Tarixiy jarayon va vorisiylik
Tarixiy tafakkur o‘zvda inson mohiyatini, uning tarixiy mavjudot sifatidagi olamini ifoda etuvchi tushunchadir. Zotan, inson tarixiy mavjudot sifatida o‘z ijtimoiy tabiatiga taalluqli voqelikkina emas, ayni paytda u juda katta ma’naviy-axloqiy mezonlar orqali tarixiy davomiylik, tarixiy vorislik va kelajak oldida mas’ullik qadriyati hamdir. Tarixiy tafakkur orqaligina inson o‘tmish va kelajak o‘rtasida vositachi, bog‘lovchi, ko‘prik vazifasini o‘taydi. Ana shu ijtimoiy voqelik bevosita insonning kishilik jamiyati tadrijiy taraqqiyotiga bog‘liq hodisa sifatida o‘zini namoyon etadi. Insonning ijtimoiy tafakkurida bevosita u yashab turgan davr mohiyati o‘tmish va kelajak to‘qnashuvida ochiladi va to‘laqonli mohiyat kasb etadi. Har bir davr tarixiy voqealarning mohiyatini tushunishda, unga mos ijtimoiy sharoitni vujudga keltirishda ana shu tarixiy ong, madaniy-ma’naviy saviya, axloqiy va ruxiy mezonlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Ijtimoiy ongning barcha ko‘rinishlarida insonning ijtimoiy xarakteri, fe’l-atvori, hatti-harakati u yoki bu shaklda aks etadi. Boshqacha qilib aytganda, insonda uning biologik mavjudlikdan tashqarida bo‘lgan qalb, ruh, ong va tafakkur bilan bog‘liq bo‘lgan, faqat insongagina xos bo‘lgan qadriyatlar tizimi ustuvorlik qiladi. Ana shu ustuvorlik insonning tarixiy, ijtimoiy tafakkuriga asos bo‘ladi.
Mavjud tarixiy sharoitda yuzaga kelgan ijtimoiy madaniyat tarixdan ajralgan muallaq voqelik emas. Aksincha, u o‘zidan oddingi davrlar va bir necha ming yillik evolyutsion taraqqiyotning hosilasi sifatida yuzaga keladi. Demak, jamiyat inson orqali ma’naviy madaniyat qiyofasini egallar ekan, u tarixiy tajriba va ijtimo-iy amaliyotning o‘ziga xos sinteziga aylanadi.
Ayni ana shu hodisa insonning paydo bo‘lishi, uning genezisi orqali mavjud shakllangan tarixiy ong, uning mahsuli bo‘lgan kishilik jamiyatining yutug‘iga aylanadi. Ayni paytda bu tarixiy-madaniy vorislikning mustahkam va qat’iy rivojlanish dinamikasidan dalolat beradi.
Hayvonot olami hech qachon his-tuyg‘u, fikrlash va munosabat bildirish, so‘zlash imkoniyatlariga ega bo‘lmaganidek, o‘z xususiyatlarini bir joyga jamlay ololmaydi. Garchi qaysidir intuitiv aloqalar orqali turdoshlari o‘rtasidagi yaqinlik, onalik va bolalik hissi, otalik mas’uliyati, bolani boqish va asrash imkoniyatlariga ega bo‘lsa-da, o‘zining boshqa jiddiy manfaatlari atrofida jamoaga aylana olmaydi. Buni idrok ham etolmaydi.
Inson esa xuddi ana shu fazilati bilan ulardan farq qiladi. Uning tabiatida xilma-xil faoliyat, xilma-xil munosabat, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik, manfaatlar ustuvorligi uchun munosabatlar to‘qnashuvi yuzaga keladiki, bu odamlarning o‘zaro bir-birini tushunishiga, hamjihat bo‘lib yashashiga, inson hayotining ijtimoiy mohiyat kasb etib, kishilik jamiyatining shakllanishiga olib keladi.
Inson aql-zakovati, intellektual imkoniyatlari ayni bir insonga xos bo‘libgina qolmay, u ijtimoiy mohiyat kasb etib, jamoa yutug‘i sifatida dunyoga keladi. Boshqacha qilib aytganda, har qanday intellektual imkoniyat tashqi ta’sir, jamoatchilik fikr-mulohazalari, boshqalarning salbiy yo ijobiy ta’siri, kimlarningdir yo‘l-yo‘riqlari orqali rivojlanadi va oxir-oqibatda umuminsoniyat yutug‘iga aylanadi.
Ayni ana shu holatdan kelib chiqib, kuchlarni birlashtirish, qobiliyatlar va iste’dodlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish orqali yalpi ijtimoiy hayot va tarixiy taraqqiyotning o‘ziga xos modellari ishlab chiqiladi.
Ijtimoiy faollik insonning jamiyat ijtimoiy- tarixiy jarayonlariga ishtirokini ta’minlaydi. Tarixiy xotira rivoji, ma’lum bir individ tomonidan kollektiv tajribaning o‘zlashtirilishi oqibatida yangi tajribaning yangi qirralari vujudga keladiki, bu bevosita alohida individ doirasidan chiqib ketib, yalpi ijtimoiy tafakkur mohiyatiga ega bo‘ladi.
Tarixiy taraqqiyot bosqichlarida avloddan-avlodga o‘tib boradigan vorisiylik, ulkan madaniyat va boshqa qadriyatlarga merosxo‘rlik tarixiy nuqtai nazardan etakchi va ta’sirchan tarbiyaviy mexanizmga aylanadi va aytish mumkinki, har qanday madaniy yutuq ayni o‘sha davr yutug‘igina emas, balki ungacha to‘plangan tajribalar va avlodlar shajarasi orqali etib kelgan qadriyatlar natijasi yoki tarixiy bilimlar ifodasidir.
Har qanday inson alohida individ sifatvda to‘plangan tajriba, tarixiy xotira, tarixiy merosning o‘ziga xos davomchisi. Faqat ayni ana shu tajriba va merosga kim qanday shaklda, qanday maqsadni oldiga qo‘yib yondashganligi bilan farq qiladi. Bu o‘z-o‘zidan tarixiy merosga yondashishda uslub muammosini keltirib chiqaradi.
Demak, har bir kishi alohida shaxs, alohida dunyo, o‘ziga xos fe’l-atvor, munosabatlar, muammolar mezonlariga ega ekan, tarixiy tajribaga munosabatda ham o‘z dunyoqarashi, o‘z munosabati va uslubi orqali yondashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |