II. Zamonaviy fan va ta’lim-tarbiya: muammo, yechim, natija
http://interscience.uz/
266
XIV-XV asr Sharq allomalari esa hukmdorlarning harbiy faoliyati, qo‘shinlar tarbiyasi,
askarlar kuchi va qudratiga katta ahamiyat berganlar, ularning jasurligi va shijoatini ulug‘laganlar.
Ularning fikricha, hukmdorlar qo‘shinlarsiz, ularning ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashisiz mavjud
bo‘lolmaydi. Bunga javoban hukmdor va davlat doimo o‘z qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlashi,
ularga moddiy yordam berishi, imkon qadar soliqlardan ozod qilishi, maoshini kamaytirmasligi
kerak. «Askarlar maosh olmasalar, ular xizmatdan bosh tortadilar, yordamga kelmaydilar. Shu
tariqa podsholik qo‘ldan ketadi», - degan edi Koshifiy.
Shuningdek, mutafakkirlarning hisoblashicha, dushmanga qarshi urushda hukmdor va
qo‘shinlar adolat qoidalariga rioya qilishlari kerak. Agar hukmdor va qo‘shinlar adolat qoidalariga
rioya qilsalar, ular dushman ustidan muqarrar g‘alaba qozonadilar, buning uchun hukmdor
qobiliyatli, uzoqni ko‘ruvchi, ma’lum ma’noda josuslik san’atiga ega bo‘lishi kerak.
Xususan, Davoniy askarlarda 3 fazilat mujassam bo‘lmog‘i lozimligini, ya’ni ularning jasur,
zukko va jang qilishda mohir bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidlaydi. Jangda o‘zini ko‘rsatgan
askarlarni munosib baholash va rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega. Podshoh hatto, dushman
ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng ham hushyorligini yo‘qotishi yaramaydi. U mamlakatning
harbiy qudratini dushmandan maxfiy saqlashi lozim. Davoniyning fikricha, askarlar eng shijoatli
kishilardir, chunki ular davlat chegarasi va qal’alarini qo‘riqlaydilar. Shuning uchun ular
davlatning eng hurmatli kishilari hisoblanadilar. Davlat boshlig‘i ularga doim moddiy yordam
ko‘rsatib, har bir askarni e’zozlashi lozim.
Qo‘shin uchun zarur bo‘lgan fazilatlar to‘g‘risida buyuk davlat arbobi va sarkarda Zaxiriddin
Bobur ham ilg‘or fikrlarni bildirgan. Chunonchi, uning sarkarda sifatidagi muvaffaqiyatlari kaliti
– bu cherikni, ya’ni qo‘shinning ko‘nglini olmoqligida bo‘lgan. Bobur askar ko‘nglini olmoqning
bosh mezoni qilib kishining qayerdanligi, millati va nasabini emas, balki shohiga sadoqat,
mardligi, fidoyiligi, vafodorligi, davlat himoyasiga qo‘shgan hissasini belgilangan.
Boburning qo‘shin ko‘nglini olishi uni faqat moddiy jihatdan ta’minlashdangina iborat
bo‘lib qolmasdan, balki ma’naviy jihatdan qo‘shinni qo‘llab-quvvatlash, uning o‘ziga
xayrixohligiga erishishiga ham muyassar bo‘lardi. Shuningdek, u insonga xos buyuk fazilatlardan
biri mardlikni ulug‘laydi. Allomaning fikricha, mardlikning oliy darajada namoyon bo‘lishi deb,
Vatan uchun dushman bilan jang qilish, zarur bo‘lsa, jonini ham qurbon qila olishdir.
Ma’rifatparvar Ahmad Donish davlat faoliyatida qo‘shinning naqadar katta rol o‘ynashini
alohida e’tirof etadi. Ayniqsa, uning askar boshlig‘i, ularning fazilatlari va qo‘l ostidagilarga
munosabati to‘g‘risidagi g‘oyalari qimmatlidir. Alloma askar boshlig‘i quyidagi sifatlarga ega
bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Bu sifatlarga shijoatlilik, fahm-farosatlilik, tajribalilik, jasurlik,
ziyraklik, donishmandlilik, dovyuraklik kabilar kiradi. Donishning e’tirof etishicha, shunday
sifatlarga ega bo‘lgan kishi askar boshlig‘i bo‘lar ekan, shundagina askarni saqlab, ziyon va
zahmatga qoldirmay, dushmanni yengib shon va sharafga erishadi.
Xulosa qilib aytganda, Sharq mutafakkirlari asosiy e’tiborlarini bir tomondan, qo‘shinlar
kuch-qudratini oshirish, ularning harbiy mahoratini yuksaltirish, mamlakat yaxlitligi va
xavfsizligini saqlashga, ikkinchi tomondan, qo‘shinda ma’naviy-axloqiy va g‘oyaviy fazilatlarni
tarbiyalashga qaratdilar. Allomalarimizning bu fikr-mulohazalari bugungi kunda mamlakatimiz
harbiy salohiyatini mustahkamlash, harbiy 48 xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish va
ularda yuksak insoniy fazilatlarni tarbiyalashda muhim manba bo‘lishi shubhasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: