2.2 Tarbiya turlari va xususiyatlari.
Jamiyat ma'naviyati va shaxs kamolotida muhim o’rin tutuvchi ma'naviy va axloqiy poklik, iymon, insof, diyonat, or-nomus, mehr-oqibat, keksalarga hurmat singari insoniy fazilatlar o’z-o’zidan shakllanmaydi. Barchasining asosida yosh avlodga oila, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar hamda oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan ta'lim-tarbiya mazmuni,g’oyaviy yo’nalishi va samarasi yotadi. O’sib kеlayotgan yosh avlodning zamon talablariga mos, barkamol inson bo’lib shakllanishlari uchun ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismlari – aqliy, ma'naviy-axloqiy, jismoniy, mehnat, estеtik, huquqiy, ekologik, iqtisodiy hamda jinsiy tarbiyani tashkil etishga nisbatan yangicha nuqtai nazardan yondashish, ularning samarali yo’llarini ishlab chiqish alohida dolzarblik kasb etadi. Bu esa tarbiyadagi eng muhim vazifalardir.
Tarbiya mazmuni. Aqliy tarbiya - shaxsga tabiat va jamiyat taraqqiyoti tog’risidagi bilim asoslarini berish, uning aqliy (bilish)qobiliyati, tafakkurini shakllantirishga yo’naltirilgan pedagogik faoliyat jarayoni bo’lib, shaxs tomonidan tabiat, jamiyat, shuningdek, inson tafakkuri haqidagi bilimlarni o’zlashtirish, unda ilmiy dunyoqarashni shakllantiradi. Aqliy tarbiya yuksak ma'naviy va axloqiy sifatlarga ega shaxsni tarbiyalashda yetakchi o’rin tutadi.
Bilimlar tizimini ongli ravishda o’zlashtirish mantiqiy fikrlash, xotira, diqqat, idrok etish, aqliyqobiliyat, mayillik va iqtidorni rivojlantirishga ko’maklashadi.
Aqliy tarbiyaning vazifalari quyidagilar sanaladi:
- shaxs tomonidan ilmiy bilimlarning muayyan hajmini o’zlashtirilishiga erishish;
- bilishga bo’lgan qiziqishlarni yuzaga kеltirish;
- aqliy qobiliyat va iqtidorni rivojlantirish;
- bilishga bo’lgan faollikni kuchaytirish;
- mavjud bilimlarni muntazam ravishda boyitib borish, umumiy o’rta ta'lim va maxsus kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirishga bo’lgan ehtiyojni rivojlantirish.
- ilmiy dunyoqarashni shakllantirish.
Muhammad alayhissalom o’z Hadislarida; «Ilmga ilm olmoq yo’li bilan erishilgaydir. Ilmu hunarni Xitoyga borib bo’lsa ham o’rganinglar. ... Ilm egallang. Ilm sahroda do’st, hayot yo’llarida tayanch, yolg’iz damlarda yo’ldosh baxtsiz daqiqalarda rahbar, qayg’uli onlarda madadkor, odamlar orasida zebu-ziynat, dushmanlarga qarshi kurashishda quroldir» deydi.
Shuningdek, Hadisi Sharifda «Ilm olmoqqa intilish har bir muslim va muslima uchun farzdir» deydilar.
Alisher Navoiy o’zining «Farxod va Shirin» dostonidan Farxodning aqlu-idrokli, bilimdon, hunarmand, kamtar, insonparvar, irodali va e'tiqodli bo’lganligini tasvirlaydi. Jismoniy tarbiya o’quvchilarda jismoniy va irodaviy sifatlarni shakllantirish, ularni aqliy va jismoniy jihatdan mehnat hamda Vatan mudofaasiga tayyorlashga yo’naltirilgan pedagogik jarayon bo’lib, ijtimoiy tarbiyaning ajralmas tarkibiy qismi sifatida namoyon bo’ladi. Yuqori darajada rivojlangan ishlab chiqarishga asoslangan mavjud ijtimoiy sharoit jismonan baquvvat, ishlab chiqarish jarayonida yuqori unum bilan ishlashga qodir,qiyinchiliklardan cho’chimaydigan, shuningdek, vatan himoyasiga doimo tayyor bo’lgan yosh avlodni tarbiyalash zarurligini ko’rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |