2. Qadimgi Rim me’morchiligi va san'ati. Qadimgi rimliklar me'morchilik, haykaltaroshlik, rassomchilik va san'atning boshqa sohalarida katta yutuqlarga erishganlar. Bu sohada ular dastlab etrusklar, keyinchalik esa yunonlardan ko`p narsalarni o`rganganlar.
Rim imperiyaida va Italiyada Rim, Kapuya, Andrianopol, Ravenna va Karfagen kabi yirik shaharlar ko`p bo`lgan. Ayniqsa imperiya poytaxti Rim katta shahar edi. Imperiyadagi, ayniqsa Rim shahridagi me'moriy binolar o`zining kattaligi, hashamatliligi va go`zalligi bilan kishilarni hayratga solgan. Bu binolar imperiyaning kuch-qudrati va boyligini boshqa mamlakatlarga namoyish qilib turgan. Rimliklar yunon me'morchiligining yutuqlaridan samarali foydalanganlar. Ayni vaqtda o`zlari ham binokorlik san'atida ko`pgina yangiliklar yaratganlar.
Rimliklar beton ixtiro qilib, undan bino qurilishida, ayniqsa ark va gumbazlarni ishlab chiqishda foydalanganlar88.
Ark – yoy shaklidagi bostirmadir. U lotincha – arkus – kamalak so`zidan kelib chiqqan. Ustalar Rim shaharlarining maydon va ko`chalarida imperatorlar sharafiga zafar arklari qurganlar. Ko`priklar, suv quvurlari qurilishida arklar keng suratda qo`llanilgan. Rim ustalari tog`lardagi buloqlardan pastga qarab bir tekisda ozgina nishab qilib, suv tarmoqlari o`tkazganlar. Bunday nishablikni hosil qilish uchun pastlik joylarda arkli ko`priklar qurilgan. Ularning ustiga suv oqib o`tadigan tarnovlar o`rnatilgan. O`ndan ortiq suv quvuri tarmoqlari Rimga tog` buloqlaridan suv yetkazib bergan.
Gumbaz yoysimon inshoot bo`lib, to`nkarib qo`yilgan katta qozonni eslatadi. Rimdagi Panteon, ya'ni «Barcha xudolar ibodatxonasi» gumbazli binolar qurilishining ajoyib namunasidir. Bu ibodatxona binosi hozirgacha saqlanib qolgan. Ibodatxonaning yuqorisida doira shaklida katta deraza bo`lib, undan tushadigan yorug`dik Panteon ichkarisini ravshan ko`rsatib turadi.
Rim ustalari imperator uchun muhtasham saroylar, qasrlar, ma'muriy binolar qurishgan. Rimdagi imperator termalari ham me'morchilikning nodir namunalaridan biri hisoblanadi. Termalar issiq va sovuq suvlari bo`lgan hammomlardir. Rimning erkin kishilari bo`sh vaqtlarini termalarda o`tkazganlar. Termalarda dam olish xonalari, oshxona va kutubxonalar bo`lgan.
Milodning birinchi asrida rimlik ustalar gladiatorlarning janglari uchun Kolizey amfiteatri binosini qurganlar. Bu amfiteatr o`zining ulkanligi bilan kishini hayratga soladi. Amfiteatr arenalariga 11 ming yirtqich chiqarilgan, 10 ming gladiator bir-biri bilan jang qilgan va yirtqich hayvonlar bilan olishgan.
I asrda Rimda 50 ming tomoshabin joylashadigan Kolizey amfiteatri qurilgan. Imperator Trayan tomonidan o`tkazilgan bayram tantanasi 123 kun davom etgan.
Haykaltaroshlik tasviriy san'atning bir turi bo`lib, u Rimda ham Yunonistondagi singari ancha qadimda rivojlangan. Ammo rimliklar haykaltaroshlikning sirlarini yunonlardan o`rganganlar. Lekin Rim haykaltaroshlari portretlar yaratishda Yunoniston haykaltaroshlaridan o`zib ketganlar. Rimda ishlangan portretlar odam qiyofasining tashqi ko`rinishini aniq ifodalash bilan birga uning xususiyatlarini, xulq-atvorini, aqlini, irodasini, qahramonligini, johilligini va ochko`zligini ko`rsatib turardi.
Bu jihatdan Spesion, Gannibal, Sezar, Pompey, imperatorlar Avgust, Trayan va boshqalarning haykallari diqqatga sazovordir. Rim haykaltaroshligi o`zining badiiy jihatdan boyligi va xilma-xilligi bilan ham ajralib turardi.
Rassomchilik ham tasviriy san'atning bir turidir. Qadimgi rimliklar rassomchiligining asoslari etrusklar davriga borib taqaladi. Qadimgi etrusk rassomlari erkak va ayollarning rasmlarini ishlashda mohir bo`lganlar. Qadimgi Rimdagi rassomlik devoriy rasmlarda ham o`z aksini topgan. Imperatorlar, aslzodalar va boy amaldorlarning saroylari, ularning devorlariga har xil naqshiy rasmlar chizilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |