Tarix falsafasi va milliy istiqlol
Birinchi Prezident Islom Karimov tarixga munosabatni tubdan o‘zgartirish hayot taqozosi ekanligini dolzarb masala qilib ko‘tardi. Bugun tarixga munosabatning, tarixnavislikning metodologiyasini, tadqiqot usuli va uslubini tubdan o‘zgartirish hayot talabi ekanligini ko‘rsatib berdi.
Yurtboshimiz o‘tmishimizni qayta ko‘rib chiqib, uni milliy qadriyat darajasiga ko‘tarib, butunlay yangi nazar bilan g‘alvirdan o‘tkazishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Buning quyidagi asoslari bor:
Birinchidan, bugungi O‘zbekiston jahon xaritasida endigina paydo bo‘lgan tasodifiy mamlakat emasligini, uning ildizlari nihoyatda chuqur va qadimiy ekanligini dunyoga ko‘rsatish va farzandlarimiz ongiga singdirish.
Ikkinchidan, sobiq sho‘ro siyosati va kommunistik mafkura tazyiqi bilan soxtalashtirilgan tarixni o‘z o‘rniga qo‘yish, tarix haqiqatini, hayot haqiqatini ilmiy haqiqat asosida qayta tiklash. Unga munosib baho berish orqali millatimiz izzatini joyiga qo‘yish.
Uchinchidan, shu asosda xalqimiz, ayniqsa yosh, navqiron avlodimiz qalbida milliy g‘urur, milliy iftixor, o‘z ajdodlari bilan faxrlanish tuyg‘ularini kuchaytirish. Buyuk o‘tmishga munosib buyuk millat bo‘lish. Ertangi kunga katta ishonch va istiqlol g‘oyalariga e’tiqod bilan yashashni turmush tarziga aylantirish. Masalaning yana ham jiddiyroq tomoni bor. Bu bevosita tarixshunoslik, tarixnavislik muammosi bilan bog‘liq. Hammamizga ma’lumki, sho‘ro hukumati davrida xalqni ataylab savodsizlantirish, o‘z o‘tmishidan ajratib qo‘yish, ajdodlari, naslu nasabi va bugun tarixidan bexabar qilish siyosati mavjud bo‘lib, u davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan, kommunistik mafkuraning butun mazmun-mohiyatini tashkil etgan edi. Shuning uchun ham yozilayotgan ilmiy kitoblar nuqul voqealar bayonidan iborat bo‘lib, ma’lumotnoma tusini olgan edi. Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga bunday yuzaki munosabat va tarixiy sanalarnigina sanab o‘tish kabi tarix fani metodologiyasi yaratildi. Bu metodologiyaning asosiy maqsadi odamlar ongini zaharlash, ular fikrini chalg‘itishdan iborat edi. Shuning uchun ham, eng avvalo, yuz bergan voqealar va tarixiy jarayonlar nihoyatda jozibasiz, haroratsiz, o‘quvchiga ta’sir qilmaydigan, uning qalbidan va shuuridan o‘rin olmaydigan, aksincha, uni zeriktiradigan va oxir-oqibatda esa butun tarixdan ixlosini qaytaradigan qilib bayon etildi.
Natijada millatlarni yo‘q qilib tashlash, fuqarolar qalbidagi milliy g‘urur, milliy iftixor tuyg‘ularini so‘ndirish, ular dunyoqarashini chegaralab qo‘yish uchun harakat qilindi. O‘ziga ham, o‘tmishiyu kelajagiga ham befarqlik va loqaydlik bilan qaraydigan aholi qatlami «tarbiya»lab etishtirildi.
Ana shunday noqobil va g‘ayriinsoniy siyosat barbod bo‘lgach, endi o‘z tariximizni qaytadan tiklash, uni ilmiy, tarixiy va hayotiy haqiqat nuqgai nazaridan turib yangitdan yaratishni davlatning o‘zi talab qilmoqda va bunga homiylik qilmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tarqatib yuborilishi va uni qaytadan tashkil etish to‘g‘risidagi qarorining siyosiy qadriyatini, ma’naviy va ijtimoiy ahamiyatini alohida ta’kidlash joiz. Hukumat qarori va shaxsan Birinchi Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida «O‘zbekistonning yangi tarixi» markazining ochilishi fikrimizning yorqin dalilidir.
Tarixnavislikda sho‘ro davrida shakllangan biqiq «metodika» barcha tarixga qiziquvchilarni va o‘rganuvchilarni qolipga solib qo‘ydi. Yuz bergan hodisalar va ijtimoiy-siyosiy voqealar atrofida fikrlamasdan, faqat bayonchilik bilan shug‘ullanish, xabarkashlik tendentsiyasi vujudga keldi. Bora-bora bu ilmiy «maktab»ga aylandi. Bu nomaqbul maktabning esa nihoyatda nochoru notavon, g‘oyaviy jihatdan buzuq, mafkuraviy jihatdan aynigan, ilmiy jihatdan soxtalashgan, siyosiy jihatdan yaroqsiz ilmiy uslubi va hayotdan uzilgan aqidasi vujudga keldi.
Tarixga munosabatning o‘zgarayotganligi va tobora jiddiy tus olayotganligi ijobiy hodisa. Biroq hamon shoshmashosharlik, masalaga yuzaki yondashish, har tomonlama puxta o‘rganmasdan xulosalar chiqarish illatlari bizni tark etgani yo‘q. Natijada ilmiy haqiqatdan uzoq, tarix haqiqati buzilgan darsliklar paydo bo‘lmoqda.
Oldinlari bir tomonga og‘ib ketgan bo‘lsak, endi boshqa tomonga og‘yapmiz. Vaholanki, ilmda muvozanat bo‘lmog‘i kerak. Endi tariximizni tiklaymiz degan ehtiroslaru chinakam aql-idroqdan uzoq bo‘lgan hissiyotlar jo‘sh urib ketdi. Natijada palapartishlik, tarixiy dalillarning ola-quroqligi, voqealarning ma’lum bir tizimga solinmaganligi va tarixiy izchillikning yo‘qligi ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Ayrim darsliklar nuqul rivoyat va badiiy asarlardan yaxlit ko‘chirmalar holida nashr etilmoqda.
Tarixnavisligimizdagi yana bir muammo shundaki, biz hamon mustaqil fikrga ega bo‘lolmayapmiz. Hamon kimlarningdir soxta g‘oyalariga tayanyapmiz. Ma’lumki, sobiq sho‘ro tuzumi davrida olimlarimiz har bir fikr-mulohazasini marksizm- leninizm klassiklari uydirmalaridan ko‘chirmalar olib «asoslab» berishardi. Istiqlol yillarida ham o‘zlarining ilmiy jihatdan ojiz va nochor «fikr»lariga chetdan tirgak izlayotgan tarixchilarimiz yo‘q emas. Ayniqsa, bir paytlar «ilmiy ateizm» fanining darg‘alari hisoblangan ayrim olimlarimiz bugun tariximizni butkul diniy yo‘singa burib yuborish bilan ovora bo‘lmoqdalar. Ba’zilar hatto yurtimizga islom dini kirib kelgunga qadar bo‘lgan davrni «majusiylik», «johiliyat» davri deb atay boshladi. Bobolarimizning islomgacha bo‘lgan buyuk vatanparvarlik jasoratlariga to‘la tarixiga, ulkan bunyodkorlik, yuksak madaniyatiga nopisand munosabat yaqqol sezilmoqda. «Johiliyat» davri atamasi zamirida islomgacha bo‘lgan davrni kamsitish mazmuni yotmaydimi? Demak, xalqimiz tarixining o‘ziga xos atamalarini to‘g‘ri belgilash vazifasini tezroq hal etmog‘imiz kerak.
Bugun biz tariximizning olis-olis qatlamlariga nazar tashlar ekanmiz, hayot mantig‘ini hisobga olmasdan tarix haqiqatini tiklay olmaymiz. Birgina misol keltiraylik: Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz (Kesh), Termiz, Qarshi va boshqa shaharlarimizning yoshi 2700-3000 yilga borib taqalishini mutaxassislar e’tirof etishmoqda. Xo‘sh, bizning tariximiz, ana shu zamin, ana shu jannatmakon tuproq tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan shu o‘lka xalqlarining tarixi shuginamikin? Axir shaharlar yoshi bilan xalqlar tarixi belgilanadigan bo‘lsa, biz yana xato qilmayapmizmikin? Har tomonlama barkamol, dunyo xalqlari diqqatini o‘ziga tortgan, ulkan fan va madaniyat markaziga aylangan shaharlarning dunyoga kelguniga qadar ham odamlar shu erda yashashgan-ku! Kishilik hayotining madaniylashish jarayoni, ong va tafakkurning rivojlanishi, insonning daholik qudrati va zakovati evolyutsiyasini nazarda tutsak, shahar paydo bo‘lgunga qadar bir necha ming yillik hayot mavjudligini nega unutmog‘imiz kerak?
1998 yilda buyuk mutafakkir Ahmad al-Farg‘oniy tug‘ilganining 1200 yilligi nishonlandi. Ulug‘ bobokalonimiz tug‘ilgan va voyaga etgan ko‘hna Shahriston xarobalaridan miloddan oldingi asrlarda yasalgan shaffof, niliy shisha idishlar topildi. Bejirimligi bilan ko‘zimizni qamashtirayotgan bugungi guldonlaru billur qadahlar chiroyidan qolishmaydigan bunday shisha buyumlarini yasash uchun insoniyat tarixi necha asrlarni bosib o‘tgan? Uning texnologiyasini ishlab chiqish, xom ashyo tarkibi va ranglar jilosini topish uchun qancha vaqt ketgan, qancha avlod yashab o‘tgan?
O‘sha paytlarda hozirgidan o‘n chandon mustahkam sopol quvurlar ishlab chiqarilganligi va shaharlar to‘la kanalizatsiyalashtirilganligi xalqimiz tafakkurining buyukligini ko‘rsatmaydimi? Ana shu tafakkurning shakllanishi uchun necha asr kerak bo‘lgan? Bunday savollarga javob topganimizdagina tarix haqiqati tiklanadi. Birinchi Prezident Islom Karimov tarixga ana shu nuqtai nazardan qaraydi va xalqimiz o‘tmishini tiklashda ana shunday siyosat, ana shunday mantiq va falsafa lozimligini talab etmoqda.
Tarix – tafakkur mahsuli. O‘tmishimizda bo‘lgan har bir hodisa ma’lum ma’naviy-ruhiy, ijtimoiy-siyosiy muhit ta’sirida yuz bergan. Demak, unga nazar solganda, voqealar zamiridagi mantiq, falsafa, ruhiyat, siyosat, iqtisod, qo‘yingki, har bir davrning o‘ziga xos shukuhiyu tashvishlari, sevinchu iztiroblari ko‘zga yaxlitligicha yaqqol tashlansin. Ongimiz va shuurimizga mustahkamroq o‘rnashsin. Ana shunda kishini fikrlashga, o‘tmishni idrok qilib, kelajakni aql yo‘rig‘i bilan belgilashga yordam beradi. Tarixning tafakkur mahsuli va ulug‘ murabbiyligi, oliy qadriyat ekanligi ana shu bilan belgilanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, tarixnavislik bevosita mantiq, falsafa, iqtisod, huquq, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik, ruhshunoslik va badiiyat bilan uzviy bog‘langan hodisa. Bularni bir-biridan ajratish mumkin emas. Mabodo ana shu unsurlarning biri etishmasa, nomukammallikka yo‘l qo‘ygan, tarix haqiqati va ijtimoiy-siyosiy jarayonlar mantig‘ini buzgan bo‘lamiz. Faqat, ma’lum bir davr tarixi ustida ishlar ekanmiz, eng avvalo, tarixnavislik nazaridan ish tutib, boshqa unsurlardan yordamchi, to‘ldiruvchi vosita sifatida foydalanmog‘imiz lozim. Chunki, birinchidan, har bir tarixiy jarayon, ijtimoiy-siyosiy voqelik qandaydir siyosiy manfaat asosida dunyoga keladi. Ayniqsa bosqinchilik, bir hukmdor tomonidan ikkinchi bir mamlakatni zabt etish jo‘g‘rofiy-siyosiy strategik maqsad ekanligi tabiiy hol. Shuning uchun ham ayni ana shunday jarayonlarni o‘rganayotganda, uni baholayotganda siyosiy mezonlar nuqgai nazaridan turib ham baholash zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |