Qo’tirbuloq makoni ochiq joydagi qarorgohlardan biridir(Samarqand viloyati, Narpay tuman.). Must`e davrida kishilar faqatgina g’orlardan boshpana sifatida foydalanmasdan, balki chashma atroflarida, daryo qirg’oqlarida ham oddiy uy-joy qurishib yashaganlar. Dastlabki yarim yerto’la va chaylasimon uy-joy qoldiqlari bizgacha saqlanib kelmagan bo’lsa-da, bu manzilgohlarni o’rganish asosida kishilarning sun’iy ravishda boshpana qura bilish va dasht mintaqalarida yashashga o’tganligi haqida hamda odamlarning asta-sekin ov va terimchilik uchun qulay territoriyalarga tarqala borishi haqida ilmiy xulosalar qilishimiz mumkin. Qo’tirbuloq Samarqand shahridan 100 km g’arbda, Zirabuloq tog’ tizmasining shu nom bilan yuritiladigan chashma bo’yida joylashgan. Bu qarorgoh birinchi bor Arxeologiya institutining Yu.F. Buryakov rahbarligidagi O’rta Zarafshon ekspeditsiyasi tomonidan 1971 yilda ro’yxatga olingan. YOdgorlikning tadqiqoti 1971-1972 yillarda N.X. Toshkenboev tomonidan olib borilgan va olingan natijalar qator ilmiy maqolalarda hamda «Kultura drevnekamennogo veka dolinы Zarafshana» nomli monografiyada o‘z aksini topgan. Aniqlanishicha, makon besh madaniy gorizontdan iborat. Topilmalar turlari va texnologik jihatdan bir davrga, ya’ni must`e davriga mansub ekanligi aniqlandi. Fil, ot, buqa, qulon vabuxoro hayvonlarining qoldiqlari topildi. Makon atrofi ovchilik va boshqa turli ozuqalarga, terimchilik qilishga qulay region bo’lgan. Qazilma ishlari mobaynida topilgan tosh qurol-aslahalardan tashqari o’choq va gulxan qoldiqlari, cho’g’da toblangan hayvon suyak qoldiqlari mavjud. Makon egalari qurol ishlab chiqarish uchun xom ashyoni Zarafshon daryosi qirg’oqlaridan hamda makonga yaqin bo’lgan chaqmoqtosh konidan olganlar. Litologiya materiali 10 ming nusxadan ko’prog’ini tashkil etadi. Barcha topilmalar asosan chashma atrofidan yig’ilgan. Demak, yerdagi chashma must`e davrida mavjud bo’lgan va ayni kunlarga qadar odamzod qadamjoyi bo’lib kelgan.
Qizig’i shundaki, ko’pgina tosh qurollar va toshni qayta ishlashda hosil bo’lgan chiqindilar asosan o’choq, gulxan qoldiqlqri atrofida uchraydi. Demak, ibtidoiy kishilarning qurol yasash ustaxonalari gulxanga yaqin joylarda bo’lgan. Ma’lumki, ibtidoiy kishilar ayrim chaqmoqtosh bo’laklarini olovda qizdirib, suv sepish usuli bilan chatnatib, zarur nukleuslar tayyorlashganlar. Keksa ustalar o’z tajribalarini yoshlarga o’rgatganlar. Shunday qilib, neondertal odamlar gulxan va o’choqlar atrofida yashaganlar. Ular ov o’ljalarini olovda pishirganlar, isinishgan, hayvon terilaridan kiyim-bosh tikishgan, qurol yasashgan. Olovdan ov qilish va vahshiy hayvonlardan saqlanishda ham foydalanganlar. Qo’tirbuloq neandertal odamlari turli ov qurollariga ega bo’lgan. Tayoqlarning uchlarini olovda toplab tig’ chiqarganlar va bunday asboblar nayza sifatida ham qo’llanilgan. Bu yerdan paloxmon toshlari topilgan. Demak, must`e davrida kishilar mexanik yo’l bilan tosh irg’itadigan oddiy qurollarni kashf qilgan ekan. Qo’tirbuloq makonida topilgan qurol-aslahalar o’zining ishlab chiqish texnikasi va qurol turlariga asosan Obirahmat va Teshiktosh madaniyatiga o’xshashdir. Makonning barcha qatlamlaridan topilgan ashyolar bir davrga, ya’ni must`e madaniyatiga oid bo’lib bu yerda levallua texnika uslubini ko’rish mumkin. Qurollar asosan paraqalar va otsheplar zaminida yasalgan. Qo’tirbuloq industriyasining boshqa makonlardan farqli xususiyatlari mavjud. Bu asosan, qurollarni kertish usulida o’tkirlashning bir tekis emasligidir. Qurollarning deyarli ko’pchiligi qo’polroq otsheplar shaklida yasalgan (11-rasm). Bu qurollar tarkibidan universal qurollar katta o’rin olgan. Ayniqsa randasimon qurollar, qirg’ichlar, nayza tig’lari, pichoqsimon qurollar hamda sixchalar kolleksiyaning asosiy qismini tashkil etadi. Bu yerda qurol yasash texnikasining mustaqil xarakterdagi rivoji kuzatiladi. Xullas, Qo’tirbuloq makonining o’rganilishi ibtidoiy kishilar madaniyati tarixini tadqiq qilishda alohida o’rin tutadi. Qurol yasash texnologiyasi madaniyatiga ko’ra Qo’tirbuloq makoni must`e davrining rivojlangan bosqichlariga mansubdir.
Qo‘turbuloq yodgorligida 1995 yili O‘zbekiston-Polsha xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi xodimlari tomonidan tadqiqot qayta tadqiqot ishlari amalga oshirilgan (Grechkina, Xujanazarov, Xudayberdiev, Xmelevskiy, SHimchak, Madeyskaya, Kauvan, Levandovskiy, Baginskaya). YOdgorlikning stratigrafik ma’lumotlarini oydinlashtirish va xronologiyasi masalasini ishlab chiqish tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad hisoblanadi. 5x5 o‘lchamli yangi qazilma N.Toshkenboev tomonidan qazilgan raskopning yonidan belgilanib, undan qiziqarli ma’lumotlar olishga erishilgan. Jumladan, 1-4 madaniy qatlamlar aralashib ketgan qatlamlar ekanligi aniqlandi. 7-4 madaniy qatlamlar nisbatan buzilmagan bo‘lib chiqdi. Hammasi bo‘lib, 873 dona artefakt qo‘lga kiritilib, shulardan 538 tasi buzilmagan madaniy qatlamlardan, 335 tasi yuqori aralashgan qatlamlardan topildi. Asosiy qurollar oq rangli kvarsit,qora va kulrangi qumtoshlar, daryo qayroqtoshlari, hamda qisman chaqmoqtosh, chaqmoqtoshli-ohaktosh, chaqmoqtoshli-slanetslardan yasalganligi ma’lum bo‘ldi. Tosh qurollarining tipologik tahlili kultirilgan va madaniy qatlamlardan bir nechta radiokarbon analizlari olingan. SHu tahlillar asosida yodgorlik o‘rta paleolit davri jamoalariga tegishli deb topilgan. 1998, 2002 yillari Qo‘turbuloq yodgorligida O‘zbekiston-Rossiya xalqaro arxeologik espeditsiyasi (O‘.Islomov va A.P.Derevyanko) xodimlari tomonidan arxeologik tadqiqot ishlari amalga oshirilgan. Qazilma ishlarida yodgorlik stratigrafiyasi haqida ma’lumotlar olingan. Aslini olganda, Qo‘tirbuloq yodgorligining stratigrafik holati dastlabki tadqiqotlardayoq mutaxassislar tomonidan turlicha talqin qilingan. Ayrim tadqiqotchilar (S.I.Tetyuxin, N.X.Tashkenbaev, R.H.Suleymanov) yodgorlik qatlamlarining buzilmaganligini ta’kidlasalar, bir vaqtning o‘zida boshqa tadqiqotchilar (S.A. Nesmeyanov, V.A. Ranov, S.M. Seytlin, K. Shimchak) ularni aralashib ketgan deb hisoblaydilar. A.P.Derevyanko va uning shogirdlari Qo‘tirbuloqning qatlamlaridan uranium uslubida olingan namunalar asosida uni mil.avv. 32 ming yillik bilan sanalashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |