Tar xinoli qo‘llaringdin…
(6408-inv.raqamli var. 11-bet.)
Dostonning baxshilar og‘zidan yozib olingan variantlaridagi nasriy parchalardan ham asar qahramonlarining portretiga oid chizg‘ilar qisqa, lekin o‘ziga xos lo‘nda ifodalar orqali bayon qilingan. Masalan Bolabaxshi variantida G‘aribning o‘z qiyofasini o‘gartirib, Shohsanamning to‘yiga otlangan holati shunday beriladi: “…boshina ko‘na taxiyoni giyib, oyoqina bir choriqni ildirib, bir juldir po‘stinni egniga tashlab, ustinnan bir chizim bilan bog‘lab… galavardi” (Qo‘lyozma, 4-bet) tarzida, Ro‘zimbek baxshi variantida esa: “ … boshiga bir qo‘yni qornini ag‘darib kiyib, yuziga qora kuya surtib, iyagiga qora soqol yopishtirib to‘yxonaga keta boshladi”(Qo‘lyozma, 198-bet) qabilida tasvirlanadi.
Dostonda xotin-qizlar, ma’shuqa obrazi tasvirida ularning nozikligi, yuzlarining beqiyos chiroyliligi, taqinchoqlar ularning ko‘rinishlarini yanada go‘zallashtirishi mubolag ‘alar, o‘xshatishlar, sifatlashlar orqali tinglovchi ko‘z oldida gavdalantiriladi. Portretiga oid shunday chizg‘ilar dostonning kompazitsion qurilishida asosiy o‘rinni egallaydi.
Dostonning barcha variantlarida tabiat tasviriga ham alohida e’tibor berilgan bo‘lib ular personajlarning ma’naviy qiyofasini ochishga yo‘naltirilgani holda xalq ijodkorlarining estetik qarashlarini ham o‘zida mujassamlashtiradi. Masalan, Madraim baxshi variantida Shohsanamning bog‘i shunday tasvirlandi: “ G‘aribjon boqqa kirsa, bog‘da gullar ochilib, bulbullar sayrab, to‘tilar nola qayirib, tovuslar taranib, chaqchaqlar chaq-chaq urib, qumrilar dam cho‘qib; olma, anor, anjir pishib, po‘rsillab yerga tushib yotibdi.” ”(Qo‘lyozma, 38-bet).
Fozil Yoldosh o‘g‘li esa, o‘g‘illik bo‘lganidan “ boshi osmonga yetgan” vazirning shikorga chiqishini tasvirlar ekan, tog‘ni shunday ta’riflaydi:
Turibdi rang barang gullar ochilib,
Bulbullar bahorda ko‘p sayrar turib,
Erkin shamollari ko ‘krakka urib,
Gurung qilsak, munda qumri kuylar.
Olmalar topillab ostiga tushgan,
Daraxtlar kelib bir-biriga tutashgan,
Shunday joylari bor tog‘larning…
(Qo‘lyozma, 35-bet).
Badiiy jihatdan ancha pishiq bunday tasvirlarni dostonning hamma og‘zaki variantlari va 6408-inv. raqaml nusxadan ham topish mumkin.
Doston kompazitsiyasining yana bir uzvi-dialog ham asar qahramonlarining xarakteri, ichki ruhiy kechinmalarini ochib berishda alohida ahamiyat kasb etadi. Bu dialoglarda drammatik holat badiiy jihatdan yuqori darajada ifodalangan. Doston variantlarida dialoglar ko‘proq G‘arib-Shohsanam, Shohsanam-Aqcha, Shohsanam Akbarxo‘ja, Aqcha- G‘arib o‘rtalarida kechadi. Ayniqsa dostonning 15ta variantida ham ozmi-ko‘pmi o‘zgarishlar bilan uchrovchi G‘aribning Shirvonga ketishidan oldin Shohsanam bilan muloqoti xarakterlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |