Taraqqiyotning o’zbek modeli
Reja:
Islom Karimov — mustaqil O`zbekiston taraqqiyot yo`lining ijodkori. Amalda o`zini to`liq oqlagan besh tamoyil.
Huquqiy demokratik davlatning barpo etilishi.
Erkin fuqarolik jamiyati asoslarining shakllanishi.
Ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti asoslarining yaratilishi.
Jamiyat ma`naviy hayotining yuksalishi.
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, uni hayotga tatbiq etish borasida erishilgan yutuqlar.
XX asrning 90-yillari O`zbekiston tarixida tub o`zgarishlar davri sifatida e`tirof etiladi. 1991 yilda O`zbekiston xalqining asriy orzulari ro`yobga chiqdi: O`zbekiston mustaqillikka erishdi. Mamlakatimiz jahon hamjamiyatining teng huquqli a`zosiga aylandi, yangi jamiyat qurish uchun tub o`zgarishlar va islohotlar amalga oshirila boshlandi. O`zbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, milliy istiqlol mafkurasi asosida qator iqtisodiy islohotlar ham amalga oshirila boshlandi.
Yangi barpo etilayotgan jamiyatning mohiyati, afzalliklari haqida so`z yuritilar ekan, istiqlol tufayli xalqimiz manfaatlariga mos siyosat ishlab chiqilganligi hamda dunyoning rivojlangan mamlakatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan keng ma`nodagi diplomatik aloqalar o`rnatilganligini qayd etish joiz.
Istiqlolning dastlabki kunlaridagi amalga oshiriladigan muhim o`zgarishlar haqida gap borar ekan, mamlakatning o`sha paytdagi iqtisodiy ahvoli borasida aytib o`tish o`rinlidir. Sobiq mustabid tuzumdan bizga meros bo`lib qolgan iqtisodiy qaramlik natijasida O`zbekiston o`z tabiiy boyliklariga, yer-suv va boshqa resurslariga o`zi egalik qila olmasdi. Respublika hududida qurilgan va faoliyat ko`rsatayotgan barcha sanoat korxonalari bevosita markazga, uning maqsadlariga bo`ysundirilgan edi. O`zbekiston rahbariyati, o`zbek xalqi respublika hududidagi tabiiy zaxiralardan qancha mahsulot ishlab chiqarilayotgani, ular qayerga sarflanib, qancha iqtisodiy daromad keltirayotgani haqida aniq ma`lumotga ega emas edi. Moliya-kredit muassasalari faoliyati ham butunlay qaram holatda edi: respublikamiz o`zining milliy valyutasi va valyuta jamg`armasiga ham ega emas edi. Aholi turmush darajasi jihatidan sobiq Ittifoq miqyosida eng nochor ahvolda edi. Ayniqsa, qishloq xo`jaligi sohasida O`zbekiston aholisining deyarli uchdan ikki qismi band bo`lib, ular qo`l uchida tirikchilik qilar edilar. Umumiy iqtisodiy tanglikni yuzaga chiqargan ijtimoiy hamda ekologik muammolar eski mustabid tuzumdan qolgan meros edi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida respublikaning o`z taraqqiyot yo`lini belgilash, Vatanimizni erkin, kuchli va ravnaq topayotgan mamlakatga aylantirish eng birinchi galdagi masala bo`lib qoldi. Davlat mustaqilligini qo`lga kiritish natijasida O`zbekiston uchun iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning, madaniy va ma`naviy yangilanishning keng istiqbollari ochildi.
Vaziyat taqozosi bilan O`zbekiston dastlabki kunlardanoq, bir yoqlama rivojlantirilgan majruh iqtisodiyotdan meros bo`lib qolgan, tabiiy va mineral-xomashyo zaxiralaridan noto`g`ri foydalanish, ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish va joylashtirishda, narx belgilashda, aholi iste`mol tarkibidagi buzilishlar tufayli vujudga kelgan g`oyat keskin muammolarni yakka o`zi hal qilishga majbur bo`ldi. Ma`muriy buyruqbozlik, ya`ni ma`muriy yo`l bilan rejalashtirishga asoslangan iqtisodiy munosabatlardan bozor munosabatlariga o`tish tartibi va usullarini o`zi belgilashga majbur bo`ldi. Jahon xo`jalik aloqalari tizimiga kirish, davlatlararo iqtisodiy munosabatlarni yo`lga ko`yishning eng maqbul yo`llari izlandi.
Bularning barchasi jamiyatni yangilashda, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda bozor munosabatlarini shakllantirishning o`ziga xos yo`lini izlashni talab qilar edi. Mustaqil O`zbekiston taraqqiyot yo`lining ijodkori sifatida davlatimiz rahbari I.A. Karimovning “O`zbekistonning o`z istiqlol taraqqiyot yo`li”, “O`zbekiston buyuk kelajak sari”, “O`zbekiston bozor munosabatlariga o`tishning o`ziga xos yo`li” kabi asarlarida hamda ko`plab ma`ruza va nutqlarida O`zbekiston xalqi qanday maqsad sari intilayotgani, qanday jamiyat barpo etayotgani ilmiy asosda keng va atroflicha yoritib berilgan. Ayniqsa, Prezidentning “O`zbekiston bozor munosabatlariga o`tishning o`ziga xos yo`li” asari mustaqil taraqqiyot uchun chuqur iqtisodiy bilimlarga tayangan holda sobiq Ittifoq tuzumining og`ir asoratlariga qaramay, mamlakatning o`z iqtisodiy taraqqiyot yo`li, O`zbekiston yangi asrga qanday rejalar bilan kirib borayotgani ilmiy asoslab berilgan. Mazkur asarda o`zbek xalqining pirovard maqsadlari — ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot, barqaror iqtisodiyotga asoslangan erkin fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik davlat barpo etish alohida ta`kidlab o`tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |