Asosiy o‘quv materiali qisqacha bayoni:
Ijtimoiylashuv tushunchasi sof ijtimoiy-psixologik va sotsiologik kategoriya bo‘lib, bu shaxsning uni o‘rab turgan tashqi ijtimoiy muhit ta’sirlariga berilishi, uning norma va qoidalarini o‘zlashtirishga moyilligi, o‘zlashtirganlik darajasini ifodalovchi jarayondir. Bu tushunchaning umumiy ma’nosida insonning tug‘ilib, o‘zini bevosita o‘rab turgan tashqi muhit ta’sirida ulg‘ayishi, shu jamiyat, shu atrof-muhit qurshovida tarbiyalanishi yotadi. Oila muhiti har bir shaxs uchun ana shunday birlamchi, dastlabki ijtimoiylashuv o‘chog‘i, maskani hisoblanadi. Ijtimoiylashuvning ikkilamchi maskanlari ham mavjudki, unga barcha bosqichdagi ta’lim muassasalari, Mehribonlik uylari, maxsus internatlar hamda harbiy bilim yurtlari kiradi. Chunki u yerda nisbatan uzoq vaqt mobaynida bola tarbiyalandi, o‘sha yerning normalari, qadriyatlari va talablari ta’sirida dunyoqarashi shakllanadi, shaxs bo‘lib yetiladi. Agar dastlabki yoki ikkilamchi Ijtimoiyizatsiyadan chekinish, undan mahrum bo‘lish yoki xulqning tashqi salbiy ta’sirotlar natijasida deviant shaklga kelishi qayd etilsa, unda ilmiy tilda aytganda, reIjtimoiyizatsiya deb nomlangan jarayon nazarda tutiladi.
Shunday qilib, tor ma’noda ijtimoiylashuv shaxsning ijtimoiy muhitga kirib borishi, unda singib ketishi, tashqi ijtimoiy muhit normalarini qabul qilib ularga rioya qilishi yoki qilmasligini tushuntiruvchi jarayondir. “Ijtimoiylashuv” tushunchasi ma’no jihatdan yaqin bo‘lgan ikki xil tushuncha bilan bog‘liq: “tarbiya” va “moslashuv”. Ijtimoiylashuv tarbiya jarayonidan ancha kengroqdir, chunki uning ma’no-mazmunida har doim ham qolipga solib bo‘lmaydigan, har doim ham shaxs tomonidan anglanmaydigan holatlar ham mavjud bo‘ladi. Moslashuv esa ijtimoiylashuvning bir tarkibiy qismi, uning mexanizmi sifatida qaralishi mumkin. Ijtimoiy-psixologik moslashuv, ya’ni, shaxsning ijtimoiy munosabatlarga ko‘nikishi va moslashishi orqali orttirgan tajribasi umumiy ijtimoiylashuvning bir ko‘rinishidir.
Ijtimoiylashuv jarayonida inson jamiyatdagi ijtimoiy normalarni o‘zlashtiradi, turli rollarni bajarishga o‘rganadi, jamoatchilik sharoitida o‘zini tutish ko‘nikmalarini hosil qiladi. Shaxsning ijtimoiylashuvi shu ma’noda uning ijtimoiy borliqni bilishiga, anglashiga asoslanadi.
Ijtimoiylashuv manbalariga quyidagilar kiradi:
bolalik davrida orttirilgan tajriba – bu jarayon psixik funksiyalarning shakllanishi va dastlabki ijtimoiy xulq normalarining namoyon bo‘lishi bilan parallel ravishda kechadi;
ijtimoiy institutlar – ta’lim va tarbiya tizimi; oiladan boshlab, to oliy o‘quv yurtlari va undan yuqori pog‘onalardagi ta’lim olishga imkon beruvchi maskanlar, mehnat jamoalari shular jumlasidandir;
muloqot va hamkorlikdagi faoliyat jarayonidagi odamlarning ta’siri. Bu o‘rinda ham rasmiy, ham norasmiy sharoitlarda odamlarning bir-birlari bilan muloqoti, muomala maromlari nazarda tutiladi.
Inson hayoti mobaynida bajaridigan har bir rolida uni o‘rab trugan ijtimoiy borliqning normalari, qoidalari, xulq-atvor mezonlari o‘z aksini topgan bo‘ladi. Har bir odam hayoti mobaynida xaddan ziyod ko‘p turli rollarni bajaradiki, ularning barchasi uning ijtimoiylashuv tajribasida munosib iz qoldiradi. Shuning uchun ushbu jarayonda har bir odam o‘zining jamiyatda o‘rnini topishga intiladi va samarasiga ko‘ra u yoki bu mavqega erishadi. Aslini olganda ijtimoiylashuvning har bir bosqichida shaxs o‘zining “Men”ini tobora anglab, unga kerakli tuzatishlar kiritib boradi. Agar shaxsiy tajriba ijobiy bo‘lib, odam ko‘rgan-kechirganlaridan yaxshi va to‘g‘ri xulosalar chiqarib, to‘g‘ri turmush tarzini shakllantira olsa, uning odamlar orasida obro‘si yuqori, aks holda shaxs degradatsiyasi, xulqdagi deprivatsiyalar haqida xulosa chiqariladi.
Demokratik jamiyatda ijtimoiylashuvning ma’nosi odamning o‘z “Men”ini to‘la ifoda eta olishi, o‘z iqtidori, salohiyati va imkoniyatlarini o‘z kamoli va odamlar manfaatiga bo‘ysundira olishi bilan ifodalanadi. Totalitar tuzum esa aksincha, odamlarda mazoxizm (tobelikka ko‘nikish, ahloqan past ketishliklar), sadizm (o‘zgalar ustidan cheksiz hukmron bo‘lishga intilish, odamlarni qo‘rqitish, ular ustidan zo‘ravonlikni namoyon etish), destruksiya (o‘z nochorligidan qutulish uchun butun dunyoga zarar keladigan harakatlarlardan jirkanmaslik), konformizm (o‘z “Men”idan voz kechib bo‘lsa ham o‘zgalar hukmiga itoat etishga o‘rganib qolish) kabi holatlarni keltirib chiqaradi.
Demokratik o‘zgarishlar, inson manfaatlarining hurmat qilinishi qanday ijobiy holatlarga olib kelishini biz mustaqil O‘zbekistonning demokratik islohotlari va ularning yurtimizda yashayotgan, tug‘ilib kamol topayotgan insonlar taqdirida ham ko‘rib turibmiz. Mustaqillik yillarida bizning yurtdoshlarimizning nafaqat dunyoqarashi, fikrlash tarzi va mental qobiliyatlari, balki o‘zlariga, o‘zgalarga, O‘zbekistoonni o‘zining yagona Vatani deb tan olgan minglab qardosh millat vakillariga ham munosabatlari yaxshi tomonga o‘zgardi, barcha bunyodkorlik, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida bir tan, bir jon bo‘lib, harakat qilishga o‘rgandi. Shuning uchun ham o‘sib kelayotgan yosh avlod katta avloddan ko‘ra aqlli, dono, ilmga chanqoq, demokratik o‘zgarishlarga ko‘nikkanroq bo‘lib voyaga yetmoqda. Chunki ularning ijtimoiylashuvi uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbuslari bilan hukumatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlar bois amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” harakati, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining keng ko‘lamda barcha ta’lim bosqichlarida muvaffaqityali joriy etilganligi o‘zining juda katta ijtimoiy samarasini bermoqda.
Oilaviy ijtimoiylashuvning qadri va ahamiyati shundaki, uning ta’sirida birinchidan, shaxs katta, mustaqil hayotga, jumladan, oilaviy hayotga tayyorlanadi, o‘ziga yarasha sifat va fazilatlarni shakllantirib boradi, ikkinchidan, har tomonlama yetuk, barkamol, aqlli, sog‘ va salomat shaxs bo‘lib yetishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. YA’ni, oila va uning sog‘lom ma’naviy muhiti bolani jamiyatda yashashga, o‘ziga o‘xshash shaxslar bilan murosa qilish, hamkorlikda faoliyat yuritish, kasb-hunarli bo‘lish, muomalada ahloq-odob normalariga bo‘ysunishga o‘rgatadi, psixologik jihatdan tayyorlaydi.
Rus sotsiolog olimi A.Antonovning ta’kidlashicha, oila ijtimoiy-psixologik yaxlitlik sifatida shaxsga shunday normativ va axborot ta’sirlarini ko‘rsatadiki, oqibatda bola eng avvalo, jamiyatdagi qonuniy normalar, xulq andozalarini egallaydi. Oila qanchalik inoq, uyushgan va mustahkam bo‘lsa, uning normativ ta’siri ham shunchalik ijobiy samarali bo‘ladi. Bunday oilada o‘zining qadriyatlaridan tashqari, jamiyatning qadriyatlari, qonun-qoidalar va normalar hurmat qilinadi, bola boshidan jamiyatda yashashga o‘rgatilgan bo‘ladi. Uning ahamiyati shundaki, farzand maktabgacha tarbiya muassasasida ham, keyinchalik maktab, kollej yoki litseyda o‘qiganda ham tartibli, intizomli, aytilgan vazifa, berilgan topshiriqlarni mas’uliyat bilan vijdonan bajaradigan bo‘lib, bolalar jamiyatida hamisha o‘zining o‘rniga ega bo‘la oladi. Bunday farzandga turli bid’atlar, bemaza chaqiriqlar, da’vatlar ta’sir etmaydi, mustqil fikrli, pok vijdonli inson bo‘lib yetishadi. Chunki, oila bu kichik jamiyat, jamiyatning kichiklashgan andozasi, oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham mustahkam bo‘lishini o‘zbek xalqi juda yaxshi biladi, shuning uchun ham ayniqsa, mustaqillik yillarida oila bizning Vatanimizda qadrlanadi, nikoh muqaddas rishta sifatida e’zozlanadi. Prezidenimiz Islom Karimovning 2007 yilda imzo chekkan “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni aynan yurtimizda oila institutini mustaqhkamlash, uning yosh avlodni ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashga qaratilgan tarixiy hujjatdir. Unda ko‘zda tutilgan vazifalarning muvaffaqitli ado etilishi oilaviy ijtimoiylashuvning samarador-ligini ta’minlaydi.
Shunday qilib, bolaning ijtimoiylashuv jarayoniga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi qator ijtimoiy omillar mavjud. Masalan, jamiyat miqyosida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlatning yoshlar siyosati, ta’lim muassasalari va u yerlardagi ta’lim va tarbiya standartlari, diniy muassasalar (machitlar), bozor munosabatlari kabi qator jarayonlar ushbu masalaning mazmun va mohiyatini belgilaydi. Yuqorida aytilgan reIjtimoiyizatsiya jarayonidan tashqari, oila muhitining o‘zi ham ayrim holatlarda salbiy ma’nodagi ijtimoiylashuvga aloqador bo‘lib qolishi mumkin. Olimlar o‘tkazilgan qator tadqiqotlar asosida ana shunday omillarning to‘rt guruhini ajratganlar:
1.Ota-onalar o‘rtasida murosaning yo‘qligi, oilaviy o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasida aniq belgilangan ahloqiy tamoyillarning mavjud emasligi;
2. Ota-onalarning ruhiy nosog‘lomligi va qonunbuzarligi;
3.Yashash sharoitlarining yaxshi emasligi, bolaning to‘laqonli o‘sishi, dars tayyorlashi, jismonan chiniqishi uchun sharoitlarning yetarli emasligi;
4.Maktab sharoitining talab darajasida emasligi;
5. Mahalla hududida oila obro‘sining yaxshi emasligi, notinch, noqobil oila maqomiga egalik;
6.Global axboratlashuv sharoitida turli axborot manbalari, jumladan, Internet tarmog‘i orqali bola ongiga yetib kelayotgan turli ma’lumot, ig‘vo, uydirma, mish-mish, oila qadriyatlariga zid axloq namunalari va boshqalar oxirgi yillarda bola ijtimoiylashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ijtimoiy omillar jumlasidandir.
Yuqoridagi holatlar ayniqsa, globallashuv davrida oila institutining bola Ijtimoiyizatsiyasi va ijtimoiy tarbiyasidagi o‘rni nechog‘li sezilarli ekanligini yana bir marotaba isbotlamoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |