yarim mustaqil hukmdorlari o‘rin egallagan bo‘lib, ular podsho xonadoni vakillari xisoblangan. Keyingi tabaqada vispuxrlar - Eronning qadimiy urug‘i turgan. Ular muhim harbiy va davlat lavozimlarini merosiy tarzda egallagan. Keyingi o‘rinda vazrug (buzrug)lar turgan. Ular qo‘shin va ijro hokimiyatida ma’sul lavozimlarni egallagan. Harbiy tabaqaning asosini ko‘p sonli ozodlar tashkil etib, Eron qo‘shinining otliq askarlari yadrosi aynan ulardan iborat bo‘lgan. Ulamolar tabaqasiga davlat xizmatchilari kirgan. Xususan, kotib, diplomatik hujjat va xatlarni to‘plovchi, podsho biografi, tabib, astrolog, tarjimon va boshqalar kirgan. To‘rtinchi – raiyat tabaqasiga bo‘lsa dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar mansub bo‘lgan.9
Mamlakat aholisi ijtimoiy tabaqalanishining eng quyi bo‘g‘ini qullardan tashkil topgan edi. Bir qulning mamlakatdagi o‘rtacha narxi 500 dirxamga teng bo‘lgan. Davlatda jinoiy ishga qo‘l urgan har qanday aholi qullikka duchor qilingan. Aholini erkinlikka chiqarishning murakkab shartlari mavjud edi. Qullar ma’lum shartlar asosida mulkka ega bo‘lishlari, shartnomalar tuzishlari mumkin bo‘lgan. Shuning bilan birga mamlakatda “qisman ozodlikka chiqish” tizimi mavjud bo‘lib, unga asosan qul o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni ma’lum qismini olgan. Qullarning bir qismi jamoaga tegishli edi. Qul mehnatidan asosan irrigatsiya va ziroat ishlarida keng foydalanilgan. Vaqtlar o‘tishi bilan qishloq xo‘jaligida ulardan foydalanish asta-sekin kamayib borgan.10
Yerga egalik munosabatlari yangidan shakllana boshladi. Tarixiy manbalarda sosoniylar sulolasi hukmronligi davrida yerga egalikning “dastkard” nomli turi ko‘p tilgan olingan. Ushbu yerlar asosan yirik mulkdorlar qo‘lida bo‘lib, unda ko‘pincha qullar mehnat qilardi. O‘z navbatida mamlakatning yirik yer egalarini hukmdor, zodagonlar va ruhoniylar tashkil etgan. Qishloqning erkin aholisi qatlami qishloq jamoa dehqonlaridan iborat bo‘lgan. Ammo qishloq jamoalari yerlarida unumdorlikning oʻshishi bilan hukmron qatlam vakillari soliqlarni ham oshira boshladi. Bu esa o‘z navbatida erkin dehqon jamoalarining sekin-asta majburiyat o‘tovchi tabaqaga aylanib borishiga olib keldi.
Davlat qurilishi. Davlat tepasida Shahanshoh (podsholar podshosi) turgan. Merosxo‘rlikning qat’iy tartibi yo‘q bo‘lsa ham, ammo davlat boshlig‘i albatta sosoniylar xonodonining vakili bo‘lishi shart edi. Sosoniylar davlatida taxtni meros qoldirish “zinapoya” tartibida bo‘lgan. Unga ko‘ra agar aka ukaga taxtni meros qoldirsa, ukasi o‘zidan so‘ng taxtni akasi o‘g‘illariga meros qoldirgan.
Ma’muriy boshqaruv tepasida vazurg-framadar (vazir-farmondor) turib, u qa’tiy belgilangan vazifasini bajargan. Markaziy hukumatning asosiy g‘amxo‘rlik qiladigan sohasi armiya, moliya va sug‘orish ishlari edi. Moliyaviy muasassalar soliqlar yig‘ish va jamoalarga tegishli ishlar bilan shug‘ullangan. Viloyatlar ularning tepasiga qo‘yilgan mahalliy hokim va hukmdorlar tomonidan boshqarilgan, muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hududlar fors va parfinlarga mansub bo‘lgan oliy imtiyozli tabaqa vakillar tomonidan, ularning shaxsan Shahanshoh tomonidan uning vakili sifatida tayinlanishi orqali idora qilinardi, eng muhim va ahamiyatli hududlarga, masalan, O‘rta Osiyo bilan chegaradosh viloyatlarga podshoh xonadonining vakillari hukmdor qilib tayinlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |