Asosiy o‘quv materiali qisqacha bayoni:
Jamoadan tashqari xatti-harakatlardagi yana bir asosiy muammo bu olomon psixologiyasidir. Olomon psixologiyasi va uni jamoat tartibini saqlashda hisobga olishning o‘ziga xos tomonlari haqida bilimlarga ega bo‘lish bugun har bir rahbar uchun katta ahamiyat kasb etadi.
Olomon psixologik kelib chiqishiga ko‘ra hech kim tomonidan maxsus tashkil etilmagan odamlar xatti-harakatining yig‘indisidir. Fransuz psixolog olimi Gyustav Le Bon birinchilardan bo‘lib olomon psixologiyasini o‘rgangan va olomon nazariyasiga asos solgan. U: «Olomon to‘planganda – millati, kasbi, tilidan qat’i na-
zar – ularda bitta maqsad bo‘ladi va ularning ongida to‘liq fikrlash yo‘qoladi, hatto o‘lim ham ularga qo‘rqinchli emas», – deydi. Masalan, shahar sharoitida bir uy oldida tez yordam yoki militsiya mashinasi, yong‘in o‘chiruvchi mashina to‘xtab tursa, asta-sekin odamlar yig‘ila boshlaydi.
Olomon o‘z xarakteriga ko‘ra tajovuzkor bo‘lishi va ommaviy tartibbuzarliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Olomon pixologiyasida «meniki» va «ularniki» degan fikr, albatta, mavjud. Olomonda u yoki bu kuchlar to‘planadi va to‘polon boshlanadi. Olomon psixologiyasida ma’lum o‘zgarishlar mavjud. Bu o‘zgarishlar nimalarda sodir bo‘lishini ko‘rib chiqishimiz mumkin.
Olomon xatti-harakatining yuzaga kelishi va psixologiyasi quyidagicha:
1. Olomonda ko‘rish va eshitish orqali emotsional holat yuzaga keladi.
2. O‘z xatti-harakati uchun javob berish ularda oxirgi o‘ringa o‘tadi.
3. O‘zida qo‘shimcha kuch sezadi va ongida ma’lum bir o‘zgarishlar yuz beradi.
Sodir bo‘lgan voqea-hodisaga qarab olomon psixologiyasi quyidagi turlarga bo‘linadi:
– to‘satdan yuzaga kelgan olomon – birdan to‘planib yuzaga keladi, voqea-hodisaning mohiyatini birdan tushunishni xohlaydi;
– ekspressiv olomon (to‘y-hasham, ma’rakalardagi olomon).
Konvensial olomonga xokkey, futbol o‘yinlaridagi odamlar kiradi. Ularning o‘ziga xosligi shundaki, ko‘p hollarda ularning axloqi quyushqondan chiqib ketadi. Bu ularning baqirishlarida, qayg‘urishida, qattiq ovoz chiqarib qichqirishlarida hamda quvonganlarida namoyon bo‘ladi.
Harakatdagi olomonni ko‘pincha, qo‘zg‘olonchi olomon deb atashadi. Bunday olomon o‘z niyatini qo‘zg‘olon orqali amalga oshiradi. Ashaddiy olomon hamma narsani sindiradi, o‘t yoqadi, bu orqali o‘zi ham vahimaga tushadi.
Olomonning yana bir turi ekstativ olomon bo‘lib, bunday olomon maishiy, iqtisodiy sohada uchraydi. Uning fikri-xayoli faqat bir narsaga qaratilgan bo‘ladi. Hayit bayramlaridagi olomonning harakatini bunga misol qilib keltirishimiz mumkin.
Olomon ham o‘z tarkibiga ega, masalan: 1) adashib kelgan shaxslar; 2) ashaddiy harakatdagi shaxslar; 3) olomon harakatini qo‘llab-quvvatlaydigan shaxslar; 4) boshlovchilar, ya’ni («o‘t yoquvchilar»). «O‘t yoquvchilar» olomonning xatti-harakatini, axloqini izdan chiqaradi va bir yo‘nalishga qaratadi. Bunday shaxslarning o‘zlari hech bir yo‘lga yurmaydilar, olomon harakatini boshlab yuborib, keyin yashirinib oladilar.
Olomonning xatti-harakatini qo‘llab-quvvatlab yuradigan shaxslarning olomonda bevosita ishtiroki kam bo‘ladi. Olomon harakatidagi eng dahshatli shaxslar – tajovuzkor shaxslardir, ular o‘z xatti-harakatlarini atrofdagilarga ko‘z-ko‘z qiladilar.
Ba’zi shaxslar o‘zlari bilmagan holda shu oqimga qo‘shilib ketadilar va olomonni to‘ldiradilar. Bularning shunday ahvolga tushishining sababi ularning yolg‘on xabarga uchib qolishidir.
Olomonning shakllanish bosqichlari:
1) sharoitning yuzaga kelishi (sirkulyatsiya);
2) miyadagi «qaynash»;
3) dushman obrazining shakllanishi;
4) olomon harakatining faollashuvi;
5) jamiyatga qarshi olomon harakatining avj olishi.
Sirkulyar reaksiya olomonning shakllanishiga olib keladi, bunda har xil faktlar (dalillar) turli xildagi xabarlar yuzaga keladi. Miyadagi «qaynash»da odamlar faqat bir-biri bilan xabar almashadi va, eng asosiysi, ma’lum bir fikrda turishadi. Shuning uchun har bir fuqaro boshqa (yangi) xabarni eshitganida o‘zini ma’lum ma’noda adashmagan deb hisoblaydi. Bularning hammasi olomonning harakatini faollashtiradi. Bunday tasavvurdagi obyektlar ommani birlashtiradi va bir butun qiladi. Oxirgi bosqich jamiyatga qarshi xatti-harakatni yuzaga keltirish va uning faoliyatini faollashtirishdir.
Olomonga xos jihatlardan biri – vahima. Vahima tez emotsionallikni yuzaga keltiradi. Olomondagi jamiyatga qarshi harakatlarning oldini olishda har xil shakl va usullar mavjud. Ulardan biri olomonning axloqiy-psixologik qonuniyatlarini bilishdir. Misol uchun olomon harakatining oldini olishda mikrofon, megafon orqali murojaat qilinsa, ayniqsa familiyasi, ismi bilan murojaat qilinsa, samara yaxshi bo‘ladi. Bunga amaliyotda misollar yetarlicha. Bunday murojaat etish usullari olomonni va uning fikrini bir joyga to‘plashga, javobgarlikni ma’lum ma’noda his qilishga majbur etadi.
Shunday qilib, jamoadan tashqari xatti-harakat psixologiyasida, olomon va uning psixologik holatini boshqarish murakkab jarayon hisoblanadi. Olomon o‘zining psixologik qonuniyatlari va belgilariga ega. Masalan, o‘zining tarkibi, rivojlanish bosqichlari bilan boshqalaridan ajralib turadi.
Ichki ishlar idoralarining rahbarlari olomon psixologiyasini yaxshi bilishlari lozim. Ichki ishlar idoralari rahbarlaridan olomonni tarqatuvchi shaxslarni aniqlash, ularning psixologiyasini, xatti-harakatlarini namoyish etishlarini bilish talab etiladi. Bu esa olomon psixologiyasini hamda mish-mish gaplarni tarqatuvchi shaxslarga nisbatan kurash olib borish uchun eng qulay va optimal variant hisoblanadi.
Mish-mish gaplar tarqatuvchi hamda olomon xatti-harakatini boshqaruvchi shaxslarni aniqlab, ularga nisbatan jamoa, mahalla orqali ularning jamiyat va millatni obro‘sizlantirayotganligini, ig‘vo, fisq-fasod tarqatayotganliklarini, qo‘lidan ijtimoiy foydali ish kelmaganidan boshqalarning ishiga xalaqit berayotganliklarini ichki ishlar idoralarida faoliyat olib borayotgan har bir rahbar his qilishi va ularga qarshi kurashishda profilaktik chora-tadbirlar olib borishi lozim
Do'stlaringiz bilan baham: |