HOZIRGI ADABIY JARAYON
Hozirgi globallashuv davrida jahon adabiyotida kechayotgan jarayonlarga nazar tashlasak, dunyo xalqlari adabiyotida umuminsoniy muammolar, g'oyalar mushtarakligini kuzatishimiz mumkin. Xalqlar adabiyotlari o'rtasidagi tafovutlar yo'qolib bormoqda, badiiyat mo'jizalari dunyo kitobxonining umumiy ma'naviy bisotiga aylanmoqda. Kompyuter asrida hozirgi kun kitobxoni jahon badiiy tafakkuri yaratgan ijod namunalari bilan tanishishning beqiyos imkoniyatlariga ega. Shu sababli ham ma'lum millat adabiyotida shakl bobida qilingan kutilmagan tajribalar, kashfiyotlar jahon kitobsevarlari tomonidan birdek qabul qilinmoqda.
Hozirgi adabiy jarayonning muhim xususiyati uning mafkuradan xoli ekanligi, ijodkor istaganicha yozish, istagan yo'lni tanlash huquqiga ega ekanligidadir. Unda XX asr adabiyotidagi xilma-xil tamoyillarning belgilarini ko'rishimiz mumkin, ayni paytda eski adabiyotdan tamomila farqlanuvchi jihatlar ham mavjud.
XX asr so'ngida badiiy yo'nalishlarning shiddat bilan o'zgarishi va yangilanishi jarayoni ko'zga tashlanadi. Eskirgan nazariy qolip va tushunchalarning yemirilishi natijasida ijodkorlar oldida yo'l izlash, yangi-yangi shakllarni kashf etish muammosi paydo bo'ldi. Adabiyot izlanishlar pallasiga kirdi, yangi asr adabiyoti bugungi murakkab davrda yashayotgan insonning hayotini yengillashtiradigan, unga mazmun baxsh etadigan konsepsiya axtarmoqda. Inson va dunyo haqidagi qarashlar xilma-xilligi adabiy yo'nalishlarning rang-barangligini ham belgilaydi. Hozirgi adabiy jarayonda ikki yo'nalish yondosh holda rivojlanmoqda — modernizm va realizm. Har ikki yo'nalish o'z an'analarini davom ettirib va boyitib bormoqda. O'z navbatida ushbu yo'nalishlar ichida ham turli oqimlar mavjud. Modernizm ichida syurrealizm, ekspressionizm, ekzistensializm va h.k., realizm ichida tanqidiy realizm, intellektual realizm... Hozirgi kun adabiyoti turli adabiy oqimlarga bag'ri ochiqligi bilan ahamiyatli, yozuvchilar ham ixtiyoriy yo'l tanlashda o'zlarini erkin his etadilar.
Bugungi adabiyot uchun xos bo'lgan yana bir xususiyat sifatida ommaviy adabiyotning keng quloch yozishi va ayni paytda elitar adabiyotning rivojlanishini ko'rsatib o'tish lozim. Ommaviy adabiyot rivoji sarguzasht-detektiv asarlarga, maishiy romanlarga bo'lgan ehtiyojning ortishi, bunday kitoblarning keng tarqalishi, ular o'quvchisining ko'pligida namoyon bo'lmoqda. Shu bilan birga faqat san'atni tushunuvchilar, yuksak didli kitobxonlar uchun mo'ljallangan adabiyot ham o'sishdan to'xtagani yo'q.
Zamonaviy Amerika adabiyoti misolida ham uslub, shakl, mavzu bobidagi rang-baranglikni kuzatish mumkin. Amerikalik adabiyotshunos Ketrin Vanspenkeren, jumladan, shunday yozadi: «Amerika adabiyotida Uilyam Kennedining «Temir yovvvoyi o't», «Juda qarilar” asarlari Nyu-York shtati poytaxtining ko'cha va salonlarida yashovchilarning hayotini xazin va bo'g'iq ohangda tasvirlashi bilan rom etadi.
Dahshatli badiiy adabiyot sohasida bestsellerlar ustasi Stiven King asarlari ham mashhur. Badiiy adabiyot sohasida Puliser mukofotini olgan Jeyn Smayli mumtoz adiblar an'analariga qaytadi, «Ming ark» asarida Shekspirning «Qirol Lir» sujetini AQSH ning O'rtag'arb fermasiga ko'chirib, qarigan fermer o'z yerini uchta qiziga bo'lib berishga qaror qilganda alanga olgan keskin oilaviy mojaroni tasvirlaydi. Yangi avlod vakili bo'lgan adib Makkorl o'z romani («Xushchaqchaq yetakchi») va qisqa hikoyalarida o'smirlar hayotini aks ettiradi, “Virjiniya tomon» asarida avlodlar orasidagi munosabatlar tasvirlansa, «Shovqin-suronli diyeta» asarini hozirgi zamon janublik ayollarning ehtiroslarini kashf etishga bag'ishlaydi».
Oldin qoloq, mustamlaka, rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kiritilgan mamlakatlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida katta o'zgarishlar ro'y berdi. Avvallari folklor darajasida bo'lgan ba'zi adabiyotlar XX asr oxiri — XXI asr boshiga kelib umumjahon miqyosiga ko'tarildi va jahon adabiy jarayoniga uning ajralmas qismi sifatida qo'shildi.
Braziliya adabiyotining namoyandasi Paulo Koelo nomi XXI asr kitobxoniga juda yaxshi tanish.
Do'stlaringiz bilan baham: |