Tamaki maxsuloti va spirit ichimlik salomotliga salbiy tasiri
Tamaki – salomatlik kushandasi
Yurtimizda aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularni kashandalikning inson hayoti va salomatligiga yetkazadigan salbiy ta’siridan ogoh etishga doir izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining zararli ta’siridan yoshlarni asrashning huquqiy asosini yaratish – sog‘lom genofond kafolati” mavzuida o‘tkazilgan davra suhbatida bu borada qilinayotgan ishlar muhokama etildi. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, shifokorlar, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari I.Saifnazarov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, navqiron avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladilar. Yosh avlodda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish jarayonida ularni turli illatlar, xususan, tamaki mahsulotlari hamda alkogolli ichimliklar ta’siriga tushishdan himoyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi qoshida tashkil etilgan Tamaki chekishga qarshi milliy markaz kashandalikning oldini olishdek ezgu maqsadga xizmat qilayotir. Bugun mazkur markaz aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kashandalikning oldini olish, ularga buning oqibatida kelib chiqadigan kasalliklarni tushuntirish, kashandalikdan qutilishga ko‘maklashish maqsadida muayyan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Davra suhbatida tamaki chekishning hamda spirtli ichimliklar iste’molining zararli oqibatlari haqida yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, ushbu yo‘nalishdagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi. Sog‘lom oila qurish va barkamol avlodni tarbiyalashning ahamiyati, alkogol va tamaki mahsulotlarining organizmga salbiy ta’siriga oid ma’ruzalar tinglandi.
KASHANDALIK — SOG‘LIK KUSHANDASI, UMR ZAVOLI
u yetkazayotgan moddiy va ma’naviy ziyonlar xususida
Sigaret tarkibida 196 xil zararli modda mavjud. Undan 14 tasi giyohvand modda hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) tomonidan tamaki passiv narkotik deb e’lon qilingan. Kashandalarning 90 foizida o‘pka saratoni, 25 foizida turli yurak xastaliklari yuzaga kelishi tadqiqotlarda tasdiqlangan. Yer yuzida har o‘n soniyada bir odam chekish oqibatida vafot etadi. Bu bir yilda 6 million kishi degani.
Yuqoridagi ma’lumotlar daf’atan sizga taalluqli emasdek tuyulishi mumkin. Ammo ular orasida o‘zingizning yaqinlaringiz, farzandlaringiz bo‘lishi ehtimolini o‘ylab ko‘rsangiz, kashandalik xavfi uzoq emasligini his qilasiz. Darhaqiqat, kashandalikdan hech kim to‘la kafolatlanmagan. Mutaxassislar uning tutuni chekuvchiga nisbatan atrofdagilarga ko‘proq ta’sir o‘tkazishini ta’kidlashadi. JST bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 700 million, ya’ni dunyo bolalarining teng yarmi ikkilamchi tutun ta’siriga uchraydi. Yer yuzida esa 1,5 milliard kashanda bor. Bu dunyo aholisining har 4 kishidan biri chekuvchi ekanligini anglatadi.
— Chekishning xavfli jihatlaridan biri shundaki, uning zarari tezda bilinmaydi. U organizmni sekin-asta zaharlab, uning qarshilik tizimini obdon ishdan chiqarib boradi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi, Salomatlik — 3 loyihasi yetakchi mutaxassisi Shuhrat Shukurov. — Muttasil chekish oqibatida arteriyalar cho‘ziluvchanligi yo‘qoladi, mo‘rtlashadi, tomirlar torayadi. Natijada, ateroskleroz va yurakni ishemik kasalligiga olib boradi. Nikotin ta’siri oqibatida yurak urishining tezlashishi stenokardiya xurujini keltirib chiqaradi. Chekuvchilar boshqalarga nisbatan ko‘proq o‘pka, bronxlar va halqumning surunkali kasalligini boshdan o‘tkazadi. Chekmaydiganlarga nisbatan chekuvchilarda surunkali bronxit 5-6 marta ko‘p uchraydi. Chekuvchilar o‘rtasida tuberkulyoz ham ortiqroqdir. Tamaki tutuni tarkibida ta’sirlovchi moddalar bo‘lib, bezlar shilliq gipertrofiyasini chaqiradi. Ular ko‘p miqdorda balg‘am sifatida shilimshiq modda hosil qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, nafas tizimining infeksiyaga qarshiligini kamaytiradi. Tamaki tarkibidagi qurum va saqich nafas yo‘llarida o‘tirib qoladi. Natijada, loringit kelib chiqadi, ovoz bo‘g‘ilib, xirillash paydo bo‘ladi. Respirator kasalliklar xavfi ortadi. Chekish o‘pka rakining 71, nafas yo‘llari surunkali kasalliklarining 42 va yurak qon-tomir kasalliklari 10 foizining sababchisidir.
Chekish, ayniqsa, o‘smirlar uchun juda xavfli. Chunki bu davrda organizmda hali fiziologik funksiyalar shakllanmagan bo‘lib, nikotinning ta’sirida ular patologik holda shakllanadi. Eng yomoni, yoshlikda o‘rganilgan kashandalikdan keyinchalik qutulish qiyin. Nikotinga bog‘liqlik giyohvandlikka qaramlikka o‘xshaydi. «Bir marta totib ko‘rsam hech narsa qilmaydi», degan o‘y nihoyatda xato. Kashandalik muolajasi giyohvandlikni davolash singari jiddiy jarayon va bunda ruhiy holat bilan iroda ham muhim ahamiyatga ega.
Kuzatishlar kashandalar soni dunyo bo‘ylab ko‘payib borayotganligini ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, uning qurbonlari soni ham ortib borayotir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilga borib sigaret oqibatida sodir bo‘lgan o‘limlar boshqa holatdagi o‘limlarning 10 foizini tashkil qiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga qaraganda, 2006 yilda o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, mamlakatimizdagi erkaklarning 19,6 foizi sigaret, 22,3 foizi nos iste’mol qiladi. Ayollarimiz orasida kashandalik 1 foizni tashkil qiladi. Bu Yevropa va ba’zi qo‘shni mamlakatlardagi «ko‘rsatkich»dan birmuncha kam bo‘lsa-da, xotirjamlik uchun asos yo‘q.
Kuzatuvlar yoshlarimiz orasida chekishga ruju qo‘yish holatlari ko‘payib borayotganligini ko‘rsatmoqda. Albatta, uning oldini olish, yoshlarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, ularni sport va badantarbiya mashg‘ulotlariga kengroq jalb qilish, bunga shart-sharoit yaratish barchaning ishi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda yoshi kattalar ibrati muhim. Otasi, ustozi yoki shifokorning og‘zida sigaret ko‘rgan farzand uchun kashandalikning zararini tushunish, turgan gapki, qiyin kechadi. Nega unda otasi, ustozi chekadi, hatto do‘xtir ham chekadi-ku?! Yomon bo‘lsa, nega ular tashlamaydi? Buni qarangki, voyaga yetmagan o‘g‘lining qo‘liga pul tutqazib, do‘kon yoki sigaretchi xolalarga yugurtiradigan otalar ham bor. Talaba-shogirddan tutantiriq so‘rab, birga chekuvchi ustozlar ham uchrab turadi.
Fikrimizcha, nafaqat oila yoki ta’lim muassasasi, balki korxona va tashkilotlar ham kashandalikka qarshi amaliy ish bilan kurashmog‘i kerak. Aytaylik, xodimlarning ishdan bo‘sh vaqtida sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit va imkoniyat yaratish shu maqsadga xizmat qiladi. Bu masalaga e’tibor beradigan, yosh xodimlarni futbol, tennis, voleybol maydonchalariga yetaklab boradigan yoxud ishxonada badantarbiya qilishga sharoit yaratgan korxona va tashkilotlar rahbarlari qancha ko‘paysa, shuncha yaxshi.
— Tamaki chekish aholining salomatligiga katta xavf tug‘dirayotganligi uchun ko‘pchilik davlatlarda uning iste’molini chegaralash, sigaretsiz sog‘lom hayot tarzini rag‘batlantirish, tamaki mahsulotlari savdosi tartib-qoidalarini kuchaytirish va bu boradagi qonunlarni takomillashtirish jarayoni kuzatilmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Komila Karomova. — Rossiyada ta’lim va davolash muassasalari, jamoat transporti hamda stadionlarda chekish qonun yo‘li bilan taqiqlangan. Chekib turgan kishi tasvirini reklama ichida joylashtirish, tamaki va tamaki mahsulotlarini reklama qilish mumkin emas. Nyu-York shtatida taqiqlangan joylar, masalan, yopiq jamoat joylari va xizmat avtomobilida chekilgani uchun 1000 AQSh dollari miqdorida jarima solinadi. Italiyada jamoat joylarida chekkan kishiga jarima miqdori 250 yevrodan 2000 yevrogacha belgilangan. Finlyandiya qonuni faqat ko‘chalarda chekishga ruxsat beradi. Boshqa joyda uni iste’mol qilgan, hatto sovg‘a sifatida birovga bergan javobgarlikka tortiladi. Yaponiya, Malayziya, Turkiyaning ayrim joylarida chekmaydiganlarga mukofot berish, uni tashlaganlarga imtiyozli kreditlar ajratish joriy qilingan. Turkiyaning qishloqlaridan birida amal qilayotgan mahalliy taomilga ko‘ra, kattalar kichiklarga yomon ibrat bo‘lmasligi uchun chekmasligi shart. Agar u qoidani buzsa, qishloqdagi kambag‘al oilaga bir qop un yoki shakar olib berishi talab qilinadi. Butan qirolligida tamaki savdosi man qilingan. Tamaki mahsuloti sotuvi bilan shug‘ullangan fuqaroga 225 dollar miqdorida jarima solinadi. Vaholanki, mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi 16 dollarni tashkil qiladi.
Kashandalik global muammoga aylanayotgani bois, JST assambleyasi tomonidan 2003 yili «Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha Hadli konvensiyasi» qabul qilindi. 174 davlat uning ishtirokchisi hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston ham (2012 yil). Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Hadli konvensiyasining ko‘pchilik qoidalari «Reklama to‘g‘risida» (1998 yil qabul qilingan, 2002 va 2008 yillar qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgan), «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida» (1997 yil), «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi (2011 yil) O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarida o‘z ifodasini topgan.
Mamlakatimizda tamaki mahsulotlari reklamasi mutlaqo taqiqlangan. Ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan nuqtalarda, jamoat joylarida, jamoat transportining barcha turlarida tamaki mahsulotlari iste’moli man’ qilingan. Shuningdek, 20 yoshga to‘lmaganlarga uni sotish mumkin emas. Tamaki sotuvchi savdo ob’ektlari ta’lim, sport va diniy muassasalardan kamida 500 metr uzoqlikda joylashishi zarur va hokazo. Yuqoridagi tartib-qoidalarni buzgan shaxslar va mansabdorlar javobgarlikka tortiladi.
Kashandalik xuddi ichkilikbozlik, giyohvandlik illatlari kabi ijtimoiy, axloqiy va ma’naviy omillar bilan bog‘langan. Kashandalikning ko‘payishi jamiyatning ijtimoiy ustunlari zarar ko‘rishiga, axloqiy qadriyatlar kuchsizlanishiga va ma’naviyat yemirilishiga sabab bo‘ladi. Kashandalik nafaqat shaxslar, balki davlatning iqtisodiyotiga ham katta zarar yetkazuvchi illat. Uning oldini olish, chekishga mukkasidan ketganlarni davolash uchun yer yuzida yiliga milliard-milliard mablag‘ sarflanmoqda.
Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Doniyor Mirazimovning ma’lumotiga ko‘ra, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida yuzaga keladigan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun 2005 yil davlatimiz tomonidan 61,9 milliard so‘m sarflangan bo‘lsa, tamaki mahsulotlari sotishdan tushgan foyda esa 23,6 milliard so‘mni tashkil qilgan. Demak, fuqarolarning tamaki iste’mol qilishi davlatga o‘sha yili 38,3 milliard so‘m zarar keltirgan.
Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi Bosh boshqarmasi o‘tgan yili sigaret chekish oqibatida 1353 ta yong‘in kelib chiqqanligini ma’lum qilgan. Bu 2012 yili sodir bo‘lgan yong‘inlarning qariyb 10 foizini tashkil qiladi. Ularda 55 nafar fuqaro vafot etgan. 53 nafar kishi turli darajada kuyish tan jarohatini olgan. Shulardan 3 nafari bolalar. Aholi mol-mulkiga yetkazilgan moddiy zarar esa 156 million so‘mni tashkil qiladi.
Guvohi bo‘lganingizdek, kashandalik orqali nafaqat inson moli, balki sog‘ligi, umri va joni ham yonib, kul bo‘lmoqda. Sog‘lik — boylik. Uni yo‘qotgan hamma narsasini yo‘qotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |