2. Ichanqal’a me’moriy yodgorligi.
Ichan qal’a Xivaning ichki qal’a qismidir. U Dishan qal’adan kungurador devor bilan qisman ajratilgan. Dishan qal’adan baland qo‘rg‘ontepaga o‘xshab ko‘rinadi. Ichan qal’aga Bog‘cha, Polvon, Tosh va Ota deb nomlangan darvozalaridan kirilgan. Ichan qal’aning yaratilish tarixi uch davrga bo‘linadi: mo‘g‘ullar istilosidan keyingi tiklanish (Sayd Alovuddin maqbarasi va boshqalar), XVI-XVII asrlardagi tiklanish (Anushaxon hammomi, 1657-yil; peshayvonli Oq masjid, 1675-yil; Xo‘jamberdibek madrasasi, 1688-yil; xonning qabulxonasi, 1686-1688-yillar), XVIII-XX asrlardagi tiklanish. Uchinchi davrda mahalliy me’morchilik an’analari asosida masjid, madrasa, tim va toqlar qurilgan, Ota va Polvon darvozalari orasida katta yo‘l o‘tkazilgan, masjid qayta qurilgan, minoralar qad rostlagan. Qutlug‘ Murod Inoq madrasasiga qaratib tim va toqlar qurilgan. Muhammad Rahimxon (1806-1825-yillar), Ollohqulixon (1825-1842-yillar), Muhammad Aminxon (1845-1855-yillar) hukmronligi yillarida bu yerda qurilish avj olib ketgan. Muhtasham saroy, madrasa, maqbaralar barpo etilgan. Toshhovli saroyi qurilgan. Pahlavon Mahmud maqbarasi qad ko‘targan. Kalta Minor yuzaga kelgan va hokazo. Ichan qal’a qurilishida Markaziy Osiyoda qadimdan qo‘llanib kelingan uslub – inshootlarni yuzma-yuz qurish uslubi (qo‘sh)dan foydalanilgan. Binolarning alohida ansambl holida qurilishi ham Xiva me’morchiligining o‘ziga xos jihatlaridan biri hisoblanadi. Masalan, Juma masjid yonida ikkita kichik madrasa, Muhammad Amin Inoq va Muhammad Amin Atpanoboy minorasi hamda Matniyoz Devonbegi madrasasi qurilishi ancha yirik ansamblni tashkil etgan. Polvon darvoza oldida bir necha masjid va madrasalar, hammom, toqi, karvonsaroy va xon saroyini barpo etilishi o‘ziga xos ansamblni tashkil etgan. Qutlug‘ Murod Inoq bilan Ollohqulixon madrasasi, Tosh hovli bilan Oq masjid o‘rtasidagi maydoncha shu ansamblning kompozitsion markaziga aylangan. Xiva yodgorliklari yog‘och o‘ymakorligi, sangtaroshlik, ganchkorlik, sirkor sopol va boshqa rang-barang naqqoshlik bezaklari bilan bezatilgan. Shaharning vertikal dominanti – koshinlari quyoshda yaltirab turuvchi Islom hoji minorasidir. Minora bilan uning yaqinidagi Pahlavon Mahmud maqbarasining gumbazi bilan birgalikda tevaraklaridagi pastroq inshootlarni yaxlitlikka keltirib turadi. Maqbara ro‘parasida supa tarzli Sherg‘ozixon madrasasi qurilgan. Ichki shaharning asosiy ko‘chalari Xivaning rabotida – tashqi shaharda, Dishan qal’ada davom etib, to‘rt tarafidagi boshqa shahar va qishloqlarga olib boradi. Dishan al’ada jami o‘nta darvoza bo‘lib, ulardan shimol tomondagi Urganchga olib boradigan ochiq qiyofali Qo‘sh darvoza o‘ziga alohida e’tiborni tortadi
3. Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy hayoti va faoliyati.
Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783–850) Xorazm diyorida tug‘ilib, voyaga yetadi. Dastlabki savod va turli sohadagi bilimlarini u o‘z ona yurti Xorazm va Mova rounnahr shaharlarida ko‘pgina ustozlardan oladi. So‘ngra u xalifa Ma’mun zamonida (813–833) “Bayt ul-hikma”da mudir sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Zamonasining mashhur matematigi, astronomi va geografi sifatida fanga ulkan hissa qo‘shdi. Al-Xorazmiy 20 dan ortiq asarlar yozdi. Ulardan faqat 10 tasigina bizgacha yetib kelgan. Asarlari orasida, ayniqsa, matematikaga doir “Al-jabr val-muqobala” mashhur. Hatto, “algebra” atamasi ushbu kitobning “aljabr” deb yuritilgan qisqacha nomining aynan ifodasidir. Xorazmiy nomi esa matematika fanida “algoritm” atamasi shaklida o‘z ifodasini topdi. Uning “Aljabr” asari asrlar davomida avlodlar qo‘lida yer o‘lchash, ariq chiqarish, bino qurish, merosni taqsimlash va boshqa turli hisob va o‘lchov ishlarida dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Xorazmiyning bu riso lasi XII asrdayoq Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilinadi va qayta ishlanadi. Xorazmiyning arifmetik risolasi hind raqamlariga asoslangan o‘nlik hisoblash tizimining Yevropada, qolaversa, butun dunyoda tarqalishida buyuk ahamiyat kasb etdi. Shunday qilib, vatandoshimiz Xorazmiy al-jabrni mustaqil fan darajasiga ko‘tarib, algebra faniga asos soldi va tarixda o‘zidan o‘chmas iz qoldirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |